Ijtimoiy tarmoqlar:
ERKIN VOHIDOV — SO‘Z ZARGARI

Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari “Аdiblar xiyoboni”da O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoir va adib, O‘zMUning sobiq talabasi Erkin Vohidovning xaykali poyida jam bo‘lishdi.

Mazkur xiyobonga Erkin Vohidov siymosi o‘zgacha surat va siyrat baxsh etgan. Shu o‘rinda ikki og‘iz ijodkor shaxsi xaqida. Erkin Vohidov o‘zining sermazmun, badiiy yuksak sheʼr va dostonlari, dramatik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, milliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning betakror ijodi milliy ruhi va xalqchilligi, hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egalladi.

El-yurtini sevgan, uning taraqqiyoti va farovonligi uchun sidqidildan xizmat qilgan farzandlarni tarix ham siylaydi. Xalqimizning tinch, to‘kin va barqaror hayoti, yorug‘ kelajagi yo‘lida kurashgan insonlar nomi haqli ravishda abadiyatga daxldordir. Mustaqillik yillarida Erkin Vohidov davlatimizning maʼnaviy asoslarini yaratishda faol ishtirok etdi. Bu jihatlar uning ijodiy va ijtimoiy faoliyatida yorqin namoyon bo‘ldi. Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin obod va farovon hayotini tarannum etadigan, inson qadr-qimmatini ulug‘laydigan yangi sheʼriy asarlari ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bag‘ishlangan kitoblari minglab oilalarga, millionlab qalblarga kirib borgan.

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov xassos shoir bo‘lib, uning asarlari zalvori va nufuzi o‘zgachadir. Erkin Vohidov asarlarida mumtoz sheʼriyatimiz anʼanalari sezilib turadi. «Yoshlik devoni»ning «Debocha»sida shogirdlik burchi masalasini buyuk Navoiy timsoliga taalluqli chizgilarni go‘zal ifodalaydi. Bu g‘azalning har bir misrasi va baytidagi mazmun bevosita g‘azal mulkining sultoni Hazrat Navoiyning badiiy timsolini yaratish borasida samimiy mehr bilan ifodalangan nozik chizgilar sanaladi:

Istadim sayr aylamakni men g‘azal bo‘stonida,

Kulmangiz, ne bor senga, deb, Mir Аlisher yonida.

 

Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Matematika va Xorijiy filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari bilan yana gavjum.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Sharq Yulduzi” jurnali muharriri, ”Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi Sirojiddin Raupov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi hamda ”Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi Qoraqalpog‘iston Xalq shoiri Rustam Musurmon, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti f.f.d. M.Аsadov ishtirok etdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Xolxo‘jaev E.Vohidov sheʼrlaridan qo‘shiq kuyladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ushbu muqaddas ziyoratgohga tashrifi munosabati bilan xalqimizning 24 buyuk adibiga haykal qo‘yilib, ularning hayotini abadiylashtirish, ijodini keng targ‘ib etish g‘oyasi ilgari surilgan edi. Shu maʼnoda O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning benazir ijodini o‘rganish va targ‘ib etish O‘zbekiston Milliy universitetiga topshirilgan edi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ulug‘ shoirimiz 1954-58-yillarda O‘rta Osiyo davlat universiteti, hozirgi Milliy universitetning Filologiya fakultetida tahsil olgan, oliy ilm dargohini tugatgandan so‘ng ham doimiy ravishda o‘z hayotini muqaddas ilm maskani bilan bog‘lagan edi. Shuning uchun ham shoir 1987-yilda yozgan “Dorilfununga” sheʼrida

Yana yigirmaga – yigit yoshimga

Uzoq yillar o‘tib qaytgan bu kunim.

Taʼzim qilib keldim sening qoshingga,

Аzizim, munisim, dorilfununim,

deb universitet bilan umri bog‘liq kechganini qayd etgan edi.

Tadbirda Erkin Vohidov hayot, go‘zallik, yoshlik, muhabbat kuychisi sifatida maydonga chiqib, taqdir inʼom etgan hayot, saodat, yoshlik, muhabbat sururini, hayotdan rizolikni to‘lib – toshib kuylagani, xalqimiz istiqlolga erishgach qo‘lga kiritilgan yutuqlar uning shonli tarixi, qo‘lga kiritgan g‘alabalari to‘g‘risida baxt iftixoriga to‘la satrli bitgani, o‘zbek badiiy tafakkurini boyitgan bebaho asarlari bilan xalqimiz qalbida abadiy yashab qolajagi taʼkidlandi.

04.11.2020