Ijtimoiy tarmoqlar:
URUSH, NOMING O‘CHSIN JAHONDA!

Bobom, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi

Kamol Azimovning porloq xotirasiga bag‘ishlayman.

 

Mana, insoniyat tarixidagi yuz-minglab, millionlab begunoh umrlarga zomin bo‘lgan, kimlarnidir yaqinlaridan, kimlarnidir qo‘l-oyog‘idan shafqatsizlarcha judo etgan, ko‘plab vayronagarchiliklar, sarsonliklar, yo‘qchilikka sababchi, tinchlik va osoyishtalikning eng oliy huzurbaxsh ne’mat ekanligini toabad eslatib turuvchi Ikkinchi Jahon urushida erishilgan buyuk G‘alabaga 75 yil to‘lmoqda. Bir inson umri...

Ammo bu shunday umrki, faxr va alam, quvonch va hasrat, baxt va baxtsizlik har nafasda o‘zaro uyg‘un. o‘zaro hamkor, o‘zaro inoq...

Mening ham ushbu sovuq urush bilan bog‘liq, uning vahshiyligi, qonxo‘rligini toabad eslatib turuvchi bir tomoni faxr, bir tomoni iztirob bo‘lgan yodnomalarim bor. Faxrligi shundaki, bobom Azimov Kamol (1915-1988) harbiy askar bo‘lib, ushbu jangda xalq ozodligi, tinchligi uchun kurashgan, qon kechganlar. Uzoq yillar avval hovlimiz darvozasida ham qizil yulduzli “Bu yerda Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi Azimov Kamol yashaydi”, degan yozuv bo‘lardi (o‘sha paytlarda bu yozuv deyarli barcha urush qatnashchilari xonadonida bor edi). Darvozadan har kirgan-chiqqanimda ushbu yozuvga qarab, faxrlanib qo‘yardim: mening bobom mard va jasur jangchi bo‘lgan! Biz jamiyat tarixida o‘z o‘rniga ega shaxsning avlodimiz!

Iztirobi – bobomning urushdan bir qo‘lidan ayrilib qaytgani. 30 yoshga to‘lar-to‘lmas, ayni navqiron, kuch-g‘ayrati jo‘sh urgan, jamiyatga, oilasiga ko‘roq nafi tegishi kerak bo‘lgan vaqtida bir qo‘lsiz qolgani. Urushda ko‘rgan-kechirgan vahshiyliklar, azob-uqubatlar og‘irligidan bobom u kunlarni eslashni sira istamas edilar.

Biz bobomga tez-tez “nega bir qo‘lingiz yo‘q, qo‘lingizga nima bo‘lgan, kim kesgan?” degan turli savollar berar edik. Ammo biror marta ham “bir zamonlar dahshatli jang bo‘lgan, qonli urushda qatnashganman, yovuz dushman askarlarining bir qanchasini yer tishlatganman, jasoratim uchun taqdirlanganman, jang maydonidagi portlashlarning birida qum ostida qolib ketib, og‘ir yaralaganman, o‘shanda shu qo‘limdan ayrilib qolganman”, deya aniq javob bermas edilar. Har gal kulimsirab bir xil javob aytardilar: “bir kuni buvingni qattiq jahlini chiqargan edim, oshpichoqni oldida shartta chopib tashladi”. Tabiiyki, biz bu yolg‘onga na ishonardik, na hayratlanardik. Eng asosli tomoni, buvijonim shu qadar muloyim va munis ayol edilarki, ularning kimsaga ozor beradigan darajadagi jahllari ham, qahrlari ham yo‘q edi. Bobom o‘z kechirganlari borasida nafaqat biz nabiralariga, balki umuman hech kimga, hatto, farzandlariga ham gapirib berishni istamas edilar.

Dadamning aytishlaricha, urush maydonininng vahshati, sovuq va qonli taassuroti bobomda shu darajada og‘riqli o‘chmas xotirot qoldirganki, ularni gapirish, eslash o‘sha dahshatga qaytish, u qora kunlarni yana jonlantirish bilan barobardek tuyulgan. Qachonki urush mavzusida so‘z ochilar ekan, bobom “qo‘y bolam, u kunlarni eslatma, iztirobli xotiralarimni uyg‘otma, qaytib kelmasin unday kunlar, sizlar eshitmanglar ham, ko‘rmanglar ham”, deya darrov gapni boshqa yoqqa burishga harakat qilar ekanlar.

Ha, bobom Ikkinchi jahon urushining eng dahshatli o‘choqlaridan bo‘lgan Stalingrad jangida qatnashganlar. O‘sha paytda Stalingrad 6 oy qamal qilinadi. Qamalda qolganlar nonsiz, suvsiz, og‘ir azob-uqubatlar chekishadi. Bir qancha odamlar ochlik va tashnalikdan ham halok bo‘lishadi. Hukumat shahar tepasidan samolyotlarda oziq-ovqat tashlashni rejalashtiradi. Ammo har safar samolyotlar shaharga yetar-yetmas dushman kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha portlatib yuboriladi...

Dushmanga qarshi kurash kechayotgan jang maydonidagi portlashlarning birida bobom chap qo‘lidan og‘ir yaralanib, tuproq ostida qolib ketadilar. Buxorolik bir askar do‘stlari o‘z hayotu jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham, uzoq qiyinchilik bilan ularni tuproq tagidan qutqarib oladi. Shu bo‘yi ikkovlari yanada qadrdon bo‘lishadi. Urush tugab, o‘z ona vatanlariga qaytishganidan so‘ng ham ular uzoq yillar, toki bobom 1988 yilda 73 yoshlarida bu yorug‘ olamni tark etgunlaricha bir-biridan hol so‘rab, bordi-keldi qilib yurishadi. Shafqatsiz urushning qonli ko‘rguliklari, alamli kechinmalari ikki o‘rtoq oqibatini kuchaytirib, ularni yanada yaqinlashtirgan, birlashtirgan edi.

Tarixiy ma’lumotlar, manbalar ham ko‘rsatadiki, Ikkinchi jahon urushi kechgan joylarda vahshiyliklarning xilma-xillari sodir bo‘lgan. Insonning insonni tahqirlashi, xo‘rlashi, urib-so‘yib tashlashi, otib, portlatib, yoqib yuborishi, ko‘zlarini o‘yib, qo‘l-oyoqlarini chopib tashlashi... Bu razolatlar hayotning, odamiylikning hech bir mezoni va me’yoriga to‘g‘ri kelmaydi. Tasavvuri-da qo‘rqinchli, ayanchli, azobli... Bunday qirg‘inbarotlarda omon qolishning o‘zi bir mo‘jiza. Ulg‘ayib anglaganim: bobom urushni shu darajada yomon ko‘rganlar-ki, esu xayollarimizga-da bu dahshat soyasi tushmasligini istaganlar, tasavvur-taassurotlarimizni-da urush vahshiyliklaridan ehtiyotlaganlar, qalblarimizni-da urushning qora va qorong‘u nafasidan asraganlar.

Yuqori sinflarda Zulfiyaning “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” nomli she’rini o‘rganib, yod olar ekanman, bobomning urush haqida gapirishni istamaganliklari sababini yanada chuqurroq his qilganman. Beayov urush barchaga birdek qayg‘u ulashgan fojea bo‘lgan:

 

Urush! Noming o‘chsin jahonda!

Hamon bitmas sen solgan alam.

Sen tufayli ko‘p xonadonda

Ota nomli buyuk shodlik kam!...

 

Bugungi tinch va farovon kunlarda qog‘ozdagi raqamli ma’lumotlaru kinolardagi ta’sirchan lavhalar, ijrolar orqali ham urush dahshatini, jabrdiydalar holatini to‘la tassavur qilib, his etib bo‘lmaydi. Chunki jang maydonlaridagi vaziyat va holatlar, xunrezlik va qabohat biz ko‘rib-bilayotganimizdan-da bir necha barobar ko‘p va ayanchli bo‘lgan. Bu – tarixning qonli sahifalari, o‘tmishning o‘chmas haqiqati. Bularni o‘rganish, anglash, eslash ajdodlarimiz oldidagi muhim ma’naviy burchimiz bo‘lib, bu o‘z navbatida, tinchlik va osoyishtalik, to‘kin-sochinlikning, yaqinlarning qadriga yetishga undaydi. Tarix xatolaridan munosib xulosa chiqarib, mazmunli yashashga o‘rgatadi.

 

Feruza AZIMOVA

 

#G‘alabaning_75_yilligiga

#Ajdodlarimiz_jasorati_mangu_barhayot

08.05.2020