
Yaqinda qirg‘izlarning “Jannat onalar oyog‘i ostida” badiiy filmi o‘g‘rincha telegram kanallarida tarqatilishiga qarshi keng jamoatchilik o‘rinli tarzda e’tiroz bildirdi. Mualliflik huquqi himoya qilinishi kerak.
Ammo Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlariga kelganda nima uchundir merosxo‘rlarining haqli e’tiroziga qarshi borildi va “Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlari xalq mulki bo‘lishi kerak”, deya fikrlar bildirildi.
O‘zbekistonda “Mualliflik huquqlari” degan tushuncha keng targ‘ib qilinishi kerak. Mualliflik huquqlari haqida tushunchaga ega bo‘lmay turib fikr bildirish o‘rinsiz deb o‘ylayman.
Oddiy misol, qozoq kinochilari “Temir xotin”ning qozoqcha variantini suratga olishmoqchi bo‘lib, Toshkentga – Yozuvchilar uyushmasiga kelishgan, u yerdan adibning manzilini olib, oilasidan ruxsat so‘rashgan. Mana buni mualliflik huquqlariga hurmat ko‘rsatish deyiladi.
Deylik, ulug‘ adiblarimizning kitoblari nashr qilinadigan bo‘lsa, albatta, ularning merosxo‘rlaridan ruxsat olinishi va ularga gonorar to‘lanishi shart. Xuddi shunday, ulug‘ san’atkorlarning (deylik, Sherali Jo‘rayev, Komiljon Otaniyozov, Nuriddin Haydarov, Oxunjon Madaliyev, Muhriddin Xoliqov va boshqalar) qo‘shiqlari – xalq mulki, ammo merosxo‘rlari tirik. Ulardan ruxsat olish shart. (Ruxsat olish uchun ma’lum miqdorda haq to‘lanadi. To‘ylarga falon dollarga boradigan xonanda-yu, otarchilar uchun bu arzimas pulligini 1-sinf o‘quvchisi ham biladi).
Ha, aytmoqchi, O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga kirishi shartlaridan eng asosiylaridan biri aynan mualliflik huquqlariga rioya etish hisoblanadi.
Aytmoqchimanki, “qo‘shiqlarga qorovul” iborasiga kinoyasiz yondashish kerak.
Yana bir gap. Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlari – boshqa san’atkorlar tomonidan aytilsa ham, aytilmasa ham umrboqiy qo‘shiqlar. Hozirgi voqealar o‘tkinchi, Sherali Jo‘rayev ulug‘ san’atkor sifatida o‘zbek san’ati osmonida yulduz emas, quyosh bo‘lib qoladi.
Gapiraman desa gap ko‘p. Hozir tirik yurgan ayrim ulug‘ san’atkorlarimiz ham farishta emas. Marhumlarning emas, tiriklarning ham oilasi sirlarini yorita oladigan mard bormi?
Sharofiddin TO‘LAGANOV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son


