Ijtimoiy tarmoqlar:
OILA – RUHIY-MA’NAVIY QUVVAT MANZILI

Oila – insonning tug‘lishdan to umri poyoniga qadar bo‘lgan hayot mazunini qamrab olgan, ta’lim-tarbiya, imon-e’tiqodning asosiy poydevori shakllantiriladigan muqaddas maskan. Mehr-oqibat rishtalarini, odamiylik mezonlarini, milliy qadriyatlarni e’zozlab-avaylaydigan, kelgusi avlodlarga to‘kis yetib borishini ta’minlaydigan mo‘tabar dargoh. Inson shaxsiyati, o‘zligi va milliy ongi oilaviy muhit, turmush tarzi, oila a’zolarining fe’l-atvori, odob-axloqi, yashash maslagi, o‘zaro munosabatlari ta’sirida va shularga muvofiq shakllanadi, rivojlanadi. Zero, ulug‘ mutafakkir Abdurauf Fitrat ta’kidlaganidek: “Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi yoki zaif bo‘lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e’tibordan qolib, o‘zgalarga tobe va qul, asir bo‘lishi ularning o‘z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog‘liq.” Zamonaviy o‘zgarishlar, yangilanishlar bevosita inson hayoti, tafakkuriga ta’sir etar ekan, bu o‘z navbatida, oilada ham turli shakl va mazmunda akslanib etib boradi. Shu boisdan uzoq hayotiy tajribaga ega ma’rifatli keksalar hamisha oilaviy an’ana va axloqiy qadriyatlarni avaylab-saqlashga, ularning bardavomligini, barqarorligini ta’minlashga harakat qilib keladilar. Yosh avlod, kelajak nasllari borasida qattiq qayg‘urib, ularga zaruriy tarbiya berishga intiladilar. Ammo tarbiya mas’ullari qanchalik istashmasin, urinishmasin, bugungi rivojlangan texnik imkoniyatlar, axborot almashinuvning shakl va usullari nafaqat yoshlarni, balki keng aholi qatlamini ham o‘z ta’siriga tortib, ular ruhiyatida, dunyoqarashida keskin burilishlarni, xarakter-xususiyatida turli tovlanishlarni sodir etmoqda. Bu o‘z navbatida, oilaviy, milliy, diniy qadriyatlarga munosabatning ham zaiflashishiga olib kelmoqda.

Xususan, biz ko‘p-da ahamiyat bermaydigan, shunchaki ixtiyoriy-odatiy jarayon deb qaraydigan mehr-muhabbat tuyg‘ularini rivojlantirish bilan bog‘liq shirinso‘zlik, xushmuomalik, oila a’zolariga yotishdan avval xayrli tun tilash, tongda uyg‘onda salom berib, xayrli kun tilash, chaqirganda “labbay” deb murojaat qilish, biror narsa-buyumni o‘ng qo‘lda “marhamat” deb uzatish, “rahmat” deb qabul qilish, minnatdorlik va rag‘batni o‘z o‘rnida ko‘rsatish kabi ba’zi harakat va fazilatlar ham nafaqat farzand, balki kattalar tarbiyasida ham muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, oila a’zolarining bir dasturxon atrofida jamuljam bo‘lib ovqatlashinida ham xalqimizga xos bir qancha hikmatlar mujassam. Bunday jarayonlar oila ahlini birlashtiradi, dildan yaqinlashtiradi, ovqatlanish davomidagi o‘zaro suhbatlarda barchaning o‘ziga xos yutuq va kamchiliklari, ehtiyojlari anglashiladi. Muammoli vaziyatlarga yechim topiladi, ko‘mak-tavsiyalar beriladi.

Darhaqiqat, o‘z oilasida qo‘llab-quvvatlangan, yaqinlari mehr taftini his qilib yashayotgan shaxsda o‘ziga ishonch, kreativlik, kuch-g‘ayrat, mas’ullik va fidoyilik yuqori bo‘ladi. Mehr olgan insongina uning qimmatini his qiladi va o‘z navbatida, bu oliy tuyg‘uni boshqalarga ulasha oladi, oqibat ko‘rsata biladi. Oila ana shu mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantiruvchi, tutashtiruvchi, yuksaltiruvchi jo‘shqin buloq, insonning ruhiy-jismoniy quvvat manbai. Ota-onasining o‘zaro mehr-muhabbatini, yaqinlariga nisbatan ezgu oqibatini ko‘rib ulg‘aygan qalb egasi hech qachon yomonlarga ergashmaydi, yomonlikni do‘st tutmaydi. Oila a’zolarining bir-biriga nisbatan qo‘pol va bepisand munosabati ulg‘ayib kelayotgan nozik va murg‘ak ko‘ngillarni sindiradi, qattiqlashtiradi. Ozganing dardu tashvishini his qilmaydigan, o‘z manfaatlarinigina ustuvor biladigan, xudbin va badjahl kimsaga aylantiradi.

Oila – davlatni shakllantiruvchi asosiy kuch, jamiyatning muhim bo‘g‘ini. Jamiyat ravnaqi yoki tanazzulida oila institutining o‘rni nihoyatda katta. Oiladagi ruhiy-ma’naviy sog‘lom muhit, ijtimoiy barqarorlik, tinchlik-xotirjamlik oila a’zolari kamolotini ta’minlaydi, jamiyatni ham taraqqiyot sari yuzlashtiradi, mustahkamlaydi. Bugun sodir bo‘layotgan ko‘plab oilaviy ajrimlar, mojarolar, turli ko‘rinishdagi jinoyatlar, oqibatsizliklarning tub ildizi, albatta, oilaga borib taqaladi. Ayrim hollarda, hatto, ota-onalarning o‘zi ham tarbiyaga muhtoj ekanligi seziladi. Oilaviy munosabatlarda ota-onaning, kattalarning o‘zini tutishi, muomalasi, kiyinishi, deyarli har bir xatti-harakati takroriyligi bolaning ongu shuurida muhrlanib qoladi va unda ham ayni holatlar kuzatiladi. Oz yaqinlariga mehribon, dardu quvonchiga sherik, oiladagi burch va mas’uliyatini chuqur anglab, amal qilib kelayotgan otaning o‘g‘li ham bir kun kelib, o‘z ota-onasini, yor-birodarlarini qadrlaydi, mustahkam qo‘rg‘onining mard va oliyjanob posboniga aylanadi. Aksincha bo‘lsa, bunday oila borgan sari parokandalikka yuz tutaveradi. Ma’naviy-axloqiy barkamol avlodni orzu qilgan Abdulla Avloniy ham “Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmoq – tanani pok tutmoq, yosh vaqtidan maslakini tuzatmoq, yaxshi xulqlarni o‘rgatmoq, yomon xulqlardan saqlab, o‘stirmoqdir”,- deya uqtiradi.

Inson hayoti bolalikdan to keksalikkacha o‘zidan avvalgilarga taqlid qilish jarayoni bilan kechadi. Uning asosiy o‘chog‘i esa oila. Dunyoga kelgan go‘dak o‘z rivojlanishi, o‘sib-ulg‘ayishi davomida, dastlab atrofida kechayu kunduz parvona bo‘layotgan ota-onasiga taqlid qiladi, ularning o‘ziga munosabatidan muayyan harakatlar va munosabatlarni o‘zlashtirib boradi. Shuningdek, ushbu oilada istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar ham bola shaxsi kamol topishida muayyan darajada hissa qo‘shishadi. Shunday ekan, oilaning har bir a’zosi o‘zini yosh avlod tarbiyasiga mas’ul hisoblashi, uning uchun taqlid manbai ekanligini e’tibordan qoldirmay, o‘z hatti-harakatlari, muomala-munosabati, fe’l-atvorini doimiy nazorat qilib turishi, ruhiy-jismoniy sog‘lom avlodni istar ekan, buning uchun avvalo, o‘zi ayni shu darajaga yetgan bo‘lishi, ibrat ekanligini unutmasligi lozim. Ota-onaning xulq-odobida, atrofdagilarga, yaqinlariga munosabatida muayyan kamchiliklar, o‘rinsiz harakatlar ko‘zga tashlanib turganda, u voyaga yetkazayotgan farzanddan nimani kutishi mumkin? Bunday ota-onalar odob-axloqli, fikr-mulohazali, ma’naviy tarbiyali, yetuk farzandni faqat orzu qila qolsinlar...

Shaxs tarbiyasi o‘ta nozik va murakkab, keng qamrovli, uzoq davom etadigan jarayon. U har doim ham biz kutgan natijani beravermaydi. Har bir shaxs alohida individ, bir-biridan betakror ijtimoiy-biologik mavjudot. Uning o‘z ruhiy va jismoniy shakllanish, rivojlanish manbalari, asoslari mavjud. Shunday ekan, mas’ullardan shaxs tarbiyasida ushbu jihatlarni nazarda tutishlari, har bir tarbiyalanuvchi uchun xosliklarni ajrata bilishlari, o‘zgarishlarni o‘z vaqtida ilg‘ay olishlari va tarbiya usullarini shunga mos ravishda qo‘llay bilishlari talab qilinadi. Biz har qancha talabchan va mas’uliyatli bo‘lmaylik, so‘z va qarorlarimiz xatti-harakatlarimiz bilan muvofiq kelmas ekan, ko‘zlagan manzillarimiz olislashib boraveradi.

 

Feruza Azimova,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi bo‘lim boshlig‘i

28.01.2020