ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. XIRA TORTMAGAN UFQ

XIRA TORTMAGAN UFQ

XIRA TORTMAGAN UFQ
14-iyun, 2024

Yaponiyada bor-yo‘g‘i ikki soat bo‘lib qaytgan kishi safar taassurotlarini kamida ikki yil tinimsiz gapirishi mumkin ekan. Bu mamlakatda ikki oy bo‘lgan odamning hikoyalari ikki haftaga cho‘ziladi. Kunchiqar yurtda ikki yil yashagan, mamlakatni u boshidan bu boshigacha kezib chiqqan kishining hikoyalari esa ikki soatga ham yetmaydi, deyishadi. Chunki u gapni nimadan, qaysi moʻjizadan boshlashni bilmay qiynalib ketadi.

Ustoz Said Ahmad haqida xotira yozmoqchi bo‘lgan kishi, adib bilan hech bo‘lmasa bir marta suhbatlashgan yoki biror sayohatda tugun-pugun ko‘tarishga yordamlashvorgan bo‘lsa, ikki yil emas, umrining oxirigacha bu to‘g‘rida do‘st-qadrdonlariga qo‘shib-chatib gapirib yurishi aniq. Buning aslo qiyin joyi yo‘q. Ustoz bilan Buxoro tomonlarga yoki vodiy viloyatlariga sayohat qilgan, Qamchiq, Taxtiqoracha dovonlarida tasodifan uchrashib qolgan kishining taassurotlari oradan yillar o‘tsa ham aslo tugamaydi, aksincha, to‘lib-toshib, shishib-semirib boradi. Davrimizning hassos yozuvchisi Said Ahmadni yaqindan bilgan, bu ulug‘ inson bilan yonma-yon yashagan, hayot, ijod mashaqqatlarini birga tortgan, Do‘rmon bog‘ida ustoz o‘z qo‘llari bilan damlagan “yarim kilolik, yeyilgancha yeyilib, ortgani mahallaga xayriya sifatida tarqatiladigan uch kishilik palovxonto‘ra”ga necha bor og‘zi tegganlarning esa xotira yozishi ancha mushkul.

Ustoz bilan ko‘p bor muloqot qilganman. Betakror, o‘rama-burama lutflarini o‘zlaridan eshitish menga ham nasib etgan. Obuna to‘g‘risida hangomalarimga ko‘z tashlab, “Mana shu olabuqalik bolada bir gap bor-da”, derdilar. “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” nomi bilan chiqa boshlaganida, Said Ahmad domla yeng himarib, “Shum bola”ning choyxonasida “asartaroshlik” qilganlar. Juda ko‘p asarlar qiyomiga yetkazib taroshlangan. Keyinchalik bu ishni biz – tahririyatning yangi xodimlari davom ettirdik. Domlaning maslahatlari, ba’zan ilmoqli, ammo samimiy yo‘l-yo‘riqlari bilan choyxona gavjum bo‘ldi. Qanchadan qancha yangi mavzular shu yerda tug‘ilib, shu yerda yo‘rgaklandi. Qaynab turgan samo­var­ning tutuni domla bir-biriga ulab chekayot­gan tamaki tutuniga qo‘shilib ko‘kka o‘rladi. Qanchadan qancha havaskor hajvchilarning kalta-kulta qalamlari shu yerda charxlandi. Qanchalari ustozdan ijodda emas, boshqa kasblarda omadlari kelishiga duo olib ketishdi. Shunday bo‘lsa-da, Said Ahmad domlani yaqindan bila­man, xotira yoza olaman deb baralla aytolmayman. Domlaning murakkab hayot yo‘li, taqdirning adolatsiz zarbalari haqida fikr yuri­tish oson emas. Shu bois, ustoz bilan bog‘liq ba’zi xotiralarni eslash bilangina qanoatlanaman.

Gapni “Ufq”dan boshlasam bo‘ladi. Bu asar­dan olgan taassurotlarim hali-hanuz yodim­da. Uni takror-takror o‘qib chiqqanman. Har gal, ota o‘z farzandiga o‘q uzishi sahifasiga kelganimda dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib ketgan. Bu asar kino tiliga ko‘chib, ota rolini Hikmat Latipov ijro etganida va u urushda vafot etgan, ammo kutilmaganda tirik qaytib kelgan o‘g‘lining savoliga “Amalladik, bolam…”, deb javob qaytarganida, iste’dodli aktyorning yer yorilsa yerga kirgudek mulzam ko‘zlariga tikilib, urush nima ekanini birinchi marta anglagan bo‘lsam, ajab emas.

Keyinroq ustozning hajviyalarini o‘qishga tutindim. Havaskor bir qalamkash sifatida ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Said Ahmad hajviyalarida birinchi jumla juda katta ahamiyatga ega. Shu muxtasar jumla o‘quvchini o‘ziga butunlay qaratib oladi. “Nurmatjon magazindan aroq olganida, “uyga borib, yonboshlab maydalayman”, deb o‘ylagan edi. Lekin sumkasidagi shisha har gal oyog‘iga tegganida eti seskanib, og‘zining so‘lagi oqaverdi…”. Bu – “Bir latifa aytaymi?” hajviyasi­ning boshlanishi. “Tovuq tilini biladigan odam”­da o‘qiymiz: “Boqqaning­ga yarasha tovuq o‘lgur kunda tug‘sa-da. Don cho‘qishiga qaraganda, kuniga ikkitadan tuxum qiladiganga o‘xshaydi. Qaqolashi dunyoni buzadi…”. “Mushtipar”da bundan ham jonli “manzara”ga duch kelamiz: “U ichkuyov edi. Xotini ishga ketganda idish-tovoqni yuvib, bolani kiyintirar, kiyimlariga dazmol bosib, hamma­ yoq­ni orasta qilib qo‘yardi…”. “Xotima”da ham shunday: “Yomon gapning qanoti bo‘ladi. Pir etib uchadi-yu, tomma-tom, devorma-devor oshib, elning qulog‘idan kirib, og‘zidan chiqadi…”. “Hindcha qo‘shiq”ning avvali ustoz Abdulla Qahhorni eslatadi (“Shunday qilib, Ahmad polvon so‘yiladigan bo‘ldi…”): “Qosimjon mashinani garajga kiritib, darvoza­ning uch joyidan qulflab, kalit o‘ynab kelarkan, uchinchi yo‘lak oldida bolalarning chiroyli bir itni silasha­yotganini ko‘rdi…”

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ustozning ixcham, bir nafasda o‘qiladigan haj­viyalarida jiddiy bir asarga loyiq ijtimoiy yuk bo‘ladi. Ba’zan tashbeh-u qiyos, badiiy bo‘rttirish me’yoridan oshib, lof darajasiga yetib qolganini sezsangiz ham, asarning tili sizni asalday tortib ketaveradi, e’tiroz bildirmay o‘qishda davom etasiz.

Bundan rosa ellik yil avval “Mushtum” jur­nalida ustozning mitti bir hajviyasi e’lon qilingan. Mazmuni: katta bir rahbar savdo idorasi omborxonasi mudiriga qo‘ng‘iroq qilib, “Birozdan keyin shofyor yangangizni olib boradi, omborxonadan ul-bul tanlaydi”, deydi. Katta rahbarning topshirig‘idan xursand bo‘lgan mudir omborxona eshigini ochib, yangani kuta boshlaydi. Ko‘p o‘tmay yanga keladi. Omborxonadagi asl mollarni tanlashga tushadi. Shu payt rahbar qo‘ng‘iroq qilib, mudirga: “Uyda ish chiqib qolibdi, yanga­ngiz ertaga boradi”, deydi. Mudirning kapalagi uchib, ombor­da mol tanlayotgan xotinni haydab soladi. “E, xayriyat-e, bir palakatdan qutuldim”, deb turganida yana qo‘ng‘iroq bo‘ladi: “Yangangiz yo‘lga chiqqan ekanlar, yaxshi kutib olding­larmi?..”

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida adabiyot gazetasi sahifalarida “Ov” sarlavhali sarguzasht hashar-qissa e’lon qilganmiz. Muharrir sifatida tashabbus ko‘rsatib, qissaning birinchi bobini o‘zim yozdim va navbatni bir-ikki ijodkordan keyin Said Ahmadga berdik.

O‘sha paytda desangiz, Yozuvchilar uyush­masi “Yozuvchilar uyushmasi” va “Adib­lar ittifoqi”ga bo‘linib, ular faoliyatini yoritish tahririyat uchun jiddiy muammoga aylangandi. Hashar-qissaning navbatdagi bobini yozishga kirishgan Said Ahmad bir o‘q bilan ikki quyon­ni shunaqa urdiki, ofarin demaslikning iloji yo‘q edi. Mana, o‘sha qissaning ustoz yozgan bobidan parcha: “Oralaridan qil o‘tmaydigan ov­chilar o‘rtasidan qora mushuk o‘tdi. Bir-biriga raqib, bir-biriga yov. Biri ov qilgan joyga boshqasi bormaydi. Biri mo‘ljalga olgan quyon­ni boshqasi hurkitadi. Oralarida qandaydir ko‘zga ko‘rinmaydigan taranglik anchadan beri bor edi. Bu taranglik tortilib-tortilib, po‘lat zanjirni ham uzish darajasiga yetdi. Oxiri bu zanjir Javlon ovchining yubileyi kuni uzildi. Ota-bobolaridan bosh­langan ahillik bir kundayoq barbod bo‘ldi. Zanjirning bir tomoni Ovchilar uyushmasi bo‘lib, Mullaqandning do‘konida qoldi, bir uchi Merganlar ittifoqi bo‘lib, o‘ziga makon qidirib ketdi. Ularni birlashtirish uchun kimlar o‘rtaga tushmadi, deysiz?! Tog‘dan ko‘pni ko‘rgan ovchilar tushib, ikki tomonni murosayi madoraga keltirmoqchi bo‘lishdi. Cho‘ldan tajribali merganlar kelib, “bxay-bxay” bo‘linglar deyishdi. Bo‘lmadi…”

Qissadan hissa shuki, asli toshkentlik, keksaygan chog‘ida “dom”da tura olmay, Ohangarondagi qarindoshlarinikiga ko‘chib ketgan mashhur To‘xli mergan bu noxush xabarni eshitib, “Jiguli”ning orqasiga yonboshlab, ikki yoniga ikkita ovchi burgutini olib, Toshkentga, Mahmud mo‘ylovning lag‘monxonasiga keladi. Otaxonning Toshkentga kelayotganini eshitgan har ikki tarafdan o‘n beshtadan vakil shogirdlar mo‘ylovning lag‘monxonasiga to‘planishib, bir-birlariga orqa qilib o‘tirishadi. Otaxon ularga qarab shunday deydi: “Ahmoq­lar! Bilib qo‘yinglar, duoyibad qilsam, u dunyo-bu dunyo ovlaring o‘ng kelmaydi. Qani, o‘rinlaringdan turinglar. Bundan buyon sen ovchi, men mergan, degan gap yo‘q. Ikkoving ham birsan. Tamom, Allohu akbar…”

Qissaning bu bobi o‘shanda nechog‘li katta ahamiyat kasb etganini bu voqelarga guvoh ijodkorlar yaxshi tasavvur qilishadi.

Ustoz bilan umrlarining so‘nggi kunlarigacha ijodiy hamkorlik qilib keldik. Biror nima qoralagan bo‘lsalar, darhol qo‘ng‘iroq qilib, “Zo‘r narsa chiqdi, gazetaning tiraji oshishini xohlasalaring, tezroq olib ketinglar, boshqalar ilib ketmasin yana”, deb hazil-huzul qilardi. Domlaning “To‘zg‘ib ketgan xayollar” sarlavhali hikoyalari qo‘lyozmasini dala-bog‘lariga borib olib kelganmiz. Hikoya eski yozuv mashinkasida, ishlatilaverib rangi ketib qolgan lentada ko‘chirilgan, ustma-ust tahrir qilingan, o‘chirilgan, tiklangan, ba’zi qo‘shimchalar, jumla va hatto so‘zlar alohida qog‘ozga yozilib, qaychida qiyilib, yelim bilan matnga kiritilgan, chetiga yopishtirilgan, sahifalarning raqamlari bir necha bor almashtirilgan. Ustozga: “Durustgina hikoyani qaychida burdalab, qayta yopishtirib chiqibsiz”, desam, “E, muharrir bola, sarlavhani o‘qimadingmi, “To‘zg‘ib ketgan xayollar” deb qo‘­yibman-ku”, deganlari esimda.

Shu qo‘lyozmani avaylab saqlab qo‘yibman.

Bir gal Xayriddin Sultonov ikkimiz domladan xabar olish uchun Do‘rmonga bordik. Ustoz ichki kiyimda oshxonalarida kuymanib yurgan ekanlar. Salom-alikdan so‘ng yaxshigina suhbat bo‘ldi. Biror narsa kerak bo‘lib qolsa, domla nabiralari Sharofjonga aytib, yerto‘ladan oldiradilar. U yerda g‘aroyib mol-dunyo yig‘ilgan. “Urush yillari tarqatilgan paxta yog‘i, makaron, kir sovungacha bor-a”, deb hazil-huzul qilamiz. Gap orasida shuncha “muhim” narsalarning taqdiri xususida so‘z ketdi. “Tashvish qilmang, birortasi talon-toroj qilinmaydi, eksponat sifatida saqlanadi, hammasini uy-muzeyga qo‘yamiz”, dedik.

– Muzey qayerda bo‘ladi? – so‘radi ustoz.

 – Qayerda bo‘lardi, shu yerda-da, – dedik shaxdam.

 − Yo‘q, bo‘lmaydi, odamlar shahardan Do‘rmonga kelarmidi? – dedi ustoz bosh chayqab.

 – Keladi. Muxlislar Tolstoy boboni eslab, Yasnaya Polyanaga kelishadi-ku, – de­dik. Rozi bo‘lganday bo‘ldilar. Ammo bir zum o‘tmay aynib qoldilar.

− Xo‘p, Do‘rmonda bo‘lsin ham deylik, unda muzeyga kim direktor bo‘ladi?

− Mana, bir devor yon qo‘shningiz Barot Boyqobilov bor, bu ishga juda mos tushadi, – dedik.

Ustoz battar aynib, “Yaxshisi, muzeyga o‘zim bosh bo‘lganim ma’qul. Mendan durust nomzodni topa olmaysanlar”, dedilar…

Bir yili O‘zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev ikkimizni poytaxt bolalar bog‘chalari tarbiyachilarining yig‘ilishiga taklif qilishdi. Normurod aka yayrab she’r o‘qidi. Men “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida chop etilayotgan bolalarbop kitoblarni targ‘ib qildim. Uchrashuv yakunida bir ayol yonimizga kelib, bizdan kutilmaganda Said Ahmad aka to‘g‘risida so‘rab qoldi. Bilganla­rimizni aytdik. “Bir kishi og‘ir kasal, yurolmaydi, shu yozuvchi bilan uchrashmoqchi, iloji bo‘lsa tezroq”, dedi opa ko‘zlariga yosh olib.

Bemorning kimligini so‘radik. Opaning turmush o‘rtog‘i ekan. Bizni uyiga taklif qildi. Tushunarsiz bir vaziyat yuzaga keldi. Yo‘q deyolmadik.

Chilonzor. To‘rt qavatli uy. Xonalardan birida yoshi anchaga borib qolgan, kasallik alomatlari shundoqqina ko‘rinib turgan bir kishi bizni yotgan joyida, qiyin bo‘lsa-da, ozroq jilmayishga harakat qilgancha kutib oldi. Salom-alikdan so‘ng bemor o‘rnidan biroz qo‘zg‘olib, “Mana shu suratni Said Ahmad ishlagan, shu odamni bir ko‘rsam…”, dedi devorga osib qo‘yilgan erkak va ayol kishining suratiga ishora qilib. Avval ajablanib, keyin hayratlanib moybo‘yoqda ishlangan suratga qaradik. Bemor hikoyasini boshladi.

“Turmada nadziratel edim. Bir kuni ­yangi aristonlar keladi, joy hozirlansin”, degan topshiriq bo‘ldi. Ispiskaga qarasam, Xusan­xodjayev S. degan o‘zbek yozuvchi bor ekan. Kelishdi. Joylashtirdik. Ammo so‘zlashishning iloji yo‘q. Hamma nadziratellar bir-birini kuzatib turadi. “O‘zbek o‘zbekni yoniga chaqirdi, bir nimalarni gaplashdi”, degan gap chiqsa, baloga qolaman. Vaqtini topib, bir kuni Said Ahmadni besh kishi bilan birga yonimga chaqirdim. Bitta-bitta gap­lashdim. Hammasini so‘rab-surishtirdim, ko‘p narsani bilib oldim. Suratkashlik bilan ham shug‘ullangan ekan, shunga yarasha ish berdik. Yonimda ota-onam­ning suratlari bor edi, ularni mana shunday chizib berdi.

Bu orada menga otpuska berishdi. Toshkentga keldim. Uch-to‘rt kundan keyin kech­roq, qorong‘i tusha boshlagan paytda Said Ahmad bergan manzilga borib, u yoq-bu yoq­qa qarab, hech kim meni kuzatmayotgani­ga ishonch hosil qilgach, darvozani asta taqillatdim. Turmush o‘rtog‘iga o‘zimni tanitdim. Bechora ayol, avvaliga o‘zini yo‘qotib, isho­nish­ni ham, ishonmaslikni ham bilmay, rangi oqargancha bir zum xiyol ochilgan darvozaga suyangancha turib qoldi. “Besh kundan keyin qaytaman. Sahar payti kelaman”, dedim-da, ortimga qaytdim. Opa issiq kiyimli tugunni juda katta qilib yuborgan ekan, o‘zimning ham yuklarim ko‘p deb, yarmini oldim. Omonat qo‘liga yetgach, Said Ahmad xursand bo‘ldi. U kishini bir ko‘rsam, armonim qolmasdi. Iltimos…”

Bir hisobda yaxshi xabar. Bir vaqtlar o‘zlari ishlagan suratni ko‘radilar. Ammo bu gapni ustozga qanday aytamiz, o‘lim sharpasi kezib yurgan bemor yoniga kelishga qanday ko‘ndiramiz? Boshimiz qotdi. Kun, hafta avvalgidan ko‘ra tezroq o‘ta boshladi. Yo‘q, aytmasak bo‘lmaydi.

Do‘rmonda, o‘sha hammaga tanish hovli­ning ayvonchasida uch kishi o‘tirgan edik, payt poylab turib, asta aytdim. Bizni kuldirib turgan ustoz bir zum to‘xtab qoldi. Ko‘zlari kattalashdi. O‘rinlaridan turib, “E, nima deyapsan san bola, surat deysanmi, qanaqa surat, qana­qa nadziratel, ismi nima ekan? Nima?.. Ha, e, qo‘y uni. Hammasi yolg‘on, bo‘lmagan gap. Hech qanaqa surat-puratni bilmayman. Qani, yeb-ichdilaringmi, bo‘ldi, turlaring, omin…” devordilar.

Do‘rmondan og‘ir qaytdik. Tushunarsiz holat yuz bergani yo‘q, aslida. U mudhish kunlarni, sindirilgan taqdirlarni, umri erta xazon bo‘lgan qanchadan qancha juvonmarglarni eslash, hatto xayolotda jonlantirish ham o‘ta og‘irligini bu kunlarni ko‘rmaganlar, bilmaganlar qanday tushunsin?!

Bir gal ustozdan kutilmaganda qisqagina maktub olganmiz. Yaxshi kayfiyatda bosh­langan xatning oxirgi satrlari, ayniqsa, bitta so‘zi o‘ta zardali edi. Tahririyatda qisqa vaqt shartnoma asosida ishlagan bir yozuvchimiz ustozning yangi hikoyasini xuddi havaskor yozuvchining mashqini tuzatganday tahrir qilibdi. “Jarrohlik tig‘i” tegmagan birorta jumla qolmabdi. Ustoz qattiq ranjib, “Anovi xodim­ning …qo‘li tegadigan bo‘lsa, boshqa hikoya yubormayman”, debdilar. Oraga tushgan sovuqchilikni bartaraf qilish uchun ikki-uch hafta Do‘rmonga nav­batdan tashqari bo­rib-kelib turishimizga to‘g‘ri keldi. Ustoz so‘zni, so‘z san’ati bo‘lgan adabiyotni aziz tutardi, har qanday asarga baho berishda avvalo yozuv­chining tarjimayi holini, kayfiyatini va qo‘liga qalam tutqazgan majburiyat nima ekanini yaxshi anglash kerak, degan qat’iy talabi bor edi. O‘zi ham, albatta, shunchaki ermak uchun biror satr yozgan emas. O‘ylashimizcha, Said Ahmadning ana shu xislati ham bugungi ijodkorlarimizga ibrat bo‘la oladigan jihatdir…

Xotiralar ko‘p, yillar ularni ayovsiz sinovdan o‘tkazadi, elaklaydi, ammo Said Ahmad kabi ulug‘ ustozlar ijodining ma’naviy ufqi aslo xira tortmaydi.

Ahmadjon MELIBOYEV

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 14-iyun | 25-son

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar