Ijtimoiy tarmoqlar:
ABDULLA QAHHOR — MOHIR SO‘Z USTASI

Bugungi kunda adabiy merosimizni o‘rganish, tariximizni xolisona yoritish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlodga bu boy xazinaning qadri naqadar ulug‘ligini yetkazish, undan bahramand bo‘lish, ma’naviy ozuqa olish muhim vazifalardan biridir.

Adiblar xiyobonida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan Toshkent Moliya instituti hamkorligida o‘zbek adabiyotining yetuk vakili, Abdulla Qahhor hayoti va ijodiga bag‘ishlab “Abdulla Qahhor – mohir so‘z ustasi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlari, Toshkent Moliya instituti professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Markazning Targ‘ibot ishlarini metodik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi, dotsent "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyatining a’zosi Bo‘ri Qodirovning adibning “Sinchalak”, “Bemor” hikoyalari haqidagi fikrlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi yetakchi mutaxassisi Hakim Sattoriy o‘zbek adabiyotiga katta hissa qo‘shgan adibning hayoti va ijodi haqida gapirib, o‘zbek kitobxonlari Abdulla Qahhor tarjimasida M.Gorkiyning “Mening dorilfununlarim”, F.Gladkovning “Olovli ot”, L.N.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanining I-II kitoblarini va boshqa bir qator asarlarni o‘z ona tillarida o‘qishga muvaffaq bo‘lganligini ta’kidladi.

Xiyobon bugun adib ijodi ixlosmandlari bilan gavjum.

Ayniqsa, talabalar tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Axborot xizmati

29.10.2020