
Mirtemir o‘zbeklarga xos ma’naviy-ruhiy sifatlarni favqulodda sof holda o‘zida saqlay bilganligi hamda bu holni ijodida yorqin namoyon etganligi bilan ajralib turadi. U o‘zbek mumtoz adabiyotidan ham, jahon she’riyatidan ham yaxshi xabardor edi. Ammo o‘zbekka xos xususiyatlarni xalqona yo‘sinda ifodalay olish Mirtemir she’riyatining bosh belgisi hisoblanadi. Shoirning fikrlash tarzi ham, olamni obrazli idrok etish yo‘sini ham xalqona. Ifoda uslubi esa, mirtemirona betakror.
Har qanday so‘z – belgi. Xalqning turmush tarzidagi o‘ziga xoslikni ifodalovchi so‘zlar esa muayyan millat hayotininggina emas, ruhiyatining ham belgilariga aylanadi. Mirtemir ulusning tirikchilik yo‘sinida milliy sezimlarini ko‘ra biladigan va ko‘rsata oladigan shoir edi. Shoirning “Hali ham” she’ridan olingan quyidagi misralarning nechog‘lik o‘zbekonaligiga e’tibor qiling:
Onam non yopadi bo‘g‘riqib-bo‘rtib,
Dam-badam kuyadi qo‘li yengsakda.
Chiviq toycham gijing, yo‘rg‘alab-yo‘rtib,
Hadeb aylanaman shu tevarakda.
Mirtemir – nozik va o‘zgaruvchan ruhiy holatlarni ustalik bilan chiza oladigan shoir. Gohida uning she’rlarini xalq qo‘shiqlaridan ajratish qiyin. Shoir poetik niyatni xalqona sodda, jaydari yo‘sinda amalga oshiradi. She’rlaridagi har bir so‘z, har bir tovushning o‘z o‘rnida qo‘llanilib, xalq qo‘shiqlari singari poetik ohang hosil qilishiga erishadi: “U go‘yo saxiy emish, Ko‘lik beraman dermish. Olmagin ko‘ligini, Ortadi o‘ligini…” Yomon odamning tuban qilmishidan ogohlantirish ko‘rinib turgan bu satrlardagi ifoda ham, ma’no ham xalq og‘zaki ijodining kuchli ta’sirida ekanligi seziladi.
Mirtemir she’riy so‘zni o‘ziga xos tarzda qo‘llaydi. Shoir so‘zni shunday ishlatadiki, uning ma’nosi kengaygandek bo‘ladi. Odatda quloqqa biroz g‘alizroq eshitiladigan atamalar ham Mirtemir she’rlarida kutilmagan yangi jilo kasb etadi. Natijada she’riy ifoda tushunarliroq bo‘ladi, aytilayotgan poetik fikrga munosabat uyg‘onadi:
Ko‘zga g‘ubor chekmasa, shiprindi – qo‘qim,
O‘zin tulpor bilmasa qirchang‘i, so‘qim,
Baxmaldan bichilmasa eshakka to‘qim
Qaniydi…
Mirtemir o‘zbekning hayot tarzinigina emas, balki uning olamni obrazli idrok etish yo‘sinini ham g‘oyat puxta bilgan shoirdir. Shoir xalq turmushiga oid jihatlarni bilish bilangina kifoyalanmaydi, balki ichdan tuyadi. Shu sabab uning ijodi millatning ruhini ifodalashi jihatidan tengsizdir. Mirtemir: “Bitta paydo bo‘lsa bas, Ketar ekan kuchuklab”, deb yozadi “Shumg‘iya” she’rida. Fikrni bunday ifodalash o‘zbek dehqonigagina xos. Boshqa bir she’rida tabiat manzarasini shoir shunday ifodalaydi: “Qor yog‘ar elab-elab, Olamni oqqa belab. Kakliklar tog‘dan tushib, Donsiz, panasiz ushib”. Qor yog‘ishini unni elashga o‘xshatish topishmoqlarda bo‘lardi. Bu usulni she’riyatga yolg‘iz Mirtemirgina jozibali qilib ko‘chira oldi. Sovqotmoqning “ushik urmoq”, “ushikmoq” singari shakllari xalq orasida siyrak ishlatilardi. Lekin uni she’riyatda qo‘llash va bu asnoda kayfiyat yaratishga ham erishish faqat katta san’atkorlargina uddalay oladigan yumushdir. Yoki “Ko‘kni bulut olalaydi, Emish bo‘ri bolalaydi” (“Buqabuloq” she’ri) misralaridagi bulutning olalamog‘i bilan bo‘rining bolalamog‘i orasidagi bog‘liqlik shunchaki qofiyaga ehtiyojmandlik natijasi emas, balki chorvador bobolar hayot va tafakkur tarzi bergan xulosalarning betakror ifodasidir. “Bo‘zto‘rg‘ay” she’rida shoir shunday ifodadan foydalanadi: “Ko‘rinmas bir ipga osig‘lik go‘yo”. Bo‘zto‘rg‘ay holati haqida bundan ham sodda, bundan ham xalqona, bundan ham go‘zal, bundan ham oddiy va bundan ham to‘g‘ri ifodani uchratish qiyin.
“Ko‘klamda…” she’rida shoir yosh yigitlarning ruhiy holatini tashqi kolorit yordamida juda nozik ifoda etadi: “Podachi to‘rsig‘i – qo‘yning qatig‘i, Qora qo‘y qatig‘i – o‘g‘izdek quyuq, Yigitlar yallasi sartopo tuyuq – Ko‘zlar suzukligi, qoshlar chatig‘i”. Bo‘z yigitlar yallasi boshdan-oyoq tuyuq, ya’ni jumboqli. Qizlar ko‘zlarining suzukligi-yu, qoshlarining payvastaligi haqdagi nozik ishoralar bu yallalarga mavzu. Ayni vaqtda, shoir tajribali chorvadorday, qora qo‘y qatig‘ining quyuqligini ham o‘z joyida ta’kidlab ketadi.
Mirtemir qo‘lga ilinmaydigan mavhum holatlarni moddiylashtirish bobida ulkan salohiyatga ega shoirdir. Uning: “Tun beun jilmakda go‘yo sizot suv” (“Tun…” she’ri) singari ifodasi tasvir ufqining kengligidan dalolatdir. Shoir jo‘ngina, maishiy turmushda hamma tomonidan har kuni ishlatiladigan so‘zlarga chuqur va kutilmagan ma’nolar joylay biladi hamda ularni shunday o‘rinlashtira oladiki, natijada porloq ruhiy manzara yuzaga keladi.
Mirtemirning she’rlaridagi ravonlik uning tilimizni yaxshi bilishi, xalq ijodiga bo‘lgan mehrining samarasidir. Mirtemir she’rlarida so‘zlar o‘z-o‘zidan oqib keladi. Chechan shoir xuddi erkin so‘zlashib o‘tirgandek jonli yozadi. She’rlaridagi biror so‘z zo‘rlanmagan, dabdabadan uzoq. Shoir satrlaridagi biror so‘zni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Agar o‘zgartirilsa, mirtemirona ohang, ohor yo‘qoladi. U tesha tegmagan o‘xshatishlar, qiyoslar, timsollar topgani uchun she’rning tarovati ortib, o‘quvchi qalbiga zavq beradi, ehtirosga to‘ldiradi.
Mirtemir “Betoblikda”, “Acha”, “Suygulik”, “Chaqmoq”, “Toshbu” va boshqa ko‘plab she’rlarida ko‘pincha birgina satrga olam-olam ma’no yuklay olganini ko‘rish mumkin. “Betoblikda” she’rida kishi yuragidagi eng nozik, yashirin tuyg‘ular ajib bir samimiyat, ulkan dard, adoqsiz iztirob mahorat bilan ifodalangan:
Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,
Shu kungacha o‘zni men cheklab bo‘ldim.
Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,
Men uchun yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim.
Bu she’r katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan donishmand insonning alamli iqroriday yangraydi. Betoblikda odam umr va uning mazmuni haqida ko‘p o‘ylaydi. Lekin faqat shoirona ko‘zga ega bo‘lgan iste’dodgina o‘z holini suv bilan sirlashayotgan majnuntolga qiyoslay oladi. Shoirning majnuntol tagiga o‘tqazishlarini o‘tinishi tushunarli. Betob odamga havo yetishmaydi, majnuntol suv bo‘yida o‘sadigan, soyasi qalin og‘och bo‘lganidan, shoir iltijosini anglash qiyin emas. Lekin uning: “Shu kungacha o‘zni men cheklab bo‘ldim” qabilidagi iqrorini tushunish mushkulday. Chindan ham qanday cheklash haqida gap ketyapti o‘zi? Kasal odam bir dunyo cheklashlar iskanjasida bo‘lishi aniq. Hayajonlanish, ko‘p yurish, o‘qish, xullas, shifoxonada davolanayotgan odamga bir olam narsa “mumkin emas”. Bu satr zamirida bundan boshqa biror yashirin ma’no ham bo‘lishi mumkin. Sovet zamonida yashab ijod qilgan shoir bir umr haqiqatni ochiq aytish imkoniga ega bo‘lmay, o‘zini cheklab, tilini tiyib keldi. Endi umr quyoshi botib boryapti. Ehtimol, ko‘ngildagini aytishga qo‘ymay cheklashlar ham, topshiriq bilan tasvirlangan soxta quvonchlar ifodasi ham jonga tegdi, demoqchidir shoir? Keyingi misraning “Men uchun yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim” shaklida ekanligi ham fikrimizni tasdiqlashga xizmat qilishi mumkin.
Mirtemir she’rlarida hayotdagi oddiy voqeadan katta falsafiy xulosalar chiqarish, tasvirda inson ruhiy holatidan kelib chiqib ish tutish tamoyili kuchli. U ona tabiat tasviriga bag‘ishlangan, to‘rg‘ayning sayrashi-yu qaldirg‘ochning uya qurishi kuylangan she’rlarida ham Vatanga mehrni, tug‘ilgan yerga bog‘liqlikni aks ettiradi. Shoirning “Tuproq to‘g‘risida”, “Men tug‘ilgan tuproq”, “Tag‘in tuproq to‘g‘risida” she’rlari ona yer uchun aytilgan madhiyadek yangraydi. Yurt tuprog‘ining har bir gardi – cho‘l-u biyoboni-yu, tog‘-u toshigacha shoirga suyukli, ardoqli. Shoirning bu she’rlarida tabiiylik kuchli, ular yaltiroqlikdan, jimjimadorlikdan, sun’iy balandparvozlikdan juda ham uzoq.
Shoirning “Ona tilim” she’rida uning tilga bo‘lgan muhabbati butun ifori bilan berilgan. Til xalqning asosiy ma’naviy boyligi, so‘nggi qo‘rg‘oni ekan, har bir millatparvar o‘z tilini hurmatlashi, u rivojlanishi uchun qo‘lidan kelganicha xizmat qilishi darkor. Mirtemirning qiyoslari ham o‘zbekona: “Ona tilim – onajonim tili bu, Beshikdanoq singgan jon-u quloqqa. El-u yurtim, xonumonim tili bu, Qadimlikda o‘xshar ona tuproqqa”.
She’rda Mirtemir ona tilining butun go‘zalligini, uning qanchalik boy va jilvakorligini samimiy satrlarda kuylaydi. Til tufayli inson dunyo go‘zalligini, “yobonlarning cheksizligi”, “jilg‘alarning sho‘x g‘ovuri”, “tog‘larning jilosi”ni so‘zga ko‘chira oladi. Ammo tilga ham xuddi inson boshiga tushgandek har xil ko‘rgiliklar tushishi mumkin. Zamon taqozosi ila ayrim tillarning yo‘q bo‘lib ketganiga tarix guvohdir. Shoir ona tilining barcha davrlar sinovidan o‘tganini faxr ila so‘zlaydi:
Talonlarda talanmish, yong‘inlarda qovrilmish,
Ertaklar-u cho‘pchaklik odimi til bu.
Bo‘ronlarda somondek talay-talay sovrilmish,
Bu dunyoning o‘ziday qadimiy til bu.
Mirtemir ulug‘ tarixiy shaxslarning bu tilga hurmatini, o‘zining shu tilda tafakkur va adabiyot durdonalari bilan tanishganligini g‘urur ila ta’kidlaydi. She’r nihoyatda optimistik ruhda yakunlanadiki, bugungi kunda shoir niyatlari ro‘yobga chiqayotganiga kitobxon dil-dildan ishonadi: “Bobolardan bizga meros, ezgu til, Avlodlarga xazinayi bebaho. Qalbimizga, jonimizga ko‘zgu til, Bu dunyoga bergay hali ko‘p daho”.
“Qoraqalpoq daftari” Mirtemir ijodidagina emas, butun o‘zbek she’riyatida ham qardosh xalqlar hayoti yoritilgan eng yaxshi she’riy turkumdir. “Amu qirg‘oqlari”, “Olim”, “Ko‘l bo‘yida”, “Barqut”, “Sahroyi” she’rlarida obrazlar o‘ziga mos detallar topilgani bilan ajralib turadi. “Hodisa”, “Yangajon” asarlari xalqona yumorga yo‘g‘rilgani, yengil hazilning go‘zal poetik shaklda berilgani bilan o‘quvchi diqqatini tortadi. Turkumning ajoyib she’rlardan iboratligini ta’minlagan asosiy omil shoirning qoraqalpoq xalqi hayotini yaxshi bilgani, uning ruhiyatidagi eng sirli, yashirin jihatlarni nozik ilg‘ay olganidir.
Mirtemir she’rlarini o‘qishli qilgan omil ularda inson tuyg‘ularining yuksak badiiy mahorat bilan ko‘rsatib berilganidadir. Chunki tuyg‘u hech qachon eskirmaydi. Bir umr she’r ishqida yashab, she’r ishqida yongan shoir eskirmas, mangu qadriyatlarni o‘lmas poetik yaratiqlarga aylantira olgan edi.
Qozoqboy YO‘LDOSH“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son


