Ijtimoiy tarmoqlar:
ALISHЕR NAVOIY RUBOIYLARIDA MAʼRIFIY GʻOYALARNING POETIK TALQINI

Alisher Navoiy sheʼr va sheʼriyat bobida alohida ilohiy isteʼdod namoyon qilgan buyuk soʻz sanʼatkori, beqiyos badiiyat kashfiyotchisi. Shu bois ham maʼnan, ham badiiy-estetik jihatdan boy va barkamol boʻlgan Navoiy lirikasi taʼlim bosqichlarida uzviylik va uzluksizlik tamoyillari asosida nihoyatda chuqur oʻrganiladi. Xususan, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimida ham shoir ijodini oʻrganishga alohida ahamiyat berilgan. Bu serqirra ijod sohibining ham lirik, ham epik asarlarini atroflicha oʻrganish koʻzda tutiladi. Oliy darajadagi badiiy-estetik mohiyat tayin etuvchi, yuksak maʼnaviy ozuqa manbai sanaluvchi bu asarlarni tahlil va talqin qilish jarayonida oʻquvchilar maʼnaviy olamini boyitishning, estetik tafakkurini yuksaltirishning imkoniyatlari nihoyatda keng. Buni biz shoir lirikasidagi ayrim namunalar misolida koʻrib oʻtamiz.

Navoiyning lirik merosida ruboiy janri ham yetakchi mavqega ega. Shoir ishqiy, ijtimoiy- falsafiy, didaktik xarakterda koʻplab ruboiylar yaratgan. Akademik litseylarning II bosqichida shoirning bir qator ruboiylarini oʻrganish koʻzda tutiladi. Dasturda “Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish”, “Zohid senga huru menga jonona kerak” ruboiylarini tahlil qilish belgilangan. Ammo bu ruboiylar umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ham yetarlicha oʻrganilishi negadir eʼtiborga olinmagan. Biroq majmuada shoirning boshqa bir qator ruboiylari ham berilganki, oʻqituvchi bundan unumli foydalanib, tahlil uchun shoirning turli ruboiylarini tanlashi maqsadga muvofiq. Quyida majmuada keltirilgan ana shunday ruboiylardan birini tahlil qilish usullarini yoritamiz. Dastlabki tahlilni oʻqituvchining oʻzi amalga oshirib, oʻquvchilarni adabiy tahlilga tayyorlashi lozim. Avvalo, ruboiy matni bilan tanishiladi:  

Yoʻq dahrda bir besaru somon mendek,

Oʻz holigʻa sargashtayu hayron mendek.

Gʻam koʻyida xonumoni vayron mendek,

Yaʼniki, aloxonu alomon mendek.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Navoiy juda koʻplab ruboiylar yaratgan boʻlib, ulardan 133 tasi “Gʻaroyib us-sigʻar” devoni tarkibiga kiritilgan. Shoir mazkur devonning debochasida ham hasbi hol xarakteridagi ruboiylaridan namunalar keltirgan. Devondan oʻrin olgan ruboiylarning mavzu koʻlami keng boʻlib, ular mazmunida hamd, naʼt, falsafiy, ijtimoiy, axloqiy-taʼlimiy, ishqiy mavzular aks ettirilgan. Tahlil qilayotganimiz ushbu ruboiy ham “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan oʻrin olingan.

Ruboiy matni ifodali oʻqib, eshittirilgach, uning mavzu yoʻnalishi aniqlanadi. Hasbi hol koʻrinishidagi bu ruboiyda yolgʻizlikdan koʻngli ezilgan oshiqning iztirobli kechinmalari ifodalangan, falakdan marhamat koʻrmagan insonning qalb holati tasvirlangan. Ruboiy mazmunini toʻliq anglab yetish uchun dastlab maʼnosi qiyin soʻzlar tushuntiriladi. Oʻqituvchi ruboiydagi bunday soʻzlarni oʻquvchilar ishtirokida aniqlashtirib oladi:

dahr – zamon, dunyo;

besaru somon – bechora, qashshoq, besaranjom;

sargashta – boshi aylangan;

koʻy – koʻcha, mahalla;

xonumon – roʻzgʻor buyumlari;

aloxonu alomon – xonavayron, uy joysiz.

Demak, ruboiydagi baytlar mazmuni quyidagicha: Dunyoda men kabi bir besaranjom, bechora, oʻz xolidan hayron, aqli parishon yoʻq. Gʻam koʻchasida butun borligʻi vayron, uy-joysiz mendek baxtiqaro yoʻq. Koʻrinadiki, ruboiy shoirning nihoyatda tushkun kayfiyatida tugʻilgan. Lirik qahramon oʻzini dunyodagi eng gʻamgin, eng qashshoq, bechora sifatida his qilib, oʻz holidan shikoyat qilmoqda. Aslida shoir bu dunyoda hamma narsaga ega edi. U nafaqat shoir, avvalo, davlat arbobi ekanligini, bosh vazir, muhrdor, hokim lavozimlarida faoliyat koʻrsatganini eʼtiborga olsak, sheʼrdagi bunday hazin va nolish ifoda nimaning mahsuli ekanligi kitobxonni oʻyga toldiradi. Nahotki, shunday buyuk tarixiy shaxs, ulugʻ shoir oʻzini shunchalar bechora, besaranjom his qildi ekan? Qanday iztiroblar, qanday kemtiklar bunday satrlarga asos boʻldi? Nazarimizda, bu oshiqlik holati. Shoir ayni misralarda oshiq qalbining dardli kechinmalarini oshkor qilgan. Koʻngil yolgʻizligi, dilga yaqin hammaslak yoʻqligi oʻzini nochor va gʻarib sezishiga sabab boʻlgan. Lirik qahramon shahar yoki qishloq koʻchalarida emas, gʻam koʻchasida hayron; uning yashab turgan uyi bor, ammo koʻnglida qoʻnim yoʻq; qalb oʻziga munosib makon izlab sarsonu hayron. Ana shunday rangin maʼnolar, hazin navolar mujassam ushbu ruboiyda.

Sheʼrning lingvo-poetik ifodasi ham oʻziga xos. Toʻrtala misrada ham yoʻqlik maʼnosi ifodalansa-da, shoir uni faqatgina birinchi misrada qoʻllaydi. Ruboiyning ana shu “Yoʻq” soʻzi bilan boshlanishi har bir misraga daxldorlik kasb etgan. Bu yerda sintaktik hodisa – inversiyaning mumtoz koʻrinishi gavdalangan. Aslida: “Dahrda mendek bir besaru somon yoʻq” shaklidagi fikr sheʼriy vazn talabiga koʻra “Yoʻq dahrda bir besaru somon mendek”, tarzida berilgan. Bu ifoda har bir misrada ham qoʻllanilgan. Sheʼrda besaru somon, sargʻashtayu hayron, aloxonu alomon birikmalari oʻzaro –u (-yu) bogʻlovchilari vositasida juftlashib, yaxlit tushunchalarni ifodalashga xizmat qilgan. Shuningdek, ruboiyda poetik sintaksis (metafora) hodisasi ham kuzatiladi: “gʻam koʻyi” (gʻam koʻchasi).

Ruboiyning toʻrtala misrasi ham oʻzaro qofiyadosh soʻzlar (muqayyad qofiya) va radiflardan iborat boʻlib (a-a-a-a), taronayi ruboiy (qofiya, somon, hayron, vayron, alomon; Navoiy taʼbiri bilan “ruboiya”)ning goʻzal namunasidir.

Endi sheʼrning vazn xususiyatlarini oʻrganish maqsadga muvofiq. Ruboiy aruzning hazaj bahri, axram va axrab vaznida yoziladi. Agar vazn mafʼuvlun rukni bilan boshlangan boʻlsa, u axram deb yuritiladi. Agar mafʼuvlu rukni bilan boshlansa, axrab deb yuritiladi. Mazkur ruboiyda ham ayni xususiyat mavjud. Tahlildan maʼlum boʻladiki, ruboiy misralari mafʼuvlu rukni bilan boshlangan, demak, ushbu ruboiy hazaj bahrining axrab shajarasi, aqrabi maqbuz shahobchasida yozilgan.

Darhaqiqat, “sheʼriyatimizda yaratilgan ruboiylarning aksariyat misralari ikkinchi rukni mafoilun boʻlgan aqrabi maqbuz shahobchasiga mansub toʻrt oʻlchovga asoslanadi. Buning sababi ushbu vaznlarda qisqa va choʻziq hijolarning joylashishi tufayli hosil boʻluvchi yoqimli, salobotli ohangda, albatta” [4; 143]. Navoiy ijodiga mansub bu ruboiyda ham ayni xususiyatlar yorqin aks etgan. Ushbu vazn har toʻrtala misrada ham aynan bir xil takrorlanmaganligi, baʼzi (birinchi va uchinchi misralardagi) ruknlarda farqli tomonlarning koʻzga tashlanishi, ushbu ruboiyning anchayin murakkab vaznda yozilganligini koʻrsatadi. Shu boisdan ruboyilarning vazn xususiyatlarini oʻrganish adabiyot oʻqituvchisidan alohida tajribani, aruziy bilim va tafakkurni talab qiladi. Ana shunday ilmiy salohiyatga ega pedagog oʻz oʻquvchilarini mumtoz adabiyotning sir-sinoatga boy rangin dunyosi bilan yaqindan tanishtira oladi, ularning badiiy-estetik tafakkurini yuksaltirib, boy va betakror maʼnaviy merosga oshno qiladi.

Zero, Navoiy ruboiylari vaznidagi oʻziga xos ohang, qofiyalardagi tovushlar takrori va radiflar ularning badiiy koʻrkamligini tayin etgan. Sheʼrlar mazmunidagi hazin lirizmni kuchaytirishga, oshiq kayfiyati, maʼshuqa vasfi, lirik qahramonning dardchil kechinmalarini taʼsirchan ifodalashga munosib xizmat qiluvchi poetik jozibalar kitobxon qalbiga oson singib kiradi va uning xayolini turli oʻylar bilan band qila oladi. Oʻquvchi ham shoirning, ham lirik qahramonning, ham oshiqning koʻngil dardiga yaqinlashib, uning iztiroblarini dildan his qiladi.

Bunday qamrovli tahlillar anchayin murakkab boʻlib, bu jarayonda, asosan, oʻqituvchi faollik kasb etadi. Binobarin, ruboiyning qofiya, raviy va radiflari bir qadar sodda va aniq boʻlgani bois, ularni oʻquvchilar ishtirokida aniqlashtirishi, vazn xususiyatlarini esa oʻqituvchining oʻzi chuqurroq tahlil qilib berishi maqsadga muvofiq.

Navoiy ruboiylarini auditoriya talabalarini guruhlarga boʻlib oʻrganishda, oʻquvchilarning soni va intellektual salohiyatini hisobga olmoq joiz. Darslik-majmuada shoirning yettita ruboiysi keltirilgan. Bu ruboiylarning baʼzilari (“Gʻurbatda gʻarib...”, “Zohid, senga – hur...”) umumiy oʻrta taʼlimda oʻrganilganligini eʼtiborda tutgan zukko pedagog shoir devonlariga (jumladan, “Gʻaroyib us-sigʻar”ga) murojaat qilib, tahlil uchun akademik litsey oʻquvchilari oʻzlashtira oladigan yana boshqa ruboiylarni ham tanlashi mumkin. Ana shunda guruhlar sonini ham, oʻrganiladigan ruboiylar miqdorini ham koʻpaytirish imkoniyati tugʻiladi. Oʻquvchilarni oʻrtacha olti guruhga ajratish, har bir tarqatma kartochkaga tahlil uchun ikkitadan ruboiyni tanlash va guruhlardagi oʻquvchilarning intellektual salohiyati, individual xususiyatlarini nazardan qochirmagan holda taqsimlash adabiy tahlil darslarirni toʻgʻri tashkil qilishga, taʼlim samaradorligini oshirishga puxta zamin hozirlaydi, oʻquvchilarni badiiyatga, Navoiy sheʼriyatiga qiziqishlarini munosib darajada oshiradi, estetik tahlilga munosabatini yangilaydi.

Oʻqituvchi tomonidan amalga oshirilgan qamrovli tahlil oʻquvchilarning Navoiy ruboiylarini tahlil qilish borasidagi tasavvurlari shakllantirib, muayyan malakaga ega qilgach, navbatdagi ruboiylarni tahlilga tortib, ularning badiiy-estetik xususiyatlarini oʻrganishni bevosita talabalarning oʻziga havola qilish lozim. Vaqt imkoniyatin hisobga olgan holda esa, darslik va devondan tanlangan muayyan ruboiylarning turli usuldagi (qamrovli, qiyosiy, jadvalli) tahlillarini uyga topshiriq sifatida ham berish mumkin. Chunki dars jarayonidagi yoʻnaltiruvchi tahlillar oʻquvchilarning mustaqil ishlariga turtki boʻladi va bu kabi vazifalarni bajarish jarayonida oʻquvchilarning ruboiylar tahlili (janr tabiati, vazn xususiyatlari, mazmun mohiyati, badiiy sanʼatlari, tasvir vositalari) borasidagi bilim va malakalari mustahkamlanadi.

Natijada, oʻquvchilarning Navoiy ruboiylari toʻgʻrisidagi tasavvurlari kengayadi, badiiy idroki rivojlanib, maʼnaviy olami yuksaladi. Oʻquvchilar tafakkurida ruboiy badiiyati, Navoiy ruboiylarining oʻziga xos ifodasi toʻgʻrisidagi nazariy maʼlumotlar bilan bir qatorda muayyan insoniy fazilatlar (oʻzgalar dardini his qilish, koʻngil kechinmalarini qadrlash, yaxshilik, ezgulik, oqibat, maʼrifat singari) ham mustahkamlanadi, takomillashadi.

Ruboiy tahlilida mazkur jihatlarga keng eʼtibor qaratish, oʻquvchilar diqqatini poetik mazmunni gavdalantirgan sheʼriy unsurlarga tortish, har bir soʻzning estetik vazifasini sharhlashga undash darsdan koʻzlangan pedagogik maqsadlarni munosib hal qilishga zamin yaratadi.

Feruza Azimova

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. B.Toʻxliyev. B.Sarimsoqov. Adabiyot. Akademik litseylar uchun oʻquv dasturi. –T., 2000.

2. B.Toʻxliyev va b. Adabiyot. Akademik litseylarning II bosqich talabalari uchun darslik-majmua. –T., “Choʻlpon”, 2010.

3. B.Toʻxliyev. Adabiyot oʻqitish metodikasi./ Amaliy mashgʻulotlar toʻplami. – T., TDPU, 2011.

4. V.Qodirov. Maktabda mumtoz adabiyotni oʻqitish: muammo va yechimlar. – T., 2009.

5. A.Hojiahmedov. Mumtoz badiiyat malohati. – T., “Sharq”, 1999.

22.02.2019