Ijtimoiy tarmoqlar:
Ekologik madaniyatga rioya etish ham vatanparvarlikdir

Yoz fasli oʻzining quvnoq, yorqin taassurotlari bilan koʻpchilikning yodida qoladi. Baʼzida shaharning, ayniqsa, poytaxtning joʻshqin hayotidan, jazirama issiqdan toliqqanlar sokinlikni, kengliklarni qoʻmsab soʻlim tabiat qoʻyniga oshiqadilar. Kimdir oilaviy, kimdir doʻstlar hamrohligida, kimdir jamoa bilan maroqli dam olishni istaydi. Oʻzining salqin, moʻtadil ob-havosi bilan dillarga huzur-halovat beruvchi togʻ va uning yon-atroflari bu faslda doimgidek odamlar bilan gavjum boʻladi. Koʻpchilik oʻzlarining avtoulovlarida yoqimli hordiq chiqarish uchun zaruriy yemishlaru ashyolar bilan borishadi. Ayniqsa, dam olgani boradiganlar gilam, koʻrpacha, chodir, idish-tovoq va boshqa narsalarni olib chiqishadi. Tabiat quchogʻida tamaddi qilish yanayam totli boʻladi. Ovqatlanib boʻlgach, dasturxonlar yigʻishtirilib, ortiqcha chiqindilar osongina yon-atrofga uloqtiriladi. Goʻyoki “Tuya koʻrdingmi – yoʻq!”, degandek. Ulardan keyin bu joyda axlat, chiqindilar shunday soʻlim maskanni befayz qilib qoʻyadi.

Endi tasavvur qiling: hamma yoq sellofan paketlar, baklajka, qogʻoz va ovqat qoldiqlari... Shu yerdan kunda oʻtlab yuradigan chorva mollari ovqat qoldiqlari bilan birga sellofan paketlarni ham chaynab yutib yuboradi. Xuddi shunaqa ikki-uchta paketni yeb qoʻygan boʻgʻoz sigir koʻp oʻtmay, kasallanib, ogʻirlashib qoladi. Ayrim hollarda noxush hodisalar bilan yakun topadi: jonivor harom oʻladi. Bir xonadonni sut, qatiq, qaymoq bilan taʼminlayotgan, kelajagi uchun bir mulk sifatida saqlanayotgan,yoki ozuqa-goʻsht boʻlishi nazarda tutilgan jonliq arzimagan sabab bilan nobud boʻlsa?! Kishi xayoliga kelmagan, oʻzi istamagan holda yurtdoshiga yomonlik qilsa?! Jabrdiyda oila vakili molining harom oʻlishiga sababchi boʻlganni balki qoʻli bilan tutmas, ammo dili ogʻrib, qargʻamasligiga kim kafil boʻla oladi?! Ozgina beparvolik, loqaydlik bir kishiga zulm qilish uchun sabab boʻlarkan. Zulm qilish muqaddas dinimizda gunoh hisoblanadi.

Xuddi shunga oʻxshash holatga kunda koʻplab joylarda duch kelamiz: transportlar harakatlanadigan yoʻllarda sellofan paketlar uchib yuradi, baklajka idishlar yoʻlka va ariqlarda sochilib yotadi. Yoʻlovchilardan kimdir tashvishlansa, koʻpchilik oʻz xayollari ogʻushida beparvolik bilan oʻtib ketadi. Yaxshiyam davlatimiz yon-atrofni tozaligiga masʼul boʻlgan xodimlarni yollaydi. Boʻlmasa shaharlarimiz allaqachon “AXLATKЕNT”ga aylanarmidi?!

Bosh qomusimizda ekologiya va atrof-muhit masalasiga alohida moddalarda, xususan, 50-moddasida fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majbur ekanliklari, shuningdek, 55-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik boʻlib, ulardan oqilona foydalanish zarurligi mustahkamlab qoʻyilgan. Qonunga itoatkorligimiz qayerda qolmoqda?! Bu moddiy neʼmatlarni tiklash bizga qanchalar qimmatga tushishini oʻylab koʻryapmiz!

Har birimiz yoshlar va ularning tarbiyasi haqida koʻp qaygʻuramiz. Lekin ularga ekologik taʼlim-tarbiya berishda oʻzimiz oʻrnak boʻla olyapmizmi? Kuzatishlardan yana bir boʻlgan voqeani bayon etishni lozim topdik.

Voqea quyidagicha boʻlgan edi: eni bir quloch keladigan ariq va unda tiniq zilol suv oqyapti, lekin chekkalarida baʼzi axlat boʻlaklari kishi dilini xira qilib turibdi. Oldingizdan toʻsatdan bir Kaptiva mashinasi oʻtib qoldi. Unda yoshi katta otaxon va onaxon oʻtirishibdi. Mashina bir oz toʻxtadiyu orqa eshigi ochildi va onaxon toʻsatdan ariqdagi suvga qora sellofan xaltaga oʻralgan axlatni uloqtirdi. Shu zahoti eshik yopilib, mashina yurishda davom etib ketdi...

Xayolga turli savollar quyilib kela boshlaydi: bu yoshi ulugʻlarning axlat tashlaydigan boshqa farzandi yoki nabirasi yoʻqmikan?! Shunday salobatli mashina haydaydigan yoshi kattalar shu ishlarni qilsa?! Axlat tashlashga ariq topilganda, nahotki boshqa chiqindixona topilmadimi?! Suvni bulgʻash gunoh ekanligini, madaniyatga zid ekanligini bu nuroniylar bilmasmikan?!Yo bila turib, suvga axlat uloqtirishsa?!Bundaylarning avlodlari ham nafaqat suvni, balki madaniyatni, maʼnaviyatni bulgʻamaydi deb kim kafolat beradi?!

Vaholanki, bizlarga bolalikdan yoshi ulugʻlarimiz “duch kelgan joyga axlat tashlama”, “tiling bilan, amaling bilan birovga yomonlik qilma”, “suvni isrof qilma”, “suvni bulgʻama” (va hokazo) deya nasihat qilishgan. Axir “Avesto”da ham, Islom dinida ham berilgan neʼmatlar (shu jumladan, tuproq, suv)ni eʼzozlash, qadrlash lozimligi uqtirilgan-ku! Nega shu nasihatlarga amal qilmayapmiz? Bizga Yaratgan tomonidan ehson etilgan neʼmatlarni nima uchun qadriga yetmasligimiz kerak?! Bizdan keyin kelajak avlodga ham ona tabiat sof holda qolishi kerak emasmi?!

Insonlarning atrof-muhitga ehtiyotsizligi oqibatida koʻplab ekologik muammolar yuzaga kelishda davom etmoqda. Sellofon paketlar bir necha yil davomida ham chirimaydigan mahsulot ekanligini koʻpchiligimiz juda yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham 2019 yildan eʼtiboran Oʻzbekistonda atrof-muhit ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida sellofan paketlardan foydalanishni kamaytirishga qaratilgan qator cheklovlar joriy etilmoqda. 2019 yildan boshlab Oʻzbekistonning barcha savdo nuqtalarida polimer qatlamdan tayyorlangan paketlarni bepul berish yoki sotiladigan tovarlar narxiga qoʻshish taqiqlandi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, har bir fuqaro ­– u yosh boʻladimi, keksami – hamma ekologik madaniyatga qatʼiy amal qilishimiz shart. Yoshlarni atrof-muhitga nisbatan mehrli etib tarbiyalashda:

-uyi, taʼlim muassasasining tevarak-atrofini tozalashga;

- toza ichimlik suvidan tejamkorona va oqilona foydalanishga;

- axlat va chiqindilarni maxsus chiqindixonalarga tashlashga;

- polietilen, qogʻoz, plastmassa, shisha, paxta, metall, non mahsulotlarini alohida-alohida ajratib, ularni qabul qiladigan maxsus punktlarga topshirishga;

- tabiatda, togʻ va togʻlik hududlarda ham axlat tashlamaslikka;

-xazonrezgi paytda sargʻaygan barglarni yoqmasdan, ularni chuqurga koʻmish yoki chiqindixonaga olib borishga;

-yonayotgan xazonlarni koʻrganda zudlik bilan oʻchirish chora-tadbirlarini koʻrishga;

- tengdoshlari bilan koʻngillilar safida eko-aksiyalarda faol ishtirok etishga alohida eʼtibor qaratishimiz samarali natija beradi. Zero, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ham oʻziga xos vatanparvarlikdir!

Malika Abduhakimova,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi xodimi

28.02.2019