Ijtimoiy tarmoqlar:
SOGʻLOM FIKRLI JAMIYAT UCHUN QADAMLARNI TASHLAYLIK!

Bundan bir necha yillar avval edi. Koʻchada mahallamizdagi Shoira opani koʻzlari nam gʻamgin qiyofada horgʻin kelayotganini koʻrib, yaqinroq borib hol ahvol soʻradim.

Opa navbatchilik ogʻir oʻtdimi, charchabsiz dedim. Opa shifokor edi. Bemorni dardiga shifo topay deb, shifokor oʻz halovatidan kechadi. Shu sabab charchab qaytayotgan boʻlsa kerak dedim.

Shoira opa: - “Qizim mehnatdan charchab ezilmaydi kishi, baʼzi odamlarni muomalasidan, munosabatidan charchaysan, qalbing ogʻriydi, deb koʻzi yana yoshlanib soʻzida davom yetdi. Mayli bu kunlarimiz ortda qolib, farzandlarim oʻqib, bir sohani egasi boʻlgach, el-yurtga nafi tekkanda men ham dadasi ham rohatlanib yashaymiz. Hozir ular bizni yurish-turishimizdan kulib yashashsin. Aslida biz ham topganimizni toʻrtta farzandimizni oʻqishiga, qoʻshimcha darslariga sarflamasak, oʻsha mashinasida suv sachratib oʻtib, yana gapirsang yurishingni qara, degan odamlardek yangi chiqqan mashina-yu liboslar, kunora tugʻilgan kunu, gap gashtaklarga yurib yashashimizga yetadi. Lekin nima kerak bor topganni shunday narsalarga sarflab. Shu bilan obroʻyimni oʻlchasa oʻlchasin. Lekin alam qiladi qadr-qimmatni oʻtkinchi hoy havas bilan oʻlchaydiganlar, seni kamsitsa” dedi.

Opani eshitarkanman, gap nimadaligini tushundim. Uni kamsitgan odam mahallamizda Gʻolib aka va xotini Oyjamol opa chunki ular mahallada boy nomini olishgan, aslida ularning boylik orttirib boyiganiga koʻp vaqt ham boʻlmagandi. Maʼlumotlari oʻrta boʻlib, davlat ishida ishlamasdi. Lekin qoʻni-qoʻshnisini, atrofdagilarni kamsitishga usta edi. Ularning aytishicha, davlatning bergan oyligi nima ham boʻlar ekan. Shu sabab eru-xotin poytaxt bozoridan tuman bozorga kiyim-kechak olib kelib sotardi. Bu ishga maktabda oʻqiydigan ikki oʻgʻlini ham qoʻshgandi. Oʻgʻillari darsga bir borib, bir bormasdi.Kelajakda oʻqish niyating yoʻqmi deyishsa, pul oʻqiydi. Hamma muammoning yechimi pulda deb aytardi.

Ha, bir vaqtlar bozor iqtisodiyoti sharoiti deb, aksar odamlar taʼlim tarbiyaga eʼtibor qaratmay qoʻygandi. Baʼzi tahlilchilar esa bu holatni oʻtish davrida shunday boʻladi, deb xulosaga kelib, masalaga bosh qotirmasdan, oʻzlariga shu oqimda suzishdi. Koʻp ziyolilar ham bozorga chiqishi majbur boʻldi. Biroq ana shunday paytda ham boriga qanoat qilib kasbidan kechmay, farzandlarini bilim olishi ularning taʼlim tarbiyasiga eʼtiborini qaratgan ota-ona borki uni rohatini koʻryapti. Shoira opa ham oʻzi aytgandek, bugun qiyinchilikda oʻtkazgan kunlarini rohatini koʻryapti. Oʻgʻil qizlari yaxshi joylarda oʻqib ishlab yurt rivojiga hissasini qoʻshmoqda. Yaqinda ikki oʻgʻli oʻqishni chet davlatda oʻqib qaytdi. Oʻgʻil qizlari atrofida parvona boʻlgan Shoira opa va uning turmush oʻrtogʻi farzandlariga bosh boʻlib oʻtirishibdi.

Shu oʻrinda Gʻolib akaning ham hayotidan ozroq keltirib oʻtsak. Hamma muammoni yechimni pulda deb oʻrgatgan oʻgʻillarini kattasi yoʻlini qilib, oʻsha payt oʻqishga kirdi, lekin oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas deganlaridek, maktabdagidek, darsga borib bormay oxiri oʻqishdan ham haydaldi. Keyinchalik bozori ham kasodga uchradi. Hozirda ikki oʻgʻli va kelinlari roʻzgʻor tebratish maqsadida chet davlatida ogʻir mehnat orqali pul topishmoqda. Nevaralari oʻzlari bilan koʻzlari ota-onasining yoʻlida.

Bu ikki holatni hikoya qilishimizdan maqsad, kimnidir qoralab, kimnidir oqlash niyatida emasmiz. Faqat taʼlim tarbiyani, odamiylikni oxirgi oʻringa qoʻyib, pul topish ketidan boʻlib, topgan pulini ham dabdabali toʻylarga, kunora gapu gashtakka sarflab, shohona hayotga ruju qoʻyib borayotgan baʼzi yurtdoshlarimiz uchun misol keltirdik. Bir qaraganda bu gaplarimiz bilan maydalashgandekmiz, lekin atrofga teran nazar bilan qarasak kattagina muammoligini his qilamiz. Bu muammolarni yechimini topishimiz zarur.

Yaqinda bir hamkasbim nega biz olimu ziyolilardan koʻra, sanʼatkorlarni koʻproq taniymiz. Ularni hayoti bilan koʻproq qiziqamiz, deb qoldi. Haqiqatdan ham shunday keng omma bilan qiyoslasak yanada achinarli. Biror olim, kashfiyot qilgan insonni aytsak hech kim tanimaydi, biroq sanʼatkor haqida boʻlsin uning shaxsiy hayotiyu, nima yeb, nima kiyganigacha, uning toʻyigacha batafsil toʻxtalib oʻtiladi.

Xoʻsh, bunga kim aybdor, sanʼatkormi yoki omma qaysidir maʼnoda aybordir ham deylik, lekin asosiy sababchi sanʼatkorlarni hayotini keng targʻib qilayotgan baʼzi ommaviy axborot vositalari hamdir. Har bir sanʼatkorning har kunlik qilgan ishi haqida maʼlumot beradi. Sochini qanday turmaklagani, tushlikni kim bilan qilgani, nonushtaga nima yegani, nechinchi farzandli boʻlgani, uning hashamdor yashashi haqida batafsil toʻxtaladi. Agar ularning uyida to'y yoki aza boʻlsin-chi sayt va xususiy nashrlar ketma-ketlikda toʻyi qanday dabdabali boʻlgani, azasiga qancha odam kelganigacha xabarlar berib boriladi. Telekanallarimiz ham bu borada ortda qolayotgani yoʻq, biriga qoʻysang, bir sanʼatkor ovqat tayyorlayotgan boʻlsa, ikkinchisida yana biri farzandini qanday katta qilayotgani, uchinchisida kun davomida nima bilan mashgʻul boʻlishi haqidagi koʻrsatuvlar berib borilmoqda. Sanʼatkor qatnashmagan koʻrsatuvni oʻzi qolmagan. Milliy kinolarimizda ham bir xillik. Kimdir bir dumalab, boyib qoladi, yana kimdir boylikdan kambagʻal boʻlib qoladi. Voqea hodisalar ketma-ketlikda ochib berilmaydi. Endilikda oʻzbek sanʼatkorlari bilan bir qatorda xorij sanʼatkorlari ham hamyurtlarimizning sevimli qahramoniga aylandi. Sababi kundek ravshan kechki soat 19 dan 24 gacha beshta telekanaldan ketma-ketlikda turk seriallari boshlandi. Bunday holatda koʻrishni istamagan odam ham uyiga kelib, oila davrasida televizor qarshisida oʻtirarkan, oʻsha seriallarning birini koʻradi. Uy bekalarini yoshlarni endi gapirmasak ham boʻladi. Ekran qarshisidan ortib oʻgʻil-qizini darsiga eʼtibor qilgan boʻlsa-ku yaxshi. Boʻlmasa bir koʻzi serialda bir koʻzi bolada boʻlgan onaning farzandi maktabga borganda ham uning bir xayoli serial qahramonlarida boʻladi. Oʻsmir sekinlik bilan ularning turmush tarzini oʻziga singdirib boradi. Maʼlum bir vaqtdan keyin qani bizning milliy qadriyat deb, isyon qilamiz.

Yurtimizda maʼlum bir vaqt iqtisodiy qiyinchiliklar boʻlib, aytib oʻtganimizdek, kimdir bardoshli boʻlib, yengib yorugʻlikka chiqqani yana kimdir pulni ortidan quvib keyinini oʻylamagani rostdir. Lekin hozirga kelib yurtimizning iqtisodiy rivojlanishi oʻsib bormoqda. Buni tan olishimiz kerak. Oʻqiyman, ishlayman degan odamga imkoniyatlar eshigi birma-bir ochilmoqda. Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yurtdoshlarimiz juda koʻp. Ularning hayoti qaysi yoʻlni tanlashni bilmay ikkilanib, yoʻl boshida turgan yigit-qizlarga hatto ota-onalarga ham ibrat boʻlarlidir.

Bu borada esa jamiyat uchun yaqin koʻmakchi telekanallar, ommaviy axborot vositalari shou biznesu, turli koʻngilochar koʻrsatuv va seriallar oʻrnini ozrogʻini ibratli, tarbiya boʻlarli mavzularga ajratishsa eʼtibor qaratishsa nur ustiga nur boʻlar edi. Bunday taʼlim tarbiyaga ijobiy xizmat qiladigan koʻrsatuv va kinolar moddiy tomondan tashkilotchini boyitmasligi mumkin. Ammo xalqning maʼnaviy boyishiga hissa qoʻshgan boʻlishardi. Shundagina hayu havasga uchgan ota-onalar kamayib, dabdabali hayotdan koʻra topganini farzandini oʻqishi, izlanishi uchun sharoit yaratib berishga sarflardi. Oʻzi ham vaqtida sogʻlig'iga qarashga, madaniy hordiq maskanlariga borishga vaqt topadi. Shundagina jamiyatdagi sogʻlom muhit yuksalib boraveradi.

Dilfuza ROʻZIYEVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi

22.02.2019