ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. BUXOROYI SHARIFGA MUNOSIB MA’RIFAT MARKAZI

BUXOROYI SHARIFGA MUNOSIB MA’RIFAT MARKAZI

BUXOROYI SHARIFGA MUNOSIB MA’RIFAT MARKAZI
20-iyun, 2024

Ma’lumki, Buxoro shahri asrlar davomida nafaqat Turkistonda, balki butun islom Sharqida yorqin ilm mash’ali vazifasini o‘tab kelgan. So‘nggi asrlarda bu yolqin birmuncha pastlagandek ko‘rinsa-da, Buxoro madrasalari hamisha Turkis­tonning barcha bo‘lgalaridan tashqari Hindis­ton-u Eron, arab diyorlari, uzoq tatar dashtlaridan kelgan talabalar bilan to‘lib-toshgan edi. Garchi Turkiston siyosiy jihatdan uch davlatga bo‘lingan bo‘lsa-da, Buxoro o‘zi­ning ilm-ma’rifat poytaxti sifatidagi mavqeyini aslo yo‘qot­madi…

Tarixchi olimlar yurtimizdagi jadidlik harakatini yuzaga keltirgan ichki omil sifatida Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan istilo qilinishi oqibatida mahalliy aholining rus ilm-fani va Yevropa madaniyati bilan ta­ni­shishi, Ismoil Gʻaspralining musul­mon maktablari uchun joriy etgan “usuli savtiya”ga asoslangan jadid (no‘g‘oy) maktablari hamda “Tarjimon” gazetasi orqali keng targ‘ibotini, tashqi omil sifatida esa Turkiyadagi tanzimot harakati, “Yosh turklar”, “Yosh afg‘onlar”, Eron inqiloblarining o‘lkamizga ta’siri natijasi deb ko‘rsa­tishadi.

Bizningcha, Turkistondagi jadid­lik harakatining haqiqiy beshigi aynan Buxoro shahridir. Hali XVIII asrning oxiridayoq azaliy “Qubbayi islomi din ast” deb ta’riflangan Buxoro shahri madrasalari Islom olamining barcha mintaqalaridan kelgan talabalarni o‘z bag‘riga olgan edi. Qursaviy, Shahobiddin Marjoniy, Boysuniy kabi mutafakkirlar orqali bu ma’rifatchilik g‘oyalari islom Sharqidan tatar zamin­larigacha tarqalgan edi. Buxoroda boshlangan ma’rifat to‘lqini Xorazmda, Qo‘qonda aks sado berdi. Tariximiz zarvaraqlarini Ogahiy, Islomxo‘ja, Avaz O‘tar, Miriy Kattaqo‘rg‘oniy, Ahmad Donish, Sadri Ziyo, Ikromiddin O‘roq, Muqimiy, Fitrat, Is’hoqxon Ibrat, So‘fizoda kabi ko‘plab ma’rifatparvarlar bilan boyitib berdi.

Ismoilbek Gʻaspralining jadid­lik ta’limoti ham aynan Buxorodan ketgan to‘lqinning sayqallanib, yana boyi­gan holda yurtimizga qaytishi hisob­lanadi. Keyinchalik Ismoil Gʻasprali ta’sirida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashid­xonov, Hoji Muin, Muhammadjon Xoliqiy, Abduvahhob Ibodiy, Ashurali Zohiriy kabi o‘nlab jadid taraqqiyparvarlari yetishib chiqdi. Yuqoridagi mulohaza­lardan kelib chiqib aytish mumkinki, Turkiston jadidlik harakati murakkab sharoitda mustahkam milliy zaminga asoslangan holda vujudga kelgan. Shu­ning uchun boshqa islomiy uyg‘onish hara­katlariga qaraganda uning siyosiy g‘oyalari yashovchanroq, diniy asoslari puxta, iqtisodiy qarashlari ilmiy va hayotbaxsh, ijtimoiy asoslari umumbashariy, ma’naviy asoslari joziba­liroqdir.

Turkiston jadidlari – taraqqiyparvar, ammo dahriy emas, ular dindor, ammo mutaassib emas, ular milliyat tarafdori, ammo millatchi emas, ular boy, ammo nafsining quli emas, ular san’at, adabiyot, nafosat odamlari, ammo hirsining asiri emas! Jadidlar aholining eng faol qatlami – yoshlardan iborat edi. Ular dunyo ko‘rgan savdogar, saxiy boy, mudarris, talaba va xalqning ahvoliga befarq bo‘lmagan ijod ahlidan iborat milliy taraqqiy­parvarlarimiz edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun ma’rifatparvar jadid bobolarimizning ibratli hayot yo‘li, boy il­miy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani hammaga ma’lum. Shu mavzuda qator badiiy va hujjatli filmlar suratga olingani, o‘nlab tarixiy siy­molarimiz, ma’rifatparvar jadidlar haqida bolalar va yoshlar uchun asarlar yaratishni davlat buyurtmasi asosida qo‘llab-quvvatlashga kirishilgani yurtdoshlarimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi.

Joriy yilning 30-may kuni qabul qilingan “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ushbu muzey uchun Buxoroyi sharifning tanlanganini chinakam tarixiy adolat tantanasi, deyish mumkin. Zero, biz bilgan jadid taraqqiyparvarlarning barchasi millatni ma’rifatga boshlash dardini shu shaharda o‘zlariga “yuqti­rib”, butun mol-u jonini shu yo‘lga tikkan zotlardir. Jadidlar merosi davlat muzeyi uchun “Yosh buxoroliklar” partiyasi yetakchilaridan bo‘lgan Usmonxo‘jadan meros qolgan Hovli Poyon majmuasining tanlanishi ham muhim ahamiyatga molik. Ustoz olim, professor Temur Xo‘janing aytishicha, bir zamonlar otasi aynan o‘zi yashagan shu mahobatli xonadonning ikkinchi qavatida mahalla bolalari uchun maktab ochgan ekan. Oradan bir asrdan oshiq vaqt o‘tdi. Ilm-ma’rifat masalasi hamon xalqimiz uchun dolzarb.

Bu muzey Buxoroyi sharifning qadimiy ilm maskani mavqeyini tiklash maqsadida kurashga jonlarini tikkan zotlar xotirasiga ulkan ehtirom namunasi bo‘lib xizmat qilishiga ishonchim komil. Muzey o‘zida zamonaviylik va milliylikni mujassam etgan, dunyodagi jadidshunos olimlarning ham, qalbida millatimizga, Vatanga muhabbat hissi jo‘sh urgan yoshlarimizning ham, ertamiz egasi bo‘lgan bolajonlarimiz­ning ham birday sevimli maskani­ga aylanadi.

Bahrom IRZAYEV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 14-iyun | 25-son

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie