Ijtimoiy tarmoqlar:
“G‘ALABA – 75” RESPUBLIKA BADIIY – PUBLISISTIK ASARLAR TANLOVI G‘OLIBLARINI TAQDIRLASH MAROSIMI

Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. Osmonimiz musaffoligi, el yurtimiz tinchligi sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida fashizmga qarshi mardlarcha kurashib Vataniga, xalqiga sodiq qolgan jasur va mard bobolarimizning xotirasini yod etib ezgu ishlarini davom ettirish xalqimizga xos fazilatdir.

Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr esa insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga oliyjanoblik bag‘ishlaydi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni eʼzozlash –odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik va omonlik kerak, deb yashayotgan bag‘rikeng va oliyjanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev aytganidek: “Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4495-sonli qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturining 29-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining mardligi va jasoratini ochib beruvchi «G‘alaba‒75» badiiy-publisistik asarlar tanlovi quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkazildi:

- Eng yaxshi sheʼriy asar

- Eng yaxshi hikoya

- Eng yaxshi badiiy-publisistik asar.

Tanlovning 2020-yilning yanvar-may oylarida tuman (shahar), viloyat hamda Respublika bosqichlarida o‘tkazildi. Mazkur tanlovlarning Respublika bosqichida malakali, yuqori tajribaga ega bo‘lgan hakamlar hayʼati aʼzolari shakllantirildi. Hakamlar hayʼati tanlovga yuborilgan hujjatlarni o‘rganib chiqdi va g‘oliblar aniqlandi.

Tanlovning respublika bosqichida jami 45 nafar ishtirokchilarning ishlari hakamlar hayʼati tomonidan ko‘rib chiqilib, ulardan 3 nafari g‘olib deb topildi. Shuningdek, qolgan ishtirokchining ishlari ko‘rilib, ulardan 3 nafari rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Mazkur ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi “G‘alaba” bog‘ida ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda Mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hamdam Qarshiyev hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari o‘rinbosari Zohid To‘raqulovlar so‘z olib tanlov g‘oliblarini chin yurakdan muborakbod etdi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida shuningdek O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ashula va raqs ansambli xonandasi, podpolkovnik Marat Hakimov, faxriy harbiy Iskandar Rahmon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar Sobirovlarning ishtirok etib, Vatanga sadoqat, muhabbat tuyg‘usini ulug‘lovchi go‘zal ashʼorlari, oxangrabo kuy-qo‘shiqlari bilan davraga o‘zgacha ko‘tarinki ruh baxsh etdi.

Аnjuman davomida «G‘alaba‒75» badiiy-publisistik asarlar tanlovida uch yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Eng yaxshi sheʼriy asar” nominatsiyasi bo‘yicha Zikirilla Neʼmatov, “Eng yaxshi hikoya” nominatsiyasi bo‘yicha Jo‘ra Fozilov “Eng yaxshi badiiy-publitsistik asar” nominatsiyasi bo‘yicha Enaxon Siddiqovalarga homiy tashkilotlar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, 3 nafar rag‘batlantiruvchi o‘rinni egallagan “Eng yaxshi sheʼriy asar” nominatsiyasi Mirzoozod Neʼmatov, “Eng yaxshi hikoya” nominatsiyasi bo‘yicha Lobar Rustamova va “Eng yaxshi badiiy-publitsistik asar” nominatsiyasi bo‘yicha Toshpo‘lat Tugalovlarga homiy tashkilotlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

11.11.2020