Ijtimoiy tarmoqlar:
ILM-MA’RIFAT VA RAQAMLI IQTISOD – BOSH MASALA

Kuni kecha muhtaram yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini eshitib qalban larzaga kelmagan, vijdonan o‘yg‘onmagan O‘zbekistonning biron bir fuqarosi qolmadi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki, bu Murojaatnomani eshitib Prezidentimizning xalq manfaatlari jonkuyari ekanligiga bot-bot iqror bo‘ldik. Murojaatnomada o‘z aksini topgan mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotida 2020-yilda qilinadigan tub o‘zgarishlar, bu borada jamiyatimizdagi barcha ijtimoiy institutlar, mutasaddi tashkilotlar, fuqarolar oldiga qo‘yilgan vazifalar, ulardan kutiladigan natijalarni eshitib, tamoman yangi O‘zbekiston ko‘z oldimizga keldi.

Ushbu tarixiy Murojaatnomada jamiyatimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi barcha sohalar uch xil yo‘nalishda batafsil o‘z aksini topgan. Mazkur tarixiy hujjatda qo‘yilgan vazifalar uch xil rakurs asosida olg‘a surilgan bo‘lib, birinchidan; o‘tgan qisqa uch yil davomida mamlakatimizda erishilgan salmoqli natijalar; ikkinchidan, jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etuvchi mavjud muammolar va kamchiliklar; uchinchidan, kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan istiqbolli rejalardan iborat bo‘ldi.

Darhaqiqat, yurt otasi 2020 yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilganida muhtasham zal, studiyalar, viloyat, tuman, shahar va muassasalarda Murojaatnomani tinglayotgan vatandoshlarimiz mamlakatimizda revolyusion islohotlar, o‘ziga xos renessans davriga dadil qadam qo‘yilganligini ruhan his qildilar. Prezidentimiz tomonidan yilning bunday nomlanishi juda katta ramziy ma’noga ega bo‘lib, mamlakatni rivojlantirishning asosiy fundamenti ilm, ma’rifat, ma’naviyat, innovatsion texnologiyalar asosiy intikatorlar ekanligini, shuning uchun barchani ularga asoslanib o‘z faoliyatlarini olib borishga da’vat etdi.

O‘zbekiston tarixida Oliy Majlisga uchinchi marta qabul qilingan ushbu Murojaatnoma oldingilaridan yangi va kuchli istiqbol rejalarga boyligi,Muhtasham 10 yillik” eshiklarini ochib berganligi, sohalar qamrovi geografiyasining kengligi, mukammallik, xalqchillik, hayotiylik va natijadorlik tamoyillarga asoslanganligi bilan barchani buyuk kelajak sari yetaklaydigan qudratli kuchga egadir.

Ilmiy-nazariy nuqtai nazardan qaraganda odatda Murojaatnoma alohida u yoki bu muammo yuzasidan tegishli yuridik yoki jismoniy shaxslarga yo‘naltiriladi. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi esa jamiyat rivojining asosini tashkil etadigan ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, siyosiy sohalarning bironta jabhasi chetda qolmaganligi bilan konstruktiv xarakterga egadir. Ya’ni, ushbu tarixiy betakror hujjatda ilm-fan, ta’lim (maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, prorfessional ta’lim, oliy ta’lim), sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, bank, transport-logistika, soliq, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, turizm, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam aholini, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilash, madaniyat va san’at, ijro va vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi roli va mas’uliyatini oshirish, nodavlat va notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq, xalqaro aloqalar va hamkorlik hamda boshqa sohalarda 2020 va undan keyingi yillarda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniq va ravshan belgilab berildi.

Mazkur Murojaatnomani eshitib, o‘z soham ya’ni, ilm-fan va ta’limga oid amalga oshirish rejalashtirilgan ulkan vazifalardan juda ta’sirlandim hamda qalbimda soha rivoji uchun cheksiz g‘urur paydo bo‘ldi. Darhaqiqat, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyatning taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillar ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotdir. Ilmsiz, fansiz biron sohani, texnika texnologiyani rivojlantirish, biron bir ijobiy natijaga erishish mumkin emas.Chunki fan nazariya-amaliyot-nazariya zanjiri asosiga qurilgan. Ma’rifat ilm asosida vujudga keladi. Ma’naviyat esa ma’rifatning mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ilm, fan, ma’rifat, ma’naviyat kabi tushunchalar bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Darhaqiqat, Murojaatnomada Sharq donishmandlarining fikrlariga tayangan holda ta’kidlanganidek: “Eng katta boylikbu aql-zakovat va ilm, eng katta meros-bu yaxshi tarbiya,eng katta qashshoqlik-bu bilimsizlikdir! Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”.

Prezidentimiz Murojaatnomada “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” dasturiy g‘oyasi asosida “Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yigit-qizlarimizning ma’naviy va ma’rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish-birinchi darajali ahamiyatga egadir”, degan vazifani bajarish barchaning sharafli ishi ekanligini ta’kidladi. Chunki, inson ilm va fan bilan shug‘ullanishi, sohasi bo‘yicha mutaxassis, boshqaruvchi, tashkilotchi bo‘lishi mumkin, lekin ma’rifatlilik darajasi yetarli bo‘lmasa, ma’naviyati davr talabiga javob bermasa uning ishi samarali bo‘lishi, jamoasida, oilasida na’muna sifatida o‘zini namoyon etishi murakkab bo‘ladi.

Insonning ma’rifatli bo‘lishi-ilm-fan sohasini chuqur bilishi bilan bog‘liq holatdir. Fuqarolarning ma’rifatli bo‘lishi jamiyat-taraqqiyoti omilidir. Ma’rifatli bo‘lish uchun ilm-fanning barcha sohalarini birato‘la o‘rganish, o‘zlashtirish mumkin emas. Ma’rifatlilik indikatorlari bosqichma bosqich shakllantirilib boriladi. Shu bois, Prezidentimiz ilm-fanning har yili bir-nechta ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab olish asosida uni taraqqiy ettirish vazifasini ilgari surdi. Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha sharoitlar yaratib berilishi, maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmini tubdan qayta ko‘rib chiqilishi” belgilab berildi.

Har bir oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ya’ni, nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ishlanmalar bazasini yaratish; El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilarni chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirishga yuborish; grantlar miqdorini 2 barobarga ko‘paytirish, tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish vazifalari belgilab berildi.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha avvalo qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish; Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy infratuzilmaga ega “IT-park”dan Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida tashkil etish; 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni tezkor internet bilan ta’minlash; 2 oy muddatda Raqamli O‘zbekiston2030” dasturini ishlab chiqish kabi muhim ishlarning amalga oshirilishi davr talabi ekanligi belgilab berildi. Bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish uchun hukumatda, vazirlik, idora va hokimliklarda alohida o‘rinbosar lavozimlari joriy etilishi, parlament ularning hisobotlarini muntazam eshitib borishi nazarda tutiladi. Prezidentimiz bu borada dastlabki harakatlar boshlanganligini, ya’ni xorijiy hamkorlar bilan 1 million dasturchi” loyihasi asosida sohaga malakali mutaxassislar tayyorlash amalga oshirilayotganligini ta’kidladilar.

Ushbu ishlarning barchasi mutaxassislardan ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli bo‘lishni talab etadi. Ma’rifat, ilm-fanga qiziqish asosan oila, ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari, oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayonida samarali kechadi.

Shu bois, Prezidentimiz o‘z nutqida joriy yilda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 60 foizga yetkazish; tarixda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy etish; mahoratli va malaka darajasiga ega o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini yaratish; ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘quv dasturlari, darslik, adabiyotlar, o‘quv yuklamalari va fanlarni xalqaro standartlarga moslashtirish; 2021-yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini amalga oshirishga alohida urg‘u berdilar. Bu esa ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy ta’lim-tarbiya jarayoni bilan implimentatsiya qilish asosida bog‘cha yoshidan boshlab bolalarni ilm-fanga qiziqtirish, bosqichma bosqich fan sirlarini o‘rgatib borish, kelajakda xalqaro ahamiyatga molik zamonaviy kasb egalari bo‘lishga qiziqish o‘yg‘otishdan iboratdir.

Murojaatnomada o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar tayyorlashning tubdan yangi tizimi tashkil etilishi (kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum),kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqilishi va natijada 9 mingga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkoni vujudga kelishi nazarda tutiladi.

Yoshlarimizni bilim olishlari va mutaxassislikka ega bo‘lishlari uchun yaratiladigan shart-sharoitlar hamma uchun ayniqsa ota-onalar uchun katta mukofot bo‘ldi. Chunki, har bir oilada OTM ga kiruvchi yigit va qizlar o‘smoqda. Jumladan, Prezidentimiz maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish; qabul grantlarini 2 barobar ko‘paytirish; oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini optimallashtirish;ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish; mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar sonini 2 barobarga qisqartirish; o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish; joriy yilda pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddatini 3 yilga qisqartirish; oliy o‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik berish kabi shu vaqtgacha hech kimning xayoliga ham kelmagan yangiliklar farzandlarimizning porloq kelajagi uchun qilinadigan ulkan yangilik bo‘ldi.

Ayniqsa, qizlarimiz uchun alohida grantlarning ajratilishi mamlakatimizda xotin-qizlarni, oila institutini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining olamshumul bir in’ikosi bo‘ldi. Qizlarimiz qanchalik ilmli-bilimli, ziyoli, ma’rifatli, madaniyatli bo‘lsa, oilalar, shu oilada dunyoga keladigan bolalar va ulkan bir jamiyat shunchalik yuqori ma’rifatli bo‘ladi. Qizlarning kasbiy ma’lumotliligi oila farovonligi, mamlakat iqtisodiy barqarorligi omilidir. Bunday yangilik xotin-qizlar ayniqsa, yosh qizlar uchun ilm-ma’rifatli bo‘lishning juda katta imkoniyatlar eshigi ochildi.

Shunday qilib, mazkur Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonning oltin zarvaraqli buyuk tarixini yaralishida mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasiz. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda Barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda,tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz”.

 

O.Musurmanova,

pedagogika fanlari doktori, professor, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi

27.01.2020