Ijtimoiy tarmoqlar:
O‘ZBEKISTON XALQI SARDOBALIKLAR BILAN BIRGADIR

Ma’rifatparvar bobomiz Cho‘lponning shunday satrlari bor: “Men yurtimning pok istakli kuchimen”. Darhaqiqat, mamlakat pok istakli, iymoni butun, xalqparvar, saxovatpesha, mehridaryo xalqi bilan birga yuksaladi, har qanday qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tadi.

Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori dambasidan suv chiqishi natijasida bir qator aholi yashash punktlariga jiddiy zarar yetdi. Davlatimiz rahbarining voqea joyida vaziyatni o‘rganib bergan topshiriqlari asosida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Butun mamlakatimiz axli ham ko‘makka chog‘landi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Sirdaryo viloyatiga otlangan insonparvarlik, saxovat karvonlari yo‘llarni to‘ldirdi, dillarni quvontirdi.

Bu karvonlarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ham ergashdi. Markaz jamoasi tomonidan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, saxovatpesha tadbirkorlar ko‘magida jabr chekkan aholi uchun zarur buyumlar, kiyim-kechak, maishiy texnika, gigiena vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga ma’rifat nuri bo‘lgan kitoblar olib borildi. Aholi vakillari bilan suhbatlashilib, ulardan hol-ahvol so‘raldi. Davlatimiz tomonidan toshqin asoratlarini bartaraf etish, yangi qishloqlarni barpo qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Keksa otaxon va onaxonlar ezgu duo va niyatlar qildilar.

Chin dildan qilingan duo va niyatlar hamisha Yaratgan tomonidan ijobat bo‘lgan. Nasib qilsa, yaqin oylar ichida Sardoba mamlakatimizning eng obod maskanlaridan biriga aylanadi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Matbuot xizmati

16.05.2020