Ijtimoiy tarmoqlar:
INSON QADRI ULUG‘, XOTIRASI ABADIYDIR

Ikkinchi jahon urushi insoniyatning necha yillar davomida qo‘lga kiritgan iqtisodiy, madaniy boyliklarini vayron qildi, millionlab insonlar qalbiga bitmas jarohat yetkazdi. Bu ta’bir joiz bo‘lsa, insoniyat tarixidagi eng katta, eng ayovsiz urush bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushiga 72 davlat jalb etilib, mamlakatlarning 110 mln. aholisi unga safarbar etildi. Harbiy harakatlar 40 ta davlat hududida bo‘lib o‘tdi, barcha harajatlar 4 trillion dollarni tashkil etdi. Urush davomida 62 mln. kishi halok bo‘ldi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, jahon urushi davrida front yaqinidagi hududlardan O‘zbekiston hududiga 104 ta sanoat korxonasi, 30 dan ortiq harbiy gospital, bir necha bilim yurtlari ko‘chib keldi. Bundan tashqari, turli millatga mansub 200 ga yaqin yozuvchi va shoir, madaniyat va san’at vakillari ko‘chib kelib, shu yerda ijod qildilar. Rossiya, Ukraina va Belorussiyaning fashistlar bosib olgan hududlaridan 1 mln.dan ortiq kishi, jumladan 200 ming bolalar ham O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi.

Shunday dahshatli urush ketayotgan bir damda, har qancha qiyin bo‘lmasin o‘zbek oilalari ikki uchtadan yetim bolalarga ota-onalik qildilar. Ayrim oilalar esa bag‘rikenglik va mehr-muruvvat ko‘rsatishda butun dunyoga ibrat bo‘larli namuna ko‘rsatdilar. Shoahmad Shomaxmudovlar oilasi – 14 ta, H.Samadovlar oilasi – 12 ta, Jo‘raeva va Ashurxo‘jaevlar oilasi – 8 tadan bolalarni o‘z tarbiyasiga oldilar.

O‘zbekistonliklar Ikkinchi jahon urushi frontlarida urush bo‘layotgan Rossiya, Belorussiya, Ukraina va boshqa mamlakatlar janggohlarida ham kuchli va makkor dushmanga qarshi qonli janglarda halqimizga xos bo‘lgan qahramonlik va mardlik namunalarini ko‘rsatdilar.

Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, urush davrida O‘zbekiston aholisining yarmini ayollar, bolalar va keksalar tashkil etilishini hisobga olinadigan bo‘lsa, mehnatga yaroqli aholining 40-42 foizi frontda jang qilganligi aniq bo‘ladi.

Bosqinchilarga qarshi qo‘lga qurol olib jang qilgan O‘zbekistonlik jangchilarning umumiy tarkibidan 263005 kishi halok bo‘lgan, 132670 kishi bedarak yo‘qolgan, 60452 vatandoshimiz nogiron bo‘lib qolgan.

O‘zbek jangchilari Ikkinchi jahon urushining hal qiluvchi operatsiyalarida faol ishtirok etdilar va Berlingacha bo‘lgan janglarda qaxramonona yo‘lni bosib o‘tdilar. Vatan himoyachilarining fidokorona va qahramonona jasorati ramzi bo‘lib qolgan afsonaviy Brest qal’asini mudofaa qilishda O‘zbekistonlik jangchilar ham faol ishtirok etdilar. Gornizonda O‘zbekistonlik jangchilardan Ahmad Aliev, Doniyor Abdullaev, Bobokomil Koshanov, Uzoq O‘taev, Madamin Xojiev, Saidaxmad Boytemirov va boshqalar bor edi.

Stalingrad fronti qo‘shinlar qo‘mondoni general Yeryomenko O‘zbekistonlik jangchilar to‘g‘risida zo‘r faxr bilan fikr bildirgan edi. U O‘zbekiston rahbariyatiga yo‘llagan maktubida “O‘zbekning yuragi - sherning yuragidir”, deb ta’kidlagandi. Binobarin, bular oddiy so‘zlar emasdi. Faqat “Stalingrad mudofaasi uchun” medali bilan O‘zbekiston jangchilaridan 2733 kishi mukofotlangandi.

Oryol – Kursk jangida Ahmadjon Shukurov, Valdemar Shalandin, Mansur Abdullin, Abdulla Solihov kabi vatandoshlarimiz qahramon sifatida e’tirof etildilar. Dneprni kechib o‘tish va bunda fidokorlik, qahramonlik ko‘rsatganliklari uchun Qambarali Do‘smatov, Xudoybergan Shoniyozov, Xayrulla Aminov, O. Qosimxo‘jaev, P. Nurmanov, V. Nabiev, Elboy Qorabaevlar, F.Yuldoshev, U.Uzoqov, N.A.Saraev va boshqa ko‘plab hamyurtlarimiz – hammasi bo‘lib, 100 ga yaqin kishi Qahramon unvoniga sazovor bo‘ldilar.Biz bugungi kunda Toshkent viloyati Nurafshon shahrida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bo‘lgan Rahim ota Ilyasov, Alim ota Umirboev, Shamsiddin ota Isakov, Rajab ota Majidovlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Ikkinchi jahon urushida jasur ota-bobolarimiz dunyodagi ko‘plab xalqlar qatorida chinakam qahramonlik ko‘rsatdilar. Bu so‘nmas jasorat va matonat biz uchun abadul abad mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib qoladi.

 

 

Saodat SULEYMANOVA,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi,

Nurafshon halq deputatlari Kengashi deputati,

tarix fanlari nomzodi

08.05.2020