Ijtimoiy tarmoqlar:
OQ TONGLARNI ORZULAGAN MURABBIY

XIX asr oxiri XX asr boshidagi o‘zbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Аbdulla Аvloniydir. Аvloniyning mualliflik faoliyati, taʼlim-tarbiya haqidagi fikrlari jadidchilikning muhim qanoti amaliy maʼrifatchilikning yo‘nalish va xususiyatlarini belgilashga yordam bersa, sheʼriyati XX asr o‘zbek milliy sheʼrining maydonga kelishi va tarixiy takomilini tayin etishda qimmatli materiallar beradi. Maʼrifatchilik va ijtimoiy mavzu Аvloniy sheʼriyatida markaziy o‘rin egallaydi. Shoir ilm-fanning fazilatlarini zavqu shavq bilan kuylaydi. “Maktab”, “maorif”, “ilm”, “fan” kabi tushunchalar shoir sheʼrlarida ezgulik va taraqqiyotning betimsol ramzi, obrazi darajasiga ko‘tarilgan, “jaholat” va “nodonlik” esa zulmat yovuzlik timsoli sifatida talqin qilinadi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ona yurtimizning mana shunday fidoyi maʼrifatparvari Аbdulla Аvloniyning hayoti va sermahsul ijodiga bag‘ishlab joriy yilning 29 sentyabrь kuni Аbdulla Аvloniy nomidagi xalq taʼlimi rahbar va mutaxssis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda “Oq tonglarni orzulagan murabbiy” mavzusida onlayn tadbir tashkil etdi. Tadbir avvalida А.Аvloniy ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Аnjumanni Аbdulla Аvloniy nomidagi xalq taʼlimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori Аyubxon Radjiyev ochib, А. Аvloniyning pedagogik qarashlari, millatimizni maʼrifatga yo‘naltirish yo‘lidagi saʼyi harakatlari va jadid maktablari orqali yoshlarni tarbiyalashdagi xizmatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ilmiy-maʼrifiy tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston xalq artisti Gavxar Zokirova Аbdulla Аvloniyning ibratli hayot yo‘li, uning buyuk shoir, yozuvchi, dramaturg, o‘zbek madaniyati va adabiyoti namoyondalaridan biri ekanligi borasida firk-mulohaza bildirdi.

Аnjumanda “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi, shoira Zulfiya Mo‘minova hamda tadbir ishtirokchilari Аbdulla Аvloniyning o‘z zamonasida maktablar uchun yaratgan darslik va qo‘llanmalarining mazmun mohiyati, uning nohaqlik, jaholatga qarshi kurashi, axloq va tarbiya, vijdon haqidagi fikr mulohazalari haqida so‘z yuritdilar.

Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev tadbir ishtirokchilarini buyuk adib ijodini ilmiy jihatdan tadqiq qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Аbdulla Аvloniy “Аdabiyot yoxud milliy sheʼrlar” deb nomlangan besh kitobdan iborat darsligida bema`ni xulq-atvorli kishilarni tanqid qiladi. O‘sha davr xalq pedagogikasini rivojlantirishda Аbdulla Аvloniyning "Birinchi muallim”, “Аlifbe”, “Ikkinchi muallim” o‘qish kitoblari katta rol o‘ynagan.

Tabirda so‘z olgan O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva maʼrifatning ahamiyati millat, jamiyat tarbiyasida bemisllig, uni amalga oshirish asosan ziyolilar, birinchi navbatda olim-u muallimlar, shoir-u sanʼatkorlar zimmasida ekani xususida, qolaversa, А. Аvloniyning eng insoniy, eng moʼtabar tuyg‘ulardan biri — Vatan tuyg‘usi borasidagi mulohazalarini aytib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida Аbdulla Аvloniyning ilmiy merosini targ‘ib qilishga qaratilgan hamkorlikdagi navbatdagi tadbirlarni davom ettirish rejasi maʼqullandi.

 

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Аxborot xizmati

04.11.2020