Ijtimoiy tarmoqlar:
PROZELITIZM HАRАKАTI VА UNING G‘OYAVIY-MАFKURАVIY EKSPАNSIYASI

Musaev Mansur Tursunpo‘latovich,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi,

siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

Bugungi kunda prozelitizm harakati g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mazkur harakat dunyo miqyosida din va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi keskinlik va qarama qarshiliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘layotganligi tobora oydinlashmoqda. Bu esa, g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan prozelitizm to‘g‘risida jiddiy fikrlashni taqozо etmoqda. Zero, mazkur harakat aksariyat hollarda turli din va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikka nifoq solish orqali diniy adovatlarga zamin yaratmoqda. Bu haqda fikr yuritganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qayd etganidek: “Bu illatlar davlatni yemirib, jamiyatni parchalab, radikal guruh va oqimlar uchun mafkura bazasiga aylanmoqda. Аna shunday murakkab vaziyatda mamlakatimizda turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash biz uchun borgan sari muhim ahamiyat kasb etmoqda”,- deya taʼkidlagani ayni haqiqatdir. Аynan, prozelitizm harakati tufayli jahonda milliy va diniy adovatlarni avj olishi diniy asnodagi urushlarni vujudga keltirmoqda. Natijada, mazkur holatlar dunyo miqyosida bir qator salbiy holatlarni keltirib chiqarmoqda.

Prozelitizm yunon tilidagi “proselitizm” so‘zidan olingan bo‘lib, “kelgindi, bir joydan boshqa joyga ko‘chuvchi”, “o‘zining diniy e‘tiqodidan boshqasiga o‘tuvchi”, “to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron-bir dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va o‘zga dinni qabul qilishga majbur qilish”ni anglatadi. Talaffuz qilishida til qavarib ketadigan bu atamaning sharqcha nomi “murtadlik” deyiladi. Prozelitizm o‘tgan XX asrning 90-yillarda bir qator davlatlarda vujudga kelgan din erkinligi sharoitida dinlar va konfessiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtiruvchi asosiy omil vazifasini o‘tagan. Prozelitizm harakati konfessiyalar o‘rtasidagi raqobatni shakllantirish orqali an‘anaviy xristianlikka raxna solmoqda. Natijada, mazkur holat, o‘z navbatida dunyo miqyosida xristianlikning yagonaligini yo‘qolishiga xristian madaniyati, ma‘naviyati va uning qadriyatlari tahdid solmoqda. Prozelitizm atamasi XVII asrda fransuz tilida paydo bo‘lib, bir odamning ikkinchi odamga hiyla, nayrang bilan ta‘sir o‘tkazishni anglatuvchi salbiy ma‘no kasb etadi.

Taʼkidlash joizki, prozelitizm tarafdorlari ko‘pincha turli niqoblar, jozibali shior va pardalar ostida faoliyat ko‘rsatayotganligi tashvishlidir. Zero, mazkur harakat tarafdorlari o‘z faoliyati jarayonida puxta o‘ylangan, uzoq va davomili yovuz maqsadlarni kuzlayotganligi tobora oydinlashmoqda. Prozelitizm tufayli dunyo miqyosida aksariyat holatlarda haqoratlar, zo‘rovonliklar, qo‘rqitishlar diniy asnodagi urushlarni vujudga keltirmoqda. Mazkur harakatlar oldini olish maqsadida hozirgi kunga kelib dunyoning 33ta davlatida prozelitizm harakati umuman man etilgan bo‘lsa, dunyoning 81ta davlatida xorijiy missionerlar faoliyati cheklangan va dunyoning 36ta mamlakatida bir dindan boshqa dinga o‘tish hamda dunyo miqyosda mavjud davlatlarning 40 foizida qonunga zid ravishda diniy adabiyotlarni chop etish va tarqatish taqiqlangan. Shu o‘rinda, dunyodagi ayrim siyosiy kuchlar o‘zlarining “istiqbolli” rejalarini amalga oshirishda prozelitizmdan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishi tobora kuchaymoqda. Аyniqsa, mazkur harakatlar turli din va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikka putur yetkazish orqali o‘zining uzoq va davomli strategik maqsadlarini kuzlayotganligini anglash lozim.

O'zida g‘arazli va buzg‘unchi maqsadlarni namoyon etuvchi prozelitizm o‘zining soxta g‘oyalariga ishontirish orqali dindan qurol sifatida foydalanayotganligi tashvishlidir. Аynan, prozelitizm juda uzoqni ko‘zlaydigan davomli g‘arazli maqsadlari tufayli diniy adovatni shakllantirish va kuchaytirish orqali diniy, irqiy, milliy nizolarni vujudga keltirmoqda. Prozelitizm harakati har qanday xalq va millatning maʼnaviyatiga qarshi qaratilganligi bilan xatarli hamda ijtimoiy-siyosiy jihatdan tashvishlidir. Masalaning jiddiy tomoni shundaki, mazkur harakat natijasida o‘zga mamlakatlarning davlat suverenitetiga, konstitutsiyaviy tuzumiga nisbatan amalga oshirilayotgan siyosiy bosim va tajovuzlarni g‘oyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadi yotadi. Boshqacha qilib aytganda, maʼnaviy-madaniy qadriyatlar hamda diniy vositalar orqali boshqa davlatlarning ichki ishlarga aralashuv singari qonunga zid harakatlarni ko‘rish mumkin. Prozelitizm harakatining siyosiy mohiyati ayrim davlatlarda hukm surayotgan notinch vaziyatlardan foydalangan holda, hokimiyat boshqaruvida vujudga kelayotgan ayirmachilik (separatizm), jumladan, diniy asosdagi g‘ayriinsoniy tamoyillarni amalga oshirish orqali parokandalikni yuzaga keltirishni nazarda tutadi. Аyniqsa, globallashuv jarayoni prozelitizm harakatining dunyo miqyosida keng faoliyat olib borishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, prozelitizm zamirida juda katta xavf yashiringan bo‘lib, g‘oyaviy-mafkuraviy kurash tobora kuchayayotganligini anglash lozim. Shu tariqa, prozelitizm tarafdorlari jamiyat va davlat miqyosida vujudga kelayotgan maʼnaviy bo‘shliqni to‘ldirishga intilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga intilayotganligi namoyon bo‘lmoqda.

Bugungi kunda prozelitizm tarafdorlari ko‘pincha turli niqoblar, jozibali shior va pardalar ostida faoliyat ko‘rsatayotganligi tashvishlidir. Zero, mazkur harakat tarafdorlari o‘z faoliyati jarayonida puxta o‘ylangan, uzoq va davomili yovuz maqsadlarni kuzlayotganligi tobora oydinlashmoqda. O‘z navbatida, prozelitizmning mazkur tojovuzkorona harakatlari xalqimiz va millatimiz uchun mutlaqo begona mafkura va dunyoqarashni vatanimiz kelajagi hisoblanmish yoshlarimiz ongi va qalbiga sindirishga qaratilgani, ayniqsa, хatarlidir. O‘tmishdan maʼlumki, prozelitizm bilan shug‘illanuvchi shaxslarga nisbatan doimo nafrat bilan qaralgan. Xususan, prozelitizm taʼsirida insonlar o‘zlarining ajdodlari eʼtiqod qilgan azaliy dinlaridan voz kechib, o‘zga dinni qabul qilishgan. Аynan prozelitizm harakati natijasida qisqa davr mobaynida ko‘plab insonlarni o‘z dinidan voz kechib, o‘zga dinni qabul qilishga majbur etishni anglash lozim. Аyniqsa, prozelitizm tarafdorlarining faol targ‘ibot va tashviqoti fuqarolarni o‘z eʼtiqodidan, milliy mentaliteti hamda xalqining o‘ziga xos anʼanalaridan voz kechishga undamoqda. Shu tariqa, jamiyat va davlat miqyosida fuqarolar o‘rtasida amal qilinayotgan bag‘rikenglik munosabatidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish orqali konstitutsion qonunlarni buzishga zamin yaratmoqda.

Prozelitizm tarafdorlari jamiyat va davlat miqyosida aholining maʼlum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini zabt etish orqali yot va begona g‘oyalarni targ‘ib etish orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadalarini ko‘zlayotganligi tobora oydinlashmoqda. Natijada, prozelitizm har qanday xalq, millat, davlatning xavfsizligi, barqarorligi va taraqqiyoti, uning kelajagiga raxna solayotganligi tashvishdir.

Dunyo miqyosida faol prozelitizm harakatlari bilan shug‘illanayotgan sekta “Iegova guvohlari” sektasidir. Mazkur sekta dunyo miqyosida turli millat va elatlarning til grammatikasi, leksikasini puxta o‘rganish orqali taʼsir qiladigan psixologik metodlardan ustalik bilan foydalanishadi. “Iegova guvohlari” sektasi tomonidan olib borilayotgan faol prozelitizm oqibatida boshqa dinlarga qarshi nafrat tuyg‘usini uyg‘otish orqali xristianlikning milliy anʼanalari “Bibliya”ga mutlaqo zid ekanligi namoyon bo‘lmoqda. “Iegova guvohlari” sektasining taʼlimotidagi g‘oyalar xristianlik, islom dini vakillarining ongi va qalbiga salbiy taʼsir ko‘rsatish orqali ularda ruhiy azoblanish holatlarini keltirib chiqarmoqda. Mazkur sekta aʼzolari gipnoz orqali “nevrolingvistik” metodlarni qo‘llab insonlar ongi va qalbiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, “Iegova guvohlari” sektasi taʼlimotini aks etuvchi adabiyot va jurnallarda oilani buzishga bo‘lgan majburlovchi bosimlar fuqarolar erkinligiga tajovuz qilish holatlari kuzatilmoqda. “Iegova guvohlari” sektasi o‘zlarining “balandparvoz” daʼvatlari orqali yoshlarni o‘z saflariga tortishga intilayotganligini ko‘rish mumkin. Xususan, “Iegova guvohlari” taʼlimotida yoshlarni sektaga jalb etishda eng avvalo, psixologik taʼsir o‘tkazishga bevosita eʼtibor qaratib, “sen bu tashkilotga kirish yoki mana bu vazifani bajarish bilan alohida, har kimga ham nasib qilavermaydigan sharafli ishga qo‘l urgan bo‘lasan, kerak bo‘lsa, sen millat, din, insoniyatning xaloskoriga aylanasan!”,- degan qarashlarini yoshlarning ongiga singdirish jarayoni mohirlik bilan amalga oshirilayotganligini taʼkidlash o‘rinli. Sekta tomonidan turli millat va din vakillari o‘rtasida o‘zining diniy qarashlarini ustun qo‘yishga bo‘lgan harakatlar aksariyat holatlarda diniy, mafkuraviy, g‘oyaviy adovatni uyg‘otishga zamin yaratmoqda. Аyniqsa, sekta tomonidan faol tarzda borilayotgan prozelitizm oqibatida tashkilotning diniy adabiyot va jurnallari ekstremistik ruhdagi materiallar ekanligi eʼtirof etilmoqda. Аyniqsa, prozelitizm oqibatida o‘zga dindagi insonlarni dinidan majburiy voz kechdirish orqali o‘zining diniga nisbatan qarama qarshiliklarni keltirib chiqarayotganligi tashvishlidir. Shu tariqa, prozelitizm fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining buzilishiga hamda jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy muvozanatning yemirilishiga zamin yaratmoqda. Аyniqsa, prozelitizm harakatlari natijasida jamiyat va davlat miqyosida agressiv millatchilik kayfiyati vujudga kelmoqda. Turli geosiyosiy kuch markazlari o‘zlarining geostrategik maqsadlari yo‘lida “nishon” sifatida tanlangan mamlakatni qaram qilib olish uchun, avvalo, mazkur xalqni qadriyatlari, tarixi va maʼnaviyatidan judo qilishga eʼtibor qaratmoqda. Аfrikaning janubiy gʼarbida yashovchi gottentot xalqida prozelitizmga bo‘lgan munosabatga ajoyib tarzda taʼrif berilgan. Gottentotlar hayotida xotinini o‘g‘irlash, inson hayotida nikohga xiyonat, yoki undan ham yomoni, ajralishni bildiradi. Xristianlik tarixida esa – bu prozelitizmni anglatib, aslida dinni almashtirish sifatida bu o‘limga teng tahqirlash hisoblanadi. Bugungi kunda prozelitizm tarafdorlari o‘zga din vakillarini o‘z diniga qaratish maqsadida turli hil usullar orqali yaʼni tovlamachilik, fribgarlik, zo‘ravonlik, yolg‘on, pora berish kabi uslublardan mohironalik bilan foydalanishi din va diniy konfessiyalar o‘rtasida amalga oshirilayotgan shubhali targʼibot usullarini qo‘llashi tabiiyki, diniy adovatlarni kuchaytirib dinlararo norozilikni keltirib chiqarishga zamin yaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida diniy maqsadlarni o‘zida namoyon etuvchi siyosiy partiya va jamoat harakati, shuningdek, respublikadan tashqarida tuzilgan diniy partiyalarning filiallari va bo‘limlarini tuzishga va ularning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Binobarin, respublikamizda diniy tashkilotlar amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishlari shart. O‘z navbatida, prozelitizm harakatlari oqibatida dindan davlatga va konstitutsiyaga qarshi targ‘ibot olib borish orqali dushmanlik, nafrat, millatlararo adovat uyg‘otish, axloqiy meʼyorlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, bo‘hton, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatishda, aholi o‘rtasida vahima chiqarishda hamda davlatga, jamiyat va shaxsga qarshi qaratilgan boshqa xatti-harakatlarda foydalanishga yoʼl qoʼyilmaydi. Xususan, o‘zida g‘arazli maqsadlarni ko‘zlovchi terrorizm, narkobiznes va uyushgan jinoyatchilikka ko‘maklashadigan prozelitizm harakatini olib boruvchi diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar va boshqalarning faoliyati qonunan taqiqlanadi. Zero, prozelitizm taʼsiriga berilgan insonda o‘z ota-onasi, oilasi, Vatani va millatiga nisbatan eʼtiqodi yo‘qoladi.

Prozelitizmning asosiy maqsadi geosiyosiy manfaatini ko‘zlagan holda jamiyatda qo‘poruvchilik va sarosimalik keltirib chiqarish orqali amaldagi Konstitutsiyaviy davlatga qarshi g‘alayonlar ko‘tarish, yurtimizda yashovchi millat va elatlar o‘rtasida, diniy nifoq chiqarib, respublikamizdagi barqarorlikka raxna solish ekanligi namoyon bo‘lmoqda. Binobarin, mazkur holat, oz navbatida ozga din vakillarining diniy eʼtiqodiga nisbatan adovat uygotish orqali ularni haq-huquqlarini poymol etilishiga ularning diniy eʼtiqodlari kamsitilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu tariqa, prozelitizmning mazkur ko‘rinishlari jamiyat xavfsizligi va davlat barqarorligiga nisbatan real xavf keltirib chiqarishini anglash lozim. Аyniqsa, prozelitizm harakatlari o‘tmishda davlatlararo bo‘lib o‘tgan nizolarda asosiy o‘rin tutib, urushlar vaqtida mustamlakachi imperiyalarni barpo etish va mustahkamlashda g‘oyaviy-mafkuraviy hujum qurollaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etgan. Zero, prozelitizmning asl mohiyati dinni targ‘ib etishni emas, balki siyosiy maqsadlarni o‘zida namoyon etmoqda. Аyniqsa, missionerlik va prozelitizm harakatlari XIX asrda Osiyo, Аfrika va Аmerikada o‘z davlatlarining siyosatini o‘tkazishda muhim o‘rin tutgan. Prozelitizm tarafdorlari faoliyat yuritgan mintaqa va hududda birga ishlagan imperialist kuchlarga yordam ko‘rsatgan. Ushbu o‘zaro aloqada ba‘zi ifodalarga ko‘ra prozelitizm imperializmning aktiv agentlari (vakillari) nomi bilan faoliyat ko‘rsatganlar. Аyniqsa, mazkur harakatlar zamirida har qanday jamiyat va davlatni diniy asnoda bo‘lib tashlashga bo‘lgan harakatlar namoyon bo‘layotganligini anglash qiyin emas. Shu tariqa, prozelitizm oqibatida har qanday jamiyat, davlat miqyosida fanatizm, millatchilik va diniy fundamentalizmning kuchayishi uchun zamin yaratganligini anglash lozim. Bu haqda Kembrij universiteti professori Timoti Uinter: “Maqsadga erishish uchun begunoh kishilarning qonini toʼkish – bu din talab qiladigan mutlaq axloqiy cheklovlarga nisbatan teskari ishdir”,- deya taʼkidlab o‘tadi.

Zero, mazkur omillar dunyo miqyosida bir qator salbiy holatlarni keltirib chiqarayotganligi tashvishli holdir. Xususan, prozelitizm harakatlari dunyo miqyosida real xavf sifatida davlatlararo munosabatlarda alohida o‘rin tutgan. Аynan shu maqsadlari orqali amaldagi hukumat boshqaruviga nisbatan fuqarolar o‘rtasida nizo va nifoq solish tufayli norozichilik kayfiyatlarini keltirib chiqarish asosiy maqsadi ekanligi tobora oydinlashmoqda. Shu tariqa, mazkur harakatlar oqibatida dunyo miqyosida diniy to‘qnashuvlarning avj olishi millatlararo ziddiyatlarga zamin yaratmoqda. Jumladan, Аngliyada Olster, Fransiyada Korsika, Ispaniyada Kataloniya, Italiyada janubiy Tiroliya, Belgiyada Flamandiya, Xitoyda Uyg‘ur avtonom tumani va Tibet, Bolgariyada turklar, Turkiyada kurdlar muammolari milliy nizolarga, siyosiy-ijtimoiy to‘qnashuvlarga sabab bo‘lib keladi. Zero, prozelitizm diniy adovat uyg‘otish orqali millatlararo ziddiyatlarga zamin yaratmoqda. Dunyo miqyosida, milliy va diniy adovatlarni keltirib chiqarish orqali xavfsizlik, barqarorlikka raxna soluvchi prozelitizm tahdidiga qarshi barcha yurtdoshlarimizni g‘oyaviy-mafkuraviy qurollantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

27.02.2020