Ijtimoiy tarmoqlar:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi

Memorandum

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi o‘rinlarda tomonlar deb ataladi) o‘z Nizomlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-son Qarorida hamda 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini birgalikda ta’minlash shuningdek, ma’naviyat va ma’rifat sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish maqsadida ushbu memorandumni imzolaydi.

1-modda. Hamkorlik maqsadi

1.1. Tomonlar o‘zaro kelishuv (keyingi o‘rinlarda Memorandum deb ataladi) qoidalari hamda vakolatlari doirasida ma’naviyat va ma’rifat sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi va rivojlantiradi.

1.2.Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mamlakatda ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi vakolatli organ sifatida sohani yanada rivojlantirish maqsadida ijodkorlarni (teatr aktyorlari, san’atkor va xonandalar) targ‘ibot tadbirlariga jalb etish, sohaning yetuk mutaxassislari ko‘magida madaniyat va san’at muassasalaridagi ma’naviy va ijodiy sog‘lom muhitni yaxshilashga yo‘naltirilgan anjumanlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil qilish masalalarida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlik qiladi.

2-modda. Tomonlar majburiyatlari

2.1.Milliy ma’naviyatimizni rivojlantirish, sohani umumbashariy va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqadi.

2.2.O‘zbek milliy madaniyati va san’ati hamda adabiyotining boy an’analari va yutuqlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirish, insonlarning ma’naviy kamolotidagi o‘rnini yuksaltirish, ular orqali milliy an’analarimizni ulug‘lash, umuminsoniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini muntazam olib boradi.

2.3. Xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning dunyoqarashini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali rivojlantirish, ma’naviyatini yuksaltirish, ularda turli yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash hamda komil inson g‘oyalarini tarannum etadi.

2.4. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka da’vat etish, olimlar, siyosatchi va boshqa mutaxassislar, ijodkor ziyolilar ishtirokida joylarda samarali ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tizimini yo‘lga qo‘yadi.

2.5. Asrlar davomida avloddan-avlodga noyob meros sifatida o‘tib kelayotgan madaniy va ma’naviy merosimizni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga chuqur singdirish orqali milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom hislarini oshiradi.

2.6. Madaniyat va san’at sohasida faoliyat boshlayotgan yoshlar, mazkur yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan talabalarga ma’naviy ko‘mak berish hamda rag‘batlantirish maqsadida turli xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, aksiyalar, o‘quv-seminarlari, ko‘rik-tanlovlar, festival va forumlar tashkil etishda g‘oya va amaliy takliflar bilan muayyan hamkorlikni amalga oshiradi.

2.7. Davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, madaniyat va san’at sohasi rivojiga hissa qo‘shayotgan, vatanparvarligi va sadoqati bilan yurtdoshlariga ibrat bo‘layotgan, xalq e’tirofiga sazovor ijodkorlarni har yili tantanali ravishda taqdirlash bo‘yicha birgalikda turli rag‘batlantirish tadbirlarini joriy etadi.

2.8.Tomoshabinlarning talabini o‘rganish asosida madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha janr va mavzularni shakllantirishda, yaratilayotgan ijodiy ishlarni professional baholash orqali ularning badiiy darajasi va tomoshabopligini oshirishga erishishda, e’tirof etilgan va tan olingan yo‘nalishlarni joriy qilish orqali yoshlar ongiga turli yot g‘oyalar singdirilishining hamda “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari kirib kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Respublika Ma’naviyat ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan Interaktiv munozara klubining faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Har oyda bir marotaba OAV ishtirokida anjuman tashkil qilib, klub faoliyatini takomillashtirib boradi.

2.9.Madaniyat va san’at muassasalari ijodkorlarining badiiy-g‘oyaviy, ma’naviy estetik saviyasini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konfrensiyalar o‘tkazadi.

2.10.Ijodkorlar va yoshlar muloqotlarini davomiy o‘tkazish maqsadida hamkorlikda har yili “San’at va yoshlar” Respublika forumini tashkil etadi (Forum doirasida sotsiologik tadqiqotlar, konferensiyalar, tanlov va festivallar, yoshlar masalasida milliy va jahon durdonalarining taqdimot va muhokamalarini o‘tkazadi).

2.11.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha teatrlarning ijodiy faoliyati, repertuarlari, muzeylarning faoliyati, “O‘zbekkonsert” birlashmasi xonandalari tomonidan yaratilayotgan milliy va zamonaviy qo‘shiqchilik, raqs san’ati hamda teleradiokanallarda efirga uzatiladigan qo‘shiq va kliplarning mazmun-mohiyati, mamlakatimizning san’at saroylarida taqdim etiladigan konsert dasturlarining o‘zbek milliy ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shayotgan hissasini oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi targ‘ibot ishlarini kuchaytiradi.

2.12. Ijodkorlarning faoliyati, kiyinish madaniyati, sahnada o‘zini tutishi, imidji, muomala madaniyatini nazoratga olishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik ishlarini amalga oshiradi.

3-modda. Moliyaviy shartlar

3.1.Ushbu Memorandumda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun sarflanadigan xarajatlarni tomonlar o‘z mablag‘lari, homiylik xayriyalari va qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi.

4-modda. Axborotlarni oshkor qilmaslik

4.1.Ushbu Memorandum yoki unga muvofiq tuzilgan boshqa kelishuvlarning bajarilishi vaqtida har bir tomon ikkinchi tomonga taqdim etgan yoki undan qabul qilgan hujjat, konfidensial xarakterdagi axborotlarni yoki boshqa ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatini oladi.

5-modda. Memorandumga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish

5.1.Har bir tomon ushbu Memorandumga yoxud uning bir qismiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritishni yozma ravishda taklif etishi mumkin.

5.2.Tomonlar o‘zaro kelishgan har qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar yozma ravishda ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadigan va belgilangan kundan boshlab kuchga kiradigan qo‘shimcha kelishuv shaklida rasmiylashtiriladi.

5.3.Har qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar ularning kuchga kirguniga qadar ushbu Memorandumdan kelib chiqqan yoki unga asoslangan tomonlarning huquq va majburiyatlariga ta’sir etmasligi lozim.

5.4.Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilish, bajarish va qo‘llashda tomonlar o‘rtasida vujudga keladigan muayyan savollar, masalalar uchinchi tashkilotga murojaat etmasdan, o‘zaro maslahatlashuvlar yo‘li bilan do‘stona ravishda hamjihatlik asosida hal qilinadi.

6-modda. Memorandumning kuchga kirishi, amal qilishi, to‘xtatilishi va bekor qilinishi

6.1.Ushbu Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi.

6.2.Mazkur modda qoidalaridan qat’i nazar, tomonlarning har biri boshqa tomonni ushbu Memorandum amal qilishini vaqtincha to‘xtatish yoki bekor qilish niyati borligi to‘g‘risida istalgan vaqtda, bu niyatni amalga oshirish sanasidan kamida bir oy oldin yozma ravishda xabardor qilgan holda uning amal qilinishini vaqtincha to‘xtatishi yoki bekor qilishi mumkin.

6.3.Ushbu Memorandumning amal qilishi uning qoidalarini bajarishga imkon bermaydigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan vaqtincha to‘xtatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

6.4.Ushbu Memorandumni yetarli asoslar bo‘lmagan hollarda tomonlar bir taraflama to‘xtatishlariga yoki bekor qilishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

6.5.Memorandum 2 nusxada imzolanadi va bir xil qonuniy kuchga ega bo‘ladi.

Memorandum Toshkent shahrida 2017 yil 3 noyabr kuni imzolandi.

TASDIQLAYMAN

                  O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri

                               _____________ B.Sayfullayev

TASDIQLAYMAN

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

                       _____________ A. Kadirov

06.02.2018