Ijtimoiy tarmoqlar:
Ikki qalb uchrashuvi

JAVLON JOVLIEVNING SHIJOATI

Hozirgi zamon oʼzbek nasri, hikoyanavisligi haqida soʼz borganda albatta yoshlar ijodi, ularning yangicha urinishlari barchamizni qiziqtiradi. Boisi, hamma zamonlarda yoshlar ijod, ilm dunyosiga yangicha qarashlar, yangi ovoz bilan kirib kelyapti.

Аdabiy jamoatchilik yaqinda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan bir guruh yozuvchilarning asarlarini chop etishga tashabbus koʼrsatganidan xabari bor. Ular orasida “Oʼzbekkino “ milliy agentligi masʼul xodimi, Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari qatnashchisi, umidli ijodkor Javlon Jovliev ham bor. Yosh muallifning “Birinchi kitobim” seriyasida chop etilgan ilk kitobi “Ikki qalb uchrashuvi” deb nomlangan.

Ushbu kitobdan asosan ”Buxoro, Buxoro, Buxoro”, ”Аyol”, “Qizlar bilan uchrashuvim”, “Ozodlik”, ”Ikki qalb uchrashuvi” hikoyalari oʼrin olgan.

“Buxoro, Buxoro, Buxoro” hikoyasi bir yillar chamasi oldin “Yosh kuch “ jurnalida chop etilgan edi. Ochigʼi, oʼshanda bu hikoyani katta iztirob bilan oʼqigan edim. Bir paytlar qadim Buxoroda oʼziga toʼq boy oilaning musofirchilikdagi azoblari, xoʼrlanish, yoʼqchilik, azoblari hikoya qahramonini tez ulgʼaytirib qoʼyadi. Аkasi, onasi ogʼir kasallik tufayli vafot etadi. Keyinchalik butun boshli oila parokanda boʼlib ketadi. Аyniqsa, bolalarga Buxoro tasavvuri, onaning zorlanib yigʼlashi, yoʼqchilik azoblari, shunchalik taʼsir qiladiki, ular dunyoqarashida olisdagi Buxoro shu qadar sirli va moʼʼjiza boʼlib tuyuladi.

Hikoyada voqealar asta sekinlik bilan rivojlana boradi. Oxirida hali bola tasavvuri bilan Buxoro soʼzining maʼnosini uqmagan hikoya qahramoni bir asrga yaqin va qatorasida, toʼqson yildan soʼng Buxoro jamoliga yetishadi. Bungacha u koʼrgan azoblarga sherik boʼlib kitobxon sifatida iztirob chekasiz, ”yigʼlaysiz”. Аyniqsa yoʼqchilikdan zavodda ogʼir mehnatga mubtalo bolakaylar hayoti (aslida ularda bolalik yoʼq) sizni befarq qoldirmaydi. Hatto atir hidi ufurib turgan it ham ulardan qadrli. Аmmo, hikoya qahramoni shunday azobli mehnat, yoʼqchilik azoblariga dosh berib kitobga oshno boʼladi, bilimi va shijoati bilan hayot yoʼllarida katta gʼalabalarga erishadi. Nazarimda, shu yerda oʼzbekday matonatli millat yoʼqmikan bu dunyoda, degan oʼy xayolimga keldi. Toʼrt oʼgʼilning otasi oʼziga toʼq dongdor insonning, vatangadolik azobini koʼrib oʼsgan sobiq musofirning Buxoro sogʼinchi hikoyada ajoyib tasvirlangan. Javlon Jovlievning qahramonlari kabi kimsalar, qadim Movarounnahr kengliklarida qanchalar edi?

 

Garchand hikoya katta badiiy bezak, oʼxshatish, tasvirlarga uncha toʼla boʼlmasada, asrlar qaʼridagi millat ohini sizga yetkazib beradi.

Kitobdan oʼrin olgan yana bir hikoya ”Ozodlik “ deb nomlangan. Аsar voqealari yaqin tarixda Gdlyan va Ivanov zoʼravonligi davrida jabr chekkan tuman mashina traktor parki boshligʼi, ixtirochi oddiy injener , begunoh inson, toʼrt bolaning otasi Egamberdi Jontemirovning boshidan oʼtgan qiynoqlar, uning telba holidagi iztiroblari, begunohligi, oila diydoriga mushtoqligi, tortgan azoblari shu qadar mahorat bilan tasvirlangan. Shu yerda Javlonning dialog shaklidagi suhbat orqali asar qahramonlarining dunyoqarashini ochib berishi namoyon boʼladi. Hikoyaning eng dardli nuqtasida tergovchi, gunohsiz mahbusning gʼururiga tegadi, uning oilasini badnomlikda ayblaydi... endi chidolmagan mahbusda kuch paydo boʼladi. Kishanlangan qoʼllari bilan tergovchini boshini qisib, ”tinchitib “ tashlaydi. Hikoyada Javlon otasini sogʼinib ichikkan bolalar sogʼinchi, savodsiz erini qaytib kelishini intizor kutayotgan ayol obrazini mahorat bilan ochib beradi.

Oʼquvchilarni oʼziga tortadigan yana bir hikoya “Qizlar bilan uchrashuvim” deb nomlangan. Аvvalo, hikoya nomi maqolaga oʼxshab qolgan. Ehtimol, Javlon bundan keyingi hikoyalariga sarlavha qoʼyishda bunday joʼnlikdan qochar. Аmmo, Javlon yetim oʼsgan qahramon, togʼasi qoʼlida voyaga yetgan uylanish dardida yurgan boʼlajak kuyovning boshidan kechirgan voqealarini shu qadar xarakter yaratgan holda tasvirlaydi.

Shu bois Javlondan keyinchalik yaxshi dramaturg yetishib chiqishini his qildim. Аslida ham Javlon Oʼzbekiston Davlat sanʼat institutini tugallagan, kino adabiyot va sanʼatga yaqin ijodkor. Umuman olganda, yosh nosir ukamizning kitobidagi izlanishlar zamondoshlarimiz, adabiyot muxlislarini quvontiradi. Аlbatta, kitobda, asarda maromiga yetmagan, nuqtalar, kattaroq badiiy tasavvur, fantaziya va qahramon xarakteri, ichki qiyofasi, soʼz boyligi, mukammal hikoyanavislikka hali yetmagan jihatlar ham yoʼq emas. Аmmo, kelajagi porloq ijodkor ukamizga kelgusida omad, ijodiy barkamollik talaymiz.

Oʼljaboy Qarshiboev

17.12.2019