Ijtimoiy tarmoqlar:
EZGU MАQSАDLАR RO‘YOBI – BIRLIKDА!

Olam yaratiqlari ichra eng aziz va sharaflisi Insondir. Olamni yaratishdan ham murod bani Odam edi. Shundan, jamiki mavjudot va nabotot Inson uchun yaraldi, Inson uchun ataldi. Bu barcha muqaddas kalomlarda taʼkidlanadi. Hazrat Navoiy ham insoniyatga tuhfa etilgan “oliy maqom”ni quyidagicha eʼtirof etadi:

Koniyu hayvoni, agar xud nabot,

Har biri bir gavhari oliy sifot.

Borchasini garchi latif aylading,

Borchadin insonni sharif aylading.

Ushbu haqiqat bugun yurtimizda kun sayin har tomonlama o‘zining amaliy tasdig‘ini topib bormoqda. Mamlakatda yaratilayotgan barcha shart-sharoitlar, olib borilayotgan islohotlarning tub negizida Inson omili turadi. Inson kapitalini rivojlantirish, shaxs kamolotini taʼminlash, aholi hayotiy imkoniyatlarini yaxshilash va kengaytirish Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurgan. Buni kuni-kecha mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlis Parlamentiga, shu orqali O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaati ham yaqqol isbotlab turibdi.

Murojaatni butun xalqimiz intiqib, umidlanib kutdi. Murojaat boshlanishi bilan juda ko‘pchilik o‘z ish joyida, uyida ko‘rishga oshiqdi. Har bir fikrni, tashabbusni diqqat bilan, qiziqib kuzatishdi, bahs-munozara qilishdi. Chunki bu Murojaat o‘zlarining, farzandlarining, yaqinlarining taqdiriga daxldorligini, unda Inson omili, Shaxs manfaatlari, Xalq roziligi uchun, Ona Vatan taqdiri, bugun va kelajak uchun muhim hayotiy maqsadlar belgilanishini dildan his qilishdi. Zotan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun o‘z hayotida his etishi kerak. Buning uchun barcha bo‘g‘indagi rahbarlar foizlar, raqamlar, qog‘ozning ortidan quvmasdan, har bir fuqaro uchun, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun ishlashi shart. Shunda nuroniy keksalarimiz, muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, hurmatli ayollarimiz, aziz farzandlarimiz, jajji nabiralarimiz, ko‘p millatli butun xalqimiz bizdan rozi boʼladi.

Darhaqiqat, mazkur Murojaatda yurtboshimiz tomonidan xalq manfaatlarini qamrab olgan, aholining har bir qatlamiga taʼsir etuvchi muhim strategik maqsadlar, ustuvor vazifalar ilgari surildi. Xususan, ilm-maʼrifat, taʼlim, iqtisod, huquq, tibbiyot, siyosat, xalqaro hamkorlik kabi jamiyat hayotining muhim sohalariga daxldor nihoyatda salmoqli tashabbus-takliflar Murojaatning nihoyatda dolzarb muammolar, ijtimoiy masalalarga yechim bo‘lishini, amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi.

Murojaatning eng ulugvor jihati – u butun mamlakatni uyg‘otdi, yoshu keksani birdek ruhlantirdi, ilhomlantirdi. Xalq o‘zining ortida qudratli himoyachisi, yelkadoshi borligini, orzu-maqsadlari qo‘llab-quvvatlanishini dildan angladi. Bu beminnat va sersaxovat kuch – buyuk davlatchilik ekanligi, uning Yo‘lboshchisi Haqni tanigan, el-yurt manfaatlarini ustun bilgan, himmat va adolatni shior tutgan shijoatli, mard va jonkuyar Inson ekanligini qalban his etdi, ruhan yaqinlashdi. Binobarin, Murojaat yakunida davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan quyidagi jo‘shqin fikrlar butun xalqimizni, kattayu kichikni birlashtirishga, o‘zaro hamjihat bo‘lishga, ozi va yurt farovonligi uchun fidokorona xizmat qilishga chorlovchi ulug‘vor daʼvat bo‘lib qoldi: Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik: biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz.

Barchamiz bir tanu bir jon boʼlib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.

Bu yo‘lda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar bolmasin, barchasini mardona yengib o‘tishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning o‘zi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari madadkor bo‘ladi, deb ishonaman.

Аlbatta, o‘zbek xalqi o‘z bag‘rikengligi, jonkuyarligi, mardligu oliyjanobligi bilan butun jahonda keng shuhrat qozonib kelayotgan millatsevar, insonparvar xalq. Ushbu moʼtabar xalq o‘zi uchun yaratilayotgan barcha imkoniyatlarni qadrlaydi, Ona Vatan ravnaqi, o‘z manfaatlari yo‘lida Yurtboshisi kutgan ishonchni oqlaydi, har jabhada taraqqiyotga kamarbasta boʼladi.

 

Feruza Аzimova,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazi bolim boshligi

27.01.2020