
Bugundan “Muzeylararo 90 kun” ma’naviy-ma’rifiy ekskursiyalar loyihasiga start berildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad – Vatanimiz tarixi, taraqqiyot odimlari, mustaqillik yillarida erishilgan natijalar, milliy o‘zlik, qadriyatlarimiz, yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida haqiqiy jasorat ko‘rsatgan fidoiy qahramonlarning xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli hayoti va faoliyatini keng targ‘ib qilish, bu orqali yoshlarni ona yurtga muhabbat, elga sadoqat va yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.
Mahalla faollari, yoshlar, o‘quvchilar, talabalar va pedagoglar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi, G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida bo‘lisharkan, milliy tariximiz, ulug‘ ajdodlarimiz merosi, yurtning qahramon o‘g‘lonlari xotirasi, mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar va keng ko‘lamli islohotlar haqidagi bilimlarini boyitdilar.
Ayniqsa, “Mustaqillik soatlari” ning aynan tarix va bugun uyg‘unlashgan ma’naviyat maskanlarida o‘tkazilayotgani ishtirokchilar qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.
90 kun davomida mazkur loyiha bilan qariyb 150 ming nafar fuqaro qamrab olinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 868 ta mahalladan 72 450 nafar mahalla aholisi, 61 400 nafar maktab o‘quvchilari, 1 250 nafar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, tyutorlari va talabalari hamda 6 000 nafarini kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari qamrab olinadi.


