RESPUBLIKA MA'NAVIYAT VA MA'RIFAT MARKAZI

USTAVI

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (bundan keyin matnda – Markaz deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan, shuningdek, milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi qarorlari asosida fuqarolar ma’naviy olamini shakllantirishga xizmat qiladigan, ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qiladigan nodavlat notijorat tashkilotdir.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi hamda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining barcha huquq va majburiyati bo‘yicha, shu jumladan, nizoli huquq va majburiyatlar bo‘yicha ham huquqiy vorisi hisoblanadi.

1.2. Markaz o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining qarorlari va ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.

1.3. Markaz o‘z faoliyatini qonuniylik, oshkoralik va o‘zini-o‘zi boshqarish tamoyillari asosida amalga oshiradi.

1.4. Markaz davlat ro‘yxatiga olingan vaqtdan boshlab o‘z tasarrufida, xo‘jalik qaramog‘ida yoki tezkor boshqaruvda alohida mol-mulkka egalik qilish va mazkur mulk bo‘yicha majburiyatlari yuzasidan javob berishga haqli, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarini olish va amalga oshirishi mumkin bo‘lgan, o‘z zimmasiga majburiyat olishi, sudda da’vogar yoki javobgar bo‘lishi, mustaqil balansi yoki smetasiga, kredit muassasalarida so‘mda va xorijiy valyutada hisob-kitob varag‘iga va boshqa hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

Markazning tashkiliy-huquqiy shakli – muassasadir.

Markaz o‘zining davlat tilida to‘liq rasmiy nomi bitilgan aylana muhri, shtamp va maxsus blankalari, burchak shtampi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan ramzi va belgilariga ega bo‘ladi.

1.5. Markaz O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

1.6. Markaz Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 36-uyda joylashgan.

1.7. Markazning to‘liq nomi:

davlat tilida – “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi”

rus tilida – “Respublikanskiy Sentr duxovnosti i prosveщyeniya”

ingliz tilida – “Republican Center of Spirituality and Enlightenment”

Markazning qisqartirilgan nomlanishi:

davlat tilida – RMMM

rus tilida – RSDP

ingliz tilida – RCSE

II. MARKAZNING MAQSAD VA VAZIFALARI

2.1. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining asosiy maqsadi – milliy ma’naviyatimizning ma’no-mohiyati, ildizlari, noyob va betakror namunalari, uning bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan izchil, ta’sirli va zamonaviy usul va vositalardan foydalangan holda targ‘ibot ishlarini olib borish;

keng aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida vatanga muhabbat va sadoqat, fidoiylik, eng muhimi ularda daxldorlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy qadriyatlar, urf odatlar, muqaddas an’analarimizning hozirgi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish;

aholimizning ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday ichki va tashqi tahdidlarga qarshi qaratilgan tizimli va zamonaviy tashviqot ishlarini olib borish.

2.2. Ushbu maqsaddan kelib chiqib Markaz quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish;

keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish;

dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlari, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish;

jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;

milliy g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari o‘rtasida keng targ‘ib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini kuchaytirish;

targ‘ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;

ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari samaradorligining ilmiy asoslangan monitoringini ta’minlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni muntazam yo‘lga qo‘yish;

yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;

mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ushbu toifani ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish;

ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g‘urur, komil inson tarbiyasi bilan bog‘liq tuyg‘u va tushunchalarni yosh avlod qalbi va ongiga ta’sirchan vositalar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, targ‘ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi asosida tashkil etish;

televideniye, radio, matbuot imkoniyatlaridan to‘la foydalanib, turli mavzu va ko‘rinishdagi ijtimoiy reklamalar tayyorlash, zamonamiz qahramonlari – yetakchi, ilg‘or fikrli, barchaga o‘rnak bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyati bilan ommani tanishtirish, ularning turli ijobiy tashabbuslarini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan illatlarni, ularning turli muammolarini dadil ko‘tarib chiqish.

2.3. Yuqoridagi vazifalarni Markaz o‘z faoliyatining tegishli chora-tadbirlar Dasturlari orqali amalga oshiradi.

III. MARKAZ FAOLIYATINING ASOSIY YO‘NALISHLARI

3.1. Oila, ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar o‘rtasida maqsadli g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarni zamon talablaridan kelib chiqib tashkil etish, shuningdek, jamiyatning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘ aymog‘chilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik kabi boshqa illatlarning barcha ko‘rinishlariga qarshi keskin va murosasiz munosabatni shakllantirish, jamiyat uchun istiqbolli, zamonaviy targ‘ibotchilarni tayyorlash maqsadida soha mutaxassislarini jalb etgan holda quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boradi:

“Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilidan kelib chiqqan holda terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlari, narkobiznes kabi yurtimizning tinchligi va osoyishtaligiga rahna soladigan, xalqimizning iymon-e’tiqodiga zarar yetkazadigan har qanday yot g‘oyalarga nisbatan ayovsiz kurashchan muhitni yaratish;

globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘paygan tahlikali, murakkab vaziyatda ma’naviyat sohasidagi ishlarni yuksak darajada takomillashtirish;

mamlakat ahli, ayniqsa, yosh avlodning dunyo va yurtimiz miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini, fidoyilik va vatanparvarlik tuyg‘usini kamol toptirish;

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi va yil nomlari bilan bog‘liq Davlat dasturlari ijrosi bilan bog‘liq eng muhim ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish;

xalqaro maydonda yuz berayotgan muhim voqea-hodisalar, yon-atrofimizda kechayotgan jarayonlar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, odamlarning faol mushohada yurituvchi va teran idrok etuvchi, ma’nan yetuk, siyosiy jihatdan faol fuqarolarga aylantirishga qaratilgan ma’rifat tizimini yaratish;

tinchlik, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi vazmin tashqi siyosat mohiyatini tushuntirish orqali xalqimiz dunyoqarashida milliy iftixor tuyg‘usini kuchaytirish;

fuqarolik jamiyati, huquqiy davlatni rivojlantirish jarayonida barcha ijtimoiy guruh va tabaqalar vakillarining huquqiy ongini yuksaltirish vositasida vatandoshlarimiz qalbida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini kuchaytirish, ayni paytda, o‘zining fuqarolik huquqi, erkinliklari va burchini chuqur anglagan holda yashashi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashish.

3.2. Ma’naviyat va ma’rifat sohasida mutaxassislarga ilmiy-uslubiy yordamlar ko‘rsatish maqsadida:

mintaqaviy hududiy va mahalliy bo‘limlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish yuzasidan istiqbolli reja va dasturlar, ularning muammolarini yechish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqishga ko‘maklashish;

turli jamoat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslari, ish tajribalarini o‘rganish, ommalashtirish yuzasidan tavsiyalar berish;

Markaz tizimlari va sohada xizmat ko‘rsatayotgan mas’ul xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish.

IV. MARKAZNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

4.1. Markazning huquqlari quyidagilardan iborat:

Bo‘lim va bo‘linmalar tashkil qilish;

milliy g‘oya va mafkura nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha tadqiqotlarni olib borish, targ‘ibot ishlarini metodik ta’minlash, ilmiy ekspertiza o‘tkazish, multimedia mahsulotlarini yaratish;

olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilar va xalq ichida o‘z hurmatiga ega bo‘lgan fuqarolardan tashkil topadigan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faoliyatini doimiy yo‘lga qo‘yish, joylarda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish, jamoat, madaniyat va san’at tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirish;

respublikadagi mulkchilik shaklidan qatiy nazar barcha korxona tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ahvolini o‘rganish, ma’naviy muhitni tahlil etish, muhokama qilish va shu asosda ularga tegishli tavsiyalar berish;

“Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi tomonidan ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha mas’ul xodimlar va targ‘ibotchilar malakasini oshirishga qaratilgan ishlarning natijadorligi va samaradorligini nazorat qilish;

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishlarini tashkil etish va kengash qarorlarini ijro etish bilan bog‘liq amaliy-tashkiliy ishlarni amalga oshirish;

ommaviy axborot vositalarida, jahon axborot tarmog‘ida o‘z faoliyatiga doir ma’lumotlarni yoritib borish;

vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar, ma’naviyat va ma’rifat kengashlaridan ma’naviy-ma’rifiy masalalarga doir ma’lumotlarni so‘rab olish;

xalqimizning boy ma’naviy, madaniy merosi, milliy qadriyatlarini respublikamiz va xorijda keng targ‘ib qilish maqsadida media mahsulotlar ishlab chiqarish;

mulkchilik shaklidan qatiy nazar barcha korxona va tashkilotlarda, idora va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bo‘yicha hulosalar berish;

mamlakatimiz hududlarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni obyektiv o‘rganish asosida hududiy mafkuraviy xaritalarni tuzish;

ustav doirasidagi maqsad va vazifalarni bajarish yuzasidan shartnomalar imzolash, buyurtmalar berish, shartnoma asosida olimlar, ziyolilar, mutaxassislar, ko‘pni ko‘rgan, hayotiy tajribaga ega faol fuqarolarni jalb qilish, ish hajmini kelishish va ularga bajarilgan ishlar uchun kelishilgan narxlarda haq to‘lash, targ‘ibot materiallari bilan ta’minlash;

turli korxonalarga o‘z ulushi bilan ta’sischi bo‘lib kirish, turli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha sho‘ba korxonalarini ochish;

belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining mablag‘larini, jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlarini jalb etish;

ushbu sohani rivojlantirish maqsadida qonunlarda belgilangan tartibda o‘z gazetasiga, ilmiy-metodik jurnaliga, jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayt va veb-sahifalariga ega bo‘lish, ommaviy axborot vositalariga ta’sischilik qilish;

aholining mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga munosabatini o‘rganish, hududlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida soha mutaxassislarini jalb etgan holda sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, turli muammolarga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya va anjumanlar tashkil etish, mustaqil ilmiy izlanuvchilarning sohaga oid ilmiy tadqiqotlar olib borishlari uchun sharoit yaratish, sohaga oid dissertatsiyalarni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, ilmiy xulosa va tavsiyalar berish;

markaz o‘z vazifalarini amalga oshirish maqsadida amaldagi qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

4.2. Markazning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilish;

o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash;

o‘z faoliyati yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobotlar taqdim etish;

Markaz qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega.

V. MARKAZ TARKIBI, RAHBAR ORGANLARI VA ULARNING VAKOLATLARI

5.1. Markazning rahbar organi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi hisoblanadi;

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashini shakllantirish bilan bog‘liq normalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 3 sentyabrdagi PF-2385-son farmoni va Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi ta’sis hujjatlari bilan belgilanadi.

5.2. Markazning oliy rahbar organi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi hisoblanadi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishlari bir yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Mazkur yig‘ilishda mamlakatdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ahvoli tahlil etilib, tegishli qarorlar qabul qilinadi.

5.3. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining vakolatlari:

Markazni qayta tashkil etish va tugatish;

Markaz ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

Markaz bo‘lim va bo‘linmalarining nizomini tasdiqlash;

Bo‘lim va bo‘linmalarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;

Markaz hamda uning bo‘lim va bo‘linmalari mol-mulkini tasarruf qilish.

5.4. Markazning tashkiliy tarkibiga quyidagilar kiradi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlari (keyingi o‘rinda hududiy bo‘limlar deb ataladi);

Tuman va (shahar) bo‘linmalari;

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati;

“Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi;

“Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Jahon adabiyoti” jurnallari, “Ma’naviyat” nashriyoti;

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda uning tuzilmalari tegishli Ustav va nizomlar asosida faoliyat ko‘rsatadi hamda Markaz rahbari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

5.5. Markaz rahbarining vakolatlari:

Markaz rahbari Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi bilan kelishilgan holda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan saylanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

Markaz va uning Boshqaruv hay’atiga rahbarlik qilish, Markazning umumiy faoliyatini tashkil etish va boshqarish;

Markaz Ustavi va Dasturi doirasidagi umumiy faoliyatni muvofiqlashtirish;

Markaz nomidan ishonchnomasiz ish ko‘rish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, xorijiy tashkilotlar oldida Markaz manfaatlarini ifoda etish;

mulkiy operativ huquqlarni amalga oshirish, shartnomalar tuzish, jumladan, mehnat shartnomalarini tuzish, ishonchnomalarni berish, banklarda hisob raqamlari va boshqa hisoblarni ochish, bank, moliya va boshqa hujjatlarga birinchi imzo huquqidan foydalanish, barcha xodimlar uchun umumiy bo‘lgan qaror va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarni chiqarish;

Markaz bo‘limlari rahbarlari, xodimlari, xo‘jalik hisobidagi guruhlar va korxonalar rahbarlarini mehnat shartnomasi asosida buyruq bilan tayinlash, bo‘shatish va moliyaviy ishlarni nazorat qilish;

Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlari rahbarlari tavsiyasiga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman va shaharlar bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish;

Markazning mintaqaviy-hududiy bo‘limlari ishini tashkil etish, faoliyati yo‘nalishlarini belgilash, qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish;

amaldagi qonunchilik asosida hamda Markaz maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda Markaz tuzilma birliklarini, bo‘limlari va boshqa o‘ziga qarashli korxona hamda tashkilotlarni barpo etish va tugatish;

Markazning moliyaviy-xo‘jalik masalalari bilan shug‘ullanish, homiylarning moddiy yordami hamda xo‘jalik hisobidan qo‘shimcha mablag‘lar topishni yo‘lga qo‘yish, Markazning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

jamoatchi targ‘ibotchilarni tanlash, ularni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayoniga jalb etish, nashriyot va tashkilotlar tayyorlagan risola va qo‘llanmalar, shuningdek, yangi zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan ta’minlash, rag‘batlantirish masalalarini hal etish;

xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, delegatsiyalarni jo‘natish va qabul qilish yuzasidan qarorlar qabul qilish;

Markaz ishida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlar va jamoatchi targ‘ibotchilarni O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda ularni o‘z faxriy yorliqlari va pul mukofotlari bilan taqdirlash;

xo‘jalik hisobidan ishlab topilgan va homiylar ko‘magida shakllantirilgan moliyaviy mablag‘lardan Markazning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashda hamda o‘z xodimlarini rag‘batlantirishda foydalanish;

xo‘jalik hisobidagi mablag‘lar hisobiga chiqarilgan nashriy mahsulotlarini sotish;

Markaz o‘z balansidagi binoni, transport vositasini qonunlarda ko‘zda tutilgan tartibda ijaraga berish, sotish;

Markazni rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish;

o‘z vazifalarini amalga oshirish maqsadida amaldagi qonunlarga zid bo‘lmagan boshqa faoliyatlar olib borishi mumkin;

Markaz rahbari bo‘lmaganda uning vazifasini Markaz rahbarining birinchi o‘rinbosari bajaradi.

VI. MARKAZNING QORAQALPOG‘ISTON RЕSPUBLIKASI, VILOYATLAR VA TOSHKЕNT SHAHAR (HUDUDIY) BO‘LIMLARI

6.1. Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari (bundan buyon – hududiy bo‘limlar) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga bo‘ysunadi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining Ustavi va ushbu Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshiradi.

6.2. Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari rahbarlari hududiy kengash raislari tomonidan taklif etilgan uch nafar nomzodlar orasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari tomonidan lavozimiga tayinlanadi va ozod etiladi.

6.3. Markazning hududiy bo‘limlari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lib, bank muassasalarida o‘zining hisob raqamiga hamda muhriga ega bo‘ladi.

6.4. Hududiy bo‘limlari tarkibiga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining shahar va tumanlar bo‘linmalari kiradi.

6.5. Markazning hududiy bo‘limlari rahbarlari Markaz rahbariga tegishli shahar va tumanlar bo‘linmalari rahbarlari lavozimiga nomzodlarni tavsiya qiladi va ularni ozod etish to‘g‘risida xulosalar beradi.

6.6. Hududiy bo‘limlar joylarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi qarorlari va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining topshiriqlarini ijrosini ta’minlovchi tashkiliy idora bo‘lib, targ‘ibotchilar faoliyatini muvofiqlashtiradi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

VII. MARKAZNING TUMAN (SHAHAR) BO‘LINMALARI

7.1. Markazning tuman (shahar) bo‘linmalari tegishli hududiy bo‘limlari rahbarligida faoliyat ko‘rsatadi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining Ustavi va ushbu Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshiradi.

7.2. Markazning tuman (shahar) bo‘linmalari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi mumkin.

7.3. Markazning shahar va tuman bo‘linmalari tegishli tuman-shahar Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining ijroiya organi sifatida faoliyat ko‘rsatadi hamda tegishli Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishlari bayoni qarorlarini hayotga tatbiq etadi.

7.4. Markazning shahar va tuman bo‘linmalari ziyolilar qatlami, ayniqsa, o‘qituvchi va pedagoglar, mahalla faollari, turli nodavlat jamoatchilik tashkilotlari vakillaridan iborat guruhlar tuzib, tegishli tuman va shaharlarda joylashgan hamda mulkchilik shaklidan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha korxona, tashkilot va muassasalarda milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar ahvolini o‘rganib boradi, xulosalar chiqarib, ularni tegishli Ma’naviyat va ma’rifat Kengashlari muhokamasiga qo‘yadi.

7.5. Markazning hududiy bo‘lim va tuman (shahar) bo‘linmalari davlat byudjeti mablag‘lari bilan bir qatorda, kichik korxonalar ochib yoki xo‘jalik yuritish asosida hamda homiylarning beg‘araz yordami hisobidan ham moliyalashtirilishi mumkin.

7.6. Bo‘lim va bo‘linmalarning huquq va majburiyatlari, ularni tashkil qilish, qayta tashkil qilish va tugatish tartibi, mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari batafsil ravishda ularning nizomlarida belgilanadi.

VIII. MARKAZNING MULK VA PUL MABLAG‘LARINI SHAKLLANTIRISH TARTIBI

8.1. Markaz o‘z tasarrufida binolar, inshootlar, uy-joylar, uskunalar, anjomlar, milliy va xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, intellektual mulk va mualliflik huquqlari obyektlari, tashkilot (korxona, muassasa)larga va ushbu Ustavda ko‘zda tutilgan faoliyatni moddiy ta’minlash uchun zarur bo‘lgan va o‘z mablag‘lari hisobidan barpo etiladigan boshqa mol-mulkka ega bo‘lishi mumkin.

8.2. Markaz, uning bo‘lim va bo‘linmalari mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:

davlat byudjeti;

jismoniy va yuridik, jumladan, xorijiy shaxslarning ixtiyoriy mulkiy badallari va ehsonlari;

davlat buyurtmasiga asosan sohaga oid faoliyatini amalga oshirishga ajratilgan maqsadli moliyaviy ajratmalar va davlat ko‘magi;

grant, subsidiya, ijtimoiy buyurtma ko‘rinishidagi davlat organlari, jamoat tashkilotlari, jumladan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan ma’naviy-ma’rifiy dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli kelib tushadigan mablag‘lar;

tadbirkorlik faoliyatidan olingan va faqat Ustav maqsadlarini bajarish uchun sarflanadigan daromadlar (foyda);

Markazning bosma nashrlaridan tushadigan mablag‘lar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

8.3. Markaz va uning tuzilmalari tomonidan tadbirkorlik hamda boshqa faoliyatidan olingan daromadlar faqat Ustavda belgilangan faoliyatga sarflanadi hamda Markaz ishtirokchilari va xodimlari o‘rtasida taqsimlanmaydi.

8.4. Markazning mulki bo‘linmasdir. Markazning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalari qaramog‘idagi tashkilot (korxona, muassasa)lar Markazning mol-mulkini o‘z tasarrufidan Markaz ruxsatisiz mustaqil ravishda chiqarishga haqli emas.

8.5. Markazning hududiy bo‘limlari va tuman (shahar) bo‘linmalari o‘zlariga biriktirib qo‘yilgan mulkni operativ boshqarish huquqini amalga oshiradi.

IX. USTAVGA QO‘SHIMCHALAR VA O‘ZGARTISHLAR KIRITISH TARTIBI

9.1. Markaz Ustaviga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi qarori asosida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

9.2. O‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng Markaz qayta O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

X. MARKAZDA HISOB VA HISOBOT ISHI

10.1. Markazning tuman (shahar) bo‘linmalari belgilangan shaklda har oyda keyingi oyning 10-sanasiga qadar hududiy bo‘limlarga moliyaviy hisob va tasdiqlangan ish rejaning bajarilishi yuzasidan hisobot berib boradilar.

10.2. Markazning hududiy bo‘limlari belgilangan tartibda Markazga har chorakda keyingi chorak birinchi oyining 10-sanasiga qadar moliyaviy hisobot va tasdiqlangan ish rejaning bajarilishi yuzasidan hisobot berib boradi.

10.3. Markaz o‘z faoliyati natijalarini hisobga olib boradi va ularni belilangan tartibda ro‘yxatga oluvchi, soliq va statistika organlariga taqdim etadi.

10.4. Zarur bo‘lgan hollarda Markaz tomonidan Markaz va uning hududiy bo‘limlari hamda bo‘linmalarining moliyaviy-ho‘jalik faoliyatini auditor tekshiruvidan o‘tkazish uchun tashqi auditor jalb qilinishi mumkin.

XI. MARKAZNI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH TARTIBI

11.1. Markazni qayta tashkil etish Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

11.2. Markazning tugatilishi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi qaroriga yoki sud qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

11.3. Markaz tugatilgandan keyin uning mol-mulki Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki sudning qarorida ko‘rsatilgan tartibda tasarruf etiladi.