
Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Navro‘z haqida “Bu kun – farishtalar qadrlaydigan kundir, chunki shu kuni farishtalar yaratilgan. Bu kunni payg‘ambarlar ham qadrlaydi, chunki shu kuni quyosh yaratilgan. Bu kunni shohlar ham qadrlaydilar, chunki bu kun yilning birinchi kunidir” deydi va uning tarixi bir necha ming yillarga borib taqalishini bayon qiladi.
Darhaqiqat, ming yillardan buyon yashab kelayotgan Navro‘zning jozibasi, shukuhi dunyo miqyosida ham tan olinib, 2009 yil 30 sentyabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YuNYeSKO tomonidan Umumjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21 mart “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qilindi...
Prezidentimizning “2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini o‘qib, xayolimdan ana shu fikrlar o‘tdi. Bu yilgi bayram shodiyonalari muqaddas Ramazon hayitiga ulanib ketayotgani ham uning qadrini yana bir karra oshirmoqda. Inson manfaatlari, uning qadrini yuksaltirishga e’tibor haqli ravishda yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Dunyo chayqalib, Yer sharining turli burchaklarida kuzatilayotgan qurolli to‘qnashuvlar haqida eshitar ekansiz, yurtimizdagi tinchlikka beadad shukronalar aytamiz. Qaysidir bir yurtda kimdir kafansiz ko‘milayotgan paytda, biz to‘ylarga, bayramlarga deb yangidan-yangi liboslar tiktiryapmiz. Odamlar boshpanasiz qolayotgan bir paytda biz qo‘sha-qo‘sha uylar qurib, hovli to‘ylari o‘tkazyapmiz. Dasturxonlarimizning o‘ta to‘kinligidan isrofgarchilik bo‘lmasin deb, “Maromiylik” loyihalarini amalga oshiryapmiz. O‘zbekligimizdan, O‘zbekistonda yashayotganimizdan iftixor qilyapmiz. Erta tongdan shukrona aytib, yurtimizning tinchligini asrayotgan, oilalarimiz farovonligini ta’minlayotgan Yurtboshimizni, yurtdoshlarimizni duolar qilamiz. Tinchligimizga, bunyodkorligimizga ko‘z tegmasin deymiz!
Tinch va farovon yurtga bayramlar yarashadi deganlaridek, bugun xalqimiz Navro‘z va hayit ayyomlarini nishonlash taraddudida.
Bu yilgi umumxalq bayrami “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanadi. Asrlar davomida ardoqlab kelayotganimiz Navro‘zimizda xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analari, o‘zligi mujassam. U qadriyatlarimizning butun bo‘y-bastini ko‘rsatadi. Yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda, ma’naviyatini yuksaltirishda bu bayramning ahamiyati katta.
Yurtimizda bahor nafasi kezib yurgan shu kunlarda Qashqadaryo vohasining ham barcha hududlarida go‘zal va betakror ayyomga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Qadimdan mehr-oqibat, saxovat va muruvvat kabi insoniy fazilatlarni targ‘ib etib kelgan bayram tadbirlarini tashkil etishda bu yil ham aynan shu tamoyillarga alohida e’tibor qaratilyapti.
Avvalo, Navro‘zning asl mohiyati insonni qadrlash, jamiyatda hamjihatlik va mexr-muruvvat muhitini mustahkamlash g‘oyalarini amalda namoyon etadi. Shu munosabat bilan “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan insonlar holidan xabar olinib, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Har kuni savobtalab insonlar tomonidan kam ta’minlangan xonadonlarda iftorlik o‘tkazilmoqda.
Mehr-muruvvat, tinchlik va totuvlik ramzi bo‘lgan Navrӯz har bir oilada, mamlakatimizda umuminsoniy qadriyatlarni yuksaltirishga, shukronalik hissini oshirishga beqiyos hissa qo‘shishi bilan ham ardoqli. Zero, hazrat Navoiy aytganidek, “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsin Navro‘z”.
Komila KAROMOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator.