Ijtimoiy tarmoqlar:
Ilmdan oʻzga najot yoʻq...

Koʻz oʻngingda davrlar almashinib, bashariyat olamida yuz berayotgan oʻzgarishlarni kuzatish, odam bolasining oʻzi bilmagan va eʼtibor bermagani holda qiyomat qoyimni tezlashtirish yoʻlida poyga oʻynab harakatlanayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Tarix xatolaridan xulosa chiqarish va insoniy kamolot sari ildamlash oʻrniga – Xudoning doʻzaxi bas kelmasa, umuman eplab boʻlmaydigan tubantabiat kimsalarning tup qoʻyib palak yozayotganini koʻrib turib, beixtiyor hayrat yoqangni ushlaysan, kishi.

***

Baʼzan uzoq oʻylab, oʻyimga yetolmay qolaman. – Ey insoniyat, yaratgan senga, bir-biringni anglamoq uchun til va tafakkur bermaganmi? Yaratilganingdan beri, boshingdan ne kunlarni kechirmading axir! Senga ibrat boʻlmadimi-ki, daryo boʻlib oqqan qonlar, xudbinlik hukumronlik qilgan necha-necha saltanatlar, jaholat koʻzini koʻr, qulogʻini kar qilgan ne-ne nodonlar saboq boʻlmadimi? ... Aslida oʻtmish xatolardan xulosa chiqarib, halollik va poklikning, ilm-maʼrifat va insoniy tafakkurning yuksak osmoniga chiqishing darkor emasmidi?! 

Avvalgi zamonlarda yashab oʻtgan podshoh Namrud esga tushib, bunday kimsalar necha ming yillar oʻtishiga qaramay mavjud ekani odamni lol qoldirib, oʻyga toldiradi. Manbalarda keltirilishicha, Namrud kunlarning birida Ibrohim alayhissalomga: “Sen bizlarni daʼvat qilayotgan Parvardigoring qanday zot? ” deganida, Ibrohim paygʻambar aytdilar: “Parvardigorim oʻz bandalariga jon berib, jon olguvchidir!” , deya javob berdilar. Shunda Namrud: “Bu mening ham qoʻlimdan keladi”, deb ikki kishini keltirdi-da, birini oʻldirib, yana birini qoʻyib yubordi. Bu ahmoqlikni koʻrgach, Ibrohim alayhissalom: “Mening Parvardigorim quyoshni Sharqdan chiqaradi. Agar sen chindan ham qudrat egasi boʻlsang, uni gʻarbdan chiqargin-chi?!”, dedilar. Ana shunda Namrud javob topolmay lol boʻlib qolgan ekan. Shundan soʻng ham tafakkur yuritmagan Namrud Allohning abadiy doʻzaxiga ravona boʻldi...

Yoki boʻlmasa, Firʼavnning Muso alayhissalomga bergan azoblarini eslang. Firʼavn qavmi oʻzlarining kofirlikda va jaholat botqogʻida oyoq tirab turib olishgach, Alloh Taolo ularga misli koʻrilmagan balolarni yubordi. Ularning barcha ekinzor-u bogʻlarini sel bosib halok qildi. Chigirtkalar ularning ekin va meva hosillaridan tortib, uy-joy, kiyim-boshlarigacha yeb bitirishdi, ularning yegulik va jonivorlarini bitlar bosib ketdi. Baqalar esa ularning taom va quduqlaridan tortib yotoqxonalarigacha toʻlib ketdi.Ularning ariq va buloqlaridan suv oʻrniga qon oqdi, bir yutum toza suvga zor boʻldilar. Ammo shuncha balo-musibatlarni koʻrib ham ular yana oʻzlarining shayton koʻrsatgan yoʻlidan ketishda davom etdilar. Bunaqa misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Illo, donoga ishora kifoya, nodonga kaltak ham kor qilmaydi,-deganlariday, bu oʻylarga qoʻl siltab, boshqa mushohadalarga oʻtay deb qarasam, bu oʻy-xayollarning hech tubi koʻrinmaydi.

Insoniyatning bugungi kuni haqida oʻylar ekanman, har doim hazrati Imom al Buxoriyning: “Ilmdan oʻzga najot yoʻq, boʻlmaydi ham”,– degan ibratli fikrini bot-bot eslayman.

Hech oʻylab koʻrganmisiz, inson kamolotiga nima toʻsqinlik qilarkin-a? Fikri ojizimcha, inson oʻziga-oʻzi toʻsqinlik qilmasa – hech qachon va hech kim uning yoʻliga toʻgʻanoq boʻlolmaydi.

***

Olam va odamning har vaqt, zamon va makonda oʻzgarib turishi tabiiy hol, albatta. Lekin bu oʻzgarish yaxshilikka, halolligu – poklik tomon boʻlsa, qani edi...

Insoniyat XXI asrga ochkoʻzlik, nafs va hirs ila qadam qoʻydi. Bu jarayonga odamzotning oʻzi, soʻz boyligidan foydalanib, madaniyatli ravishda – “Bozor iqtisodiyoti davri” deya nomlab qoʻya qoldi.

Qarabsizki, endilikda hamma narsa pul va boylik bilan oʻlchana boshlandi. Avvalgi zamonlardagiday “ilmlik inson”, “mehnatkash inson”, “qalbi pok inson” degan tushunchalarning qadr-qimmati qolmadi hisob. Pok qalbning ham, INSONI KOMILingni ham keragi yoʻq! Boylik boʻlsa, bas! Ogʻzi qiyshiq boʻlsa-da, boyning bolasi gapirsin. Puling boʻlsa sevaman, boʻlmasa ... Puling boʻlsa doʻst boʻlaman, boʻlmasa... Bu gaplar roʻy-rost aytilayotibdi. Boy ham boylik dardida, gado ham. Yotsa ham, tursa ham bu dard hech kimga tinchlik bermay qoʻydi. Intilishlar ham izlanishlar ham boylik orttirishga tomon yoʻnaltirildi. Ilming, qobiliyating, salohiyating – oʻzingga siylov.

Muborak juma kuni edi. Bu dunyoda chorak asr yashab qoʻyibmiz hamki, kundalik yumushlar, bu yogʻi talabalik, undan keyin davlat xizmati bahona boʻlib, masjidga borib ibodat qilish xayolimning koʻchasiga ham kirmagan ekan. Yaqin tanishimning bobosi olamdan oʻtgani munosabati bilan janoza namoziga masjidda yigʻildik. Janoza juma namozidan keyin oʻqilarkan. Juma namozi oʻqildi. Bu zavq va shavqni hech qanday boylik ham, mansab ham bera olmasligini his qildim. Inson qalbi va insoniylik fazilati, tan olasizmi, yoʻqmi, har narsadan ustun ekan!

Qadrdon mushtariy, gapning indallosini aytganda, savodsiz, ilmsiz boylikning ziyoni tegsa-tegadiki, aslo nafi tegmaydi. Shuning uchun ham dunyo hamjamiyati oldida qanaqadir tushunarsiz nosogʻlom muhit paydo boʻlib bormoqda.

Shular haqida oʻylar ekanman, beixtiyor, boyligi va mansabiga qarab gaplashuvchi, yotsa-tursa shunga intiluvchilar toifasidagi odamlar koʻpaygani sari maʼnan mayib kimsalar tobora koʻpayib bormoqda.

Bunaqangi muammolarni, dunyoning xohlagan nuqtasida kuzatish mumkin. U Amerika, Yevropa, Osiyo va Rossiya deysizmi... yana koʻplab oʻlkalarda ham inson bolasi maʼnaviyatsizlik botqogʻiga gʻarq boʻla boshladi.

Dunyo mamlakatlari orasida yuz berayotgan mojaro va talashlar ham aynan boylik dardida ekani hech kimga sir emas...

 

R.Rajabov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi

 

05.03.2019