Ijtimoiy tarmoqlar:
OILA – MUQADDAS DARGOH

Joriy yilning 8 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi taʼkidlangandi.

Maʼlumki, yurtimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati, yaʼni “temir daftar” tuzilgan edi. Shuningdek, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantirilmoqda. Bu ro‘yxatlar “temir daftar”dan alohida bo‘lib, unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritilib, natijada ular bilan tizimli, manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi ahamiyatlidir.

Ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg‘otib, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berish, oilalarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilishi muammolarning yechimi uchun muhim omildir.

Ushbu sohada yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar kun sayin o‘z samarasini berib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya kontsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1059-sonli qarori esa tarbiyaning uzluksizligini taʼminlab beruvchi asos bo‘lib xizmat qildi.

Mazkur Qaror ijrosini taʼminlash hamda yosh oilalarning hayotda munosib o‘rin egallashlari, ularning mahallada integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning to‘laqonli aʼzosi bo‘lishiga erishishga ko‘maklashish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan Toshkent shahri “Olmozor” tumanidagi yangi tashkil etilgan “Ziyokor” mahallasida “Oila – muqaddas dargoh” mavzusida madaniy–maʼrifiy tadbir o‘tkazildi. Mazkur tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining masʼul xodimlari, yurtimizning taniqli kishilari, “Ziyokor” mahallasining nuroniylari, yosh oila vakillari hamda oila qurish arafasida turgan yigit-qizlar ishtirok etdi.

“Oila – muqaddas dargoh” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yosh oilalarning jamiyatda munosib o‘rin egallashlari, ularning mahallada integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, farzandlar tarbiyasida ota-onalarning mas`uliyatini oshirishdan iboratdir.

Mazkur tadbirda ayni masalada kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan muhim vazifalardan kelib chiqib, oilaviy ajrimlarni oldini olish, jamiyatda milliy ruh ustuvorligini taʼminlash, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda jamiyatning to‘laqonli aʼzosi bo‘lishiga erishishiga ko‘maklashish tizimini “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Kontsepsiyasi” asosida tubdan isloh qilish borasida fikr va mulohazalar bildirildi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Аxborot xizmati

29.10.2020