Ijtimoiy tarmoqlar:
Buyuklar suhbatidan yaralgan buyuk asar

“Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” bu asar shunday asarki, unda shunchaki voqealar berilmaydi, balki undagi voqealar jonli, boricha, samimiy, oddiy ijodkorlarning hissiyotlari bilan qorishib, singishib ifoda etiladi. Unda ijodkorlarning oddiy gaplari ham oddiy bo‘lmasligini, oddiyliklarida ham katta buyukliklar borligini bilish mumkin. Mazkur asar Muxtor Shoxonov va Chingiz Aytmatovning suhbatlaridan paydo bo‘lgan. Ular bir-birlarining ichki dunyosini teran his etib turardi. Bu haqda Chingiz Aytmatovning o‘zidan o‘tib biror narsa deyishga ojizman. Yaxshisi buyuk adibning o‘zidan eshiting-a, yozuvchi shunday deydi: “Biz o‘zaro muloqot quvonchini ich-ichimizdan his etib turardik; olis bolalik yillarimda ovulimiz oqsoqoli ham xuddi shunday suhbatlarga tashna edi. Ehtimol, bularni “magnitofon qarshisidagi sirlashuv” yoki “ohanrabo tasmasidan chiqqan tasodifiy kitob” deb nomlash mumkindir. Suhbatlar mobaynida his-hayajonga berilib ketgan paytlarimiz ham bor. Shundoq bo‘lsada, bemalol suhbat qurib o‘tirgan paytimiz nogahon tug‘ilib qolgan fikr-mulohazalar va so‘zlarni asil holida o‘quvchiga taqdim etishga qaror qildik. Hayotimiz so‘qmoqlarida duch kelganimiz quvonch va musibatlarni yashirib o‘tirmadik. Bular to‘g‘risida faqatgina eng yaqin kishilarimiz bilardi, xolos...

Bu asarni o‘qib anglaysizki, ikki ijodkor qalbining xuddi toza buloq singari nihoyatda mayin, ohanrabo kuyday oqqanini ko‘rish mumkin. Fikrlar shunday singib ketganki, Amudaryo bilan Sirdaryo Orolga quyilib, aralashib ketgandek go‘yo. Chingiz Aytmatov bilan Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlaridan insoniyatga cheksiz ishonch va mehr-muhabbat yarqiraydi.Dunyoda insonga borib taqaladigan chigal muammolar behisob. Ularga hamma duch keladi va o‘zicha javob izlaydi, o‘zicha javob topadi. Asarda abadiyat va kelajak, o‘tmish haqida bilib olish mumkin. Mualliflar nozik masalalar to‘g‘risida nozik fikr yuritadilar va kitobxonni ham fikrlashga undaydi. Asarni o‘qib Chingiz Aytmatov bilan Muxtor Shoxonovlarning suhbatida bevosita ishtirok etayotganday bo‘lasiz, ichki olamiga sirdoshlikni his etasiz.

Davrimizning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o‘laroq dunyoga kelgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobining “Hokimiyat va ma’naviyat yoki podshohlar, xonlar, qirollar, prezidentlar faoliyatiga bir nazar” bobida qadimgi hukmdorlardan tortib hozirgi davlat rahbarlari haqida mualliflarning shaxsiy fikrlari, qarashlari bayon qilinadi.

Chingiz Aytmatov O‘zbekiston Prezidenti bilan ilk uchrashuv haqida quyidagicha eslaydi: “O‘zbekiston PrezidentiIslom Karimov bilan ilk bor 1990 yilda uchrashganman. O‘sh fojialari sabab uchrashdik. Ikki qardosh xalq o‘rtasida kutilmaganda nifoq paydo bo‘lishi, qon to‘kilishiga men befarq qarab tura olmadim...

O‘sha kuniyoq Chkalov nomidagi aerodromdan bir guruh o‘rtoqlar bilan harbiy samolyotda uchib ketdim. Toshkentga qo‘nishimiz bilanoq men O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Odil Yoqubov bilan telefonda bog‘landim. Biz uchrashdik. Tayyoragohning o‘zida shoshilinch kengash o‘tkazdik. Vaziyat kunday ravshan edi: ikki qardosh xalq bir-birining yoqasiga yopishib turishardi.

Qarama-qarshilikni qanday qilib bartaraf etish mumkin? Kutilmaganda alanga olib ketgan nizoni qanday yo‘sinda to‘xtatib bo‘ladi? Bizni ana shunday muammolar qiynar edi. Har bir soatda yangi xabar yetib kelardi, yuraklarimiz o‘rtanib, amaliy harakatga shoshilar edik.

Qadimdan qon-qardosh bo‘lgan ikki xalq o‘rtasida paydo bo‘lgan nifoqni bartaraf etish borasida o‘shanda Islom Karimov ulkan davlat arbobiga munosib bo‘lgan aql-idrok, donolik namunasini ko‘rsatdi”.

Men bu asarni o‘qib yana bir narsaga amin bo‘ldimki, ijodkorlarning oddiy suhbatlari ham jamiyatga, xalqqa tegishli bo‘ladi. Ular ba’zilarga o‘xshab faqat katta minbarlarda xalq haqida gapirib, bong urmaydi. Ularning butun hayoti shu bilan bog‘liq. Shunday ekan quyidagi kitobni o‘qishni sizlarga ham tavsiya etaman. Inson hayot mohiyatini anglab yetmoq uchun faqat hayotiy voqeliklar asosidan bitilgan asarlarni emas, balki, suhbatlar asnosida yaratilgan asarlardan ham ilohiy kuch olishligini quyidagi asar misolida ko‘rishingiz mumkin.

 

Zavqiddin Nasimov,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mutaxassisi

 

27.07.2018