Ijtimoiy tarmoqlar:
“Hokimiyat va ma`naviyat yoki podshohlar, xonlar, qirollar, prezidentlar faoliyatiga bir nazar”ni o'qib... (Asardan parcha)

Shoxonov. Juda ko‘p tuzumlar, hukmdorlar uchun qamchi bo‘ladigan yana bitta topib aytilgan gap bor. Hukmdor saroyiga qadam ranjida qilgan bitta donishmand quyidagi vasiyatnomani yozib qoldiradi: “Davlat xazinasi — bu xalq boyligi. Uni qo‘li qadoq xalq halol peshona teri bilan ishlab topgan. Hukmdor bu xazinaning kalitini har tomonlama sinovdan o‘tkazilgan odamga ehtiyotkorlik bilan topshirishi kerak. Qayerdaki, tillo va kumush bo‘lsa, o‘sha yerda o‘g‘rilik ro‘y beradi. O‘g‘rini qo‘lga tushirsang, darhol fosh qilgin. Agar fosh etmasang, demak, o‘zing ham o‘g‘risan”.

AytmatovOqil, tajribali hukmdorlar hech qachon o‘zlarining qarindoshlarini, yaqinlarini vazir lavozimiga tayinlamas edilar. Chunki, bilardilarki, ular bir kun kelib davlat ishlarini oilaviy ishlar bilan chalkashtirib yuborishlari mumkin edi. Keyin ular bilan qattiq turib hisob-kitob qilish mushkul bo‘ladi. Agar ko‘ngilchanlik qilinsa, boshqa vazirlar ham tushovni uzib ketishlari mumkin.”

Ularning asardan olingan ushbu suhbati ham yuqoridagi fikrlarimizni isbotlaydi. Bunda ijodkorning asliyati ko‘ringani bilan bir xil ekanini anglash mumkin.

Ehtimol, yana bir nimalar to‘g‘risida gaplashishga ulgurmadi yoki nimalarnidir esimizdan chiqargan bo‘lishimiz ham mumkin. Axir, istig‘for paytida o‘y-xayollar parishon bo‘lib ketadi, sira tutqich bermaydi. “Do‘stlik yo‘qolgan joyda jamiyat buziladi. Muhabbat yo‘qolgan joyda avlodlar azobini tortadi”, deganlar Muhammad payg‘ambarimiz.

Qirg‘oqdagi qoyalarga tap tortmasdan urilayotgan to‘lqinlar misoli bizning yoshligimiz ham dengiz qa’riga qaytmas bo‘lib singib ketdi. Shamol esayotgan kunlarda dengiz to‘lqinlariga qarab turib, beixtiyor yurak hapriqib ketadi. Endi bizning yoshimiz xuddi o‘sha toshloq sohilda osoyishta chayqalib turgan suvga o‘xshaydi.

Ularning orqasidan bu dunyoga yangi qanot chiqargan avlod keladi. Ular o‘z kemalarining yelkanlarini Hayot deb atalmish to‘lqinlari pishqirayotgan dengiz tomon to‘g‘rilaydilar. Inshoolloh, ular uchun o‘tib bo‘lmas darajada yuksak bo‘lib ko‘ringan qoyalar ularga g‘ov bo‘lmasin; har xil shubha-gumon uyg‘ongan sertashvish tumanli kunlarda ularning kemalari suv ostidagi qoyalarga urilmasdan omon-eson o‘tib olsin; bizning ushalmagan orzu-armonlarimiz ularning hayotida ro‘yobga chiqsin!

Shoxonov. Hozirgi zamondagi inson ma’lum ma’noda jang maydonini eslatadi. Umuman, dolg‘ali zamonlarda, ijtimoiy silkinish paytlarida har doim qandaydir qonuniyat paydo bo‘ladi: jamiyatda qo‘qqisdan go‘yo hech narsa bilan asoslanmagan holda jinsiy faollik boshlanadi; ko‘pincha ehtirosga erk berib yuboriladi, sharm-hayo unutiladi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida an’anaviy oila va axloq inkor etilgach jinsiy o‘zboshimchalik ro‘y berganini, Fransiyadagi yoshlar inqilobini, “xippi”larni, “jinsiy inqilob” shiori ostida bosh ko‘targan “bitnik”larni, “roker”larni, “natsi”larni va ularning qo‘pol shahvoniy harakatlarini eslab o‘tish kifoya bo‘lsa kerak.

Bu voqealar bugungi davr inqirozga yuz tutganini ko‘rsatibgina qolmaydi, ayni paytda sayyoramiz qamrovida yangi tartib-qoidalar vujudga kelayotganidan ham guvohlik beradi. Bu silkinishlar inson olamiga yorib kirayotgan kuchli jarayonning aks sadolaridir.

Aytmatov. Ezgulik salgina chekinsa — bas, uning o‘rniga darhol yovuzlik mustahkamlanib oladi. Afsuski, biz uzoq vaqt bunga ahamiyat bermadik. Tirik inson yaratuvchilik va buzg‘unchilik, o‘ylab va o‘ylamasdan qilinadigan son-sanoqsiz harakatlar manbaidir. Insonning ichki olami nihoyatda murakkab va xavfli yo‘l-yo‘laklardan iborat. Lekin, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, qonxo‘rdan qonxo‘r tug‘ilishini, yovuz kimsadan yovuz kimsa tug‘ilishini, manqurtchilik va zombichilik vabosini oldindan bartaraf etish kerak. Bu jamiki insoniyatning muqaddds burchi hisoblanadi.

Cherchill to‘g‘ri aytgan ekan, demokratiya qanchalik yomon bo‘lsa ham, insoniyat hozircha bundan yaxshirog‘ini o‘ylab topgani yuq! Juda g‘alati hol.


Iqtisodiy munosabatlar o‘zgarishi barobarida bizning ma’naviy boyligimiz ham puturdan keta boshladi. Yashirib nima qildik, sovet hokimiyati yillarida san’at, adabiyotning har qanday turi partiya tashviqotining quroliga aylanib qolardi. Doimo bedor bo‘lgan senzura madaniyatni “sotsialistik realizm” qoliplarida saqlab turishga urinsa-da, lekin davlat nashriyotlari juda katta ishlarni amalga oshirardi, uzluksiz ravishda va o‘z vaqtida sifatli bosma mahsulotlar chiqarardi. Siyosiy homiylikdan mahrum etilgach, davlat ilgarigidek nashriyotlarni, gazeta-jurnallarni moliyaviy jihatdan ta’minlamay qo‘ydi.

Bozor iqtisodi munosabatlarining mana shunday ayovsiz qonunlari bor. O‘z mehnating bilan o‘zingni ta’minlay olmasang, tijorat akulasiga yem bo‘lasan. Shu bois kitob do‘konlarini, peshtaxtalarni, bozorlarni yaramas oldi-qochdi asarlar egallab yotibdi. Zo‘ravonlik, qotillik, talonchilik ruhi bilan sug‘orilgan bu asarlar, aslida, jinoyatchilikni takomillashtirish bo‘yicha o‘ziga xos qo‘llanma vazifasini bajarayapti.


Bunday axloqsizlik uchun kim javob beradi? Javob berish ham, javobgarni topish ham juda mushkul. Chunki, biz mamlakatni demokratik taraqqiyot yo‘lidan boshqarib bormoqchimiz.

Mayli, shunday bo‘lsin. Biroq, bizning jamiyatimizda birtalay demokratik erkinliklar noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Bemaza qovunning urug‘idek urchib ketgan arzon-garov adabiyotlar yosh avlodni shubhali an’analarga o‘rgatayotgan bo‘lsa, biz bunga qachongacha befarq qarab o‘tiramiz? Kelajak avlod oldida o‘tish davrining qiyinchiliklari shunaqa bo‘lar ekan deb, o‘zimizni oqlaymizmi?

 

Zavqiddin Nasimov,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mutaxassisi

27.07.2018