ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. BURUNGI VA BUGUNGI JURNALISTIKA

BURUNGI VA BUGUNGI JURNALISTIKA

BURUNGI VA BUGUNGI JURNALISTIKA
27-may, 2024

Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur, bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi. Shavkat MIRZIYOYEV

Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur, bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi.

Shavkat MIRZIYOYEV

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi tarixiy qarori imzolanganiga shu yil 24-mayda 6 yil to‘ladi. Buyuk jadid bobomiz Abdulla Qodiriy ta’kidlaganiday, “moziyga qaytub ish ko‘rish xayrlikdir”. Biz ham so‘zni qaror imzolanishining tarixiy omillari, shu vaqtda milliy jurnalistikamizning yetilib turgan, kechiktirib bo‘lmas muammolari, yillar davomida hosil bo‘lgan bo‘shliqlarni to‘ldirishda “yangi qon” bo‘lib xizmat qiladigan universitetning tayanch ustunlari, burungi va bugungi talabalarning jurnalis­tikaga kirib kelish kayfiyati haqidagi mulohazalardan boshlashni ma’qul topdik.

Boshidan o‘tgan tabib, degan xalq naqliga ko‘ra yaqin o‘tmishga shaxsiy tajribalarim prizmasidan nazar tashladim. Unda nimalar aks etadi? Respublikamiz tarixida tub burilish yasalgan 1991-yilda ToshDU­ning jurnalis­tika fakultetiga o‘qishga kirdim. O‘shanda musta­qil­likning ilk kunlari bo‘lib, “qayta qu­rish” davrining alg‘ov-dalg‘ovlari hali bosilmagan zamonlar edi. Ziddiyatli davrda matbuotga juda ko‘p erkinliklar beril­gandi. Buni hamma har xil qabul qildi: miting­boz­lik bo‘ldi, so‘z erkinligi ba’zida boshboshdoqlik(anarxiya)ni keltirib chiqardi.

Ana shunday murakkab sharoitda o‘qishga kirgan biz yoshlarning oldida qator savollar turardi. Mustabid Sovet davrida matbuot qay ahvolga kelib qoldi? Jadidlarning matbuoti qanday bo‘lgan edi? Mustaqillik sharoitida qanday matbuot yaratishimiz kerak?..

Yuqoridagi savollarga uzil-kesil javob topilmasdan matbuotda konservatizm boshlandi. OAV faoliyatida davlat aralashuvi kuchaydi. 90-yillarning o‘rtalariga kelib juda keskin senzuraga guvoh bo‘ldik. Taqiqlangan mavzular… “Qora ro‘yxat”ga tushgan odamlar…

O‘zbekiston 2000-yillarda dunyoda internet ko‘rsatkichi bo‘yicha past davlatlar qatorida edi. O‘sha yillari bizning avlod vakillarini “Tanlagan kasbimdan qanday baraka topaman?”, “Qanday qilib o‘z ishimni vijdonan bajaraman?” degan savollar iskanjaga olgandi. Eng og‘riqli, ayni vaqtda bizni hara­katga undovchi savol esa bitta edi: o‘zbek mediasi qanday bo‘lishi kerak?

2016-yilda O‘zbekiston bo‘ylab boshlangan keng islohotlar OAVni ham chetlab o‘tmadi. O‘zbekiston jurnalistikasi tarixida yangi davr boshlandi, sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Ana shu paytda yuqoridagi savollar ritorik darajaga chiqdi. Ularni media olam vakillari, jurnalistlar, muharrirlar hal qila olmasdi. Zamon talablari, dunyodagi tanaz­zul­li vaziyatlardan kelib chiqib Prezidentning o‘zi to‘g‘ri vazifa qo‘ydi.

2017-yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu masalaga uzil-kesil to‘x­taldi: “Jamiyatimiz hayotida demokratik prin­sip­larni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisob­lanadi. Bu borada chinakam professio­nal, zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xu­susan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va tahliliy internet saytlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish, buning uchun alohida davlat fondini tuzish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda yurtimizda 1 ming 500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mulk shakli, yo‘nalishi, axborot uza­tish vositalariga ko‘ra turlichadir. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning barchasiga yuqori mala­kali kadrlar kerak. Afsuski, bunday keng ko‘lamli vazifani talab darajasida hal etadigan tayanch oliy o‘quv yurti mamlakatimizda mavjud emas. Shu munosabat bilan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarur, deb hisoblayman”.

Darhaqiqat, Davlat Rahbari ta’kidlagan kadrlarni tayyorlash uchun O‘zbekistonga yirik o‘quv yurti, aynan, universitet ke­rak edi. Bu Prezidentimizning murojaatida yaqqol jarangladi.

Shu o‘rinda esa yana boshqa savollar vujud­ga kela boshladi: mustabid davr senzu­rasini, qayta qurish anarxiyasini, istiqlolning ilk yillarida berilgan so‘z erkinligini noto‘g‘ri qabul qilish va uning salbiy oqibatlaridan so‘ng mustaqillik yillarida yana senzuraga qaytishni ko‘rgan avlod Yangi O‘zbekiston uchun qanday qilib tizim yarata­miz?

2017-yildagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga murojaati aynan ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Yangi O‘zbekiston islohotlarini yoritib beradigan, yillar davomida to‘planib qolgan sirlarni ochib, dunyoda bo‘layotgan jarayonlarni tah­lil qiladigan, xohlagan amaldor bilan xoh­lagan mavzuda suhbat quradigan davr kelgan edi.

Prezidentning davlat tashkilotlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan g‘oyalari, Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi, Prezident portalining ochilishi O‘zbekistonda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratdi. Jarayonlar silsilasida xalqqa mana shu islohotlarni yoritib beradigan mediaga bo‘lgan ehtiyoj yaqqol ko‘zga tashlandi. Shunday vaziyatda O‘zbekistonda blogosfera rivojlandi. Kun.uz, Daryo.uz, Qalampir.uz kabi o‘nlab veb-sayt­lar, MTRK tarkibidagi va Sevimli, Zo‘rTV, Renessans, Mening yurtim, Milliy TV telekanallari, yurtimiz bo‘ylab 30 dan ortiq davlat va nodavlat radiokanallar, o‘z nuqtai nazariga ega millionlab odamlar o‘qiydigan media­lar paydo bo‘ldi. Ularga kadr kerak edi. Bu kadrlarni qayerdan olamiz?! Afsuski, yiliga 50-60 talabani qabul qiladigan jurnalistika fakultetlari bu missiyani bajarolmasdi.

Shuning uchun ham zamonaviy universitetni tashkil etish g‘oyasi davr talabi bo‘ldi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilayotganda Toshkentning qoq markazidan zamonaviy bino berildi. Davlat va homiylar mablag‘ ajratdi. Zamonaviy kampuslar barpo etildi.

Bosma OAV va noshirlik ishi, Xalqaro va audio jurnalistika, Internet jurnalistika va mediamenejment, Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti tashkil etildi. Boshida 119 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, bugun ularning soni 4000 taga yetdi.

Biz o‘qiganimizda diplomga bor yo‘g‘i bitta ixtisoslik yozilar edi. Bugun esa 18 ta yo‘nalish yoziladi. Universitet tor doirada qolib ketmasligi uchun alohida Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi, Sotsiologiya, Psixologiya, Iqtisodiy jurnalistika, Sayohat jurnalistikasi, San’at jurnalistikasi, Internet jurnalistikasi, Sport jurnalistikasi, Harbiy jurnalistika kabi yigirmaga yaqin yo‘nalishlarni joriy qildik.

O‘zbekistonda jurnalistika ham kasb, ham ilmdir. Bugungi kunda O‘zbekistonda O‘zJOKU monopoliya emas. Bizdan tashqari yana 13 ta oliy ta’lim muassasalarida (O‘zMU, Jahon tillari universiteti, Webster, Central Asia va boshqa) jurnalistlar tayyorlanmoqda.

Davlat va jamiyatdagi bu o‘zgarishlar, OAV, xususan, matbuotdagi yangilanish jadidlar davri matbuotini yodga soldi. Jadidlar matbuoti O‘zbekiston tarixida tun zulmatini yoritgan hilol bo‘lgandi. 1906-yil 27-iyun kuni “Taraqqiy” tashkil etilgan, bundan tashqari “Oyina”, “Al-Izoh” jurnallari, “Xurshid”, “Osiyo” kabi gazetalar chiqdi. Lekin ular­ning umri qisqa ekan. Jadidlar millatimiz, o‘zligimiz, ta’lim qanday bo‘lishi kerakligi haqida jon kuydirardi. Ular 1938-yilda qata­g‘onga uchraganda “oyning qorong‘i kunlari” boshlandi.

Bugun bo‘layotgan o‘zgarishlarda jadidlarimiz matbuotining uyg‘onayotganini ko‘r­yapman. Bugun O‘zbekistonda 2 257 dan ortiq media bahslashmoqda, siyosatchilar­ning gapini muhokama qilmoqda, hech qanday cheklovlar yo‘q.

Gʻururlanadigan jihatimiz – O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Turkiy Davlatlar Tashkiloti Turk Universitetlari Ittifoqiga juda qisqa muddatda a’zo bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zJOKUni bitirgan talabalar O‘zbekistonning eng oldi medialarida samarali faoliyatini boshladi. 6 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 4 nafar Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi, 3 nafar Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindori yetishib chiqdi. 12 nafar qizimiz Zulfiya nomidagi, 4 nafar yigitimiz “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Bugun universitetda atoqli milliy pedagog-mutaxassislar bilan bir qatorda xorijdan Das Kundu Nivedita, Alptekin Musa Yavuz, Antonov-Ovseyenko Anton Antonovich, Peter Shockey, Raviprakash Govindrao Dani, Arria Xouldin kelib talabalarimizga dars bermoqda.

Turkiya va Germaniya bilan hamkorlikda teleradiostudiya, fotolaboratoriya, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Talabalar press-klubi tashkil etildi, kovorking markazi ochildi. Shuningdek, barcha qulaylikka ega talabalar turar joyi barpo etildi. Bunday muhitni yaratishdan maqsad hozirgi so‘z va fikr erkinligi, ochiqlik va oshkoralik davrida milliy mediamiz uchun iqtidorli, sohasini puxta egallagan, professional kadrlarni tayyorlashdir. Hozir bizning vazifamiz yaqin 10 yilda Markaziy Osiyodagi yirik media universitetga aylanish.

Bir paytlar O‘zMUning 16 ta fakulteti bo‘lar edi. O‘shanda 3 ta guruh birlashtirilib dars o‘tilardi. Biz o‘qigan paytda kafedralar almisoqdan qolgan, eski jihozlar bilan to‘ldirilgandi. Bugun O‘zJOKUning hamma qavatlarini hisoblaganda 10 ming kvadrat metrni tashkil etib, mahobatli 25 qavatli osmono‘par binoga aylandi.

Universitetda bugun 9 ta tilda dars be­riladi. Yaqin orada qardosh bo‘lgan qo‘shni tillarda ham fakultetlar tashkil qilmoqchimiz. Orzumiz O‘zbekistonda o‘nlab – koreys, arab, turk, ispan tilida gaplasha oladigan yuqori malakali, saviyali jurnalist tayyorlashdir. Shunda bizning jadid bobolarimizning istiqlol, so‘z erkinligi va renessans to‘g‘risidagi g‘oyalari amalga oshgay.

Sherzodxon QUDRATXO‘JA,

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti rektori, professor

 “Jadid” gazetasi 2024-yil 24-may 22-son

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar