Ijtimoiy tarmoqlar:
Ezgulik maskani

Ezgulik maskaniga ilk qadam ostonadan boshlanishi barcha xalqlarda birdek taʼkidlanib kelingan. Bizning xalqimizda ham bu ibora koʻp bor aytilib, takrorlanib kelinadi, ayniqsa keksalarimiz tilida xonadonni pokiza tutish, har saharda xonadon ostonasini, sahni va koʻchalarni tozalab supurish ayollarimizga odat tusiga kirgan.

Pokizalik, ozodalik kabi bizning xalqimiz urf odatlariga singib ketgan, bizning mentalitetimizni asosiy bir boʻlagi boʻlib qolgan bu odatni kelajak farzandu-dilbandlarimiz ongiga singdirish va shunga odatlanish koʻnikmalarini shakllantirishga hozirgi kunda ozgina beeʼtibor boʻlayotgandekmiz nazarimda.

Oilada xoh u oʻgʻil bola boʻlsin xoh qiz bola boʻlsin bolaligidanoq bu odatlarni shakllantirishda ilgari momolarimiz ilgʻor edilar. Uyga kirishimizda oʻng oyoq bilan Assalomu alaykum deb kirish, Ovqatlanishga oʻtirishdan oldin qoʻlimizni yuvishimiz, nonni qoʻlga olayotganimizda “Bismillahir rohmanir rohim” kalimasini baralla aytishimiz har kuni, har vaqtda talab qilingan. Ertalab quyosh chiqmasdan uyqudan uygʻonishimiz, hojatga borishimizda boshyalang bormaslik, oʻng qoʻlimizda obdastada suv boʻlishi, hojatxonaga chap oyoqda kirishimiz kabi odatlar bolaligimizdan ongimizga singdirilgan va bu holat kunlik odatga aylangan. Nonni ushogʻini yerga tushirmasdan yeyish, agar nonni bossa koʻr boʻlib qolishi, suvga tuflamaslik, choy shamasini, kulni axlatga qoʻshmaslik kabi hozirgi kunda eʼtibordan chetga surib qoʻyilgan “mayda-chuyda arzimas” sanalgan odatlar hali maktabga bormagan bolalardan qayta qayta talab qilinib kelingan va bu holat kundalik odat tusiga aylangunga qadar erinmasdan takror va takror momolarimiz tomonidan taʼkidlangan.

Bizni oilamizda dadamning onalari Gavharbibi enamiz (Alloh oxiratlarini obod qilsin) bu holatlarni har kuni taʼkidlashdan charchamas, erinmas edilar. Pokizalik doimo talab qilinib kelinar va bunga odatlanganimiz natijasida biz sogʻlom, esli boʻlib oʻsar edik. Maktabda ham yaxshi, aʼlo baholarga oʻqir edik. Paygʻambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam “Islom dini pokizalik ustiga qurilgan”-degan soʻzlarini keyinchalik ulgʻayganimizdan keyin bildik. Demak momomiz bizni Islomga tayyorlab borgan ekanlar.“Vatanni sevmoq iymondandir”-degan hadisni ham keyinchalik tushunib yetdik. Demak pokizalik iymonga boshlab kelgan boʻlsa, Vatanni sevish iymonlilikdan darak berar ekan. Bas shunday ekan biz ham momolarimizning bu oʻgitlarini farzandlarimizning bolalari yaʼni nabiralarimiz ongiga erinmasdan singdirishimiz, pokizalikni targʻib qilishimiz bilan iymonli, Vatanni sevadigan yoshlarni yetishtiramiz.

Afsuski bunday momolar, bobolarimiz ozayib ketdi. Lekin biz ulgʻayib bobo, momolar darajasiga yetib keldik ku.

Mahalla maktabi koʻp narsani hal etadi. Mahallalardagi yigʻinlarda bu kabi ibratli masalalarni koʻtarish, bu kundalik holatlarga amal qilmay kelayotgan oilalarni tanqid ostiga olishimiz, kerak boʻlsa ularga nisbatan maʼlum bir choralar belgilashimiz eng muhim masalalardan biridir.

Jamiyatga barkamol, bilimli, vatanparvar shaxslarni yetishtirib berishda taʼlim tarbiya oʻchoqlari boʻlmish bogʻcha va maktabgina emas eng asosiysi bu oila, xonadon keksalari boʻlib hisoblanishini his etishimiz zarurdir. Bolaligimizda “voyey enamni mani tergashdan boshqa qiladigan ishi yoʻqmikin” – deb ham nolib qoʻyar edik.Endi bilsak bu tergashlar, oʻgitlar, aytganini qilmasak jazolashlari bu bizning kelajak hayotimizni oʻylab qilingan urinishlari ekan. Bir bolaga yetti qoʻshni Ota-onadir degan naql ham yoshlik vaqtimizda koʻp taʼkidlanar va bizning oʻrtoqlarimiz ham momolarimiz, bobolarimizdan hayiqib, qoʻrqib turar edilar.

Buyuk tarixiy siymolar, bobokalonlarimiz al-Beruniy, al-Buxoriy, at-Termiziy, Burhoniddin al-Margʻiloniy, Abu Ali ibn Sino, Sohibqiron Amir Temur, buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlarning butun dunyoga tanilishida ham katta rol oʻynagan ularning momolaridir, chunki ular ham bola boʻlganlar va momolari onalari maktabini ilk bor koʻrganlar.Ezgulik maskani bir soʻz bilan aytganda Onalar maktabidir.

Hozirgi hayot tezlashib, jadallashib borayotgan zamonda bu kabi eski urf-odatlar koʻpchilikni ensasini qotirishi aniq, lekin bir oʻylab mulohaza qilib koʻrsak, hech qanday zamonni tezlashishi, zamonaviylashishi kuzatilgani yoʻq, buni bir bahona sifatida oʻzimiz oʻylab chiqardik va shuni bahona qilib olib unday tarbiyalar tarixda qolib ketgan deb qoʻyamiz. Hozirgi bolalarimiz aqlli, esli boʻlib tugʻilyapti, ular kompyuterni, ayfonni bilishadi- deb ham oʻzimizni ovutamiz. Agar yuqoridagi momolarimizni ishini davom ettirmas ekanmiz bu aqlli deb maqtayotgan bolalarimiz, kelajakda kim boʻlib yetishishlari muammo boʻlib qoladi.

Boy badavlat boʻlishni baxt deb biladiganlar juda koʻpayib ketdi, aslida pokiza-ozoda, odob-axloq egalari, iymoni baquvvatlar baxtli ekanligini his qiladiganlar sanoqli boʻlib qolmoqda.

Mahalla Vatan ichidagi kichik vatan deymiz, xonadon, oila boʻlsa shu vatanni boshlanishi, ilk debochasidir. Oilada ulgʻaytirayotgan farzandu-dilbandlarimizni kelajakda bizdan koʻra bilimli, aqilli, dono va albatta baxtli boʻlishlarini kafolati Islom ahkomlarining eng kichik shartlari boʻlmish pokizalik, ozodalik, xushxulqlilik, odob-axloq kabi koʻnikmalarini shakllantirishdir.

Vatanni his qilish ostonani pok tutishdan, ostonani pok tutish oʻzini ozoda saqlashdan, oʻzini ozoda saqlash esa “Assalomu alaykum” degan soʻzni bolalar ongiga singdirib, har kuni har vaqt takror va takror aytishimizdan ekanligini bilmogʻimiz juda muhimdir.

Zikirova Maxfirat,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi

27.02.2019