Ijtimoiy tarmoqlar:
DAVLAT TILI – MUSTAQILLIK RAMZI

    Har bir mustaqil davlat o‘z milliy tilini rasmiy davlat tili deb e’lon qilish, bu yo‘nalishda zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish hamda amalga oshirish huquqiga ega va bunga hech kim daxl qilishi mumkin emas.
  O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb belgilab qo‘yilgan.
    Shu asosda idora, tashkilot va muassasalarda o‘zbek tili rasmiy davlat tili sifatida qo‘llanib kelinadi, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning davlat tilida yuritilishi ta’minlanadi. 
    Bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini oshirish yo‘lida dadil ijtimoiy-siyosiy islohotlar davom etmoqda. Jumladan, joriy yilda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi, davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganligi yuzasidan mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish masalasida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, davriy talablarni inobatga olgan holda, xorijiy tajribalardan kelib chiqib  “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri ustida amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘zgarishlarning barchasi milliy til taqdiri borasida qayg‘urib kelayotgan ziyolilar, keng jamoatchilik tomonidan xursandchilik bilan qarshi olindi.
    Biroq  shunday bo‘lsa ham, so‘nggi vaqtlarda o‘zbek tilini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan jiddiy va tezkor tashabbuslar atrofida norozi qatlamlar ham ko‘zga tashlanib qolmoqda. Bular, asosan, rus tili tarafdorlari bo‘lib, ular ijtimoiy tarmoqlarda turli ko‘rinishdagi chiqishlarida ikki tilni qarama-qarshi qo‘yib, davlat tili bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi qonun va qarorlar rus tilining kamsitilishiga olib kelishini isbotlashga urinishmoqda. Hattoki, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasi Mariya Zaxarova ham 14 may kuni o‘z rasmiy minbaridan turib, o‘zbek tilida shakllantirilayotgan qonun loyihalariga munosabat bildirdi. Uning talqinicha, mamlakatda ko‘pchilik rus tili tarafdori bo‘lib, o‘zbek tilini rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan yangiliklarga e’tiroz bildirmoqda. Uning bu xulosasi qanday asoslarga tayanilgani bizga qorong‘u. 
    Ammo shunisi aniqki, birinchidan, davlat tili sohasida qabul qilinayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, qonun loyihalarini mamlakatimiz aholisining nihoyatda katta qismi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlamoqda. Ikkinchidan, Rossiya rasmiy fuqarosi sanalmish Mariya Zaxarova mustaqil O‘zbekistonning davlat ramzi bo‘lgan o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha  olib borilayotgan islohotlarga rasmiy minbar orqali tanqidiy munosabat bildirish huquqiga ega emas. Bu alohida mustaqil davlatning ichki siyosiy ishlariga aralashish hisoblanadi. 

    Biz milliy til taraqqiyoti yo‘lida yanada shiddat bilan olg‘a davom etamiz va o‘zbek tilining huquqiy takomillashishi, boyishi, rivojlanishi uchun hamjihatlikda harakat qilamiz.

Feruza AZIMOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

17.05.2020