RESPUBLIKA MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT MARKAZNING MAQSAD VA VAZIFALARI

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining asosiy maqsadi – milliy ma’naviyatimizning ma’no-mohiyati, ildizlari, noyob va betakror namunalari, uning bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan izchil, ta’sirli va zamonaviy usul va vositalardan foydalangan holda targ‘ibot ishlarini olib borish;

keng aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida vatanga muhabbat va sadoqat, fidoiylik, eng muhimi ularda daxldorlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy qadriyatlar, urf odatlar, muqaddas an’analarimizning hozirgi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish;

aholimizning ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday ichki va tashqi tahdidlarga qarshi qaratilgan tizimli va zamonaviy tashviqot ishlarini olib borish.

Ushbu maqsaddan kelib chiqib Markaz quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish;

keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish;

dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlari, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish;

jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;

milliy g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari o‘rtasida keng targ‘ib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini kuchaytirish;

targ‘ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;

ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari samaradorligining ilmiy asoslangan monitoringini ta’minlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni muntazam yo‘lga qo‘yish;

yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;

mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ushbu toifani ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish;

ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g‘urur, komil inson tarbiyasi bilan bog‘liq tuyg‘u va tushunchalarni yosh avlod qalbi va ongiga ta’sirchan vositalar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, targ‘ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi asosida tashkil etish;

televideniye, radio, matbuot imkoniyatlaridan to‘la foydalanib, turli mavzu va ko‘rinishdagi ijtimoiy reklamalar tayyorlash, zamonamiz qahramonlari – yetakchi, ilg‘or fikrli, barchaga o‘rnak bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyati bilan ommani tanishtirish, ularning turli ijobiy tashabbuslarini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan illatlarni, ularning turli muammolarini dadil ko‘tarib chiqish.