
Sohibqiron Amir Temur hayotlik chog‘ida yozilgan kitoblar ko‘p emas. Rasmiy tarixda ular ikkita hisoblanadi: birinchisi – Gʻiyosuddin Ali qalamiga mansub “Hindiston yurishi kundaligi”, ikkinchisi – Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari. Lekin birinchisiga qaraganda ikkinchisi o‘quvchilarga avvalroq va kengroq ma’lum bo‘lgan.
“Hindiston yurishi kundaligi” haqida birinchi marta rus sharqshunos olimi, akademik V.V.Bartold o‘zining 1902-yilda Turkistonga qilgan ilmiy safari hisobotida xabar beradi. 1915-yilda L.A.Zimin mazkur asarning tanqidiy matnini nashr ettirdi, unga V.V.Bartold muharrirlik qildi va “Muharrir so‘zboshisi” nomli maqola bag‘ishladi. 1958-yilda asar sharqshunos olim A.A.Semyonov tomonidan rus tiliga tarjima etilib, bosib chiqarildi.
Zahmatkash olima, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ra’no Qobulova Gʻiyosuddin Ali qalamiga mansub “Hindiston yurishi kundaligi” asarining o‘zbek tiliga tarjimasi ustida uzoq yillar mehnat qilib, sidqidildan ter to‘kdi. Bugungi kunda ushbu nodir asar o‘zbek xalqining mulkiga aylanmoqda. Bu, albatta, juda quvonchli hodisadir.
Sharq mualliflari tabiatan kamtarin bo‘lishgan, asar yozganida o‘zlari haqida mumkin qadar yozmaslik, eslamaslik, zoti xoslarini zinhor aralashtirmaslik, xokisorlik, iloji boricha yiroqroqdan turib kuzatish yo‘lidan boradilar. Natijada ko‘pincha ularning tarjimai holi bugungi kun o‘quvchisi uchun mavhum bo‘lib qoladi. Bu holni o‘sha davrlarda yashagan barcha mualliflarda, xususan, biz qiziqayotgan Nizomiddin Shomiy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Gʻiyosuddin Ali, Fasih Xavofiy va boshqa muarrixlar misolida ko‘ramiz. Bu hol yevropalik tadqiqotchilarning ba’zan noto‘g‘ri xulosalar chiqarishiga olib keladi.
Amir Temurning 24 yoshgacha bo‘lgan davri haqida hech qanday tarixiy asar yo‘q, ma’lumotlar ham kam. V.V.Bartoldning fikricha, Temurbek o‘zining yoshligiga bag‘ishlangan kitoblarni o‘qib, barchasi afsona bo‘lib ketibdi, bunga kim ishonadi, deya ularni yoqib yuborishni buyurgan emish. Biroq bu fakt qayerdan olingani va qayerda yuz bergani bizga noma’lum.
Darhaqiqat, rasmiy tarixda Amir Temur tarixi 1360-yildan boshlanadi. Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”larida shu holni ko‘rish mumkin: Temurbekning yoshlik, bolalik yillari haqida hech narsa yozilmagan. Lekin Sharafuddin Ali Yazdiy asarida bu haqda ko‘p emas-ku, ba’zi lavhalar bor. Hatto, muarrix Fasih Xavofiy 1441-1442-yillarda yozib tugallangan, Turon-u Xurosonning yuz ellik yillik tarixi yilma-yil bayon qilingan nodir xronikal asarida ham (xuddi o‘zgalar bilan kelishib olganday), Amir Temurning bolalik, o‘smirlik yillari haqida, uning 1336-yilda tug‘ilgani borasida ma’lumot keltiradi, ammo u ham Sohibqironning dastlabki yigirma to‘rt yillik hayoti haqida lom-mim demaydi. Ilk marta faqat mo‘g‘ul xoni Tug‘luq Temurxonning Movarounnahrga bostirib kelishi, Kesh shahrining boshqaruvi ota-bobolarining joyi deb Amir Temurga topshirilishi haqida yozib o‘tadi. Bu 1360-yilda yuz bergan edi…
Yuqorida aytganimizdek, kitoblarga ishonchi yo‘qolgan Amir Temur, umuman, saltanat, o‘zining faoliyati haqida biron kitob yozdirishni mutlaqo istamagan ko‘rinadi. Saltanat taxtiga o‘tirganidan so‘ng yigirma sakkiz yil mobaynida bu haqda so‘z bo‘lmadi, bironta kitob yozilgani ma’lum emas. Chamasi, nufuzli a’yonlardan kimdir, balki piri murshid Mir Sayyid Baraka, deb taxmin qilamiz, nihoyat Amir Temurni kitob yozdirishga undagan bo‘lsalar ehtimol, chunki tegishli gapni Sohibqironga faqat tegishli odamlargina ayta olishi mumkin edi, hamma emas.
Hindistonga yurish arafalarida saltanat tarixi haqida kitob yozish, uni kim yozishi, nomzod haqida izlanishlar boshlanib ketdi. Ko‘p nomzodlar bo‘lganiga shubha yo‘q, lekin Sohibqironning nazari Yazd shahrida yashaydigan tarixchi Gʻiyosuddin Aliga tushdi. Nomzodning salohiyati haqida fikrga ega bo‘lish uchun uning risolalari so‘raldi. Shuning uchun Yazd shahriga kelgan “…oliyhazrat yaqinlari va sodiqniyat chokarlaridan birining tashrifiga musharraf bo‘lgan vaqtda, mazkur satrlarni bitguvchi (ya’ni, Gʻiyosuddin Ali) biri arab, yana biri fors tilida yozilgan ikki risolasini…” (“Hindiston yurishi kundaligi”) ularga taqdim etdi. Oliy dargohda risolalar o‘qib chiqildi… Muarrixning so‘z qobiliyatiga ega, nuktadon ekaniga ishonch hosil qilindi. Shundan keyingina uni saroyga chorladilar…”
Aslida Amir Temur kitob va uning ta’lif etilishiga juda katta ahamiyat bilan qarardi, chunki o‘zi ham mashhur “Tuzuklar”ni insho etgan edi, kitobning qadriga yetardi. Shuning uchun biror muarrixga kitob yozishni topshirar ekan, unga juda jo‘yali maslahatlar berardi. Sohibqironning kitob haqidagi fikrlari ulug‘ donishmand faylasuflarning qarashlarini eslatardi. Bu haqda “Zafarnoma” asarini bitgan Nizomiddin Shomiy bag‘oyat aniq bayon qilgan. Amir Temur va Nizomiddin Shomiyning birinchi uchrashuvi 1393-yilda Bag‘dodda yuz bergan. Ular oradan sakkiz yil o‘tib, 1401-yil Xalab shahrida ikkinchi marta ko‘rishdilar. Shu o‘rinda Shomiyning asaridan ushbu hodisaga bag‘ishlangan parchani keltirmasak, Sohibqironning qarashlari to‘liq aks etmay qolishi mumkin.
O‘sha uchrashuv haqida Nizomiddin Shomiy shunday yozadi: “…tarbiyat va bandaparvarlik yuzasidan oliy ishorat sodir bo‘ldikim, garchi u zot qilgan ishlarining bu abadiyatga ulangur davlatning boshlanishidan tortib, to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini Onhazrat uchun yozgan bo‘lsalar ham, (saroyda turk, fors, arab munshiylari, kotiblari kundalik voqealarni muntazam yozib borardilar – M.A.) ammo ular hali munosib tarzda jamlanib, taqdim etilmagan ekan; bu banda (Nizomiddin) ularni yig‘ib, ortiqcha so‘zlardan tozalab, bob-bob qilib tartib berishga mashg‘ul bo‘lgaymen, lekin shu shart bilanki, takalluf-u bezak berish, lof urish ziynatidan o‘zimni tiygaymen; asar uslubi, so‘z oroyishi-yu iboratorolik san’atidan sof va xoli bo‘lg‘ay. “Yana Sohibqiron menga: “Shu uslubda yozilgan, tashbih va mubolag‘alar bilan oro berilgan kitoblarda ko‘zlangan maqsadlar o‘rtada yo‘qolib ketadi, agar so‘z qoida-qonunidan nasibador bo‘lganlardan birontasi ma’nisini fahmlab qolsa qolar, ammo qolgan o‘ntasi, balki yuztasi uning mazmunini bilishdan, maqsadga yetishdan ojiz. (Ta’kid bizniki – M.A.) Shu sababli, uning foydasi barchaga barobar bo‘lmaydi…”, dedilar. Men banda yer o‘pib arz sharafiga shunday yetkazdim: “…Olimlar maqbul so‘z haqida shunday deganlar: “Yaxshi va ravon so‘z uldirkim, avom xalq uning ma’nisini anglagay, xos kishilar esa unga ayb qo‘ymagay!” Amir Sohibqiron hazrat: “Men ana shundoq so‘zni xohlaymen!” dedi…” (Nizomiddin Shomiy. “Zafarnoma”. T., 1996. 22-23-betlar).
Sohibqironning kitob yozishdagi talabi shundoq edi.
Mazkur voqealardan bor-yo‘g‘i uch yil oldin Sohibqiron Yazddan chaqirilgan muarrix Gʻiyosuddin Aliga ham shunday maslahat beradi. Gʻiyosuddin Alining o‘zi asar debochasida bo‘lgan voqeani shunday bayon qiladi: “…Mazkur satrlarni bitguvchi (u kamtarlikdan “men” demaydi, uchinchi shaxs nomidan so‘z yuritadi – M.A.), biri arab, yana biri fors tilida yozilgan ikki risolasini olib, o‘sha muboraknazar qarshisiga keldi va oliy taxt poyasiga ularni qo‘ydi… [Shundan so‘ng] hukm bo‘ldiki, [risolalar muallifi] tarix uchun hazrati jahonkushoy ishtirokida sodir bo‘lgan harblaridan ayrimlarini forsiy debochada bayon etsin va avvalo alohida bo‘limda hazrat hayotining ibtidosida unga karomat qilingan g‘alabalarning qisqacha bayonini bitsin. So‘ng esa Hinduston g‘azavoti ro‘znomasiga kirishib, sertakalluflikdan yiroq va idrok etmoqqa oson iboralar ila aytilgan voqeaga oid mufassal jangnomani (ta’kid bizniki – M.A.) sharh etsin. Garchi [muallif] aksar vaqt diniy ilmlar [dengizi]ga g‘arq bo‘lib, kitobiyat inshosiga kam havas qo‘ygan bo‘lsa-da, ammo oliy amrni bajarish yo‘lida bu manzilni bosib o‘tmoqqa shuru’ qildi. Shaksiz, xotir nosozligi-yu dil parishonligini keltirib chiqarmoqqa loyiq bu mehnat xoqon hazratlarining charog‘on dillaridan yog‘ilgan nurlarning unga bandalik ishtiyoqida taralgan bir aks nuridir, xolos…” (Gʻiyosuddin Ali. “Hindiston yurishi kundaligi”. Debocha.)
Amir Temur sichqon yilida tavallud topgan edi, tarixchilarning yozishicha, bu yilda tug‘ilgan insonlar tabiatan hamma narsaga sinchkovlik bilan qarar, saltanat ishlarida ham, hayotda ham mayda-chuyda narsalargacha e’tibordan qochirmas ekan. Uning saltanatida o‘ljaga tushgan g‘animatlar, xazinaga keladigan boylik yo tilla buyumlar, anjom-aslahalar, sovg‘a-salomlar daftarga tushirilar va Sohibqironga taqdim etilardi. Hukmdorning o‘zi barchasini bir-bir nazardan o‘tkazardi. Ba’zan bunday daftarlarni ko‘rib chiqish ikki-uch kungacha davom etganini aytadilar.
Kitob yozdirish esa katta hodisa hisoblanardi. Sohibqiron, ayniqsa, bu ishga befarq emasdi. U muallif bilan bo‘lajak kitobda tilga olinadigan voqealar, so‘zlar, joylar, janglar haqida fikrlashar ekan, hamisha voqealarni “sodda va tushunarli tilda” yozish lozimligini uqtirar edi. Hatto, kamina Sohibqiron tomonidan o‘zining zafarli yurishlari tarixini yozish uchun Gʻiyosuddin Ali nomiga farmoni oliy chiqarilgani haqida ham eshitganman, ammo hozircha bunday faktga ko‘zim tushmadi. “Zafarnoma” nomini ham Nizomiddin Shomiyga Sohibqironning o‘zlari tavsiya qilgan ekan.
Akademik V.V.Bartold o‘z hisobotida va keyinchalik 1915-yilda yozgan “Muharrir so‘zboshisi” maqolasida “Hindiston yurishi kundaligi” Amir Temurning birgina yurishi tafsilotlari bayon qilingan yagona asar ekanini ta’kidlab, bu asar Amir Temur saltanatining mukammal tarixini yaratishga bel bog‘lagan Nizomiddin Shomiyga shubhasiz manba bo‘lib xizmat qilgan, deb uqtiradi. Bartold davom etadi: “Вместе с другими подобными трудами труд нашего автора (т.е. Гияс ад-дина Али) несомненно был источником составителя полной истории Тимура, Низам ад-дина Шами, труд которого был переделан и дополнен в сарствование Шахруха Шереф ад-дином Езди”.
Biroq ushbu fikr kishida bir necha e’tirozlar tug‘diradi. Birinchidan, “другие подобные труды” deyilganda saroy munshiylari muntazam yozib borgan voqealar nazarda tutilmoqda. Afsuski, bu manbalar asl holida bizgacha yetib kelmagan. Nizomiddin Shomiy ta’biri bilan aytganda, Sohibqironning “…hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini Onhazrat uchun yozgan bo‘lsalar ham, ammo hali munosib tarzda jamlanib, taqdim etilmagan” voqealar tasviri har uchala muallifga ham o‘z asarlarini yozishda material sifatida xizmat qilgani aniq. Mavzu yagona bo‘lgani bois ayrim takrorlar yuz berishi tabiiy hol.
Ikkinchidan, Nizomiddin Shomiy o‘z asarini yozishda Gʻiyosuddin Alining asaridan manba sifatida foydalanganida, buni, albatta, qayd etishi lozim edi. Uchinchidan, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sining qayta ishlangan (?) (“переделан”), to‘ldirilgan (?) (“дополнен”) nusxasi emas! Uchala kitobning har biri asl, original asarlardir. Ularning barchasi turli yillarda, o‘zgacha uslub va yondashuvlar asosida bitilgan mustaqil jangnomalardir.
To‘rtinchidan, yana “Hindiston yurishi kundaligi”ning Nizomiddin Shomiyga manba sifatida xizmat qilgani haqida to‘xtalamiz. Amir Temur 1398-yilda Gʻiyosuddin Alini saroyiga taklif qilib, uni Hindiston safariga birga olib ketadi. Chunki u kitob yozish uchun muallif voqea-hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, ularning tafsilotini kunma-kun yozib borishi zarur edi. Amir Temur odatda odamni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, suhbatlashib, ishonch hosil qilganidan keyingina unga biron vazifani ishonib topshirar edi. Mazkur safar bir yil davom etadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Gʻiyosuddin Ali shu muddatda asarni yozib tugatganmidi yoki bunga qo‘shimcha vaqt talab etilganmidi? Bunisi bizga noma’lum. V.V.Bartold esa “Muharrir so‘zboshisi” maqolasida “Hindiston yurishi kundaligi” 1402-yilda yozib bitirilgan, deb taxmin qiladi.
Qiyos qilaylik. Amir Temur Nizomiddin Shomiy bilan 1401-yilda Xalabda uchrashgan… Agar muarrix o‘sha yilning o‘zida “Zafarnoma” inshosiga kirishgan bo‘lsa, Gʻiyosuddin Alining asari bilan tanishishga ulgurganmidi? Umuman, u mazkur asardan xabardor bo‘lganmi? Buyog‘i ham bizga qorong‘i. Agar Shomiy bundan xabar topganida, shak-shubhasiz, “Zafarnoma”da o‘z salafining ishlarini hurmat bilan eslab o‘tishi aniq edi.
Mas’uliyatni chuqur his qilgan Gʻiyosuddin Ali qalami o‘tkir muarrixlardan ekanini yaqqol ko‘rsatdi. U o‘z asarida Sohibqiron safarini tasvirlashda, voqealarni yoritishda izchil bo‘lishga harakat qildi. Amir Temur topshirig‘i bo‘yicha muarrix faqatgina Hindiston yurishini emas, balki ungacha Turon saltanatida yuz bergan urushlar va muhim voqealarni ham qalamga olishi lozim edi. Akademik V.V.Bartold mulohazalariga ko‘ra, bu asardan Sohibqironning ko‘ngli to‘lmagan, go‘yo shundan keyin Nizomiddin Shomiyga yangi asar yozishni buyurgan…
Bu gapda jon bordek. Avvalo, muallif o‘zi bilmagan holda boshqa janglarga nisbatan muzaffariylar bilan bo‘lgan janglar tasviriga (Gʻiyosuddin Ali muzaffariylar hukmronlik qilgan Yazd shahridan edi) ko‘proq o‘rin berib yuboradi… Buning ustiga, asar “sodda va tushunarli til” bilan yozilmadi, muallifning o‘zi aytganiday, sertakalluflikdan yiroq va idrok etmoqqa oson iboralar ila bitilmadi, unda bo‘yab-bejashlar yuz berdi. Asardan muallif uslubini ko‘rsatuvchi ikki misol keltiramiz: “Oftob semurg‘i Ko‘hi Qof ortiga berkingan va kunning kulrang lochini tun zulmati oshiyonida nihon bo‘lib, tunning shabrang zog‘i charxning zarrin tuxmini (ya’ni quyoshni) o‘z qanotlari ostida yashirgach…” Yana: “Shanba (aslida juma) tongida, hinduviy tun posboni turktoz xurshid qarshisida mashriq darichasini ochgan mahal…”
Umuman olganda, Gʻiyosuddin Alining “Hindiston yurishi kundaligi” tarixiy asari – Sohibqiron saltanati haqida yozilgan birinchi asar ekanligi bilan bizga qadrli va e’tiborlidir. Boshqacha aytganda, bu – birinchi tajriba edi, bu mavzu hali ochilmagan qo‘riq bo‘lib yotardi. Sohibqiron haqida yozilgan biron asar yo‘q edi… Qanday yozish usullari borligi hali yozguvchiga ham, o‘qiguvchiga ham ma’lum emas edi o‘sha kezlar… Amir Temur Ko‘ragondek qudratli jahongir, ulug‘ siymo ko‘z o‘ngida uning sharafli faoliyati haqida qalam tebratish, so‘z aytish uchun kishi, avvalo, o‘ziga qat’iy ishongan, yorqin salohiyat, olmosday zehn, jur’at va jasorat sohibi bo‘lishi kerak edi. Aytish kerakki, Gʻiyosuddin Ali ana shunday jasoratga, kuchga ega ekanini namoyish qila oldi! Uning “Hindiston yurishi kundaligi” asari tarjimasi o‘zbek temurshunosligi sahifalarini bezab turadigan noyob asarlardan biri bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 24-may | 22-sonida


