Ijtimoiy tarmoqlar:
Insoniylik martabasining badiiy tarannumi

Chinakam badiiy asar voqealar mazmuni, qahramonlar xarakteri bilan kitobxon qalbidan mustahkam oʻrin egallaydi, uning ongu shuuriga, sezgilariga taʼsir etib, maʼnaviy olamida turli oʻzgarish, yangilanish, yuksalishlarni sodir etadi.Bu asar oʻz ijodkorining ham sharaflanishi, shuhrat qozonishiga sabab boʻladi. Mashhur turk adibi Ahmad Lutfi Qozonchi asarlari ana shunday yuksak badiiy mohiyatga, maʼrifiy ahamiyatga ega durdonalardir. Uning asarlari oʻta hayajon va qiziqish bilan oʻqiladi, qalbga singib, yaxshigina oʻrnashib ham oladi. Muallifning samimiyati, shaxsiyatidagi musaffolik, tafakkuridagi teranlik asarlarida akslanadi, qalb qoʻri ufuradi. Jumladan, “Oʻgay ona” romani ham bu jihatdan xarakterlidir. Asar oʻzining oliy darajadagi poetik salmogʻi, maʼnaviy taʼsiri bilan alohida oʻrin tutadi.

Isteʼdodli shoir va tarjimon Yoʻldosh Eshbek tomonidan turk tilidan mahorat bilan tarjima qilingan mazkur roman oʻquvchilar qalbiga oshno boʻlib, ular ruhiyatiga uygʻunlashadi. Ijtimoiy hayotda uchraydigan turli maishiy muammolarni qalamga olgan adib irfoniy maqsadlarni ustuvor tutib, asar mazmuniga oʻzining diniy-maʼrifiy qarashlarini mahorat bilan singdiradi. Kitobning nomlanishi yo'q unda qanday muammolar qamrab olinganligini oydinlashtirib turadi. Demak, roman barchamizga ayon boʻlgan, yon-atrofimizda uchrab turadigan ogʻriqli muammo – oʻgay ona masalalariga bagʻishlangan.

Oʻgay ona deganda, odatda, darhol koʻz oʻngimizda oʻzini oʻylagan, qahri qattiq, oʻgay farzandlarini urib kaltaklaydigan, jahldor ayol gavdalanadi. Ammo mazkur romanda tasvirlangan oʻgay ona biz kutganimizdek shafqatsiz emas. Hattoki, bamisoli farishta. Dinu diyonatli, ziyoli, mehr-oqibatli, saranjom-sarishta ayol. Ham husnda, ham ilmu odobda namuna boʻla oladigan qiz – Fotima ikki farzandi bilan yetim qolgan oddiy kishi Odilga oʻz ixtiyori bilan, shu goʻdaklarning taqdirini oʻylab turmushga chiqib, yetim bolalarga oʻz onasidek, hatto, undan ham ortiq muruvvat qiladi. Oilasi saodatini koʻzlab, tilab yashaydi. Turli xil gap-soʻzlar, qarama-qarshiliklarni zakovat bilan, matonatu mahorat bilan yengadi.

Asarni oʻqib borar ekansiz, oʻzingizni maʼrifat ummoniga shoʻngʻigandek his qilasiz, qalbingizni insoniy-irfoniy durdonalar bilan boyitib chiqasiz. Insoniylik, oʻzlik, yaralish mohiyatini anglashda, iymon-eʼtiqodni mustahkamlashda, mehr-muruvvat tuygʻularini yuksaltirishda mazkur asar muhim maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik ahamiyat kasb etadi. Kitobxon qalbi va shuurini bir umrga yorqinlashtiradi.

Feruza Azimova,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bosh mutaxassisi

01.03.2019