Ijtimoiy tarmoqlar:
HАRАКАТ VАQTI АLLАQАCHОN YЕTIB KELGAN

Har qanday jismga tashqi kuch ta’sir qilmaguncha, u o‘zining tinch holatini yoki to‘g‘ri chiziqli tekis harakatini saqlaydi. Inersiya qonuni. I.Nyuton tomonidan ta’riflangan, klassik mexanika asosini tashkil qiluvchi mazkur qonun bundan to‘rt asr muqaddam anglab yetilgan haqiqatlardandir. Demak, allaqachon, harakat vaqti yetib kelgan. Zotan, mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli islohotlar, yaratilayotgan keng imkoniyatlarni shunchaki, chetdan kuzatib turish, tomoshabinlik qilish o‘zbek xalqining vijdoniga yot xususiyat sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi bizni, xalqni xuddi shunday ilgari qadam tashlashga, shahd bilan olg‘a intilishga undovchi yana bir katta va kuchli ta’sir bo‘ldi. Bu nutq o‘zbekning har bir farzandi uchun bir yillik tayyor qo‘llanma, faoliyat chiziqlarini belgilab beruvchi o‘ziga xos xarita vazifasini o‘taydi. Xususan, murojaatnomaning umumiy tuzilishiga e’tibor bersak, unda har bir sohaga munosabat bildirilganligi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng ustuvor yo‘nalishlariga birma-bir to‘xtalib o‘tilganiga amin bo‘lamiz. Jumladan, maktabgacha ta’lim sohasidan tortib, ilm-fan, xotin-qizlar, sport, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va san’at, ijtimoiy va iqtisodiy sohalargacha qamrab olindi. Har bir yo‘nalishda, yurtboshimizning yangicha tashabbuslari, takliflari va xalqimizga yaratilayotgan imkoniyatlari o‘z aksini topgan.

Aynan yoshlar ma’naviyati masalasida Prezidentimizning “Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit va qizlarimizning ma’naviy va ma’rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali ahamiyatga ega. Shu bois, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan dasturiy g‘oya asosida yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish – o‘ta sharafli vazifa”, degan fikrlari dolzarb ahamiyatga ega, nazarimizda. Bu mulohazalarga har bir yosh o‘z faoliyatida fidokorona xizmat qilish bilan javob qaytarishi mamlakatimiz rivojidagi hissani belgilaydi. Shuningdek, murojaatnomada ta’kidlangandek, “2020-yil xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib chiqqan alloma, adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning” 145 yillik tavallud sanasi nishonlanishi tashabbusi ham yoshlar ma'rifatini oshirishga qaratilgan yana bir o‘zgacha yondashuvdir.

Yurtini sevgan, mamlakatining rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishga tayyor turgan har bir yosh O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga murojaatini diqqat bilan kuzatdi. Endi navbat bizga. Belgilangan takliflarga amaliy munosabat bildirish sizu-bizning vatanimizga bo‘lgan muhabbtimizni anglatadi. Zero, Vatanni sevish aslida bu – oilangni, yaqinlaringni, yurtdoshlaringni va albatta, o‘z kasbingni sevish demakdir.

 

Sadoqat SAMANDAROVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi mutaxassisi

27.01.2020