Ijtimoiy tarmoqlar:
BOBUR IJODINING MAʼRIFIY AHAMIYATI

Bobur dilbar shaxs. Uygʻonish davrining tipik hukmdori,

mard va tadbirkor odam boʻlgan. U sanʼatni, adabiyotni sevardi,

hayotdan huzur qilishni yaxshi koʻrardi.

Javohar Laʼl Neru

 

Zahiriddin Muhammad Bobur temuriylar avlodi, boburiylar imperiyasining asoschisi, jasur va adolatli hukmdor, mohir sarkarda boʻlish bilan bir qatorda oʻzbek adabiyoti xazinasini oʻzining zarhal sahifalari bilan bezagan isteʼdodli ijodkor, nafis soʻz sanʼatkoridir.

Maʼrifatli hukmdor Umarshayx mirzo sevimli oʻgʻli Zahiriddinning taʼlim-tarbiyasiga, jismoniy-maʼnaviy barkamolligiga nihoyatda katta eʼtibor beradi. Ammo otasining Axsi qalʼasidan “kabutar va kabutarxona birla qulab” vafot etishi oqibatida yosh Bobur hayotida jiddiy oʻzgarishlar yuzaga keladi. 11-12 yoshli Zahiriddin otasi taxtiga oʻtirib, mamlakatni boshqarishga majbur boʻladi. Hali goʻdaklik kayfiyatidan toʻla ajralmagan oʻspirin bir lahzada ulgʻayib, oilasi va mamlakatiga masʼullik zimmasini boʻyniga oladi. Zukko va talabchan onasi Qutlugʻ Nigor xonim hamda amaldorlar koʻmagida davlat ishlarini yuritishga tutinadi. Keyinchalik Bobur oʻzining bu yoʻnalishdagi hayotiy faoliyatini, hukmronlik yillari mashaqqati va sururini “Boburnoma” asarida keng va taʼsirchan yoritib beradi.

Bobur tarixda shoh va sarkarda boʻlish bilan bir qatorda iqtidorli ijodkor, salohiyatli shoir sifatida ham keng shuhrat qozonadi. “Zahiriddin Muhammad Bobur naqadar sertashvish, notinch hayot kechirishiga qaramay, oʻz davriga nisbatan yetuk bilim olib, yirik badiiy va chuqur mazmunli ilmiy asarlar ijodkori darajasiga koʻtarildi”[1]. U yoshligidan badiiy adabiyotga alohida qiziqish bilan qaraydi. Sharq adabiyotining Saʼdiy, Hofiz, Lutfiy, Navoiy kabi sohir soʻz sanʼatkorlari merosini katta qiziqish bilan oʻqib oʻrganadi, ulardan ilhomlanadi va
16-17 yoshlarida oʻzi ham ijod qilishni boshlaydi. Asosan turkiy, baʼzan forsiy tilda asarlar yaratadi. “Mubayyin”, “Volidiya” kabi asarlari esa arab tilini ham puxta egallaganligini koʻrsatadi.

Bobur adabiy merosining katta qismini lirik sheʼrlar tashkil qiladi. U mumtoz adabiyotning gʻazal, ruboiy, tuyuq janrlarida sermahsul ijod qilib, devon tartib beradi. Ularda ona yurtiga ehtirom va sogʻinchini, ijtimoiy hayotning turli muammolarini yoritadi. Hayotbaxsh tuygʻular – hayotdan zavqlanishi, yor vasli, el-yurt-diyor sevgisi, ona Vatandan uzoqda yurgan lirik qahramonning iztirobli tuygʻulari, pand-nasihat mavzusidagi ilm-maʼrifat va odob-axloqqa chaqiruvchi, oʻz qismati lavhalarini aks ettirgan motivlar sodda va ravon misralarda yuksak badiiy mahorat bilan kuylanadi.

Boburning gʻazal, masnaviy ruboiylarida Vatan, yor-diyor mavzusi salmoqli oʻrin tutadi. U oʻz ona yurtidan yiroqda boʻlsa ham tugʻilib-oʻsgan diyoriga, vataniga boʻlgan sogʻinchli muhabbat, unga yetishish orzusi doimo qalbini izrobli tuygʻularga chulgʻab turadi. Shuning uchun ham shoir ijodining asosiy mavzusi ona Vatan sogʻinchi boʻlib qoladi. Shu jihatdan, bu yoʻnalishdagi sheʼrlar vatanparvarlik tarbiyasining muhim manbalari sifatida qimmatlidir:

Toleʼ yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,

Har ishniki ayladim xatoligʻ boʻldi.

Oʻz yerim qoʻyib Hind sori yuzlandim,

Yo rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.

Misralardan koʻrinadiki, Bobur oʻz qismatidan tushkun kayfiyatda, oʻzga yurtlardagi sargardonlikdan zada, shohlik maqomidan minnatdor emas. Chunki u oʻz ona diyoridan yiroqda, xalq tinchi uchun yurtni tashlab chiqib ketishga majbur boʻlgan. Ana shu armonli iztirob uni bir nafasga boʻlmasin tark etmadi va sheʼriyatining asosiy oʻzaniga aylandi. Baʼzi oʻrinlarda shoirning bir qarashda ishqiy munosabatlar, sevgi-muhabbat ustuvorlik qilgan baʼzi gʻazallari aslida yurt sogʻinchi, Vatan sevgisi yashiringandek tuyuladi:

Gʻurbatta ul oy hajri meni pir qilibtur,

Hijron bila gʻurbat menga taʼsir qilibtur.

Maqdur borincha qilurim saʼyi visoling,

To tengrina bilmonki, ne taqdir qilibtur.

Taqdirdur ul yonu bu yon solgʻuchi, yoʻqsa,

Kimga havasi sunbulu taqdir qilibtur.

Bu Hind yeri hosilidin qoʻp koʻngul oldim,

Ne sudki, bu yer meni dilgir qilibtur.

Sendin bu qadar qoldi yiroq oʻlmadi Bobur,

Maʼzur tut, ey yorki, taqsir qilibtur.

Mumtoz adabiyotda “Oy” goʻzallik timsoli, unga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat – maʼshuqaga munosabat. Gʻurbat – firoq, ayriliq, musofirlik tashvishi, pir – keksa, donishmand. Oy yuzli maʼshuqa hajridan gʻam chekayotgan oshiq hijronu gʻurbatdan keksayib, keksa donishmandga aylanib qolganidan shikoyat qilayotgandek. Aslida esa ana shu oy – Vatan timsoli. Uning hajri – yurt ayriligʻi, diyor sogʻinchi. Oy visoliga talpinish – Vatan tuprogʻiga, tugʻilgan goʻshasiga intizorlik. Taqdirga bitgani esa yolgʻiz yaratganga ayon. Ammo oshiq oʻz muhabbatidan mamnun va umidvor. Gʻazal baytlarida oshiqning maʼshuqaga muhabbati va hijronidan iztiroblari zamirida shoirning oʻz Ona Vataniga nisbatan soʻnmas sevgisi, otashin qalb kechinmalari, ayriliq iztiroblari harorati joʻshqin va taʼsirchan gavdalanadi. Bunday mazmundagi sheʼrlar yoshlarning vatanparvarlik fazilatlarini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bobur ijodida insonning maʼnaviy kamolotini taʼminlovchi, ilm-maʼrifatga chorlovchi yana bir qancha badiiy manzumalarni kuzatishimiz mumkin:

Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,

Oʻrgangani ilm tolibi ilm kerak.

Men tolibi ilmu tolibi ilme yoʻq,

Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.

Mazkur ruboiyda Bobur ilm oʻrganish, bilim olishni inson hayotidagi eng muhim maqsadlardan biri sifatida talqin qiladi.

Quyidagi ruboiyda esa shoir vafo-sadoqatni tarannum etadi, yaxshilik, ezgulikka chorlaydi, yaxshilikning hamisha yomonlik ustidan gʻalaba qozonishini, yomonlik jazosiz qolmasligini taʼkidlaydi:

Har kimki vafo qilsa vafo tpqusidir,

Har kimki jafo qilsa jafo topqusidir.

Yaxshi kishi koʻrmagay yomonligʻ hargiz,

Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidir.

Shuningdek, “Yaxshiligʻ” radifli gʻazali ham bu jihatdan xarakterlidir.

Navbatdagi misrlarda esa shoir mol-davlat, mansab-martaga oʻch boʻlmaslik, bu yoʻlda oʻzini mehnat-mashaqqatga mubtalo qilmaslikka chorlaydi. “Sen qancha tashvish chekma, yaratgan oʻz karami bilan davlat ato etadi, davlatni ista, maqsad qilu lekin himmatni unutma, hamisha himmat bilan ish tut, haqiqiy davlat va kamolot shundadir”, - degan mazmun anglashiladi ushbu misralardan:

Gʻofil oʻlma davlatga, oʻzni solma mehnatga,

Tengri berur albatta, davlat ista, himmat tut.

Shuningdek, Bobur oʻz sheʼriyatida doʻstlik va sadoqatni, qarindosh-urugʻchilik oqibatini keng ulugʻlaydi:

Zinhorki, doʻstluqni unutmagʻaysen,

Tuqqonlikdin koʻngulni sovutmagʻaysen.

Yotlar bila dushman tarafin gar tutsang,

Tuqqonligʻu doʻstlugʻ tamaʼ tutmagʻaysen.

Ushbu misralar doʻstlik tuygʻusini madh etadi, doʻstlikni unutmaslikka, tugʻishgan qarindoshlardan koʻngilni sovutmay, ularga mehr-oqibat koʻrsatishga chaqiradi. “Yot-begonalar, dushman tomonga oʻtsangu ularning yonini olsang, tugʻishgan va doʻstlikka munosib emassan, birodarlikni tama qilishga loyiq emassan”,- degan mazmun poetik gavdalantirilgan ushbu ruboiyda.

Bobur ijodida bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy xarakterga ega badiiy lavhalarni nihoyatda koʻplab uchratishimiz mumkin. Ularning har biri barkamol yosh avlodni tarbiyalashda, inson ruhiy kamolotini yuksaltirishda muhim didaktik manba boʻlib xizmat qila oladi.

Feruza Azimova, Baxtiyor Husanov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifatmarkazi masʼul xodimlari

27.02.2019