Ijtimoiy tarmoqlar:
“Buyuk Temur” roman-badiasida Sohibqiron siymosi talqini

Amir Temurning buyuk va qudratli siymosi, boy va betakror ma’naviy dunyosi bir necha yuz asrdan buyon adabiyot olamida ham so‘nmas yulduz kabi porlab kelmoqda, asosiy mavzulardan biri sifatida turli shakllarda talqin qilinmoqda. Sohibqironning mardonavor hayot yo‘li, beqiyos jasorati, yuksak ma’naviyati, ma’rifati, mustahkam saltanati nafaqat tarixchilarning, balki adabiyot ahlining ham diqqatini o‘ziga tortib, ularni o‘zi haqida qalam tebratishga undab kelmoqda. Zero, I.Karimov ta’kidlaganidek, “...tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi.

Shaxsan men “Temur tuzuklari”ni har gal o‘qir ekanman, xuddiki o‘zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. O‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan, inson ma’naviyati uchun bugun ham oziq bo‘ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganman”.

Millat ma’naviyati tarixida ana shunday oliy o‘rin tutgan bu buyuk shaxs haqida nafaqat milliy adabiyot, umumjahon adabiyoti ham har qancha so‘z aytsa, har qancha asar bitsa arzigulikdir. Darhaqiqat, olamshumul sarkarda va buyuk davlat arbobi Amir Temur haqida turli mamlakatlarda turfa tillarda o‘nlab yilnoma, risola, ilmiy tadqiqot va badiiy asarlar yaratilgan. Asli xorijlik bo‘lgan, Markaziy Osiyoda 1941 yildan buyon yashab kelgan huquqshunos, rassom, tarixiy mavzularda qalam tebratgan adib Yevgeniy Berezikov (Donish Nasafiy) qalamiga mansub “Buyuk Temur” roman-badiasi (1996 y.) ham Amir Temur siymosini o‘ziga xos tarzda talqin qilgan betakror asar sifatida alohida e’tiborga loyiq.

Hojiakbar Islom Shayx, Abduqayum Yo‘ldoshevlar tomonidan mahorat bilan tarjima qilingan mazkur asar Yevgeniy Berezikovning o‘zbek xalqi tarixini nechog‘lik mukammal o‘rganganligidan, Amir Temur shaxsiga naqadar yuksak muhabbat va ehtirom ko‘rsatganligidan dalolat beradi. Romanda Sohibqiron siymosi ayrim muddatlarda talqin qilinganidek “qonxo‘r”, “bosqinchi bir saltanat sohibi” sifatida emas,aksincha, zukko va donishmand davlat arbobi sifatida samimiy, g‘ayritalqinlarsiz tasvirlangan. Asardagi voqea va hodisalar tafsilotida adib xuddi sohibqiron bilan birga yurgandek, hodisotlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek, ayni voqealarni birgalikda boshdan o‘tkazib borgandek tuyuladiki, bu ham ijodkorning Amir Temur shaxsiyatini, temuriylar davlati tarixini, islom madaniyatini nihoyatda sinchkovlik va o‘zgacha mehr bilan o‘rganganidan, asarni otashin ilhom, tabiiy va samimiy ehtirom, boy badiiy idrok bilan yozganidan dalolat berib turadi.

Muallif bu asarda Amir Temurning hayot yo‘li va sarkardalik, shohlik faoliyatini ancha mufassal hamda haqqoniy badiiy bo‘yoqlarda tasvirlab beradi. “Buyuk Temur” romani tarixiy-adabiy yo‘nalishdagi asar bo‘lib, unda XIV-XV asrlarga oid tarixiy qo‘lyozmalar hamda Yevropa tillarida mavjud manbalar va maxsus adabiyotlardan olingan ishonchli dasturiy ma’lumotlar asosida dunyo xalqlari va o‘rta asrlar Sharqi tarixida o‘chmas iz qoldirgan bu ulug‘ shaxsning o‘sha davrda o‘tgan murakkab va serqirra hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy vaziyat, madaniy-ma’rifiy hayot o‘zining badiiy in’ikosini topgan. Roman ayni shu mavzudagi boshqa asarlardan voqealarning xronologik – yilma yil, oddiy va tushunarli talqin qilinishi bilan ajralib turadi.

O‘quvchi asar sahifalari orqali voqealar ummoniga sho‘ng‘ir ekan, asta-sekin olis o‘tmish manzaralari va buyuk Sohibqiron qiyofasini yaqin masofadan ko‘ra boshlaydi va his qiladi.

Shunisi ham e’tiborga loyiqki, romanda nafaqat tarixiy voqealar, balki urf-odatlar, udumlar, xalq marosimlari, turli bayramlar, maishiy lavhalar, xalq o‘yinlari, harbiy yurishlar va jangu jadallar ham haqqoniy va hayratomuz mahorat bilan tasvirlanganki, bularning barchasi adibning o‘zbek millat tarixini, madaniyatini juda chuqur bilganidan guvohlik beradi.

Eng muhimi, kitobxon betakror badiiy libos kiydirilgan asosli tarixiy hodisalarni hech murakkabliklarsiz, zo‘r qiziqish va maroq bilan o‘qib chiqadi.

Feruza Azimova,

Bekmurod Kamolov

26.07.2018