Ijtimoiy tarmoqlar:
Hayol va haqiqat

Aziza Sarvarovaning mazkur sahna asarini o‘qib chiqar ekanman, davrimiz, aniqrog‘i ozod Vatanimiz naqadar taraqqiyotga yuz tutmasin, sadoqatli, aqli rosa fuqarolar ichida, bitta bo‘lsa ham, o‘z manfaati va rohati yo‘lida xalqiga, ayniqsa yoshlarimiz hayotiga raxna soluvchi, xiyonat qiluvchi qing‘ir qalb odamlar uchrab turganidan afsus va nadomatlar chekasan kishi. Bu kaltabin odamlar o‘z qilmishlari bilan saodatli el farzandlarini vaqtincha bo‘lsa ham hayotda orqaga chekinishga majbur qiladilar. Ammo oy nurini etak bilan to‘sib bo‘lmaganidek, o‘sha qora yuz kimsalar xalq xizmati va ishonchi yo‘lida, o‘z fuqarolik burchini oqlash maqsadida fidoyilik ko‘rsatayotgan fidoyi insonlar say-harakati bilan ertami-kechmi albatta qilmishlari uchun davlat oldida javob beradilar. A.Sarvarovaning “Hayol va Haqiqat” dramasi esa yuqorida biz keltirgan misollarga o‘z dramatizmining yuksakligi, voqealarning hayotiyligi va hayajonli sahnalarga boyligi bilan o‘quvchi va tomoshabinni hushyorlikka chorlaydi.

Asar mavzusi hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan odam savdosiga qarshi ogohlikka undashga qaratilgan bo‘lib, unda yosh, sodda, beg‘ubor bir qizning ishonuvchanligidan foydalanib, unga to‘kin hayotni va’da qilib, qing‘ir yo‘llar bilan chet elga jo‘natishmoqchi bo‘lishadi.

22 yoshli chevar qiz Dilrabo jinoyatchilar to‘dasiga xizmat qilib yuruvchi Saltanat ismli (asl ismi boshqa) ayol ko‘p vaqtlar odamlarni aldash, uyushgan jinoyatchilar bilan ko‘plab qizlarni chet ellarga jo‘natib, shu xizmatlari evaziga boylik orttirib kelgan. Asar muallif tomonidan shunchaki to‘qima emas, badiiy jihatdan naqadar asosli ekanligi, to‘qnashuvlarning o‘z isbotiga egaligi, ta’sirchan yaratilganligi bilan kishida ajib taassurot qoldiradi.

Uning “nayrang tuzog‘iga” ilinib, ertasini o‘ylashdan mahrum tovlamachilarga ishonmasligi uchun ham yaxshi ko‘rgan yigiti Umrbek bu yo‘ldan qaytarishga bor kuch g‘ayratini ishga soladi.

Boylik orttirishga o‘chlik inson tabiatidagi eng salbiy xislatdir. Va’da qilingan boylikga ega bo‘lish ilinjida hech kimning gapiga kirmasdan o‘tkinchi hoyu-havaslar girdobida qolgan Dilrabo Umrbekning gaplariga parvo qilmaydi. So‘ngra aldanib mazkur to‘daning tuzog‘iga tushib, Dubay degan joylardan it azobini chekkanicha qochib zo‘rg‘a kelgan Husniya ismli ayol uni yo‘ldan qaytarar ekan, boshidan o‘tgan voqealarni gapirib berar ekan xuddi shu joydan voqealar rivoji boshqacha tus ola boshlaydi.

Umrbekning uyushgan jinoyatchilar sirlarini fosh qilishdagi faoliyati juda og‘ir kechadi. O‘tkir nayrang maktabini egallagan Saltanat va Odillar o‘ziga hamkor qilib tumandagi ayrim rahbarlarni ham shu yo‘lga boshlaydi. Xullas asar nihoyasida sirlari fosh bo‘lgan jinoyatchilar jazo hukmiga ro‘baro‘ bo‘ladilar.

Dunyoda global muammolardan biri bo‘lish odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar dunyosini fosh qilish g‘oyasi aks etgan, yosh dramaturg Aziza Sarvarovaning “Hayol va Haqiqat” dramasi hali ko‘plarni xushyorlikka chaqirib, teatr sahnasida uzoq vaqtlar umr ko‘rishiga ishonchimiz komil.

R.Rajapov,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i

 

17.07.2018