Ijtimoiy tarmoqlar:
El dardi...

Zamondan nolimanglar, chunki

Ollohning oʻzi zamon egasidur.

Hadis

Negadir, keyingi paytlarda odamlar orasida “kir” qidirish illati urf boʻla boshladi. Erkinlik berilishi bilan “xalqparvar” blogerlar soni ham koʻpayib, ularning bu jarayondagi faolligi oshdi. Qaysidir bloger farmatsevtika,biri maʼnaviyat, boshqasi koʻzboʻyamachilik, poraxoʻrlik kabi mavzular boʻyicha muammolarni yoritib, oʻz muxlislariga ega boʻlmoqda. Chetda turib, oʻz yurtiga, xalqiga tosh otayotganlarni koʻrib, yuragingiz ezilgani yetmagandek, endi oramizda ham shunday kayfiyatdagi kimsalar paydo boʻlayotganidan achinib ketasan, kishi. Ular kundalik hayotda uchrab turadigan muammolar, yaʼni gaz, svet, suv tanqisligi toʻgʻrisida, ishsizlik, poraxoʻrlik kabi illatlar haqida dadil yozishayotgani uchun goʻyoki ularni xalq yoqlayotgan emish. Savol tugʻiladi: barchaga maʼlum boʻlgan va hozirda yechimini topayotgan ushbu muammolar toʻgʻrisida bot-bot yozib, gapirgandan koʻra, mamlakatimiz taraqqiyotiga toʻsqinlik qiladigan, hozirda koʻpchilik blogerlarning qalbidan oʻrin olgan hasad, gʻiybat kabi illatlardan forigʻ boʻlish masalasini koʻtarib chiqish joiz emasmi?

Bir blogerning yozishicha, fohishalar koʻpayishining asosiy sababini ishsizlikdan qidirish kerak emish. Bu fikrlarga qoʻshilish qiyin. Asl sababi esa ilmsizlik va tarbiyasizlikdandir. Shaxsan men ilmi, tarbiyasi bor odamning xor boʻlganini koʻrmadim. Pok qalbli, ilmli odam borki, elga–yurtga foyda keltirishni niyat qiladi. Aksincha, muammodan muammoga sakrayotgan odam borki, aybni jamiyatdan qidiradi. Vaholanki, aqli butun odam aybni oʻzidan izlashi lozim. Allomalar aytganidek, “Na gʻurbat kelsa boshingga, birovdanmas oʻzingdan koʻr. Xorazmliklar orasida “Kallang ishlamasa gavda losh, degan bir maqol bor. Losh boʻlgan gavdalar uchun ham qaysidir mansabdor aybdor, bular uchun. Haqiqat esa yana oʻsha xalqparvar, haqiqatni yozuvchilarning aqlliliklari pardasi ortida yashirinib qolib ketayotgani alam qiladi odamga. Bunday gaplarga ular kularmish. Tanqidni qabul qilishni bilmasanglar nega maydonga tanqid qilib chiqasizlar? “Axir sizlar boshqacha odamlarsiz-ku. Jasoratli, aqlli va hokazolar sizlar-ku”... Maydonga mard boʻlib chiqish kerak... Sulaymon oʻlib devlar qutildi qabilida emas. Eng katta xatolaring ham shunda...

Undan koʻra, millatni birdam va ahil boʻlish yoʻllarini topib bering bizga. Butun millatni hayotdan nolib yuradigan, kimlardir nimagadir aybdorligini aytib gʻiybat qilib yuradigan va oshkoralik ekan deb dunyoga jar solib yurishga oʻrgatishingiz orqali ham qilinishi kerak boʻlgan ishlar qolib ketib, faqat “kir” qidirib yuruvchi millatga aylanib qolishimizdan qoʻrqib, ozurdahol boʻlasan kishi.

Masalan, Koreya mamlakati achinarli holga tushgach, nima qilarini bilmay qolganida, butun millat ayollari tilla taqinchoqlarini davlatga topshirdi. Davlat oyoqqa turib oldi. Mana hozir, qaysi darajada taraqqiy etgan. Bu butun millatning bir yoqadan bosh chiqarishi natijasida yuz bergan. Bizda esa, har kim xohlagan tomoniga aravani quruq olib qochishga urinyapti. Prezidentimiz hamma muammolarni aytdilar va yechimlarini ham aytdilar. Qilish kerak boʻlgan ish – aniq. Muammolarni bartaraf etish yoʻllari ham maʼlum. Hal boʻlmayaptimi – buni blogerlarning maqolalaridagiday emas,boshqa yechimlari bor, sabablari bor. Eng katta sabab bu – ILMSIZLIK.

Hammaga maʼlum haqiqatlarni kashf qilib, oʻzlaridan qahramon yasab olishmoqda. Orol dengizi qurishi natijasida yurtimizning teng yarmi ekologiya muammosidan aziyat chekib kelayotgani, yoki mutolaa madaniyatini boy berib qoʻyganimiz oqibatida kelib chiqayotgan illatlarni yoki shunga oʻxshash masalalarni yechimiga bosh qotirishganini. Xalqning ichida bolalab ketgan illatlarni bartaraf etish aslida xalqparvarlik hisoblanadi. Xalq achinarli ahvolga tushib qolgan ekan, unda har kuni urfga aylanib borayotgan aroqqa qayerdan pul topishayotganini tahlil qilib berishsin. Buning oqibatida baraka qochayotganini ochib berishsin. Birovning xotiniga koʻz olaytirib haromdan tiyilmayotgan odamning rizqi qirqilishini odamlarga elidan ham, yurtidan ham baraka qochishini anglatishsin.

Hozirgiday esimda, bundan bir necha yil avval Xorazmda 400 butilka aroq olib qoʻyib, toʻy harakatini boshlashdi. Toʻyga ikki kun qolganda “muborak boʻlsin, boshlagan toʻyinglar” deb keluvchilarga oxirgi butilka ham tortiq qilingan. Yana shuncha aroq qayta xarid qilinib, zoʻrgʻa yetkazishgan. Mana muammoning ildizi qayerda?

Laganbardorlik haqida gapirishadi. Uning ildizlari oilada, maktabda,tarbiyaga borib taqalishini ochib berishsin, “hurmatli” blogerlarimiz.

Yaqinda ishchi guruh bilan, uyma-uy yurib aholi dardini oʻrgandik. Hammaga uy kerak. Hammaga ish kerak. Hammaga, hamma narsa kerak. Mana endi, ishsizlarning holiga boqing: tumanga uncha uzoq boʻlmagan ... shahrida joylashgan chet el investorlariga qarashli bir zavodda (ishi ogʻir emas, zamonaviy stanoklarni nazorat qilib turish va shunga oʻxshash ishlar) 20 ta boʻsh ish oʻrni bor. Har kuni ishga borish va kelish hamda issiq ovqat zavod hisobidan. Oylik maoshi 950 ming soʻm va har oy oziq-ovqatlar paketi taqdim etiladi.Aytsam ishonmaysiz: “ishsizlar”ning birontasi bu zavodga borib ishlamadi. Hammani “haromdan olib, haromga solayotgan” oʻrta yoshli bir ayolga -Ertadan ish boshlang, mana shunaqa sharoitlari bor, dedik. Boʻlishi mumkin emas, dedi va ertasidan ishga tushib, indiniga bormadi. Endi shunaqa borib kelib yuramanmi, deya tepa sochimni tikka qildi.

Yana boshqa bir ayol esa, ikki yuz ming soʻm moddiy yordam berishmayotganidan, oilaviy ishsiz ekanliklaridan shikoyat qildi. Ish tayyor emasmi, taklif qildik. Oʻylab koʻrib, ish kerak emasligini aytdi. Voajab! Oʻgʻlining ishi yaxshi ekanini, bu ishga ehtiyoji yoʻqligini aytib, maqtanishga oʻtib ketdi...

Boshqa bir mahallaga bordik. U yerda bir ayol oʻz shikoyatini aytdi. Goʻyo mahalla oqsoqolini vakolati borday, tanish-bilish va puldorlardan pul olib uy-joyga yer uchastkasi boʻlib berayotganmish. Boʻlishi mumkin emasligini tushuntirsam-da, mamlakatda yer uchastkalarini oqsoqol taqsimlash amaliyoti yoʻq desam ham, gap uqtirishim qiyin boʻldi. Qasam ichib soʻzlari toʻgʻriligini isbotlashga kirishib ketdi. Aholining huquqiy madaniyat oqsoqligiga bundan ortiq misol keltirib boʻlmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarning eng faol liderlari boʻlmish blogerlarga millatning gʻoyaviy va mafkuraviy jihatdan yuksalishi borasida ham faoliyat olib borishlarini koʻzda tutib, yuqoridagi mulohazalimni bildirib oʻtdim.

Xullas, barchamizning bir yoqadan bosh chiqarishimizni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Zero, gʻoyaviy va informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda fuqarolarimizda mentalitetimizga xos boʻlgan, zamon talablariga toʻla javob beruvchi zamonaviy bilimlarni shakllantirish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish, vatanparvarlik va ona vatanga sadoqat vazifalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

R.Rajabov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi

 

25.02.2019