ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  1. Bosh sahifa›
  2. Matbuot xizmati›
  3. Maqolalar›
  4. EKRAN ORTIDAGI MAXLUQLAR: MURG‘AK TAFAKKURINI KIM YOKI NIMA ZAHARLAYAPTI?

EKRAN ORTIDAGI MAXLUQLAR: MURG‘AK TAFAKKURINI KIM YOKI NIMA ZAHARLAYAPTI?

EKRAN ORTIDAGI MAXLUQLAR: MURG‘AK TAFAKKURINI KIM YOKI NIMA ZAHARLAYAPTI?
27-mart, 2026

— “Aya, maxluqlar bormi? Ular qora tuynukda yashirinib yotibdimi? Bizga hujum qiladimi?” 5-6 yoshli qizchamning tili biyron bo‘lib, olamni anglashga intilayotgan bir paytda, uning tasavvurini qo‘rquv va xavotir egallab oldi. Sababini uzoqdan qidirmadim. Ishdan qaytgach, “Aqlvoy” telekanalidagi manzaradan yoqa ushladim: ekranda vahshiy maxluqlar jangi, qo‘rqinchli mavjudotlar... Bolaning xohishiga qaramay, kanalni o‘zgartirishga majbur bo‘ldim. Ammo savol tug‘iladi: murg‘ak ongni zaharlayotgan bunday kontentlar qachongacha “bolalarbop” niqobi ostida uzatiladi? Biz bolamizni televizor qarshisiga shunchaki vaqt o‘tkazish uchun emas, ma’naviy ozuqa olishi uchun qoldiramiz. Biroq bugun ekranlar “tarbiya” emas, “vahm” ulashayotgan bo‘lsa, bunga jim qarab bo‘ladimi?

Bolalarni “elektron enaga” qo‘lidan oling

Sir emaski, bugungi kunda barchamizning xonadonimizda oila a’zosidek qadrdon bo‘lib qolgan, bolalarimiz hatto o‘zimizning sevimli ovunchimiz internet va televizor bor. Ovqatlanishni unutish mumkin hatto, lekin bu “dastyor”larni bir lahza yoddan chiqarmaymiz. Nima uchun “yordamchi”? Chunki, muhim ma’lumotlarni ham, bo‘sh vaqtimiz (ba’zan bo‘sh bo‘lmasligi kerak bo‘lgan vaqtimizni) ham internet va televizorda o‘tkazyapmiz.

Bugun smartfon va planshetlar go‘daklar uchun shunchaki o‘yinchoq emas, balki “elektron enaga”ga aylanib ulgurdi. Ko‘p ota-onalar farzandi bir zum tinchlanishi, injiqlik qilmay ovqatlanishi uchun sehrli tayoqchadek telefonni uning qo‘liga tutqazishadi. Ammo bu mitti barmoqlar ekran bo‘ylab yugurar ekan, rang-barang tasvirlar va sho‘x musiqalar ortida qanday “psixologik minalar” yashiringanini hamma ham anglayaptimi?

Zamonamizning ayrim multserialari shunchaki ko‘ngilochar vosita emas, balki bolaning hali shakllanmagan ruhiyatini parchalovchi, uning go‘zal dunyoqarashiga tushgan qora dog‘dir. Biz “shunchaki multfilm-ku” deb qarayotgan o‘sha kadrlar ortida bolaning fe’l-atvorini agressivlikka, qadriyatlarini esa tubanlikka yetaklovchi yashirin xavflar gupillab turibdi. Xo‘sh, biz farzandimizning kelajagini ekrandagi rangli yolg‘onlarga almashtirib yubormayapmizmi?

Masalan, “Aqlvoy” telekanalida namoyish etilayotgan “Miniforce X” (yoki      o‘zbekcha variantida “Minifors”) – bu janubiy koreyalik ijodkorlar tomonidan yaratilgan, hozirda bolalar orasida ommalashgan multserial. Yorqin, jozibador, bir qarashda hech qanday salbiy oqibatlari ko‘zga tashlanmayotgan bu multfilmning bolalar ruhiyatiga ta’siri borasida bir qancha jiddiy savollar tug‘iladi.

Multserialning  asosi — doimiy jang, portlashlar va dushmanni yo‘q qilishdan iborat. Undagi qahramonlar muammolarni muloqot yoki aql bilan emas, faqat “super-kuch” va qurol bilan hal qilinadi. Kichik tomoshabinlar esa o‘zini o‘sha qahramon deb hisoblaydi va bog‘chada yoki uyda o‘zaro munosabatlarda “kaltaklash”ni normal holat deb qabul qila boshlaydi. Kontentdagi yana bir salbiy xarakter bu —  multserial kadrlarining o‘ta tez almashishi, yorqin, yaltiroq ranglar va baland shovqinli effektlar bilan bezatilganidir. Bolaning hali shakllanmagan miyasi bunday tezlikdagi axborotni qayta ishlashga ulgurmaydi, biroq dofamin (huzurlanish gormoni) ajralishi keskin ortadi. Oqibatda bolalarda “ekranga qaramlik” paydo bo‘ladi. Multfilm tugagach, u injiq, asabiylashadi. Chunki  real hayot uning uchun zerikarli, ekrandagidek “shiddatli” emas. Yoki bo‘lmasa, multfilmda dushmanlar (o‘zga sayyoraliklar) ko‘pincha juda qo‘rqinchli va vahimali tasvirlanadi. Kichik yoshdagi bolalarda bu yashirin qo‘rquvlarni (tungi dahshatlar, yolg‘izlikdan qo‘rqish) uyg‘otishi mumkin. Ular xayoliy dushmanlardan himoyalanish uchun o‘zlarini doim “jangovar” holatda tutishga o‘rganib qolishadi.

Tabiiyki bolalarimiz turli urush va janglar asosiga qurilgan kontentlarni muntazam tomosha qilishi ularning “diydasini qotiradi”. Hayratlanish, ijobiy voqea hodisalardan zavqlanish tuyg`ulari sustlashadi. Natijada, shavqatsiz va johil bo‘lib ulg‘ayadi.

Bugungi texnologiya asrida bolalarimizning bo‘sh vaqti ko‘pincha turli jangari o‘yinlar, urush sahnalari va agressiv kontentlar bilan band. Tashqi qarashda bu shunchaki “o‘yin” bo‘lib tuyulsa-da, mutaxassislar bong urayotgan xavf ancha jiddiy: muntazam zo‘ravonlikni tomosha qilish bolaning hissiy olamini jarohatlaydi va uning “diydasini qotiradi”.

Jajji qalblarda sustlashayotgan hayrat

Psixologiyada “desensitizatsiya” hissiy karaxtlik tushunchasi mavjud bo‘lib, u insonning takrorlanuvchi og‘riq yoki qo‘rqinchli sahnalarga nisbatan sezgirligini yo‘qotishini anglatadi. Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi (APA) tadqiqotlariga ko‘ra, ekranda muntazam janjalli sahnalarni ko‘rgan bola vaqt o‘tishi bilan real hayotdagi azobga ham befarq bo‘lib qoladi. Mutaxasislarning fikriga ko‘ra, bola ongida zo‘ravonlik “norma” sifatida shakllanadi. Natijada, u boshqa bir insonning og‘rig‘ini his qilish (empatiya) qobiliyatidan mahrum bo‘ladi.

Kommunikatsiya nazariyotchisi Djorg Gerbner tomonidan fanga kiritilgan “yovuz dunyo” sindromga ko‘ra, jangari kontentlar ta’sirida o‘sgan bolalar atrof-muhitni o‘ta xavfli deb tasavvur qiladilar. Bu ularda doimiy xavfsirash va o‘zini himoya qilish maqsadida atrofdagilarga nisbatan asossiz tajovuzkorlikni (agressiyani) keltirib chiqaradi. Bu deganiki, bolalar bosiqlik bilan, tushuntirish bilan emas, balki zarba berish, urish bilan himoyalanishni afzal ko‘ra boshlaydilar.

Bu jarayon bugungi hodisa emas, biz allaqachon “yovuz dunyo” sindromiga guvoh bo‘lyapmiz. Ildizini farqlamayapmiz, xolos. Masalan, yaqinda maktabning yuqori sinf o‘quvchisini bir necha o‘smirlar tomonidan vahshiylarcha pichoqlab ketish voqeasi butun jamiyatni larzaga soldi. Yuqorida “vahshiy” so‘zi bejiz qo‘llanmadi. Bu nisbatni berilishining o‘zi insoniyat fojeasi emasmi?! O‘z o‘zidan, shunchaki “issiq jonga” pichoq suqish uchun insonda qanday “kuch” bo‘lishi kerak?

Tasavvur qiling-a, holatni video formatda ko‘rganda insonning qanchalik “eti jimirlaydi”.

Ma’lumki, miyadagi neyrobiologik jarayonlar kuchli hayajon va “adrenalin”ga o‘rganib qoladi. Urush sahnalaridagi shiddatli harakatlar bolaning miyasini doimiy zo‘riqishda ushlaydi. Bu esa oddiy tabiat go‘zalligidan zavqlanish, kichik muvaffaqiyatdan quvonish kabi nozik va ijobiy tuyg‘ularning sustlashishiga olib keladi.

Mitti nigohlar faqat go‘zallikni ko‘rsin…

Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Bu maqol bola faqat ota-onaning tarbiyasini namoyon qiladi, deyish bilan cheklamaydi. Balki bajarilgan ishning ko‘rilganligini ifoda etadi. Mashhur psixolog Albert Banduraning ijtimoiy o‘rganish nazariyasi shuni isbotladiki, bolalar kattalarning yoki ekrandagi qahramonlarning harakatlarini shunchaki kuzatmaydilar, balki ularni o‘zlashtiradilar. Agar qahramon muammoni faqat kuch va qurol bilan hal qilsa, bola hayotiy ziddiyatlarda ham aynan shu “model”ni qo‘llaydi.

Sharq mutafakkirlari ta’limotida inson qalbi ko‘zguga o‘xshatiladi. Agar u doimiy ravishda zulm va g‘uborli (shafqatsiz) tasvirlarga ro‘baro‘ qilinsa, ko‘zgu xiralashadi va haqiqiy go‘zallikni aks ettira olmay qoladi. Abu Ali ibn Sino ta’kidlaganidek, ruhni oziqlantiradigan narsa – bu nafosatdir. Bugungi virtual urushlar esa bolalarimizning ana shu “ruhiy ko‘zgusi”ni sindirmoqda, ularni hayratlanish va rahm qilishdek oliy insoniy tuyg‘ulardan mahrum etmoqda.

Ibn Sino o‘zining “Kitob ash-shifo” va pedagogik qarashlarida bolaning xulqi u ko‘rayotgan va eshitayotgan narsalardan shakllanishini ta’kidlagan. Bolaga yoshligidan faqat shafqatsizlik yoki qo‘rqinchli hikoyalar berilsa, uning tabiatida “g‘azab olovi” ustun kelishini aytgan. Uning tavsiyasiga ko‘ra, bolaning emotsional muvozanatini saqlash uchun unga chiroyli ohanglar (musiqa), nafis san’at va qahramonlikning shafqatsiz emas, balki adolatli tomonlarini ko‘rsatish lozim.

So‘z mulkining sultoni Navoiy uchun dunyoni anglash hayratdan boshlanadi. Agar bola urush sahnalarini ko‘rib, o‘lim va azobga o‘rganib qolsa, undagi “hayrat” o‘ladi. Hayrati o‘lgan inson esa shunchaki “tirik jonzot”ga aylanadi. Shuningdek, komil inson obrazi – chumoliga ham ozor bermaydigan, rahm-shafqatni oliy qahramonlik deb biladigan shaxsdir. Urush o‘yinlari esa buni teskarisini – ozor berishdan lazzatlanishni o‘rgatadi.

Kaykovusning “Qobusnoma” sida esa, ota-onalarga farzandini “yomon suhbatdosh” (bugungi kunda bu – yomon kontent) va “badxulq davra”dan uzoq tutishni buyuradi. Uning fikricha, bola nimanidir ko‘p ko‘rsa, uning tabiati o‘shanga moyil bo‘lib qoladi.

Taqiqlamang, muqobilini toping

Bolani televizordan uzoqlashtirish — bu uni hayotga qaytarish demakdir. Virtual dunyoda yuz minglab “dushman”ni o‘ldirgan bola qahramon emas, balki qalbini yo‘qotgan qurbondir. Haqiqiy qahramonlik — tirik hayotda daraxt ekish, kitob o‘qish va ojizga mehribonlik qilishdir. Xo‘sh, bo‘lajak barkamol, komil insonni qanday tarbilayalash kerak?

Muammoni faqat taqiqlash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ota-ona sifatida destruktiv kontent o‘rniga konstruktiv (bunyodkor) muhit yaratish vaqti keldi.

Bolaning ekran oldidagi vaqtini qiziqarli sport to‘garaklari yoki kitob mutolaasi bilan to‘ldirish kerak.

Uyda “ekransiz hududlar” (oshxona, yotoqxona) va “ekransiz vaqt” (kechki ovqat payti) qoidalarini joriy etish sog‘lom ovqatlanish bilan birga fikriy barkamollikka ham yetaklaydi.  Bolalar bizning nasihatimizni emas, harakatimizni takrorlaydi. Qo‘lidan kitob tushmaydigan ota-onaning farzandida ekranga qaramlik deyarli kuzatilmaydi.

Bolani televizor yoki telefondan uzoqlashtirish — bu uni hayotga, tuyg‘ularga va jamiyatga qaytarish demakdir. Virtual dunyoda minglab raqibni yenggan bola emas, balki real hayotda daraxt ekayotgan, kitob o‘qiyotgan va ojizlarga mehr ko‘rsatayotgan bola haqiqiy qahramondir. Zero, kelajakni shafqatsiz “jangchilar” emas, balki rahm-shafqatli va hayratlanishni biladigan bunyodkor avlod quradi.

Shohista YUNUSALIYEVA,

Respublika Ma’naviyat va

ma’rifat markazi mutaxassisi

Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie