
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot konsepsiyasida tarixiy merosni chuqur o‘rganish, ilm-ma’rifatni rivojlantirish hamda yosh avlodni yuksak ma’naviy qadriyatlar asosida tarbiyalash masalalarining ustuvor ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqlaydi. Mazkur nutq nafaqat muhim madaniy-ma’rifiy maskanning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali bayonot, balki mamlakatimizda ilmiy tafakkur, tarixiy xotira va ma’naviy merosni uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan strategik g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan konseptual dastur sifatida e’tiborga molikdir.
Prezident nutqida O‘zbekiston hududi qadimdan turli sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgani, ayniqsa Buyuk ipak yo‘li davrida ilm-fan, madaniyat va ma’rifat rivojining muhim markazlaridan biri bo‘lgani alohida ta’kidlanadi. Haqiqatan ham, tarixiy manbalarda Markaziy Osiyo hududi nafaqat savdo yo‘llarining kesishgan nuqtasi, balki ilmiy tafakkur va madaniy taraqqiyotning yirik o‘chog‘i sifatida e’tirof etilgan. Ayniqsa, islom dini kirib kelganidan so‘ng bu hududda hadis, tafsir, kalom, fiqh, tasavvuf hamda tabiiy fanlar bo‘yicha yirik ilmiy maktablar shakllandi. Bu jarayonda mintaqadan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Jumladan, hadis ilmi taraqqiyotida Imom Buxoriy va Imom al-Termiziyning xizmatlari nihoyatda katta bo‘lsa, islom aqidaviy tafakkuri rivojida Abu Mansur al-Moturudiyning ilmiy merosi muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, aniq va tabiiy fanlar rivojida Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy hamda Ibn Sino kabi buyuk allomalar insoniyat tafakkurining rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.
Prezident nutqining markaziy g‘oyalaridan biri ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni tizimli ravishda tadqiq etish hamda jahon ilmiy hamjamiyatiga keng targ‘ib qilish zarurligidir. Bu borada Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi alohida ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga ega. Mazkur markaz o‘zida muzey, ilmiy tadqiqot maskani, qo‘lyozmalar fondi va zamonaviy ta’lim infratuzilmasini mujassam etgan yirik ilmiy majmua hisoblanadi. Markaz hududida “Islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallarining tashkil etilgani tarixiy taraqqiyot jarayonlarini yaxlit holda o‘rganish imkonini beradi. Bu esa milliy tarixni tizimli ravishda anglash hamda ajdodlar merosini ilmiy asosda tadqiq qilish uchun muhim ilmiy platforma yaratadi.
Shunıngdek, Qur’oni karimdagi “Iqra!” — ya’ni “O‘qi!” oyatining Markaz peshtoqiga muhrlanishi alohida ramziy va ma’rifiy mazmunga ega ekani ta’kidlanadi. Mazkur oyat islom sivilizatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan ilmga intilish, tafakkur qilish va ma’rifat orqali komillikka erishish g‘oyalarini ifodalaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy eksponatlar namoyish etiladigan madaniy maskan, balki ilm-fan, ta’lim va ma’rifatni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon bo‘ladi.
Prezident nutqida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ham muhim jihatlardan biridir. Unda Markaz yosh avlod uchun ma’naviy ilhom manbai bo‘lishi, yangi xorazmiylar, beruniylar, ulug‘beklar va ibn sinolar yetishib chiqishi uchun mustahkam ilmiy-ma’naviy muhit yaratishi zarurligi ta’kidlanadi. Bu fikr zamonaviy ta’lim tizimini tarixiy meros bilan uyg‘unlashtirish orqali intellektual salohiyatni rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari uchun Markazning ilmiy-amaliy ta’lim maskani sifatida xizmat qilishi yosh mutaxassislar tayyorlash jarayonida muhim o‘rin tutadi.
Xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tiladi. Markaz faoliyatida AYSЕSKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi nufuzli ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning jahon ilmiy makonida faol ishtirok etishga intilayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatimizni islom sivilizatsiyasi tarixini o‘rganish bo‘yicha yetakchi ilmiy markazlardan biriga aylantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident nutqi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelida ilm-fan, tarixiy xotira va ma’naviy qadriyatlarning uyg‘un rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim strategik qarashlarni o‘zida mujassam etadi. Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oyalarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqaruvchi ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, uni jahon miqyosida targ‘ib qilish hamda yosh avlodni ilm-ma’rifat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan mazkur markaz nafaqat milliy tarixiy merosni asrash va tadqiq etish maskani, balki kelajak avlod uchun ilmiy tafakkur va ma’naviy yuksalish maktabi bo‘lib xizmat qilishi bilan ham alohida ahamiyatga egadir.
Jaloliddin Yusubov
Falsafa fanlari doktori (DSc), professor v.b.,
“Ma’rifat” targibotchilar jamiyati a’zosi