ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Matbuot xizmati›
  3. Maqolalar›
  4. RAQAMLI HASHAMAT TUZOG‘I: MA’NAVIYAT VA REALLIK TO‘QNASHUVI

RAQAMLI HASHAMAT TUZOG‘I: MA’NAVIYAT VA REALLIK TO‘QNASHUVI

RAQAMLI HASHAMAT TUZOG‘I: MA’NAVIYAT VA REALLIK TO‘QNASHUVI
18-mart, 2026

1788-yilda Fransiyada kuchli qurg‘oqchilik va do‘l yog‘ishi natijasida hosil nobud bo‘ladi. Non narxi keskin ko‘tarilib, oddiy xalq ocharchilikka yuz tutadi. Aynan shu og‘ir paytda qirolicha Mariya-Antuanetta va saroy a’yonlarining Versaldagi dabdabali hayoti haqidagi xabarlar (ko‘pincha varaqa va gazetalarda bo‘rttirib) tarqaladi. Odamlarda kuchli norozilik kayfiyati uyg‘onadi. Mazkur  inqilobda axborot (varaqalar) odamlarni ko‘chaga olib chiqqan bo‘lsa, bugungi “soxta hashamat” kontenti odamlarni o‘z ichiga (depressiyaga) qamaydi. Har ikki holatda ham media reallikni buzib ko‘rsatish orqali jamiyatning barqarorligiga daxl qiluvchi qarama qarshilikni yuzaga chiqardi. Bugungi ziddiyat ochlikdan ham kuchli, inson ongi-tafakkuri, ruhiyatini majruh qilmoqda.

Algoritmlar asiriga aylanayotgan umr(lar)

Globallashgan davrda “axborot xuruji” shunchaki so‘z emas, balki raqamlarda aks etayotgan xavfdir. Tadqiqotchilar kuzatuvlari va global tendensiyalarga tayansak, ayni paytda yoshlar kuniga o‘rtacha 4 soatdan 6 soatgacha vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda. Agar inson 60 yil yashasa va har kuni 5 soatni ijtimoiy tarmoqqa sarflasa, u hayotining qariyb 12 yilini virtual dunyoga bag‘ishlagan bo‘ladi. Bu vaqt davomida miya tinimsiz ravishda “muvaffaqiyatli hayot” manipulyatsiyasi ostida bo‘lib, tanqidiy fikrlash qobiliyatini so‘ndiradi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “layk”lar va cheksiz “skrol” (lentani varaqlash) miyaning mukofotlash markazini qo‘zg‘atadi. Garvard universiteti tadqiqotchilarining aniqlashicha, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish miyaning xuddi qimor o‘yinlari yoki narkotik moddalar ta’sirida qo‘zg‘aladigan qismlarini ishga tushiradi.

Miya doimiy ravishda tayyor, qisqa va vizual jozibador ma’lumotni qabul qilavergach, u “chaynamasdan to‘g‘ridan - to‘g‘ri yutish” rejimiga o‘tadi. Ya’ni, xabarni chuqur tahlil qilish susayadi. “Muvaffaqiyatli hayot” manipulyatsiyasi va tanqidiy fikrlashning so‘nishi qanchalik xavfli ekanligini 2016-yildagi Cambridge Analytica voqeasi butun dunyoga isbotladi. Unda millionlab foydalanuvchilarning psixologik portretlari (qiziqishlari, qo‘rquvlari, kognitiv zaifliklari) o‘rganilib, ularga individual tarzda “axborot xuruji”uyushtirilgan. Kuzatuvchilar  o‘zlarini erkin qaror qabul qilyapman deb o‘ylashdi, aslida esa ular algoritmlar tomonidan boshqarilgan edi. Bu voqea “Axborot xuruji” nafaqat shaxsiy depressiya, balki davlatlar taqdirini o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Jadidlar merosi: “Bizni kemiruvchi illatlar”ning zamonaviy shakli

XIX asr oxiri va XX asr boshida Turkiston chor Rossiyasi mustamlakasi ostida bo‘lgan bir paytda, xalq o‘zining oxirgi sarmoyasini dabdabali to‘ylarga sarflar edi. Jadidlar buni millatning kelajagini boy berish deb hisoblashgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining mashhur “Bizni kemiruvchi illatlar” (1915-yil) maqolasida to‘y va marosimlardagi isrofgarchilikni millatni ichidan yemiruvchi asosiy sabab deb ko‘rsatadi. Anglab turganimizdek, bugungi muammo bo‘lmasa-da tarixdan xulosa chiqarish o‘rniga yangi urflarni o‘ylab topayapmiz. Ijtimoiy tarmoqlar esa targ‘ibot vositasi sifatida xizmat qilmoqda. Havasga yetishishga urinib, qarzlar, kreditlar olinayotgan bo‘lsa, xasadda ongimiz va qalbimizni o‘ldiryapmiz. Jamiyatning eng nozik nuqtalari: oila va qadryatlarga dars ketmoqda.

Atrofimizdagi juda oddiy gaplar: odamlar shuncha pulni qayerdan olayapti-a? Biz ham o‘sha davlatlarni ko‘ramizmikin? Biroq shunchaki jo‘n bo‘lib ko‘ringan taajjublar tag zamirida kuzatuvchining ortida uning moddiy imkoniyatlari va oilaviy ahvoli turibdi. Ko‘plab yosh kelin-kuyovlar o‘z turmushini instagramdagi “ideal juftliklar” bilan solishtirib, turmush o‘rtog‘ining oddiy mehnati va topganini kamsita boshlaydi. “Falonchi xotiniga har kuni qimmatbaho narsalar sovg‘a qilar ekan” degan soxta andozalarga ergashib oila mustahkamligini yemira boshlaydi. Ma’naviy yaqinlik, qo‘llab quvvatlash, o‘zaro hamjihatlik o‘rniga vizual ko‘rinish (qayerda ovqatlanish, qanday kiyinish)ni afzal ko‘radi. Natija esa hammaga ma’lum. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kundagi ajrimlarning salmoqli qismi aynan “bir-birini tushunmaslik” deb ko‘rsatilsa-da, uning zamirida ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlar yaratgan “baland orzular” va real hayot o‘rtasidagi to‘qnashuv yotadi. Bu — zamonaviy axborot urushining eng ayanchli g‘alabasi: jamiyatni ichidan, oiladan turib parchalashdir.

Ma’rifatparvar jadidimiz Abdurauf Fitrat oilaning iqtisodiy asoslari mustahkam bo‘lishi kerakligini, qarzdorlik asosiga qurilgan dabdaba bu muqaddas qo‘rg‘onning halokatga yetaklashini ilmiy asoslab bergan. “Qarz olib to‘y qilmoq — o‘z oilasining poydevoriga o‘t qo‘ymoqdir.” Uning fikricha, kishi atrofdagilarning “nima deydi?” degan soxta mulohazasi uchun qarzga botsa, u nafaqat o‘zini, balki ayoli va farzandlarining ham kelajagini garovga qo‘yadi. Ijtimoy tarmoqlarda erining ayoliga avtomobil sovg‘a qilishi yoki farzandlarning otasiga ana shunday tuhva berish marosimlarining soxta holatlari juda ko‘p uchramoqda. Aslida ular bu dabdabani auditoriya yig‘ish, “layk” va izoh to‘plash, reklama beruvchilarni e’tiboriga tushish maqsadida uyushtirishmoqda. Kuzatuvchi esa unga havas qilib, real hayotida amalga oshirishga urinadi. Aslida hashamat nima? Mohiyati qanday edi?

Etimologik jihatdan “hashamat” — bu insonning o‘zini tutishi va ma’naviy andishasi, hayo (O‘zbek tilining izohli lug‘atida 53-sahifa. Vaqt o‘tishi bilan, ko‘p xizmatkor va katta jamoaga ega bo‘lish boylikning belgisi hisoblangani uchun, so‘zning ma’nosi vizual dabdabaga, ya’ni ko‘zga tashlanadigan boylik, qimmatbaho ashyolar va sipo ko‘rinishga ko‘chgan.) hisoblangan bo‘lsa, bugungi media-makon tushunchasida u andishasizlarcha boylik namoyishiga, riyoga aylanib qoldi. Ya’ni, so‘z o‘zining ichki ma’naviy mazmunini yo‘qotib, faqat tashqi - moddiy qobig‘ini saqlab qolgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ekranlaridagi dabdabali kontentlarni maroq bilan kuzatganlari sari ularga ana shunday mazmundagi materiallar kelishda davom etaveradi. Xavfning birinchi tomoni internetga mutelik bo‘lsa, ikkinchi tarafi jamiyatdagi maromiylikka salbiy ta’sir o‘tkazadi. Aniqroq qilib aytganda, hashmatning moddiyatiga: eng qimmat madeldagi telefon, eng so‘nggi rusumdagi avtomobil…ular ana shunday davom etadi. Natijada gedonistik (grekcha - rohat, lazzat ma’nosini anglatadi.) yugurish yo‘lagiga tushib qoladi. U qanchalik ko‘p yugurmasin, ya’ni ko‘p buyum sotib olmasin o‘z joyida turaveradi. Moddiyati o‘zgaradi, ma’naviyati emas.

Najot yo‘li: “Ma’naviy filtr” va raqamli detoks

Ushbu manipulyatsiya va xurujlardan himoyalanish uchun har birimiz “ma’naviy filtr”ni shakllantirishimiz zarur.

Raqamli detoks - haftada kamida bir kunni ijtimoiy tarmoqlarsiz o‘tkazib, diqqatimizni kitob mutolaasiga yoki yaqinlarimiz bilan jonli muloqotga qaratish eng yaxshi yo‘l.

Har qanday hashamatli syujetga ega kontentni ko‘rganda, o‘zimizga savol beraylik: “Bu reklama emasmi? Bu rasm ortida qanday real mehnat yoki yolg‘on turibdi?”.

O‘zimizni boshqalar bilan emas, kechagi o‘zimiz bilan solishtirishimiz sog‘ligimiz va rivojlanish garovidir.

Axborot xuruji — bu shunchaki tashqi tahdid emas, balki bizning har bir “skrol”imiz orqali ongimizga kirib borayotgan virusdir. Biz jadidlarning ogohlantirishlaridan xulosa chiqarib, dabdabani emas, ma’rifatni tanlashimiz shart. Shuni unutmaslik kerakki,  ijtimoiy tarmoqlar — hayotimizni yorituvchi chiroq ham, kuydiruvchi olov ham bo‘lishi mumkin. Tanlov esa algoritmlar qo‘lida emas, o‘z qo‘limizda. Haqiqiy baxt ekranda aks etmaydi, u qalbdagi qanoat va yaqinlar bilan o‘tkazilgan jonli daqiqalarda yashaydi.

Shohista YUNUSALIYEVA

Respublika Ma’naviyat va

 ma’rifat markazi xodimi