Ijtimoiy tarmoqlar:
“UZLUKSIZ MA’NAVIY TARBIYA”NING MUSTAHKAM POYDEVORI

Ulug‘ ma’rifatparvar A.Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”,- degan hikmati har bir davr, har bir jamiyat va har bir oila uchun hamisha dolzarb va zaruriy ko‘rsatmadir.

Inson tarbiyasi takomili, ma’naviyati go‘daklikdan shakllanadi. Sharqiy, islomiy ta’limot farzand tarbiyasini uning onasini tanlashdan boshlash kerakligini uqtiradi. Oqila, dono, o‘qimishli, e’tiqodli, taqvodor ayol farzandlari tarbiyasiga ham o‘ta talabchan bo‘ladi, tarbiya jarayonini to‘g‘ri tashkil qila oladi. A.Avloniy bu haqda shunday deydi: “Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan.

Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, “birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur”,- deb javob bersak, bir kishi deyurki, “qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar”, der. Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar”. Shu jihatdan qaraganda, yuksak axloqli farzand tarbiyalash uchun ota-onaning o‘zi ham ma’naviyatli, tarbiyali bo‘lishi, zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglashi talab qilinadi. Tarbiya har bir insonga xos, uning tug‘ilishi, hayotiyligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani bois uni uzluksiz jarayon sifatida e’tirof etish o‘rinlidir.

Bolani jismonan, aqlan, ma’nan va ruhan sog‘lom qilib tarbiyalashda, bugungi kunda ota-onalarning pedagogik madaniyati yetarli emasligi oydinlashdi. Shularni e’tiborga olgan holda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Uzluksiz ma’naviy tarbiya” konsepsiyasi doirasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri bosqichli ma’naviy tarbiya qo‘llanmalarining yaratilishida ko‘rinadi. Mualliflar jamoasi tomonidan tayyorlangan “Yosh ota-ona kitobi” ushbu yo‘nalishdagi faoliyatlar samarasidir. Qo‘llanmada ma’lumotlar bolaning yoshi bilan bog‘liq ravishda mantiqiy ketma-ketlik asosida, ota-onalar uchun tushunarli sodda va ravon tilda yoritilgan, oilaviy tarbiyaning ustuvor jihatlari asoslangan, muhim tavsiyalar ilgari surilgan.

“Yosh ota-ona kitobi” qo‘llanmasi olti asosiy qismdan iborat bo‘lib, ularda farzand tarbiyasining ma’naviy burch ekanligi, yosh ota-onalar bilishi zarur bo‘lgan umumiy qoidalar, parvarish metodlari (homilador ona va homiladan tortib 3 yoshgacha,) ma’naviy tarbiya usullari hamda metodik tavsiyalar, maktabgacha tarbiyaning xorij tarbiyasidagi asosiy holatlari atroflicha yoritilgan, zaruriy qonun-qoida, uslub-ko‘rsatmalar, tajriba hamda lavhalar aks etgan.

Qo‘llanmaning “Farzand tarbiyalash – ma’naviy burch” deya nomlangan dastlabki bo‘limida yosh onaga dono ona va qaynonaning tilaklari, keksalarning yosh ota-onalarga maslahatlari tushunarli va ongli ravishda qabul qiladigan usulda yozilib, inson ma’naviyati go‘daklikdan shakllantirilishi zarurligi isbotlab berilgan. Kitob mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarning debochasi sifatida muhim ilmiy-pedagogik qimmat kasb etadi.

So‘nggi bobda esa respublikamizda ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari; ilk yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan talablar; jahon pedagog olimlarining farzand tarbiyasi to‘g‘risidagi ibratli mulohazalari ilova qilingan. Har bir qism farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan yosh-ota ona uchun muhim tajriba va tavsiyalarni qamrab olganligi bilan xarakterlidir.

Mazkur qo‘llanmada ilgari surilgan g‘oyalar, taklif-tavsiyalar xalqchil tilda, sodda va ravon uslubda yozilganligi nuqtai nazaridan barcha toifadagi ota-onalar foydalanishi uchun oson va qulay tarbiya vositasi bo‘la oladi. Mavzular mohiyatini yoritishda mazmunga mos turli rangli suratlardan foydalanilganligi ham qo‘llanmaning amaliy ahamiyati hamda ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Xullas, qo‘llanma bola tarbiyasining pedagogik-psixologik hamda fiziologik jihatlarini yetarlicha qamrab olgan. Ilmiy-ijodiy, innovatsion yondashuvlarni aks ettirgan. Kitobda 3 yoshgacha bo‘lgan davrdagi bolalarning yosh, jinsiy, mintaqaviy va milliy xususiyatlariga tayangan holda, aniq tavsiyalar berilgan va yosh bola ma’naviy tarbiyasining poydevori yaratilgan. Shu jihatlariga ko‘ra, “Yosh ota-ona kitobi” zamonaviy sharoitlarda professional ota-onalarni shakllantirish va to‘g‘ri tarbiyaga yo‘naltirishda, yuksak ma’naviyatli barkamol avlod tarbiyalashda, jamiyat ma’rifatini rivojlantirishda muhim manba vositasini o‘taydi.

 

Feruza Azimova

20.08.2019