
Globallashuv shiddati va axborot texnologiyalari hukmronligi insoniyatga beqiyos imkoniyatlar taqdim etish bilan birga, kutilmagan ma’naviy xatarlarni ham yetaklab kelmoqda. Insoniyat o‘z qo‘li bilan yaratgan texnologik vositalarning salbiy ta’siridan xavotirga tushayotgan hozirgi davrda milliy o‘zlikni va ajdodlar merosini asrash shunchaki o‘tmishga ehtirom emas, balki millat sifatida yashab qolishning bosh shartiga aylandi. Mazkur jarayonning asosiy mezoni bo‘lgan “Ma’naviy genofond” esa millat tili, tarixi va e’tiqodini birlashtiruvchi yaxlit tizim sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Demak, biologik genofond insonning jismoniy sog‘lomligini ta’minlasa, ma’naviy genofond esa uning shaxs sifatidagi qiyofasini va millatning dunyo xaritasidagi o‘rnini belgilaydi. Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, tarbiya − yo hayot, yo mamot masalasidir. Ushbu qimmatli o‘git XXI asrning raqamli olamida yangicha mazmun kasb etib, jamiyat oldiga strategik savolni qo‘ymoqda: axborot oqimi “filtrsiz” kirib kelayotgan bir sharoitda, yosh avlodda mafkuraviy immunitetni qanday shakllantirish lozim?
Bu savolga javob izlashda, eng avvalo, ijtimoiy tarmoqlar girdobiga tushgan bola shuurining himoyasizligiga ilmiy nuqtai nazardan e’tibor qaratish lozim. Zamonaviy tadqiqotlar o‘smirlarning bir sutkada o‘rtacha 5 soatdan 9 soatgacha vaqtini virtual olamda o‘tkazishini va bu jarayonda ularning ongiga 200 dan ortiq mafkuraviy xurujlar ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda. Achinarlisi, ota-onalarning atigi 15 foizi farzandi internetda aynan nima bilan band ekanini to‘liq anglaydi. Nazoratsiz virtual muloqot ta’sirida o‘smirlarda hayotdan qoniqmaslik va ruhiy tushkunlik hissining 35 foizga oshishi esa jamiyat uchun jiddiy signaldir.
Shuningdek, virtual tahdidlarga qarshi eng samarali qalqon − oiladagi “Raqamli gigiyena” va jonli muloqot uyg‘unligidir. Bu borada raqamli gigiyena shunchaki taqiq emas, balki axborotni saralash madaniyati bo‘lib, u kuniga atigi 15 daqiqalik samimiy suhbat orqali ham mustahkamlanishi mumkin. Ilmiy xulosalarga ko‘ra, ota-ona bilan yurakdan qilingan mana shu qisqa muloqot bolaning yot g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy chidamliligini 40 foizga oshiradi.
Shu bois, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar markazida turgan “Inson qadri uchun” tamoyili, avvalo, oiladan boshlanishi, “Oila − Maktab – Jamiyat” zanjiri esa mustahkam birlikka aylanishi shart. Bugungi oliy vazifamiz − yoshlarni nafaqat texnologiyani egallagan mutaxassis, balki ma’naviy genofondimizni asrovchi, o‘z ildizlariga sodiq va ichki qalqoni mustahkam komil insonlar qilib voyaga yetkazishdan iboratdir.
Tarixiy ibrat – milliy immunitet poydevori
Ma’naviy genofondni asrashda Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi o‘lmas o‘gitlari fundamental ahamiyatga ega. Mutafakkir qarashlariga ko‘ra, komil inson tarbiyasida oila va maktab mushtarakligi − millat uchun eng mustahkam mafkuraviy qalqondir. Farzand kamoloti o‘z-o‘zidan shakllanadigan jarayon emas, shu bois uni faqat ta’lim muassasalari zimmasiga yuklash kutilgan natijani bermaydi. Bu maqsad yo‘lida butun bir jamiyatning birdamligi va ma’naviy mas’uliyati talab etiladi.
Tarixiy vorislik zanjiriga nazar tashlasak, milliy tarbiya modelining yuksak namunalarini ko‘ramiz. Xususan, Imom Buxoriy volidasi farzandining kamoloti uchun nafaqat moddiy imkoniyatlarini sarflagan, balki uning har bir sabog‘ini onalik mehri va yuksak ziyraklik bilan kuzatib borgan. Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatida ham oilaviy muhit hal qiluvchi omil bo‘lgan. Amir Tarag‘ay o‘g‘lini yoshligidan ilm majlislariga olib borib, unda teran fikr va yuksak ma’naviyatni shaxsan shakllantirgan.
Bu an’anaviy mas’uliyat Zahiriddin Muhammad Bobur merosida ham yaqqol ko‘rinadi. Uning Humoyun Mirzoga yozgan maktubidagi: “Xatni majmalla (chigalli) yozasan... So‘nggida beparvolik qilma”, degan o‘giti shunchaki imloviy tanbeh emas, balki shaxsiy javobgarlik va mukammallikka intilishning oliy ifodasidir.
Bugungi shiddatli axborot asrida ajdodlarimizdan meros qolgan tarbiyadagi ziyraklik eng samarali mafkuraviy himoyaga aylanmoqda. Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ota-onasining e’tiborini his qilgan yoshlarda o‘zlikni anglash darajasi yuqori, tashqi salbiy ta’sirlarga beriluvchanlik esa sezilarli darajada past bo‘ladi. Demak, tarixiy tajribamiz − bugungi kunning eng qudratli himoya qalqonidir.
Milliy an’analarimizda tarbiyaning “ikkinchi darajali” jihatlari bo‘lmagan, farzandning mutolaasi va har bir qadami doimiy diqqat markazida turgan. “Virtual chegaralar” buzilgan bugungi davrda ushbu qadriyatni tiklash − millatning ma’naviy yuksakligi va jamiyat barqarorligini ta’minlovchi eng muhim manbadir.
Xaqiqiy “boy” ota-ona fazilati
Insoniyat tarixi va sharqona qadriyatlar shuni ko‘rsatadiki, oilaning haqiqiy qudrati uning iqtisodiy holati bilan emas, balki avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy vorislik ko‘lami bilan o‘lchanadi. Qadimgi Xitoy mutafakkiri Konfutsiy ta’limotining tamal toshi – “syao” (farzandlik ehtiromi) tamoyili aynan shu munosabatlarni tartibga soladi. Alloma ta’kidlaganidek, agar ota-onaning mas’uliyati faqat moddiy ta’minot bilan cheklansa, farzand ongida ota-ona shaxsi shunchaki “iqtisodiy resurs” sifatida muhrlanadi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan insoniy munosabatlarning ma’naviy ildizidan uzilishiga va oilaviy mehr o‘rnini manfaat ustuvorligi egallashiga olib keladi.
Haqiqiy “boy” ota-ona farzandiga moddiy meros emas, balki yuksak ma’naviy olamni in’om eta olgan insondir. Biroq bugun ko‘pchilik ota-onalar farzandiga “kitob o‘qi” deb turib, o‘zlari ijtimoiy tarmoqlar girdobidan chiqa olmayotgani achinarli holat. Pedagogikaning oltin qoidasi shundaki, bola sizning so‘zingizni emas, harakatingizni takrorlaydi. Binobarin, bolaning qo‘liga bemaqsad telefon tutkazish − uning fikrlash qobiliyatini cheklab, virtual “yo‘qlik” asiriga aylantirish demakdir.
Virtual tahdidlarga qarshi eng samarali qalqon − oiladagi “raqamli gigiyena” va jonli muloqot uyg‘unligidir. Raqamli gigiyena − shunchaki taqiq emas, balki axborotni saralash madaniyatidir. Ilmiy xulosalarga ko‘ra, kuniga atigi 15 daqiqalik samimiy suhbat bolaning yot g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy chidamliligini 40 foizga oshiradi. Jaloliddin Rumiy hazratlari aytganlaridek, “Qalb ozuqasi boshqa, tana ozuqasi boshqa”. Farzandning jismoniy ehtiyojlarini qondirish − tana ozuqasi bo‘lsa, uning qalbini ilm, odob va mehr bilan to‘ldirish − ruhiy-ma’naviy ozuqadir.
Hozirgi “alfa” avlodi uchun eng katta xavf aynan ma’naviy bo‘shliqdir. Neyrobiologlar ushbu holatni ikki gormon misolida asoslab beradilar: jonli muloqot natijasida ishlab chiqariladigan oksitotsin (ishonch gormoni) insonda xavfsizlik hissini shakllantirsa, virtual o‘yinlar ta’siridagi dofamin (vaqtinchalik lazzat gormoni) qaramlik va befarqlikni keltirib chiqaradi. Statistikaga ko‘ra, oilada mehr yetishmovchiligini his qilgan bolalarning virtual olam asiriga aylanish ehtimoli 4 barobarga yuqori bo‘ladi.
Binobarin, haqiqiy ma’naviy genofond himoyachisi farzandiga vaqtinchalik moddiy lazzat emas, balki gadjetlar bera olmaydigan jonli mehr va yuksak insoniy fazilatlar dunyosini taqdim etadi. Zero, ota-onaning shaxsiy namunasi har qanday virtual jozibadan kuchliroqdir
Uch asos mushtarakligi: Ta’lim, tarbiya va mas’uliyat
Xalqimizda “Ustoz − otangdek ulug‘” degan naql bejiz aytilmagan. Zero, maktab shunchaki bilim maskani emas, balki farzand shaxsiyati ijtimoiy muhit bilan ilk bor yuzma-yuz keladigan katta hayot maydonidir. Ijtimoiy psixologiyadagi “empatik muhit” nazariyasiga ko‘ra, oila va maktab o‘rtasidagi uzviylik bolada nafaqat akademik ko‘nikmalarni, balki kognitiv moslashuvchanlikni − o‘zgaruvchan vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qilish salohiyatini shakllantiradi. Tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjud muhitda ulg‘ayayotgan yoshlarning mafkuraviy tahdidlarni saralash va ularga nisbatan shaxsiy immunitetni namoyon etish ko‘rsatkichi 40 foizga yuqori bo‘ladi.
Bugungi yuksak texnologiyalar asri yoshlardan nafaqat intellektual salohiyat, balki mustahkam ma’naviy poydevorni ham talab etmoqda. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, tarbiya uch asos − badan, fikr va axloq muvozanatiga tayanishi lozim. Bu tamoyil zamonaviy pedagogikaning “shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim” konsepsiyasi bilan to‘liq hamohangdir. Zero, odob bilan bezatilmagan intellekt, ruhiy tarbiyadan mahrum quruq bilim insonning o‘zligini anglashiga xizmat qilolmaydi. Aslida, haqiqiy ma’rifat shunchaki formulalar to‘plami emas, balki qalbning ezgulik nuri bilan yo‘g‘rilishidir.
Maktab dargohidagi tarbiya jarayoni ota-ona va pedagogning maqsadlari mushtarak bo‘lgan taqdirdagina kutilgan samarani beradi. Shu ma’noda, “Kelajak soati”ning tashkil etilishi ota-onalarga farzandining iqtidori va qiziqishlarini bevosita kuzatish imkonini bermoqda. Bunday ochiq muloqotlar nafaqat ota-ona mas’uliyatini oshiradi, balki oiladagi tarbiyaviy muhitni ta’lim jarayoni bilan jipslashtiradi. Natijada bolaning ichki dunyosini yot ta’sirlardan asrovchi mustahkam ma’naviy qalqon vujudga keladi va o‘quvchining o‘z iqtidoriga mos kasbiy yo‘nalishni tanlashiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, bola tarbiyasiga loqaydlik − shunchaki shaxsiy xato emas, balki millat kelajagi oldidagi mas’uliyatsizlikdir. Abu Nasr Farobiy ta’kidlaganidek: “Tarbiya oqillikni vujudga keltiradi”. Axloqiy poydevori bo‘lmagan bilim − jilovlanmagan vayronkor kuch kabi xavflidir. Texnokratik ko‘nikmalar Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlashmas ekan, ta’lim o‘z hayotiy mohiyatini yo‘qotadi.
Ma’naviy genofondni asrash va jamiyat barqarorligini ta’minlash yo‘lida tarbiyadan tejalgan har bir soniya − boy berilgan butun bir istiqbol demakdir.
Sabohat JUMANIYOZOVA,
Respublika Maʼnaviyat va
maʼrifat markazi yetakchi
mutaxassisi