Ijtimoiy tarmoqlar:
Nodavlat taʼlim tizimidagi islohotlarga bir nazar

Bizga maʼlumki, 2017 yil 15 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingan edi. Yurtimizda umumiy oʻrta taʼlim tizimi va sifatini yanada takomillashtirish, fuqarolarga farzandlarini zamonaviy taʼlim standartiga mos intensiv darajada tahsil olishlarini taʼminlash dolzarb vazifa hisoblanadi.

Shu maqsadda, Qarorda nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini ham yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Taʼlim sifatini yaxshilashda raqobat muhitini shakllantirish, bunda xususiy taʼlim sektorini ravnaq toptirishga ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratish zarurligi xorijiy ekspertlar tomonidan alohida taʼkidlanganini inobatga olsak, Prezidentimizning ushbu qarori naqadar yuksak ahamiyatga egaligini anglash mumkin.

Nodavlat taʼlim faoliyati “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi qonunga asosan litsenziyalanadigan faoliyat sirasiga kiradi. Bugungi kunda yurtimizda 43ta nodavlat umumiy oʻrta taʼlim maktabi tegishli litsenziyaga ega.

Nodavlat taʼlim muassasalarining davlat taʼlim muassasalaridan farqi shuki, davlat taʼlim muassasalari taʼsischilari hukumat, davlat organlari, davlat tashkilotlari boʻlsa, nodavlat-notijorat taʼlim muassasalarining taʼsischilari esa nodavlat-notijorat tashkilotlar, tijorat tuzilmalari, xususiy shaxslar boʻlishi mumkin. Shuningdek, NTMlarning mablagʻi oʻquvchilarning shartnoma asosida toʻlagan pullari hisobidan qoplanadi.

Nodavlat taʼlim muassasalarining salmogʻi oshib borar ekan, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni mazkur tarmoqqa kiruvchi xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari va oʻrta maktablarida ham yanada kengroq joriy etish lozimligi yaqqol maʼlum boʻlib turibdi.

Xususan, har bir nodavlat taʼlim muassasasida (hozirgi kunda 43 ta, shundan Toshkent shahrida 27 tasi joylashgan) oʻquvchilarning milliy gʻurur va or-nomus, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini kuchaytirishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish muhim sanaladi.

Nodavlat taʼlim muassasalarida chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislar taʼlim-tarbiya berishini hisobga olsak, ular istaydimi-yoʻqmi oʻz mamlakatlari, milliy davlatchilik tuzumi, xalqining madaniyati, urf-odatlari va mentalitetini namoyish qiladi. Vaholanki, nodavlat taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan oʻquvchilarning aksariyati oʻzbek xalqining, Oʻzbekiston fuqarolarining farzandlari hisoblanadi. Shu bois, xususiy maktablarda milliy gʻoya va maʼnaviyat targʻibotini samarali tashkil etib, oʻquvchi yoshlarimizning ongu qalbida bagʻrikenglik, doʻstlik, millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik, oʻzga millatlar va xalqlar madaniyati, milliy-maʼnaviy merosi va anʼanalarini hurmat qilish tushuncha va tuygʻularini shakllantirish bilan bir vaqtda ularni oʻz xalqiga vafodorlik, Vatanni sevish, tinchlikparvarlik, milliy iftixor, milliy oʻzlikni anglash ruhida tarbiyalashga moʻljallangan chora-tadbirlarni qoʻllash zarur.

Jahon tajribasidan shu narsa maʼlumki, nodavlat taʼlim muassasalari bir yoki bir necha homiylar tomonidan moddiy-texnik va barcha zarur vositalar bilan taʼminlanadi.

Xalqaro tajribaning koʻrsatishicha, nodavlat taʼlim faoliyati bilan nafaqat ixtisoslashtirilgan muassasalar, balki boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga mansub yuridik shaxslar: xususiy korxonalar, masʼuliyati cheklangan hamda aksiyadorlik jamiyatlari, fond, birlashmalar va boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlar ham shugʻullanadi.

Mazkur Qaror nodavlat taʼlim muassasalari sektori kengayishi, mamlakatimizning har bir tuman va shahridagi fuqarolar taʼlim xizmatlaridan foydalanishda tanlov imkoniyatiga ega boʻlishi, yoshlarga munosib taʼlim-tarbiya berish kabi vazifalarni oʻz zimmasiga oladigan malakali xususiy tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Xususan, bu qaror bilan nodavlat taʼlim muassasalariga kreditlar ajratish hamda avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, ular taʼlim va unga tegishli xizmatlar boʻyicha barcha soliq turlari toʻlovlaridan 2021 yilgacha ozod etilayotgani shu sohada ish boshlagan tadbirkorlik subyektlari uchun keng imtiyozlarni taqdim etmoqda.

Lekin asosiy masala nodavlat taʼlim muassasalarida maʼnaviy muhitni tartibga solishdan iboratdir. Xulosa qilib aytganda, yurtimizda milliy taraqqiyotga erishishda koʻp madaniyatlar uygʻunligida tahsil olgan intellektual qobiliyatli avlodning hissasi katta boʻlishiga xizmat qiladi.

Zaripov Shoxboz,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi

27.02.2019