Ijtimoiy tarmoqlar:
MILLIY MА’RIFАT RАHNАMOSI

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlanadi

Tarixdan maʼlumki, har qanday davrda har bir millatning milliy-maʼnaviy manfaatlari, qadriyatlari, erk va ozodligining jonkuyar himoyachilari, faol targ‘ibotchilari maydonga chiqib, turli ziddiyatli va keskin vaziyatlarga qaramasdan, o‘z fidoyiligi, tashabbuskorligi bilan millat ravnaqiga, abadiyatini taʼminlashga muhim hissa qo‘shib keladi. Xususan, o‘zbek xalqining bu jihatdan faxrlanadigan tarixiy siymolari nihoyatda ko‘p.

XX asr boshlarida O‘zbekiston tarixi, madaniyati va maʼrifati sahnasidagi jarayonlarni shiddatli harakatlantirgan millatparvarlar ana shunday yuksak iftixor baxsh etuvchi buyuk rahnamolardir. Shu boisdan ham yurtimiz rahbari Sh.Mirziyoyev 2020-yilning 24-yanvarida Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu borada alohida to‘xtalib, jumladan shunday dedi: “Biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”. Shu munosabat bilan “2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanishi” belgilandi.

Darhaqiqat, ajdodlarimizning boy va betakror maʼnaviy merosi, ibratli hayotiy faoliyati bugun va ertamiz yo‘lini yurituvchi so‘nmas mashʼala, bitmas-tuganmas xazinadir. Jadid maʼrifatparvarlari bu borada o‘ziga xos mavqega ega. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi ham alohida ahamiyatga molik. XX asr o‘zbek adabiyoti va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati, ozodligi, hurligi yo‘lida mardonavor kurashgan bu ulug‘ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu o‘rin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoldi.

Maʼlumki, Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan milliy uyg‘onish harakatining atoqli rahbarlaridan biri sifatida ayni shu davrda o‘zbek xalqi ijtimoiy ongining uyg‘onishida muhim rol o‘ynadi. U Turkistonda yangi usul maktablarining ochilishi, milliy matbuotning yuzaga kelishida faol ishtirok etibgina qolmay, birinchi o‘zbek dramasini yaratib, professional o‘zbek teatr sanʼatining maydonga kelishiga zamin hozirladi. U xalq va jamiyatni maʼrifatlashtirish orqali mustaqillikka erishish g‘oyasini olg‘a surgan va shu qutlug‘ yo‘lda halok bo‘lgan ulug‘ ajdodimizdir.

Biz Behbudiy haqida fikr yuritar ekanmiz, har gal ko‘z o‘ngimizda xalq va millatni yuksak maʼrifat ila taraqqiy ettirishga bel bog‘lagan mahoratli pedagog, mohir dramaturg, salohiyatli adabiyotshunos, qatʼiy pozitsiyali publisist, bir so‘z bilan aytganda, milliy qahramonning viqorli qiyofasi, boy maʼnaviy siymosi gavdalanadi. Bu shunchaki balandparvoz eʼtirof, quruq maqtov emas, jadidchilik harakati va allomaning hayotiy-ijodiy faoliyatidan xabardor barchaning ko‘nglidan kechadigan aniq tasavvur. Chunki Behbudiy yaratgan sanʼat asarlari, teatr sahnasi, noshirlik manbalari, maʼrifat maskanlari bu borada keng maʼlumot, iliq xulosa, o‘chmas xotiralar bera oladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati va merosini o‘rganish-u o‘rgatish borasidagi harakatlar adibning o‘zi yashab turgan davridanoq boshlangan bo‘lib, bugungi kungacha alloma to‘g‘risida juda ham ko‘plab maxsus tadqiqotlar olib borildi, ilmiy-pedagogik, badiiy-publisistik asarlar yaratildi. Shu boisdan ham bu borada yana nimadir muhim so‘z aytish, nodir yangilik kashf etish amri mahol. Аmmo, adibning ijodiy merosi hamisha yangiliklarga oshufta, ilmiy-amaliy kashfiyotlar uchun boy maʼrifiy manbadir. Xususan, allomaning o‘z davri nashrlarida chop etilgan ijtimoiy-maʼrifiy xarakterdagi maqolalari ham alohida ahamiyatga sazovor.

Yosh avlod taʼlim-tarbiyasi masalasi barcha jadidchilar singari Behbudiyni ham chuqur qayg‘uga solgan. Yoshlar taqdirini bevosita millat taqdiriga bog‘lagan. Millatning taraqqiy etishi yoki yo‘q bo‘lib ketishi o‘sib kelayotgan yosh avlodning ilm-maʼrifati, maqsad-maslagiga chambarchas bog‘liq deb hisoblagan. Ushbu ulug‘vor g‘oyalarini, muhim amaliy qarorlarini jamiyatga singdirib, barchani xayrli tashabbuslarga, islohotlarga undagan. Maʼrifatparvar o‘z qarashlari va qayg‘ularini “Yoshlarg‘a murojaat” (“Oyna” jurnali, 1914-yil, 21-son, 390-391-betlar), “Muhtaram yoshlarg‘a murojaat” (“Oyna” jurnali, 1914-yil, 41-son, 970-972-betlar), “Ikki emas, to‘rt til lozim” (“Oyna” jurnali, 1913-yil, 1-son, 12-14-betlar), “Ehtiyoji millat”(“Samarqand” gazetasi, 1913-yil 12 iyul), “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” (“Samarqand” gazetasi, 1913-yil 30-iyul) kabi ko‘plab maqolalarida, adabiy manzumalarida aniq tahliliy maʼlumotlar asosida, raqamli ko‘rsatkichlar bilan chuqur va taʼsirchan yoritib bergan.

Jumladan, “Muhtaram yoshlarg‘a murojaat” nomli maqolasida muallif shunday xitob qiladi: “Muhtaram birodarlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib – taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoeʼ va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa, dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmas. “Muborizai hayot” maydonida mutlaqo mag‘lub bo‘lur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda o‘zgalarning asiri bo‘lub, bora-bora milliyat va diyonatini ham qo‘ldan berur. Аna ushbu yo‘llar ila oxiri mahv va nobud bo‘lub ketar”.

Zamondosh hammaslaklari singari Behbudiy ham millat maʼrifatini oshirish, shu orqali jamiyatni yuksaltirish, ijtimoiy hayotni yaxshilashni istaydi. Shu yo‘lda o‘zining barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Jamiyatni halokatdan qutqaruvchi, rivojlantiruvchi asosiy manba ilm-maʼrifat, deb hisoblagan alloma yuqoridagi maqolasida o‘z davrining faol va ziyoli yoshlariga mukammal savod chiqarishga, zamonaviy bilimlar berishga mo‘ljallangan maktablar ochish, yuqori malakali muallimlarni ko‘paytirish zaruratini yuklaydi. Taraqqiy etgan davlatlarning bu boradagi tajribalarini o‘rganishga chaqiradi. Rivojlanib borayotgan mamlakatlar va millatlarning barchasi, avvalo, zamon bilan hamnafas holda ibtidoiy (boshlang‘ich) taʼlim va tarbiyani mustahkamlashga, milliy va diniy ruhni singdirishga chuqur eʼtibor qaratishini aniq dalillar bilan ko‘rsatib o‘tadi: “Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarining ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarning har jihatdan intizom va akmolig‘a ahamiyat berub bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdurarlar. Аning uchundurki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar. Va luzumi kelganda bu yo‘lda molu jonlarini fido etmoqg‘a hozir turarlar. Mana, hozirgi urushlar va iqtisodiy tortishlar diyonat va milliyat hissiyoti natijasidur”.

Shuningdek, “Ehtiyoji millat” maqolasi ham Behbudiyning jamiyat taraqqiyoti, millat maʼrifati, yosh avlod taqdiri borasidagi kuyunchak fikrlarini qamrab olgan. Uning mazmunida bugunning nafasi ham aks etib turadi. Bundan roppa-rosa bir asr avval Behbudiy va u kabi maʼrifat peshvolarining tinchini buzgan, uyqusini o‘chirgan muammolar bugun o‘zining munosib yechimini topib bormoqda. Xorijiy tajriba almashish asosida fan-texnika jadal taraqqiy etmoqda, zamonaviy bilimlarni egallagan, “ikki emas, ko‘p tilni” biladigan malakali yoshlar, masʼuliyatli mutaxassislar safi kengayib bormoqda. Shunday bo‘lsa ham, Behbudiyning otashin daʼvatlari o‘z dolzarbligini saqlab turibdi: Qisqa qilaylik, boshqa millatlarning boylari faqira va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni o‘qumog‘i uchun vaqf “istipendiya”-lar taʼyin qilur. Boshqa millat miliunerlari maktabi ila istipendiyasi-la, idora qilaturgon gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizin (ayollar universiteti), barpo qilgan jamʼiyati xayriyasi-la faxr qiladur.

Biznikilar juft oti-la, arobasi-la, to‘yi ila va… la faxr etar. Hatto, o‘z o‘g‘illarini o‘qutmaydurgon boylar bordur. Bu ketishni oxiri yamondur, o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun.

Ushbu fikrlardan ko‘rinadiki, alloma o‘z jamiyatining ilm-maʼrifatga munosabatidan norizo. Uni millat, yurt kelajagi tashvishga soladi. Mol-dunyo, dabdabaga o‘ch bo‘lib, undan faqat maishiy maqsadlarda foydalanishni chinakam qashshoqlik deb qoralaydi. Bu illat egalarini ezgu amallarga chorlash uchun boshqa millat davlatmandlarining ilm-fan, maktab-maorif yo‘lida qilayotgan xayrli tashabbuslarini namuna qilib ko‘rsatadi. To‘yu tomosha, maishatlarga sarflayotgan boyliklarini zamonaviy maktablar ochish, muallimlar tayyorlash kabi maʼrifiy ishlarga yo‘naltirishga chaqiradi. Shunisi eʼtiborliki, Behbudiyning ushbu qarashlari hamon dolzarb. Bugun ham jamiyatda o‘z boyligini ko‘z-ko‘z qilishni, turli ko‘rinishdagi oilaviy tadbirlarini o‘ta dabdababozlik bilan nishonlashni xush ko‘ruvchi toifalar ko‘plab kuzatiladi. Vaholanki, muqaddas kalomlarda ham insonga berilgan boylik o‘zi uchun neʼmatu sinov bo‘lib, bu davlatda ko‘pgina muhtojlarning, faqirlarning ham haqqi borligi, uni xayru ehson yo‘lida sarflabgina chinakam saodatga erishish mukinligi uqtiriladi.

Tarixning ziddiyatli va keskin vaziyatlarida erk va ozodlik, ilm va maʼrifat uchun kurash maydoniga chiqib kelgan alloma yuqoridagi kabi qarashlarini “Padarkush” dramasida ham sanʼatkorlik bilan aks ettirganki, mazkur asar o‘z davridanoq teatr sahnalarini zabt etib, jamiyatga, butun insoniyat qalbiga, shuuriga maʼrifat urug‘larini, ilm ziyosini sochib, johiliyatdan qochishga chorlab keladi. Boylikka hirs qo‘yish va ochko‘zlikning, ilmsizlikning salbiy oqibatlarini shaxs fojeasida gavdalantirgan mazkur drama jamiki insoniyat uchun muhim ibrat maktabidir.

Darhaqiqat, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat masalasi insoniyatning umri davomidagi ijtimoiy zarurati sanaladi. Bu masalalar hayot bilan, jamiyat bilan, rivojlanish bilan o‘zaro qorishib ketgani, biri ikkinchisini taqozo qilgani bois, hamisha, har qanday davr va zamon, har qanday manzil va makon, har bir millat va mamlakatning muhim ehtiyojidir.

Zotan, yaxshi taʼlim-tarbiya olgan, zamonaviy bilimlarni egallab borayotgan avlod yorqin kelajak uchun ishonchli va mustahkam kafolat bo‘la oladi. Shu jihatdan, bugun ham yoshlar masalasi davlat siyosati darajasidagi maqomini saqlab turibdi. Yosh avlodning yetuk salohiyatli, teran tafakkurli, ilmu maʼrifatli, yuksak maʼnaviyatli barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur bo‘ladigan barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Biz bularni ko‘p bor eʼtirof etamiz, taʼkidlaymiz. Yoshlardan ham ushbu keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, chuqur bilim olib, oilasi va jamiyatga nafi tegadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga amal qiladigan, Vatan ravnaqiga kamarbasta chin inson, buyuk maʼrifatparvar ajdodlariga munosib avlod bo‘lib yetishishini umid qilib qolamiz.

 

Feruza АZIMOVА,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bo‘lim boshlig‘i,

“Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi

11.02.2020