Ijtimoiy tarmoqlar:
АJDODLАR JАSORАTI – MАNGU BАRHАYOT

1941–1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi - bu mardlik maktabi, gʼurur-iftixor manbai, bu ozbek xalqining matonat, jasorat, sabru bardoshi. 
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosiga qarshi kurashda koʼp millatli Oʼzbekiston xalqi tomonidan amalga oshirilgan buyuk tarixiy ishlarni kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash gʼoyat muhim ahamiyatga ega”.

Buyuk gʼalabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizning urush yillaridagi ulkan jasorati va matonatini aniq tarixiy hujjatlar asosida yosh avlodga yetkazish, urush va mehnat frontida zahmat chekkan insonlarning aziz nomlarini abadiylashtirish maqsadida «Oʼzbekiston» nashriyotida «Oʼzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga qoʼshgan hissasi» nomli kitob-albom tayyorlanib, “Kolor-pak” bosmaxonasida oʼzbek, rus va ingliz tillarida 20 ming nusxada chop etildi.

Mazkur kitob-albom Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga Oʼzbekiston xalqining qoʼshgan munosib hissasiga bagʼishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi farmoyishi asosida Fanlar akademiyasining Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi ilmiy xodimlari tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Ushbu nashrda yurtimiz va chet ellardagi arxiv va muzeylarda, urush qatnashchilari va ularning oilalarida saqlanayotgan, hali koʼpchilikka maʼlum boʼlmagan noyob tarixiy fakt va maʼlumotlar, suratlar, xatlar, xotiralar jamlangan.

Kitobda oʼzbekistonlik askarlarning qonli janglarda koʼrsatgan jasoratlari, Brest qalʼasi, Moskva ostonasi, Stalingrad, Kursk, Leningradni ozod qilish hamda Berlin uchun boʼlgan janglardagi qahramonliklari tarixiy faktlar asosida yoritilgan.

Oʼzbekistonlik qahramon askar va ofitserlar haqidagi yangi maʼlumotlar, jumladan, 24 yoshida Sovet Ittifoqi Qahramoni boʼlgan Qoʼchqor Turdiev, general Sobir Rahimov, Sharof Rashidov, Zebo Gʼanieva, Mamadali Topivoldiev, Аhmadjon Shukurov va boshqa koʼplab vatandoshlarimizning jasoratlari haqidagi tarixiy lavhalar kitob mazmunini yanada boyitgan.

Urushda besh farzandidan judo boʼlgan Zulfiya aya Zokirovaning matonati timsolida yuz minglab onalarimizning metin irodasi, ulkan sabr-bardoshi oʼz ifodasini topgan.

Oʼsha olovli yillarda Oʼzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz «Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – gʼalaba uchun!» deb yashab, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʼir mehnat qilgani aniq misollar orqali yoritib berilgan.

Fashizmga qarshi kurashda yurtimiz ziyolilari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat vakillarining qoʼshgan munosib hissasi ham kitob-albomda atroflicha aks ettirilgan.

Ushbu nashrda shuningdek, front hududlaridan koʼchirib keltirilgan minglab insonlarga boshpana bergan, ota-onasidan judo boʼlgan bolalarni «Sen yetim emassan!» deb oʼz bagʼriga olgan oʼzbek xalqining yuksak insonparvarlik fazilatlari haqida soʼz boradi.

Oʼzbekistonda evakuatsiyada boʼlgan shaxslarning xotiralari, frontda qatnashgan va uning ortida mehnat qilgan vatandoshlarimiz qalb iztiroblari aks etgan sahifalar ham kitob-albomdan oʼrin olgan.

***

Qutlugʼ bayram arafasida “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan yana bir yangi nashr – “Oʼzbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qahramonlari” nomli kitob oʼzbek tilida keng oʼquvchilar ommasiga taqdim etildi.

Yangi aniqlangan tarixiy maʼlumotlar asosida tayyorlangan ushbu kitobda Ikkinchi jahon urushida chinakam jasorat namunalarini koʼrsatib, Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga sazovor boʼlgan oʼzbekistonlik askar va ofitserlar, generallar, shuningdek, oʼzining mardligi bilan uchala darajadagi Slava ordeni bilan taqdirlangan vatandoshlarimiz haqidagi maʼlumotlar xronologik tarzda keltiriladi.

Bu tarix shunday shonli tarixki, «Аjdodlarimiz jasorati — mangu barhayot» degan gʼoya mohiyatini chuqur anglashimizga doimo daʼvat qilib keladi.
Mardlik ham meros. Аjdodlarimiz yuragida yoqilgan bu olov uchquni har bir avlod qalbida yangidan jasorat olovlarini yoqishi shubhasiz. Mazkur kitoblar har birimizni urush dahshatlarini unutmaslikka, bugungi tinch va osuda hayotni qadrlab yashashga daʼvat etadi.

09.05.2020