Ijtimoiy tarmoqlar:
INSON QADRI ULUG‘LANGAN MUROJAATNOMA

Mana, uchinchi yildirki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaati xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda qabul qilinmoqda. Biz ham, mazkur yildagi murojaatnomani zo‘r qiziqish va hatto hayajon bilan tingladik. Ma’lumki, insonning oliy qadriyat ekanligi, shaxsning qadr-qimmati fuqarolik jamiyatining asosiy sifat-belgisi hisoblanadi. Shu o‘rinda muayyan mulk egasi bo‘lgan shaxslarning erkinligi, tengligi, ularning siyosiy, huquqiy, ma’naviy, ijtimoiy mustaqilligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Binobarin, fuqarolik jamiyati fuqarolardan iborat bo‘lganligi uchun emas, balki fuqarolarga munosib hayot sharoitlarini ta’minlab bera olganligi uchun o‘z nomini oqlaydi. Ana shu masalada, ilk bor fuqarolik jamiyati a’zolari bo‘lmish vatandoshlarimizning real, haqqoniy turmush-tarzi tilga olindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini, ya’ni 4.5-5 mln atrofidagi fuqarolarimizning kam, yetarli yashash daromadiga ega emasligini qayd etdi. Biz hamisha, ijtimoiy himoya masalalari haqida siyosiy partiyalarning dasturlarini, davlat tomonidan berilayotgan e’tiborni maqtanib gapirib o‘rgangan edik. Holbuki, oramizda nochor yashayotgan hamyurtlarimiz, yechimini kutayotgan muammolar borki, bu masalalarga jiddiy e’tibor bermasak, xalqimizning ko‘z o‘ngida yangi saylangan deputatlar hurmati yo‘qolishi mumkin. Darvoqe, mazkur holat ham davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada tilga olindi. Xususan, bu haqda “Deputatlarga xalqning hurmati oshishi” deputatlarning xalq bilan ishlashida namoyon bo‘lishi gapirildi.

Shuningdek, kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish orqali jamiyatda nochor qatlamni kamaytirishni eng ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi. Shuning uchun, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rivojlanish Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga “Kambag‘allikni kamaytirish” dasturini ishlab chiqishni taklif qildi. Xususan, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali kambag‘allik muammosini hal qilib bo‘lmasligi, bu muammoni to‘la yechish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonlarning ichki salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Har galgidek, davlatimiz rahbarining hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholining yetarli daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash hamda xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish haqidagi fikrlari xalqimiz dildan qiynab kelayotgan masalaning yechimi bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ayniqsa, bu borada hokimlarga, mutasaddi shaxslarga belgilab bergan vazifalari ham diqqatga sazovor ish bo‘ldi. Qarangki, hech qachon tilga aytilmagan oshkor qilinmagan og‘riqli masala ya’ni, birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish taklifi kiritilgani xalqimiz qalbidagi taklif bo‘ldi. Axir, qancha ota-onalar farzandlariga ish topib berolmay, yoshlar esa, o‘ziga ma’qul biror bir ish, kasb egasi bo‘lolmay sarsonlikdan zerikkan, chorasi sifatida xorijga ketishdan boshqa iloji bo‘lmay qiynalayotgani barchamizga sir emas. Buning oqibatida ko‘ngilsizliklar bo‘lgani ham ma’lum. Endi mahalliy ishlab chiqarish korxonalari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash natijasida ish bandligi ta’minlanadi. Hatto, bu yo‘nalishda qonun qabul qilish taklifi ham quvonarli holatdir.

Shunday qilib, yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib, inson huquqlari ustuvorligi konstitutsiyaviy prinsip ekanligining amaliy ifodasi sifatida butun davlat qurilishi, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tizimi uning atrofida gavdalanishini Murojaatnomada ko‘rdik. Darhaqiqat, inson huquqlari bilan davlat e’tirof etadigan va qo‘riqlaydigan qadriyatlar doimo hamohangdir.

Muhitdinova Feruza,

yuridik fanlar doktori, professor,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

28.01.2020