ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. SIZGA BERILGAN IMKONNI ASRANG!

SIZGA BERILGAN IMKONNI ASRANG!

SIZGA BERILGAN IMKONNI ASRANG!
12-iyun, 2024

Inson yoshi ulg‘aygan sari boshidan o‘tgan kunlar, voqea-hodisalarga xayolan bir-bir nazar tashlaydi. Biz kabi mo‘ysafidlar mustabid sovet tuzumining barcha ko‘rgiliklarini ko‘rdik, o‘sha adolatsiz muhitda yashadik, ishladik. O‘tgan kunlarimiz, tabiiyki, ortga qaytmaydi, o‘tmishga evriladi. Biz esa undan taqqoslar asosida mantiqiy xulosa chiqaramiz, kelajagimiz uchun fikr yuritamiz.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz debochasiga shaxsan Prezidentimizning taklifiga ko‘ra, uch ming yillik qadimiy tariximiz, beqiyos boy madaniyatimiz haqida fuqarolarda faxr-ifti­xor uyg‘otuvchi fikrlar kiritildi. Boisi, navqiron avlod vakillari xalqimizning qadim shukuhli o‘tmishidan g‘urur­lansin, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizdan ma’naviy kuch olsin. Ma’lumki, Shavkat ­Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelgach, avvalo ta’lim va tarbiya masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi. Bosh qomusimizdagi zarur tahrirlar ham aynan ana shu ta’limdan tarbiyani ajra­tib bo‘lmaydi, degan aqidaga hamo­hangdir. Ta’lim ustuvor bo‘lishida tarixiy xotira bilan bog‘liq milliy g‘ururning ham ahamiyati katta hisoblanadi.

Sovet mafkurasi talabiga ko‘ra barcha mustamlaka xalqlar qatori bizning tariximiz ham kamsitilib, daho shaxs­larimiz yerga urilib, noto‘g‘ri talqinda o‘qitib, o‘rgatilgan. Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Dorimiy Samarqandiy kabi buyuk muhaddislari­miz, Jorulloh Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Najmiddin Kubro, Abdul­xoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband singa­ri ulug‘ mufassir-mutasavviflarimiz­ning nomi va merosi qatag‘on qilinishini dahriy tuzum talabi deb tushunish mumkindir, ehtimol. Ammo Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Hakim Termiziy singari dunyoviy ilm-fanlar ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ amaliyotchi olimlar, betimsol siymolarning ham imkon qadar el nazaridan panada tutilganini qan­day izohlash mumkin?

Demak, millatni uyg‘otishi, o‘zligini eslatishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs va asarlar mustabid tuzum rahnamolariga ulkan xavf bo‘lib ko‘ringan.

Shuningdek, maktab va oliy o‘quv yurtlarida majburiy o‘qib-o‘rganganimiz tarix kitoblarining o‘ziga xos “yashirin sahifalari” ham bor edi. Ularni varaqlash, o‘zimiz yashayotgan davr haqiqatidan xabardor bo‘lish mumkin emas edi. Nafaqat xabardorlik, hatto u sirli sahifalar xususida savol berish salkam jinoyat sanalardi. Ko‘zimizdan berkitilgan millat tarixi, shukrki, Istiqlol sharofati bilan ochildi. Uni o‘qib, ma’naviyatimizning qatliom qilingan oltin avlodi faoliyatiga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Tabarruk zotlar, ulamolar hayoti, ijodi, ularning millat charog‘bonlari o‘laroq olib borgan ezgu ishlariga, shuningdek, ayrim tarixiy voqea-hodisalarga butunlay bosh­qa tomondan, ya’ni yangicha nazar bilan qarash boshlandi.

Bugun yangi qiyofa kasb etayotgan O‘z­be­kiston – bu yangilanayotgan tafakkur, ong, butunlay yangi taraqqiyot yo‘lidagi fan-texnika maydonidir. Bu tarixiy va evolyutsion nuqtayi nazardan qaraganda O‘zbekis­tonda Uchinchi Renessans fenomenining boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy, ma’rifiy, ilmiy-texnik hodi­sadir.

Bir paytlar jadidlik harakati mutta­sil qoralanib, biz o‘qigan kitoblarda ular­ning nomlari faqat salbiy sifatlar bilan keltirilgan bo‘lsa-da, ular bizning millatdosh, vatandosh ota-bobolarimiz ekanini ich-i­chimizdan his qilar edik. Biroq ovoz chiqarib aytib bo‘larmidi? Sevimli adibimiz Abdulla Qodiriy bitgan romanlarni bemalol o‘qimoq qayda? Abdulhamid Cho‘lpon asarlari adabiyot javonidan olib tashlandi. Millat fidoyilariga “xalq dushmani” tamg‘asi bosilgandi. Fayzul­la Xo‘jayev, Ubaydulla Xo‘jayev, Saidnosir Mirjalolov, Usmon Xo‘ja, Nosirxon to‘ra kabi ijtimoiy-siyosiy jabhalarda faol bo‘lgan, shaxs sifatida kamol topganlar ustiga bo‘hton mag‘zavalari ag‘darilgan edi. Jadidlar tomonidan xorijga o‘qishga yuborilgan talabalar taqdiriga qiziqish, hatto ularning ismini tilga olish ham ulkan jinoyat sanalardi. Tasavvur qilish mumkinmi u zamonlarni?

Bugun esa jadidlarimiz Vatan xizmati­ga kamarbasta, ma’rifati bilan yurtini obod qilishni yurak tubiga joylagan yoshlar bo‘lgani barchamizga birdek ayon. Ular ozod mamlakatni, har jihatdan yangi hayotni orzu qilishgan edi. Biroq tota­li­tar tuzum ona tili, muqaddas tuprog‘ini yaxshi ko‘rgan elparvarlarni o‘zlariga raqib bildi, xalqi uchun aziz jonini ayamaydigan insonlardan dushman yasadi.

 Demoqchimanki, bugungi kunning qad­riga yetish uchun fikrlash, o‘ylash, tafakkur yuritish lozim. Kecha va bugunni taqqoslamoq kerak. Shunda jadid ziyo­lilarining o‘z hisobidan maktablar ochgani, kutubxonalar tashkil etgani, sayyor teatr truppalarini tuzib, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq ma’rifat tarqa­tib yurganlarining sababi ayon bo‘ladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’na­viyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraq­qiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.

Toshkentda Abdulla Avloniy bosh­lagan ta’lim islohotlarining uzviy davomchisi bo‘lgan Munavvar qori Abdurashidxo­nov, Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Buxoroda Usmon Xo‘ja va boshqa fidoyi ziyolilar tomonidan olib borilgan tashviqot ishlari, elni g‘aflat uyqusidan ilm yog‘dusi ila uyg‘otishga qaratilgan sa’y-harakatlari­ni tahlil qilar ekanmiz, jadid bobolarimiz mamlakatning muhim jug‘rofiy nuqtalarida turib, xalqni birla­shishga undaganini anglaymiz. Ular ilm-ma’rifat mayog‘ini boshi uzra baland ko‘tarib, yurtning qorong‘i go‘shalarini yoritishni maqsad qil­gan, albatta.

Jadid bobolarimiz millatning fidoyi farzandi sifatida amalga oshirgan ishlari garchi o‘z davrida yetarlicha e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib ular orzu qilgan hurriyat qaror topdi. Uzoq yillar davomida bizga “yot unsur” deya ko‘rsa­tib kelingan, nafaqat o‘zi, balki butun oila­si bilan qoralanib, taqiq-u tahqirga mahkum qilingan ma’rifatparvarlar nomi to‘liq oqlandi va ular xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatila boshlandi.

2020-yilga kelib Prezidentimiz tomonidan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori kabi xalq qahramonlari munosib qadr topib, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi haqiqat g‘alabasi, adolat tantanasi bo‘ldi. To‘g‘risi, shu millatning ziyoli bir vakili sifatida mening ham ko‘zlarimga quvonch yoshlari keldi. Chunki ular aytgan purma’no so‘zlar hali-hamon o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. “Haq olinur, berilmas!” Mahmudxo‘ja Behbudiyning ushbu yoniq so‘zlari bugun ming-minglab Vatanning asl farzandlari ko‘nglidan joy oldi.

Men har gal maktablar yonidan o‘ta­yot­ganimda Prezident Shavkat ­Mirziyoyev­ning Uchinchi Renessans poy­devorini bunyod etish maktab ostonasidan bosh­lanishini ta’kidlab: “Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo ha­yot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari har bir maktab binosi pesh­toqiga yozib qo‘yilishi shart”, deb ayt­gan gapi esim­ga keladi. Zero, shijoatli, ja­sur, Vatanga sodiq ­yigit-qizlarning barchasi dastlab maktabda ta’lim-tarbiya oladi. Kamolotga yetgach, katta ha­yot maydoniga qadam qo‘yadi. Ular jadid bobolarining o‘gitlari asosida to‘kis tarbiya ko‘rsa, tabiiyki, mamlakatimiz har jihatdan taraqqiy qiladi, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida o‘ziga xos toza ma’naviy muhit yuzaga keladi.

Ta’lim islohotchisi Is’hoqxon Ibrat ma­da­niyat va ma’naviyat yo‘lida e’tirofga munosib xizmatlar qilgani, yangi usul maktablari tashkil etgani, xorijdan zamo­naviy texnikalar, xususan, kitob chop etadigan bosmaxona uskunalari olib kelgani – o‘sha paytdagi ijtimoiy-siyosiy muhit uchun juda katta yangilik edi. Bunday muhim tarixiy voqealardan xalqimiz keyingi yillardagina atroflicha xabardor bo‘lmoqda. Nazarimda, jadidlar orzu qil­gan maktab islohotlari tom ma’noda so‘nggi yillarda juda keng miqyosda davom etmoqda.

Kishilik jamiyatining bir necha ming yillik taraqqiyot yo‘liga nazar solsak, bir tarixiy haqiqat ko‘zga yaqqol tashlanadi: qaysi davrda adolat jamiyatning bosh mezoni bo‘lib, ilm-fan, texnika, san’at va madaniyat taraqqiyotiga keng yo‘l ochilgan, uning ravnaqi uchun yetarli sha­roit yaratilgan bo‘lsa, o‘sha zamonlarda misli ko‘rilmagan evrilishlar ro‘y bergan. Ijtimoiy hayot farovonlashib, odamlar tur­mushi to‘kinlasha borgan. Ilm-fan va madaniyat millatning ramzi sifatida uning jahon hamjamiyatidagi darajasini belgilagan. Buyuk iste’dod sohiblari Renessans hodisasini yuzaga keltiruvchi, millat va jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuch sifatida o‘zlarini namoyon etishgan.

 Xalqimizda “Sulton suyagini xorlamas” degan naql bor. Shavkat Mirziyoyev us­toz­lik zahmatini yaxshi biladigan, muallim mehnatini qadrlagan, o‘qituvchi degan nomni yuksaltirgan davlat rahbari bo‘ldi. Yillar davomida o‘qituvchining gardaniga ilingan majburiy mehnat – paxta terish, chopiq, yagana qilish, daraxt oqlash, pilla terish, ko‘cha supurish kabi zahmatlardan pedagog va o‘quvchilar xalos bo‘ldi. Ilmiy tadqiqotlar olib bora­yot­gan yosh olimlar uchun ham juda katta imkoniyatlar yaratildi. Ilm-fan sohasini rivoj­lantirish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.

Men o‘zim turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan oliy ta’lim tizimida ishlagan kezlarimda kuz desa yuragim bezillab turardi. Ayni ilm oladigan pallasi paxta dalalarida qish-qirovli kunlargacha noqulay shart-sharoitda og‘ir mehnat zalvori ostida ezilayotgan talabalarga qa­rab, har qanday vijdonli o‘qituvchining joni achirdi. Ammo siyo­sat, zamon va talab shuna­qa edi. Mana, bugun o‘sha kunlar haqida yoshlarga gapirsang, Abdulla Qah­hor ta’biri bilan aytganda: “O‘tmishdan ertaklar” bo‘lib tuyuladi. Xudoga shukur, u kunlar ortda qoldi. Qaytmas bo‘lib ketgani chin bo‘lsin.

Xayriyatki, bugun o‘qituvchilarning hur­mati joyiga qo‘yildi, ustozlarning aza­liy maqomi asta-sekin o‘z mavqeiga munosib yuksalib boryapti. Ularning mehnati adolat­li rag‘batlantirilib, oylik maoshlari oshirildi va ko‘plab imtiyozlar taqdim etildi.

Bir so‘z bilan aytganda o‘qituvchi ob­ro‘­si tiklandi. Prezidentimiz respub­li­ka­mizdagi ta’lim dargohlarining ahvolini kaftdagidek ko‘rib, bilib, amaliy ishni aynan ana shu bo‘g‘indan bosh­lash kerakligini ta’kidladi, hukumat miqyosida o‘rtaga qo‘ydi. Islohotni eng kerakli nuqtadan, ya’ni maktabdan boshladi.

Ha, maktab jamiyatning yuragidir. Ertani farovon ko‘rishning eng muhim sharti – avlodning ta’lim-tarbiyasiga nazoratni kuchaytirish, mamlakat maktablarini xalqaro darajadagi zamonaviy ilm maskanlariga aylantirish. Bu haqiqat­ni davlatimiz rahbari xuddi jadidlar kabi juda teran angladi va o‘z islohotlari bilan bobolarimizning munosib davomchisi bo‘lib maydonga chiqdi. Shu ma’noda, men Prezidentimizni zamonamiz jadidi deb bilaman va u kishining ta’lim sohasidagi xatti-harakatlarini yangi zamon jadid harakati deb atashni juda-juda istar edim.

Bundoq qarasam, ko‘z ochib-yumgunimcha salkam bir asrlik vaqt o‘tib ketib­di. Tabiiyki, bu umr yo‘li bugungi Toshkent ko‘chalaridek ravon va charo­g‘on bo‘lmagan. Og‘ir, zahmatli kunlarni ham, izzat-hurmatga to‘la quvonchli dam­­larni ham ko‘rdim. Oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘, deganlaridek umrim yaxshilik bilan yomonlik, ezgulik bilan yovuzlikning doimiy ravishda murosasiz to‘qnashuvi maydoniga do‘ndi. Hayotning ana shu achchiq sabog‘i natijasida har qanday sharoitda ham insonni asraydigan ilohiy qudrat bu – ma’rifat, e’tiqod va iymon ekan, unga eltadigan yagona so‘qmoq esa – tajriba hamda bi­lim sana­larkan, degan xulosaga keldim.

Ustoz otangdan ulug‘, deydilar. Bu ta’rif, albatta, haqiqiy chin ma’nodagi us­toz­lar haqida, deb bilaman. Insonning toleyi kulsa, uni haq yo‘liga yetaklaguv­chi yo‘lchi yulduz yanglig‘ piri murshidga ro‘para bo‘lar ekan. Taqdir meni ana shunday ustozlar bilan siyladi. Ustoz­larimdan cheksiz minnatdorman. Ularning ruhlari­ni shogirdlik ehtiromi, toliblik mehri bilan yodlab, ularni alqab, ruhlarini shod etish­ni muqaddas burchim deb bilaman. Bu gaplarni bejiz aytmayapman. O‘ylab ko‘rsam, o‘sha og‘ir davrlarda fidoyi ustoz­larimiz o‘zimizning qorako‘zlardan munosib izdoshlar chiqsin, millat ziyolilari safi kengaysin, milliy olimlar, ahli ilmlar ko‘paysin, deb boshlarini kundaga qo‘yib, bizni tarbiyalab, shakllantirgan ekan.

Tegirmon navbati bilan, degan masho­yixlar. Mana, bugun ustozlar oldi­dagi shogirdlik qarzimni ma’lum ma’noda ­uzish, o‘rganganlarimni yoshlarga o‘rga­tish, oltin halqa uzviyligi buzilmasligi yo‘lida Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasini baholi qudrat boshqarib kelyapman. Navqiron o‘g‘il-qiz­larimiz agar imkon berilsa, yulduzni uzib olishga qodir, o‘z oydinlariga munosib kuch-g‘ayratga to‘la avlod ekaniga faoliyatim davomida guvoh bo‘lyapman.

Yoshlarimizning aqliy imkoniyatlari, intellektual salohiyati hamda Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tahlikali va g‘oyat ziddiyatli zamonda turli mafkuraviy xuruj­larga qarshi mustahkam g‘oyaviy sobitligini namoyon etayotgani meni behad quvontiradi. Bir ustoz, ko‘pni ko‘rgan, yetarli hayotiy taj­ribaga ega bo‘lgan murabbiy, qolaversa, nuroniy kishi sifatida shogirdlarimga, farzand-u nevaralarimga qarab, umumjamiyatda yaratilgan ama­liy imkoniyatlar qamroviga guvoh bo‘lar ekan­man, tilimda shukrona aylanadi. Xulosa o‘rnida shunday degim keladi: sizga berilgan imkonni, imkon bergan zamonni, Yangi O‘zbekistonni qadrlang, seving va asrang!

Oqil SALIMOV, akademik
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7–iyun | 24-son

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar