ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. FITRAT — FIDOYI TILSHUNOS

FITRAT — FIDOYI TILSHUNOS

FITRAT — FIDOYI TILSHUNOS
30-may, 2024

Elni erkka eltmoqni, yurtning yorug‘ yo‘lini ochmoqni o‘zlarining aziz umrlariga abadul-oxir badal deb bilgan jadid bobolarimiz mashaqqatli va muntazam faoliyati davomida ma’rifatni, ma’naviyatni va madaniyatni madadkor qudrat, qiyossiz qurol deb hisobladilar. Shuning uchun ham ular alifbo, yozuv, imlo va umuman, til masalalariga favqulodda e’tibor bilan qaradilar. Zotan, o‘lkamizda o‘tgan asrning boshlarida mazkur masalalar yechimisiz ma’rifat bilan oshno bo‘lmoqlik, loaqal dunyoga maktab-ma’rifat ko‘zi ila boqa bilmoqlik mushkul ish ekanligi ravshan edi. Tabiiyki, maktab-maorif ishlarining samaradorligi uchun ham til borasidagi har xilliklarga barham berish, tilning qoidalarini yuzaga keltirish va ularni ta’limga olib kirish kabi bir qancha muhim yumushlar mavjud edi.

Bunday zaruriyatni jadidlar jadal bir tarzda anglab yetdilar, o‘zbek tili­ning rivoji uchun ulkan ishlarni amalga oshir­dilar. Shu asosda o‘zbek tilshunosligi shakllana bosh­ladi. Bu tilshunoslikning tadrijiga xizmat qilgan bir qator jadid olimlarining tilshunoslik merosi o‘zbek tili ilmi­da anchayin keng o‘r­ga­nilgan, Abdurauf Fitratning tilshunoslik merosi­ni juda ba­tafsil tadqiq etgan professor M.Qurbonova qayd qilganiday, “hozirgi o‘zbek til­­shunosligi fani asri­mizning 20-yillarida vujudga kelgan bo‘lib, unga Abdurauf Fitrat va uning zamondoshlari Elbek, Munav­var qori, Qayum Ra­ma­­zon, Gʻozi Olim, Sh.Zunnunlar tamal toshini qo‘ygan edi. Ular tomonidan yozib qoldirilgan no­yob asarlar hozirgi til­shu­nosligimizning sar­chashmalaridir”. 

Alohida ta’kidlash lozimki, Fit­rat o‘z davridagi asosiy diqqat-e’tiborda bo‘lgan barcha lisoniy muammolarning muhokamalarida o‘zining aniq, ilmiy asosli va ochiq fikr-mulohazalari bilan ish­­­­­ti­­rok etgan, zamonning kun tartibida chirsillab turgan til va til bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha zalvorli fikr­larini bayon etgan, ko‘p­lab maqola va risolalarini e’lon qilgan. Fitrat u yoki bu munozarachi bilan til borasida bahsga kirishar ekan, til ilmi­ning zukko bilimdoni sifatida inkor etib bo‘lmaydigan xolis ilmiy dalillar bilan o‘z fikrlarini asos­laydi. O‘z davridagi aksar ziyolilar tomonidan turli shakllarda ba­yon qilingan “tilimizni arab-fors unsurlaridan tozalashning imkonsizligi” borasidagi juda keskin da’volarning zamini bo‘sh ekanligini ko‘rsatib beradi. Masalan, Fitrat 1919-yildagi “Tilimiz” nomli maqolasida e’tirozchilarning “turkcha arab, fors tillarindan qutulolmas, chunki, tili­mizda ko‘p narsaning oti yo‘qdir” qabi­lidagi iddaolariga shunday javob qiladi: “Javobimiz: bu so‘zdan tilagingiz nimadir? Shul choqda tilingizdagi arab, fors so‘zlari­ning turkchasi topilmaydur de­­moqchi bo‘lsangiz, so‘zingiz yanglishdir. Turkchani bilmas ekansiz. O‘rga­ning. Hozirgi so‘z­­larimizdagi arabcha, fors­chalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydir, desangiz to‘g‘ridir. Biz ham ularni chiqar­moqchi emasmiz. Unlarni olurmiz, lekin o‘zimizniki qilurmiz. Turk­chalashtirurmiz. Qoidaning turkchasi yo‘qdur. Sarfningda turkchasini topolmadik. Ikkisin dahi olur­­­miz. Lekin, siz kabi qavoidi sarfiya demasdan, sarf qoidalari dermiz. Chunki ilmiy istilohlar­ning turkchasi yo‘qdir. Kim dedi buni? Shamsning turkchasi qu­yoshdir. Kavo­kib­ning turkchasi yulduz­lardir. Manor­ning turkchasi olov, o‘tdir. Sahobi munavvar – yorug‘ bulut, handasa – o‘lchov xat chiziq, zoviya – burchak, puchmoqdir. Kavokibi sobita – turg‘uchi yulduzdir. Kavokibi zu zanb – quyruqli yulduzdir”.

Fitrat mazkur maqoladagi fikrlarini noto‘g‘ri talqin qila boshlagan ayrim “tilshunos”larga ayni sarlavhali boshqa maqola bilan javob bergan, maqsadi­ning mag‘z-u mohiyatini ikki karra ikki to‘rtday aniq bayon qilgan. Uning ushbu so‘zlaridagi bir qadar og‘rig‘-u o‘kinchni ilg‘amaslik mumkin emas: “Men turk ulusig‘a o‘z boshli (mustaqil) bir til va shu tilda yozilgan “ilm” istayman. Turkchaning boylig‘i, kengligi va to‘lg‘unlig‘ini bilganim uchun bu ishni qulay deb ishonaman. Tilimizning o‘z boyligi (mustaqil) bo‘lib turushi uchun gaplarga va yozuv­larimiz aro kirib qolg‘an yot so‘zlar­ning o‘zbekchalarini ilkimizdan kelgancha oxtarib topib ishlay(l)ik. Tilimizdag‘i yozilg‘an “bilim”ni ko‘rmak uchun “ilmiy istilohlar” dedigimiz “bilim so‘zlari”ning ham ilkimizdan kelgancha turkchalari­ni topib olmoq yo‘linda tirishmakni har bir turk yozuvchisi uchun “vojib” deb bilaman. Turkchasi topilmagan so‘zlar va istilohlar bor esa, ularni chiqarib tashlab, o‘runlarini bo‘sh qo‘yayliq demayman. Turkchasi topilmag‘an so‘zlar va istilohlar qolsun, biroq turkchaning buyrug‘i ostinda kirib qolsun; bosh­qacha turli aytkanda, Fransa (Fransiya)da yashag‘an bir turk kabi bo‘lundig‘i turkcha­ning qonunlarig‘a bo‘yunsunib yashasun; turkchada turg‘an bir fransuzdek “kapitulatsion” asrori ostida turmasun”. Uning bu va bosh­qa qaydlari bilan tanish­ganda, olim zabardast tilshunos sifatida o‘zbek tilining sofligi va rivoji uchun nechog‘lik muntazam qayg‘urganligiga, mazkur masa­la­ga chinakam ilmiy mantiq va te­ran hassosiyat bilan yondashganligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning haqiqiy izdoshi va shogirdi, ma’rifatchi Hoji Muin 1918-yilning 20-avgustida “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida bosilgan “Til ma­salasi” nomli maqolasida ko‘ngli­da bir og‘riq bilan qu­yidagi gaplarni aytgan: “Biz turkcha qoidalarni bilmaganlari uchun hozirgi mirzo va tarjimon birodarlarimiz­ni ayblay olmaymiz, alar bu to‘g‘rida ma’zurdirlar. Chunki alar va bizlarning hech qaysimiz muntazam maktab­larda o‘qub chiqmag‘on. Til qoidalarining ta’limi muntazam maktablarda bo‘ladirki, munday maktablar hanuz Turkistonimizda ochilg‘on emas. Hozirgacha davom etib kelgan yangi maktablarimizda bo‘lsa, turkiy tilimizning sarf va nahvi o‘qutula bosh­lag‘oni yo‘q. Bizning turkiy tilimiz ishlanmag‘on bir til bo‘lib, muning sarf va nahvig‘a oid hanuz biror turli risola bosilib chiqg‘on emas. Bizning muallim afandilarimiz til qoidalarini yaxshi bilmaydirlarki, ushbu kungacha ba’zilari tarafindan yozilg‘on maktab kitoblarindan ma’lumdir”. Bu gaplardan ochiq ko‘rinib turibdiki, davr­ning aksariyat ma’rifatparvarlari china­kam milliy til asoslariga tayangan gram­ma­ti­kaga bo‘lgan ehtiyojni chuqur ang­lab yetganlar va shuning uchun ham shunday grammatika yaratish zaruriyatini kun tartibiga qo‘yganlar. M.Qurbonova alohida ta’kidlaganidek, “A.Fitratning o‘zbek tilshunosligi tarixida eng katta xizmatlaridan yana biri uning o‘zbek tili milliy grammatikasiga asos solganligidir. 20-yillarda o‘zbek tiliga doir asarlar juda ozchilikni tashkil qilar edi. O‘sha vaqtda maktablarda ona tili sifatida usmonli turk tili o‘rgatila boshlagan va tilimiz grammatikasi ham o‘sha til grammatikasi ta’sirida qolgan edi. Ana shunday sharoitda A.Fitrat tilimizning o‘z tabiatidan, o‘ziga xos qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda milliy grammatika yaratdi”.

Ma’lumki, Fitratning bu milliy grammatikasi “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘rusida bir tajriba” deb nomlangan bo‘lib, uning birin­chi kitobi, ya’ni “Sarf” 1924-1930-yillarda olti marta, ikkinchi kitobi, ya’ni “Nahv” shu yillarda besh marta qayta nashr qilingan.

Fitrat 1921-yil Til va imlo qurultoyida so‘zlagan nutqida “Chig‘atoy gurungi” atrofida to‘plangan kishilarning ilgari surgan til bilan bog‘liq fikrlarini umumlashtirar ekan, quyidagilarni alohida ta’kid­lagan edi: “Tilimizning adabiyligi arabiy­likda emas, o‘zidadir, shuni tirgiz­mak kerak… Tilimizning qoidalarini totorcha yoxud usmonlicha qoida kitoblaridan emas, tili­mizning o‘zidan olmoq kerak. Shuning uchun xalq og‘zida yurgan so‘zlarni, xalq adabiyoti bo‘lg‘an ertaklar, maqollar, la­par­larni yig‘ib tekshirmak kerak. Adabiyot yozu(v)chiliq bo‘lg‘ani uchun yozu(v) qoidalarini, imloni tuzatmak kerak”. 

Chinakam ma’rifatparvar bobo­miz Fitrat o‘zining “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘ru­sida bir tajriba” asarining birinchi kitobi bo‘lmish “Sarf”ning muqaddimasi sifatidagi “Bir-iki so‘z”ida taassuf bilan: “Butun turk dunyo­si uchun “bir yalpi til” qabul etmak xayollari bilan ovora bo‘ldiq. Tilimizni shunga to‘g‘ri yurg‘uzmoq uchun unumsiz tirishdik. Bu xayollar­ning ishka oshmag‘onin bilgandan keyin o‘z tili­mizni, o‘z imlomizni tushuna bosh­ladiq… Biroq hanuz tilimizning belgili qoidalari­ni maydong‘a qo‘ya olmadiq”, degan gaplarni aytadi. Fit­rat muqaddimaning so‘ngida “bu ulug‘ binoning, bu adabiyot madrasasining birin­chi toshini tezlik bilan qo‘ymoq lozim” degan fikrlarni ko‘nglidan o‘tkazib, g‘oyat kamtarona bir ohangda muqaddimani yakunlaydi: “Men til qoidalari to‘g‘rusida qo‘lda bo‘lg‘an narsalarni tuzib, terib shu bilikchani chiqardim. U bir saboq bitigi emas, mutolaa kitobidir. Tilimiz to‘g‘rusida tugal bir narsa emas, boshlang‘ichdir; ta’lif (ijod qilingan) emas, tajribadir. Buni saralamoq, tuzatmak, kengaytmak yumishlari yigit kuchlarimizning jonli teb­ranishlarini kutadir”.

Ta’kidlash joizki, Fitratning “Sarf” kitobida hozirgi tilshunosligimizda tur­g‘un­­lash­gan morfologik tushuncha va qoida­­larning aksariyati o‘z ifodasini top­gan, ba’zilari esa deyarli yaqin yoki o‘x­shash talqinlariga egaligi bilan diqqat­ga sazovor. Fit­rat o‘zbek tilida so‘z turlari (hozirda “so‘z turkumlari”) sifatida ot, sifat, son, fe’l, olmoshlar qatorida ko‘makchi so‘zlarini ham qayd etadi, albatta, olim barcha yordamchi so‘zlarga “ko‘makchi so‘zlari” sifatida qaragan. U ravish­lar haqida gapirmaydi, ammo sifat­lar haqida fikr bildirganda, sifat ba’zan fe’l oldida qo‘llanganda, hol ma’nosiga ega bo‘lishini yo‘l-yo‘lakay aytib o‘tadiki, uning bu ravishga yaqin ma’no-mazmun masalasini ­e’tibordan qochirmaganligi­ni ko‘rsatadi. So‘zlarning tubligi, yasa­maligi, yasama otlarning turlari, sifat va ­uning darajalari, sonlar va ularning ma’no turlari, fe’ldagi bo‘lishli-bo‘lishsizlik, o‘z­lik majhullik, o‘timlilik-salt­lik, qo‘shma fe’llardagi ma’nolarga, fe’l za­mon­lariga daxldor qoidalar, olmosh­lar, ko‘makchi so‘zlar bilan bog‘liq talqinlar kitobdan anchayin batafsil o‘rin olgan. Ammo hozirgi tilshunoslikda grammatik (xususan, kelishik qo‘shimchalari) shakllar deb qaraluvchi birliklar “belgilar” nomi ostida berilgan, qayd etish o‘rinliki, ularning ma’no-mohiyati anchayin ishonarli talqin qilingan.

Shuni ham alohida qayd etish lozimki, Fitrat u yoki bu grammatik tushuncha, hodisani tavsiflar ekan, bu tushunchani anglatuvchi termin (istiloh)ning o‘z, ya’ni turkiy so‘z bo‘lishiga yetarli darajada ­e’tibor qaratadi, imkon qadar arab-fors aslli so‘zni qo‘llamaslikka harakat qiladi. Masalan, sonlarning turlari tavsifida “sanoq son”, “sira son”, “ulush son”, “chama son”, “o‘rtoqliq son” kabi sof turkiycha terminlarni ishlatadi, hozirgi tilshunosligimizda turli sabablarga ko‘ra “sira son”ning “tartib son”, “ulush son”ning “taqsim son”, “o‘rtoqliq son”ning “jamlovchi son” kabi muqobillari turg‘unlashganki, ularning o‘zaklari arabcha o‘zlashma ekanligi ko‘rinib turibdi.     

“O‘zbek tili qoidalari to‘g‘rusida bir taj­riba”ning ikkinchi kitobi – “Nahv” (Sintaksis)ning “O‘qug‘uchilarg‘a” deyilgan muqaddimasida Fitrat shunday yozadi: “Biz til qoidalari ham uning atamalari (istilohlar) to‘g‘rusida ishlashning birinchi paytidamiz. Shuning uchun tilimizning qoidalarini bu maydonga qo‘yib, atamalarini sobit bir holg‘a keltirib olg‘animiz yo‘q… Bizning kitoblarimizni muhokama qilib o‘qurlar. Bunlarda qoidalar, atamalar, usullar to‘g‘rusida fikr yurgizalar; fikrlarini bizlarga ham yozarlar”.

Fitratning sintaktik nazariyasi o‘z davriga nisbatan anchayin ilgarilab ketgan, o‘zbek tili sintaktik strukturasining tamoman o‘ziga xosligini ko‘rsata olgan to‘lg‘in bir nazariyadir.

Fitratning kesim va uning gapdagi maqomi haqidagi fikr­lari alohida diqqatga sazovor, uni aslo chetlab o‘tib bo‘lmaydi. U 1924-yilda nashr etilgan “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘rusida bir tajriba. Ikkinchi kitob: “Nahv” asarida “bosh so‘zlar”ni tavsiflar ekan, egadan oldin kesimni tu­shuntiradi. Qushlar bog‘da ertalab…; Cho‘lpon yaqinda yaxshi bir she’r… kabi “so‘z qo‘shim”lari gap bo‘la olmasligini, ulardan tugal o‘y anglashilmasligini aytadi. U yozadi: “Bularni tugatmak, gap qilmoq uchun birinchisiga sayraydir, ikinchisiga yozdi so‘zlarini qo‘shib: 1.Qushlar bog‘da ertalab sayraydir. 2.Cho‘lpon yaqinda yaxshi bir she’r yozdi, deymiz, anglatmoqchi bo‘lganimiz o‘yni tugalla­ta­miz. Gap tugaladir, so‘z kesiladir. Gapning tamomlanib, so‘zning kesilgani shu sayraydir ham yozdi so‘zlari bilan bo‘ldi. Shuning uchun yuqoridag‘i iki gapning oxiridag‘i yozdi, sayraydir so‘zlariga “gapning kesim so‘zlari” yo sodacha “kesim” deymiz. Gapda so‘zlarning oxirig‘a kelgan, o‘z kelishi bilan so‘z qo‘shimini gapka aylantirgan so‘z – “kesim” so‘zdir”. Ko‘rinib turganiday, Fitrat so‘zlar qo‘shilmasining gap bo‘lishida kesimning mazmuniy-mantiqiy jihatdan hal qiluvchi ahamiyatga molik ekanligini, garchi bugun­gi zamonaviy grammatik tushun­cha­lar asosida bo‘lmasa-da, alohida ta’kid­lagan, ayni “kesim” terminini behad topqirlik bilan yasagan (kes+im) va qo‘l­lagan birinchi o‘zbek tilshunosidir.

Hatto muayyan mulohazalar bilan egani gapdagi absolyut hokim bo‘lak deb hisoblagan A.Gʻulomovday ulkan o‘zbek tilshunosi ham kesimning aha­miyati haqida mana bunday yozgan: “Kesim gapning uyushtiruvchi markaz­laridan biridir; u hukmni keltirib chiqaruvchi eng muhim bo‘lak bo‘lganligidan gapning asosiy mazmunini, xarakterini u belgilaydi… Gap tushunchasi kesim tushunchasi bilan juda zich bog‘langandir… Har bir sof fe’l bir gapni tug‘diradi, chunki bunda subyekt ham ifodalangan bo‘ladi. Bir so‘z tusidagi butunlik gapning eng sodda formasidir”.

Fitrat mantiq va mantiqchilarning qarashlaridan to‘la xabardor olim sifatida mantiq ilmi yoki gapning aktual bo‘lakla­ni­shi bilan bog‘liq talqinlarni ham tasavvur qilgan. Shuning uchun ham u o‘y yoki hukmning zehniy bir gap ekanligini, ­uning ham bo‘laklari mavjud bo‘lishini, eski mantiqchilarcha birinchi bo‘lak “mavzu’”, ikkinchi bo‘lak esa “mahmul” deyilishini, mavzu’ ko‘proq egaga, mahmul esa kesimga to‘g‘ri kelishini, ammo bu hamma vaqt emasligini yaxshi bilgan. Fitrat ana shu haqiqatlarni bilgani uchun shunday ilmiy asosni behad teran xulosa qiladi: “Demak: nahv kitoblarida ko‘rganimiz “gap (jumla) “kim, nima” to‘g‘risida aytilsa, shu ega bo‘ladir” degan ta’riflar o‘ylovga (ya’ni zehniy gaplarga) ko‘ra to‘g‘ri bo‘lsa ham, tildagi gap­larga ko‘ra yanglishdir. Chunki gap kimning, nima­ning to‘g‘risida aytilsa, shu “kim-nima” o‘yning (mantiqcha ayt­kanda, hukmning) mavzu’i bo‘ladir. Biroq har vaqt tildagi gapning ega so‘zi bo‘lmaydir. Biz mana shunga tayanib, ega, kesim so‘zlarini ta’rif qilganda, yangiliq yasadiq. Boshda egani emas, kesim­ni ta’rif etdik. So‘ngra “kesim kim-nima to‘g‘risida aytilsa, shu egadir” dedik”.

Ziyrak tilshunos, hassos sintaksischi Fitrat gapdagi kesim va egadan boshqa bo‘lak­larni “to‘ldirg‘ich so‘zlar” nomi bilan tavsiflagan va uning mohiyatini ochib bergan, bunda hozirgi tilshunoslikdagi gapning ikkinchi darajali bo‘laklari semantik jahatdan yanada chuqurroq, hijjalab tasvirlangan. Zamonaviy sintaksisda ham har qanday tadqiqotchining doimiy diqqat markazida bo‘lgan gap bo‘laklarining tushib qolishi, gapning uyushiq bo‘laklari kabi masalalar, gap turlarining qurilish jihatlari, ayni payt­da bu qurilish bilan bog‘liq holatda turg‘unlashgan va namoyon bo‘ladigan gapning ma’no-mazmuniy turlari benihoya o‘ziga xos bir tarzda yoritilgan.

Qissadan hissa shuki, Abdurauf Fit­rat o‘tgan asrning boshlarida o‘zbek ­ilmiy tilshunosligining mustahkam asos­­­­­larini yara­tishday qutlug‘ ishga munosib hissa qo‘sh­gan, bu ishning sarkorlaridan bo‘lgan atoqli tilparvar, chin vatanparvardir.

Nizomiddin MAHMUDOV,

O‘R FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 24-may | 22-son

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie