ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. VIJDON – BIRLAMCHI!

VIJDON – BIRLAMCHI!

VIJDON – BIRLAMCHI!
14-may, 2024

Milliy serialchilik haqida ayrim mulohazalarKeyingi yillarda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda seriallarning saviyasi xususida ko‘p va xo‘b yozildi. Ular bir joyga jamlansa, katta seriallarga ssenariy bo‘lgulik, bo‘y baravar bitiklar hosil bo‘lsa ajab emas. Ammo aksariyat tanqidlar amaliy takliflardan xoli bo‘lgani vajidanmi yoki ularda vazmin tafakkurdan ko‘ra ehtirosu hayajonning toshi og‘irroq kelgani sababmi, ishqilib, jabhada o‘zga­rish ro‘y berishi, “muz ko‘chishi” qiyin kechayotir. Bugun milliy serialchilikni rivoj­lantirish masalasi yana kun tartibiga qaytdi. “Chin so‘z – moʻtabar, yaxshi so‘z – muxtasar”, deydi hazrat Alisher Na­voiy. Ammo millat ma’naviyati va ma’rifatida taqdirulamal ahamiyat kasb etgan ushbu mavzu do‘ppini bir chetga qo‘yib, batafsilroq mulohaza yuritishni taqozo etadi. Dunyoda serial shunchaki ermak, tomosha, vaqtni o‘tkazish vositasi emas, balki kuchli mafkuraviy qurolga aylangan. Media olami shunchalik qudratga ega bo‘lib boryaptiki, biror bir mediamahsulotning ommalashuvi, yetti iqlim­ga tarqalishi uchun gohida ko‘z ochib yumgunchalik fursat kifoya qilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarning videosi fonida foydalanuvchiga o‘z lavhasini tayyorlashiga imkoniyat beruvchi algoritm son-sanoqsiz videomahsulotlarning paydo bo‘lishiga olib kelyapti. Media orqali dunyo ahlining yurak urishiga qadar nazorat qilish, zamonaviy tilda aytganda, trendlar orqali omma ongini manipulyatsiya etish mumkin bo‘lib qoldi. Yashin tezligida, xuddi virusday tarqaladigan “chellenj”­larga yoshlar tugul, katta avlodning ham ko‘zi o‘rgandi. Dunyo ahli qisqa videolar – vaynlarga mukkasidan ketgan bo‘lsa-da, seriallar ham ommabop, ularga qiziqish susaygani yo‘q. “O‘zgarishlar shamoli esganda nodon kimsa devor quradi, oqil inson esa tegirmon barpo etadi”, deydi xitoy­liklar. Biz ham o‘zgarishlar sha­moli­dan oqilona foydalanmog‘imiz lozim. Bizning jamiyatda ham seriallarga bo‘lgan talab aslo kamaygani yo‘q. Har bir oilada ertalabki yoki kechki taom vaqtida serial tomosha qilish odat tusiga kirgan. Garchi smartfonlar navqiron avlodni televizordan uzoqlashtirayotgan bo‘lsa-da, serialsevarlar safi u qadar siyraklashgani yo‘q. Afsuski, mana shunday sharoitda milliy serial­larimizning saviyasi maqtagulik emas. Muh­taram Prezidentimiz Ma’naviyat va ma’rifat kengashi­ning o‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida bu borada o‘z xavotirlari­ni bildirdi. Davlatimiz rahbari milliy seriallarni ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ijodkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash kabi choralar milliy serialla­ri­mizni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali, hamma qiziqib ko‘radigan darajaga yetkazishga ko‘mak berishini qayd etdi. Shu maqsadda Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Seriallar sifati borasidagi muammolardan xabardor soha mutaxassislari bu haqda ko‘pdan buyon bong urib keladi. Men ham bir muddat ushbu sohada ishlaganim bois ularning dard-u hasratini yaxshi tushunaman. Sifatli tasvir xamir­dan qil sug‘urgandek osongina paydo bo‘lmaydi. Ayniqsa, bugungi zamonda bir daqiqalik media­mahsulot yaratish uchun falon pul ketishi sir emas. “Yangamning oshini shirin qilgan akam­ning masallig‘i bo‘ladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Tan olish lozimki, hozirgi vaziyatda sifatli seriallar uchun aksar telekanallarning “cho‘ntagi”da yetarli mablag‘ mavjud emas. Demak, bu muammoni yechish uchun katta byudjetga ega bo‘lish va aniq bir mexanizmni joriy etish kerak. Mablag‘ masalasini-ku hal qilsa bo‘lar, ammo pul topilgan taqdirda ham yangi ijodiy qon zarur bo‘ladi. Chunki ayni paytda serial ishlayotgan ijodkorlar yangi davrga hamqadam va hamnafas bo‘lmoq uchun ko‘p izlanishi, talay dovonlardan oshishi talab etiladi.   Xorij seriallari xususida gap ketganda ayrim ziyolilarimiz ulardan butunlay voz kechishni taklif etadi. Ammo bu keskin qadam qanchalik to‘g‘ri? Xorij seriallarining barchasi ham ma’naviy-axloqiy mezonlarimizga zidmi? Nazarimda, sifat bosqichiga chiqqunimizga qadar xalqimiz mentalitetiga mos keladigan, syujeti va g‘oyasida buzuqlik bo‘lmagan sara seriallarni tarjima qi­lish va efirga berishga e’tibor qaratishimiz lozim. Chunki ilm-fan kabi san’at sohasida ham mahdudlik hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. Xorijiy seriallarni televideniye efiridan olib tashlash maqbul yechim emasligini yaqin vaqtlarda internet platformalarida shuhrat qozongan “Qog‘oz uy”, “Kalmar o‘yini”, “Uensdey”, “Yigit so‘zi” kabi veb-seriallar ko‘rsatib berdi. Serialga badiiy kino, “art haus” mezonlariga ko‘ra yondashish to‘g‘ri emas. Chunki janr talabiga ko‘ra, serialning asosiy vazifasi baribir tomoshabinning vaqtini unumli o‘tkazish, uning ko‘nglini chog‘ ­etish, mazmunli istirohat tuhfa qilishdan iboratdir. Serial ko‘rish – xalqimizning sevimli mashg‘u­lot­laridan. O‘zbekistonga dastlab o‘tgan asrning 90-yillarida Lotin Amerikasi seriallari “import” qilina boshlagan. O‘sha yillari televideniye orqali efirga uzatilgan “Morena Klara” mamlakatimizda eng ommalashgan dastlabki seriallardan biri bo‘ldi. Keyinchalik “Esmeralda”, “Gvadelupe” ko‘pchilikning xayolini “o‘g‘irladi”. Meksika serial­lari hamisha dunyo bo‘yicha yuqori reytingda turgan. Tegirmon navbati bilan deganlaridek, keyinchalik koreys seriallari o‘zbek telekanallari­ni zabt etdi. Dastlab zamonaviy, ishq-muhabbat mojarolariga bag‘ishlangan “Qish sonatasi”, “Qalbim chechagi”, “Yoz ifori”, “Kuz ertagi” kabi kinomahsulotlar namo­yish qilingan bo‘lsa, keyin “Saroy javohiri”, “Dengiz hukmdori”, “Jumong” kabi tarixiy mavzudagi seriallar tilga tushdi. Shundan so‘ng efirlarimizda turk seriallari paydo bo‘ldi. Bular ham dastlab anchayin maishiy mavzudagi kartinalar edi. “Qashqirlar makoni” esa mislsiz darajada katta qiziqish bilan ko‘rildi. Yaqin-yaqingacha ham xususiy telekanallarda asosan turk seriallari namoyish etilardi. Ammo internetning keng quloch yozgani bois so‘nggi yillarda namoyish etilayotgan seriallarning hech biri avvalgilaridek ommalashgani yo‘q. Chunki kinomahsulot ko‘p, ko‘raman degan mardumga platforma ham, serial ham bisyor. Bundan o‘n-o‘n besh yil oldin serial uchun asosiy platforma televideniye hisoblanardi. Bugun esa buning uchun alohida platformalar yaratilgan. Birgina “YouTube” tarmog‘iga yuzlab o‘zbek seriallari joylangan. Keyingi vaqtlarda veb-seriallar ommalashib borayotgani ham bu boradagi tenden­siyalarning o‘zgarayotganidan darak beradi. Bugun 15-20 daqiqaga mo‘ljallangan 10 qism atrofida ishlanayotgan veb-seriallar butun dunyoda eng xaridorgir va tomoshabop bo‘lib turibdi. O‘zbekistonda ham veb-seriallar ishlanyapti, ammo ularning aksari hozircha havaskorlik darajasida. Bu format kinoga ancha yaqin bo‘lgani, ijodkorlar uchun tasvirga olish nisbatan kamxarjroq ekani, tomoshabin uchun esa ko‘rishga ko‘p vaqt talab etmasligi kabi omillar sababli tez ommalashmoqda. Demak, Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasida ham veb-seriallarga alohida o‘rin ajratish maqsadga muvofiqdir. San’at va sanoat chegaralari qorishib ketgan bir davrda dunyodagi qator davlatlar serial ortidan kattagina daromad ko‘rayotir. Ulardan biri – Turkiya. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, hozirda Turkiya teleseriallar eksporti bo‘yicha Janubiy Koreya, Meksika, Braziliya kabi “eski gvardiya”chilarni ortda qoldirib, AQSh va Buyuk Britaniyadan keyin uchinchi o‘rinni egallagan. Hammasi 2011-yilda suratga olingan “Muh­ta­sham yuz yil” serialidan bosh­langan. Tarixiy mavzudagi kartina nafaqat dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinga ega bo‘ldi, balki boshqa turk seriallariga ham yo‘l ochib berdi. Tahlillarga ko‘ra, 2022-yilda Turkiya milliy seriallar eks­portidan 600 million dollar foyda ko‘rgan. Bu ko‘rsatkich tez orada milliard dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. Ispaniya, Saudiya Arabistoni va Misr 2023-yilda turk seriallarining eng yirik “importchi”lariga aylangan. Turkiyada serialning bir qismini suratga olish uchun o‘rtacha 200 ming dollar sarflanarkan. Liboslar, pardoz-andoz, dekoratsiya binoyidek. Asosiysi, aktyorlar o‘z ishiga vijdonan yondashadi, bir necha oy davomida rolga hozirlik ko‘radi, chin dildan, chuqur iztirob va teran mas’uliyat bilan o‘ynaydi. Siz ularga ishonasiz va hamdardlik tuyasiz. Voqealarning qanday rivojlanib borishini oldindan anglashga harakat qilasiz. Ssenariy mualliflari, rejissyorlar va operatorlar chet elga sayohat qilish, Gʻarb mutaxassislari tajribasini o‘rganish uchun mablag‘ni ham, vaqtini ham ayamaydi. Shu bois Turkiya garchi to‘liq metrajli kinematografiyada ulkan muvaffaqiyat qozona olmagan bo‘lsa-da, serialchilik borasida dunyoda o‘z o‘rnini topa bildi. Deylik, Rossiyada yuqori sifatga ega bo‘lgan seriallar odatda 8-16 qismdan iborat bo‘ladi, 300-350 qismlilari Pushkin vatanida aytarli qiziqish uyg‘otmaydi. Turkiyada esa unday emas: turk tomoshabini 15 qismli seriallarni xushlamas ekan. Yunus Emro yurtida 40-60 qismli seriallarning bozori chaqqon ekani barcha Sharq xalqlariga xos “Ming bir kecha” kabi uzun sarguzashtlarga o‘chlik bilan izohlansa, ajab emas. Turk kinoijodkorlari adaptat­siyani ham mohirona o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Dastavval, o‘zlarining mumtoz asarlari, mashhur xorijiy seriallarni qayta tiklashdi. Bunda ma’lum bir qonun-qoidalarga rioya etiladi, albatta. Masalan, asl voqelik serialning o‘rtalarida tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgaradi. Biz hamma muammoning sababi-yu yechimi pulda deb bilamiz. Vaholanki, ma’naviyat va madaniyat sohasida, eng avvalo, vijdon birinchi o‘rinda turmog‘i darkor. Negaki, vijdonli odamgina xalq ma’naviyati, millatning ertangi kelajagi uchun qayg‘uradi. Rejissyor Jahongir Qosimovning “Dev va pakana” filmida rahmatli Obid Asomov Polvonga qarata: “Bular dunyoni pul bilan o‘lchaydi, somsa bilan o‘lchaydi”, deb ta’na qiladi. Albatta, tadbirkor zoti foydani ko‘zlaydi. Kino sohasiga pul tikadigan sarmoyadorlar ham birini o‘n, o‘nini yuz qilmoqni o‘ylashi tabiiy. Savdoni chaqqon qiladigan asosiy omil – reyting. Asl maqsad manfaat bo‘lgani vajidan reyting ortidan quvish, ommaga xush keladigan g‘ozi yengil mavzular atrofida o‘ralashish holati ko‘p uchrayapti. Aslida, ma’naviyat va madaniyat mahsullari­ni reytingga qarab saralash maqbul ish emas. Muqoyasa uchun futbol va shaxmatni olaylik. Ikkalasi ham sport turi. Ammo kontingent yig‘ish borasida shaxmat futbolga teng keladimi? Holbuki, shaxmat millat tafakkuri darajasini ko‘rsatadi-ku! Reyting, pul va jamiyatning kelajagi... Xo‘sh, qay birini tanlash kerak? Hamma narsani reytingga taqayverib, millatning kelajagini boy berib qo‘ymaymizmi?.. Shu o‘rinda ikki og‘iz izoh. Mulohazalarimiz reyting usulidan butkul voz kechish ma’nosida talqin etilmasin. Masalan, xorijiy seriallarni tanlashda uning mavzusi, auditoriyaning qiziqishini hisobga olgan holda, bolalarbop, oilaviy, tarixiy, tarbiyaviy kabi har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida reyting tizimi joriy etilishi zarur. Soha mutaxassislarining fig‘oni falakka chiqishi bejiz emas. Ular bilan suhbatlashsangiz, milliy seriallar borasida aniq aybdor yo‘q degan to‘xtamga kelasiz. Chunki hamma aybni bir-biriga to‘nkaydi. Ammo milliy seriallar konsepsiyasini tuzish masalasiga davlat rahbari darajasida e’ti­bor qaratilgani vaziyatning nechog‘li murakkab ekanidan dalolat beradi. Sir emas, aksar seriallarimizda asosiy rakurs maishiy mavzularga qaratiladi. Mavzular ham yakrang. Men bir tomoshabin sifatida harbiylar, shifokorlar, ishlab chiqarish vakillari, fermerlar, o‘qituvchilar hayotidan naql qiluvchi qiziqarli seriallar ko‘rgim keladi. Shunga ko‘ra, mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha reyting mezonini ishlab chiqish kerak, deb hisoblayman. Reyting­ni belgilash­da shifokorlar haqidagi serialni 100 ming odam ko‘rganini sevgi-muhabbat haqi­dagi serial 800 ming marta tomosha qilinga­ni­ga teng deb hisoblansa ma’qul bo‘ladi, naza­rimda. Ya’ni, ko‘rimlilik borasida badiiylik, mavzu va g‘oya ­inobatga olinishi adolatdan bo‘ladi. ­Badiiy kengash­larning faoliyat olib borgani foydali, ammo kengash a’zolarining mas’uliyati ham moliya­­viy masalalarga borib taqaladi. Jamoatchilik asosida ishlash, a’zolarni mas’ul idoralardan belgilash, arzimagan choychaqa evaziga tog‘day mas’uli­yatni Badiiy kengash zimmasiga yuklash kabi amaliyot o‘zini oqlamayapti. Bu borada ham aniq tizim ishlab chiqish barobarida seriallar mavzusini kengashlararo muvofiqlashtirish ham kerak bo‘ladi. Bir paytlar “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Shayta­nat” kabi seriallarimiz xalqimiz tomonidan suyib tomosha qilingan. Keyinchalik efirga berilgan “Qay­tar dunyo”, “Tutash taqdirlar”, “Opa-singillar”, “Hayot jilg‘alari”, “Mehmonjonlardan aylanay” seriallari ham badiiy saviya, mazmun va g‘oya jihatidan ancha bama’ni edi. Bugun esa ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshash, mavzusi va g‘oyasi bo‘sh, real hayotdan uzoq, zo‘rma-zo‘raki sahnalarga boy seriallar ko‘paygani kishini o‘ylantiradi. Birinchidan, milliy seriallar uchun yetarli byudjet va mavzular rang-barangligi masalasini hal qilish lozim. Chunki tomoshabin serialdagi syujetdan tashqari undagi muj­­da – “messej”larni o‘zi bilmagan holda ongostida saqlab oladi. Bunda o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lgan ijodkorlar jamoasini yig‘ish va ularni badastir shart-sharoit bilan ta’minlash zarur. Eski naqlga muvofiq, chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ygani, ssenariylarni yozishga professional yozuvchi va dramaturglar jalb etilgani ma’qul. Ikkinchidan, maqola avvalida ta’kidlaganimizdek, xalqimiz mentalitetiga uyg‘un, yuksak badiiy saviya va mazmunga ega xorijiy seriallarni saralash kerak. Chunki ayni paytda telekanallarning efir vaqtini milliy seriallar bilan to‘ldirish imkonsiz. Xorijiy seriallarni efirga berish orqali esa tomoshabinga sifatli kontent tuhfa etish vazifasi birmuncha osonlashadi. Uchinchidan, serialchilikka iste’dodli yoshlarni jalb qilish, jumladan, veb-seriallar ishlashga kengroq imkoniyat yaratish lozim. Bu orqali internet platformalarini ham sifatli milliy kontent bilan boyi­tish mumkin. Istaymizmi, yo‘qmi, za­mon bilan hamnafas bo‘lish ko‘p jabhalarda yutqiziqlarning oldini oladi. Shuningdek, seriallarning g‘oyasi va ssenariy­si uchun kreativ yondashuv, ilg‘or ijodkorona yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Rag‘bat bo‘lmagan joyda ijodiy izlanish bo‘lmaydi. Ijodkor­lardan esa yuksak mas’uliyat bilan birga fidoyilik ham talab etiladi. Shundagina xalqimizga sifatli milliy kontent taqdim etish masalasida olg‘a qadam tashlagan bo‘lamiz. 

Olimjon DAVLATOV

 “Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar